Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Ichki ishlar organlari sohasida davlat xizmatlari koʻrsatishning ayrim maʼmuriy reglamentlarini tasdiqlash toʻgʻrisida
Mazkur qaror Oʻzbekistan Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 20-noyabrdagi 612-sonli “Davlat xizmatlarini koʻrsatishni tartibga soluvchi normativ-huquqiy hujjatlarni tizimlashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Aholiga davlat xizmatlari koʻrsatishning milliy tizimini tubdan isloh qilish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2017-yil 12-dekabrdagi PF-5278-son Farmoniga muvofiq hamda davlat xizmatlari koʻrsatish tizimini yanada takomillashtirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Quyidagilar:
Sudlanganlik haqida maʼlumotnoma berish boʻyicha davlat xizmati koʻrsatishning maʼmuriy reglamenti 1-ilovaga muvofiq;
Manzil-maʼlumot axborotlarini taqdim etish boʻyicha davlat xizmati koʻrsatishning maʼmuriy reglamenti 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Belgilansinki, ushbu qaror bilan tasdiqlangan maʼmuriy reglamentlarga muvofiq koʻrsatiladigan davlat xizmatlaridan foydalanish uchun jismoniy shaxslar faqat Davlat xizmatlari markazlari yoki Oʻzbekiston Respublikasi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (keyingi oʻrinlarda YIDXP deb ataladi) orqali murojaat qiladilar.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi:
oʻn kun muddatda — davlat xizmatlari koʻrsatish uchun zarur hujjatlar va boshqa hujjatlarning namunaviy shakllari, blankalari ishlab chiqilishini hamda Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Davlat xizmatlari agentligi bilan kelishgan holda tasdiqlanishini;
oʻn kun muddatda — Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi hamda Adliya vazirligi huzuridagi Davlat xizmatlari agentligi bilan birgalikda hududiy boʻlinmalarining YIDXPga ulanishini;
bir oy muddatda — Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Davlat xizmatlari agentligi bilan birgalikda Davlat xizmatlari markazlarining xodimlari ishtirokida ushbu qaror bilan tasdiqlangan maʼmuriy reglamentlarni amalda qoʻllashning samaradorligi va amalda qoʻllanilishi natijadorligi darajasini oshirishga yoʻnaltirilgan oʻquv seminarlari tashkil etilishi va oʻtkazilishini taʼminlasin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi Adliya vazirligi huzuridagi Davlat xizmatlari agentligi bilan birgalikda YIDXPda davlat xizmatlari koʻrsatilishining har bir bosqichida yuridik va jismoniy shaxslarning murojaatlari koʻrib chiqilishini kuzatib borish tartibotini joriy etsin.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Davlat xizmatlari agentligi davlat organlari va boshqa tashkilotlarning ular tomonidan davlat xizmatlari koʻrsatilishining belgilangan tartibi bajarilishi yuzasidan ular faoliyati ustidan, shu jumladan, YIDXP orqali doimiy nazorat oʻrnatsin.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda oʻzlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni bir oy muddatda ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.
7. Belgilab qoʻyilsinki, davlat xizmatlari koʻrsatuvchi davlat organlari va boshqa tashkilotlar hamda Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Davlat xizmatlari agentligi rahbarlari ushbu qarorda nazarda tutilgan vazifalarning oʻz vaqtida, toʻliq va sifatli bajarilishi uchun shaxsan javob beradilar.
8. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi ichki ishlar vaziri P.R. Bobojonov va Oʻzbekiston Respublikasi adliya vaziri R.Q. Davletov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2018-yil 4-oktabr,
797-son
Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 4-oktabrdagi 797-son qaroriga
1-ILOVA
1-ILOVA
Sudlanganlik haqida maʼlumotnoma berish boʻyicha davlat xizmati koʻrsatishning
MAʼMURIY REGLAMENTI
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Mazkur maʼmuriy reglament (keyin oʻrinlarda — Reglament) Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari, Oʻzbekiston hududida doimiy yashovchi jismoniy shaxsning shaxsiy identifikatsion raqami mavjud boʻlgan chet el fuqarolari (shu jumladan MDH davlatlari fuqarolari) hamda fuqaroligi boʻlmagan shaxslarga (keyingi oʻrinlarda — ariza beruvchilar) Davlat xizmatlari markazlari orqali muqaddam sudlanganligi, jinoiy javobgarlikka tortilganligi, reabilitatsiya qilinmaydigan asoslarga koʻra javobgarlikdan ozod etilganligi holatiga oid maʼlumotnoma berish boʻyicha davlat xizmati (keyingi oʻrinlarda — davlat xizmati) koʻrsatish tartibini belgilaydi.
(1-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 8-iyundagi 364-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 09.06.2020-y., 09/20/364/0739-son)
2. Davlat xizmati Davlat xizmatlari markazlari yoki Oʻzbekiston Respublikasi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (keyingi oʻrinlarda — YIDXP) orqali Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Tezkor-maʼlumotlar boshqarmasi hamda uning hududiy boʻlinmalarini (keyingi oʻrinlarda — vakolatli organlar) tomonidan koʻrsatiladi.
(2-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 8-iyundagi 364-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 09.06.2020-y., 09/20/364/0739-son)
3. Davlat xizmatlari markazlari va vakolatli organ oʻrtasidagi axborot almashinuvi elektron raqamli imzoni (keyingi oʻrinlarda ERI deb ataladi) majburiy tartibda qoʻllash orqali faqat idoralararo elektron oʻzaro bogʻlanish yordamida amalga oshiriladi.
4. Davlat xizmati koʻrsatish mazkur Reglamentning 1-ilovasiga muvofiq sxema asosida amalga oshiriladi.
2-bob. Davlat xizmati koʻrsatish tartibi
5. Ariza beruvchi davlat xizmatidan foydalanish uchun Davlat xizmatlari markaziga oʻzi kelib murojaat etadi yoki davlat xizmatlaridan elektron tarzda foydalanish uchun YIDXPda roʻyxatdan oʻtadi.
6. Ariza beruvchi yoki uning yaqin qarindoshlari (ota-onasi, eri yoki xotini va bolalari) oʻzi kelib murojaat etgan taqdirda, Davlat xizmatlari markazi xodimi ariza beruvchi nomidan, YIDXP orqali murojaat etgan taqdirda, esa, mustaqil ravishda Reglamentga 2-ilovaga muvofiq shakldagi soʻrovnomani elektron ravishda toʻldiradi. Uchinchi shaxslar manfaati uchun harakat qilayotganda soʻrovnomaga notarial tasdiqlangan ishonchnoma ilova qilinadi.
Bunda uchinchi shaxs manfaati uchun shartnoma (order) asosida advokatlar tomonidan murojaat qilinganda notarial tasdiqlangan ishonchnoma talab etilmaydi.
(6-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 8-iyundagi 364-sonli qaroriga asosan ikkinchi xatboshi bilan toʻldirilgan — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 09.06.2020-y., 09/20/364/0739-son)
7. Soʻrovnoma toʻldirilganidan soʻng, ariza beruvchi maʼlumotlarning toʻgʻriligini tekshiradi va imzolarni identifikatsiya qilishning tegishli vositalari (daktiloskopiya, elektron imzo, Mobil-ID va boshqalar) bilan tasdiqlaydi.
Ariza beruvchi YIDXP orqali murojaat etgan taqdirda, soʻrovnomani ERI bilan tasdiqlash talab etilmaydi.
(7-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 28-sentabrdagi 541-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 29.09.2022-y., 09/22/541/0859-son)
Oldingi tahrirga qarang.
(8-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 2-iyuldagi 548-sonli qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 02.07.2019-y., 09/19/548/3362-son)
9. Davlat xizmati koʻrsatilgani uchun bazaviy hisoblash miqdorining 3 foizi miqdorida yigʻim undiriladi.
(9-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 6-apreldagi 189-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 08.04.2021-y., 09/21/189/0303-son)
Davlat xizmati koʻrsatilishi uchun YIDXP orqali murojaat etilganda, ushbu bandning birinchi xatboshisida koʻrsatilgan yigʻim summasining 90 foizi undiriladi.
(9-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 2-iyuldagi 548-sonli qaroriga asosan ikkinchi xatboshi bilan toʻldirilgan — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 02.07.2019-y., 09/19/548/3362-son)
“Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimida roʻyxatga olingan shaxslarga, shuningdek, I va II guruh nogironligi boʻlgan shaxslarga mazkur bandning birinchi xatboshida belgilangan yigʻimning 50 foizi miqdorida chegirma qoʻllaniladi.
(9-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 27-dekabrdagi 774-sonli qaroriga asosan uchinchi xatboshi bilan toʻldirilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 27.12.2021-y., 09/21/774/1198-son)
Davlati xizmati koʻrsatilgani uchun yigʻim toʻlanganligini tasdiqlash axborot-kommunikatsiya tizimlari orqali amalga oshiriladi.
10. Yigʻimlar summasi quyidagi tartibda taqsimlanadi:
a) Davlat xizmatlari markazlariga oʻzi kelib murojaat etganda:
20 foizi — Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Davlat xizmatlari agentligi budjetdan tashqari jamgʻarmasining shaxsiy hisobvaragʻiga oʻtkaziladi;
(9-band “a” kichik bandining ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 6-apreldagi 189-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 08.04.2021-y., 09/21/189/0303-son)
20 foizi — Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi budjetdan tashqari jamgʻarmasining shaxsiy hisobvaragʻiga oʻtkaziladi;
(9-band “a” kichik bandining uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 6-apreldagi 189-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 08.04.2021-y., 09/21/189/0303-son)
qolgan mablagʻlar — Oʻzbekiston Respublikasining Davlat budjetiga oʻtkaziladi;
b) YIDXP orqali murojaat etilganda:
10 foizi — Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Davlat xizmatlari agentligi budjetdan tashqari jamgʻarmasining shaxsiy hisobvaragʻiga oʻtkaziladi;
(9-band “b” kichik bandining ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 6-apreldagi 189-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 08.04.2021-y., 09/21/189/0303-son)
11,25 foizi — Axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish jamgʻarmasining elektron hukumat va raqamli iqtisodiyotning idoralararo loyihalarini moliyalashtirish boʻyicha maxsus hisobvaragʻiga;
(9-band “b” kichik bandining uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 6-apreldagi 189-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 08.04.2021-y., 09/21/189/0303-son)
28,125 foizi — Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi budjetdan tashqari jamgʻarmasining hisobvaragʻiga oʻtkaziladi;
(9-band “a” kichik bandining toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 6-apreldagi 189-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 08.04.2021-y., 09/21/189/0303-son)
qolgan mablagʻlar — Oʻzbekiston Respublikasining Davlat budjetiga oʻtkaziladi.
(10-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 2-iyuldagi 548-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 02.07.2019-y., 09/19/548/3362-son)
11. Soʻrovnomada notoʻgʻri maʼlumotlar koʻrsatilishi, shuningdek, davlat xizmatlari koʻrsatish uchun yigʻimni toʻlamaslik davlat xizmati koʻrsatishni rad etish uchun asos hisoblanadi.
(11-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 2-iyuldagi 548-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 02.07.2019-y., 09/19/548/3362-son)
Davlat xizmatlari koʻrsatishni boshqa asoslar boʻyicha rad etish taqiqlanadi.
12. Ariza beruvchilar davlat xizmatlaridan foydalanishdan uni koʻrsatishning har qanday bosqichida bosh tortish huquqiga ega. Ariza beruvchi davlat xizmatlaridan foydalanishdan bosh tortganda uning soʻrovnomasi koʻrmasdan qoldiriladi. Bunda toʻlangan yigʻim summasi qaytarilmaydi.
13. Ariza beruvchi Davlat xizmatlari markaziga kelib murojaat etganda, uning soʻrovnomasi Davlat xizmatlari markazi xodimi tomonidan toʻldirilib, ariza beruvchi tomonidan tasdiqlangandan soʻng, barcha hujjatlar 10 daqiqa mobaynida vakolatli organga elektron shaklda yuboriladi. YIDXP orqali murojaat qilinganda esa soʻrovnoma avtomatik tarzda vakolatli organga yuboriladi.
(13-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 2-iyuldagi 548-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 02.07.2019-y., 09/19/548/3362-son)
14. Vakolatli organ soʻrovnoma tushgan vaqtdan boshlab 2 ish kuni mobaynida, QR-kod (matrik shtrixli kod) qoʻyilgan maʼlumotnomani rasmiylashtiradi hamda uni oʻz ERIsi bilan tasdiqlab, tegishli Davlat xizmatlari markaziga (oʻzi kelib murojaat etgan taqdirda) yoki ariza beruvchiga (elektron tarzda murojaat etgan taqdirda) YIDXP orqali elektron ravishda yuboradi.
Davlat xizmatlari markazi maʼlumotnoma kelib tushgandan soʻng 10 daqiqa mobaynida uni ariza beruvchining elektron manziliga yuboradi va ariza beruvchini bu haqda axborot-kommunikatsiya tizimi orqali xabardor qiladi. Davlat xizmatlari markazi ariza beruvchi oʻzi kelib murojaat qilgan taqdirda, ariza beruvchining soʻroviga koʻra, unga maʼlumotnomani elektron shaklda yoki qogʻoz shaklda muhrini bosib, masʼul xodimning imzosini qoʻyib berishi shart.
Vakolatli organ tomonidan rasmiylashtirilgan maʼlumotnomada notoʻgʻri maʼlumotlar mavjudligi aniqlangan taqdirda, ariza beruvchi 15 kun ichida yigʻim toʻlamasdan belgilangan tartibda qayta murojaat qilish huquqiga ega.
(14-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 2-iyuldagi 548-sonli qaroriga asosan uchinchi xatboshi bilan toʻldirilgan — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 02.07.2019-y., 09/19/548/3362-son)
3-bob. Yakunlovchi qoidalar
15. Davlat xizmatlari markazlari va vakolatli organ oʻz faoliyatini amalga oshirishi natijasida olingan maʼlumotlarning sir saqlanishini taʼminlaydi.
16. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Davlat xizmatlari agentligi, uning hududiy boshqarmalari va Davlat xizmatlari markazlari Reglament talablari ijrosi boʻyicha davlat organlari va boshqa tashkilotlarning faoliyati ustidan, shu jumladan YIDXP orqali, doimiy nazoratni va monitoringni amalga oshiradi.
17. Ariza beruvchilar davlat organlari va boshqa tashkilotlar xodimlarining xatti-harakatlari yuzasidan qonunchilikda belgilangan tartibda shikoyat qilishlari mumkin.
(17-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
18. Mazkur Reglament talablarining buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilikda belgilangan tartibda javob beradilar.
(18-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
Sudlanganlik haqida maʼlumotnoma berish boʻyicha davlat xizmati koʻrsatishning maʼmuriy reglamentiga
1-ILOVA
1-ILOVA
Sudlanganlik haqida maʼlumotnoma berish boʻyicha davlat xizmati koʻrsatish
SXEMASI
Sudlanganlik haqida maʼlumotnoma berish boʻyicha davlat xizmati koʻrsatishning maʼmuriy reglamentiga
2-ILOVA
2-ILOVA
|
__________________ |
| | | |
__________________ | ||||
|
Sudlanganlik haqida maʼlumotnoma olish uchun | |||||||||
| I. Ariza beruvchi toʻgʻrisida maʼlumot: | |||||||||
| 1. Familiyasi (oʻzgargan boʻlsa, u haqda maʼlumot kiritiladi): | | ||||||||
| 2. Ismi (oʻzgargan boʻlsa, u haqda maʼlumot kiritiladi): | | ||||||||
| 3. Otasining ismi (oʻzgargan boʻlsa, u haqda maʼlumot kiritiladi): | | ||||||||
| 4. Pasport maʼlumotlari (seriyasi, raqami, sanasi, kim tomonidan berilgan): | |||||||||
| 5. Jismoniy shaxsning shaxsiy identifikatsiya raqami (JSh ShIR) (mavjud boʻlganda): | | ||||||||
| 6. Tugʻilgan sanasi: | | ||||||||
| 6. Tugʻilgan joyi: | | ||||||||
| 7. Yashash manzili: | | ||||||||
| 8. Elektron manzili va telefon raqami: | | ||||||||
| 9. Maʼlumotnoma tili (oʻzbek, rus): | | ||||||||
| II. Ilova qilinadigan hujjat (agar uchinchi shaxslar manfaati uchun harakat qilinayotgan boʻlsa): | |||||||||
| notarial tasdiqlangan ishonchnoma: | | ||||||||
(2-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 2-iyuldagi 548-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 02.07.2019-y., 09/19/548/3362-son)
Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 4-oktabrdagi 797-son qaroriga
2-ILOVA
2-ILOVA
Manzil-maʼlumot axborotlarini taqdim etish boʻyicha davlat xizmati koʻrsatishning
MAʼMURIY REGLAMENTI
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Mazkur maʼmuriy reglament (keyingi oʻrinlarda Reglament deb ataladi) jismoniy shaxslarga (keyingi oʻrinlarda ariza beruvchilar deb ataladi) Davlat xizmatlari markazlari orqali manzil-maʼlumot axborotlarini (doimiy yashash joyi boʻyicha roʻyxatga olinganligi, roʻyxatdan chiqqanligi, vaqtincha turgan joyi boʻyicha roʻyxatga olinganligi, shuningdeq, maʼlumot mavjud emasligi haqida maʼlumot) taqdim etish boʻyicha davlat xizmati (keyingi oʻrinlarda davlat xizmati deb ataladi) koʻrsatish tartibini belgilaydi.
(1-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 28-sentabrdagi 593-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 29.09.2020-y., 09/20/593/1340-son)
2. Davlat xizmati Davlat xizmatlari markazlari yoki Oʻzbekiston Respublikasi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (keyingi oʻrinlarda YIDXP deb ataladi) orqali Qoraqalpogʻiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi, viloyatlar Ichki ishlar boshqarmalari va Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi huzuridagi Manzil-maʼlumot byurolari (keyingi oʻrinlarda vakolatli organ deb ataladi) tomonidan koʻrsatiladi.
3. Ariza beruvchilar faqat oʻzlariga tegishli manzil-maʼlumot axborotlarini olishlari mumkin. Boshqa shaxslarga tegishli manzil-maʼlumot axborotlari berilmaydi.
4. Davlat xizmatlari markazlari va vakolatli organ oʻrtasidagi axborot almashinuvi elektron raqamli imzoni (keyingi oʻrinlarda ERI deb ataladi) majburiy tartibda qoʻllash orqali faqat idoralararo elektron oʻzaro boglanish yordamida amalga oshiriladi.
5. Davlat xizmati koʻrsatish mazkur Reglamentning 1-ilovasiga muvofiq sxema asosida amalga oshiriladi.
2-bob. Davlat xizmati koʻrsatish tartibi
6. Ariza beruvchilar davlat xizmatlaridan foydalanish uchun Davlat xizmatlari markazlariga oʻzi kelib murojaat etadi yoki davlat xizmatlaridan elektron tarzda foydalanish uchun YIDXPda roʻyxatdan oʻtadi.
7. Ariza beruvchi oʻzi kelib murojaat etgan taqdirda Davlat xizmatlari markazi xodimi ariza beruvchi nomidan, YIDXP orqali murojaat etgan taqdirda esa mustaqil ravishda ushbu Reglamentning 2-ilovasiga muvofiq shakldagi soʻrovnomani elektron ravishda toʻldiradi.
8. Soʻrovnoma toʻldirilganidan soʻng, ariza beruvchi maʼlumotlarning toʻgʻriligini tekshiradi va imzolarni identifikatsiya qilishning tegishli vositalari (daktiloskopiya, elektron imzo, Mobil-ID va boshqalar) bilan tasdiqlaydi.
Ariza beruvchi YIDXP orqali murojaat etgan taqdirda, soʻrovnomani ERI bilan tasdiqlash talab etilmaydi.
(8-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 28-sentabrdagi 541-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 29.09.2022-y., 09/22/541/0859-son)
Oldingi tahrirga qarang.
(9-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 2-iyuldagi 548-sonli qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 02.07.2019-y., 09/19/548/3362-son)
10. Davlat xizmati koʻrsatilgani uchun bazaviy hisoblash miqdorining 3 foizi miqdorida yigʻim undiriladi.
(10-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 6-apreldagi 189-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 08.04.2021-y., 09/21/189/0303-son)
Davlat xizmati koʻrsatilishi uchun YIDXP orqali murojaat etilganda, ushbu bandning birinchi xatboshisida koʻrsatilgan yigʻim summasining 90 foizi undiriladi.
(10-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 2-iyuldagi 548-sonli qaroriga asosan ikkinchi xatboshi bilan toʻldirilgan — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 02.07.2019-y., 09/19/548/3362-son)
“Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimida roʻyxatga olingan shaxslarga, shuningdek, I va II guruh nogironligi boʻlgan shaxslarga mazkur bandning birinchi xatboshida belgilangan yigʻimning 50 foizi miqdorida chegirma qoʻllaniladi.
(10-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 27-dekabrdagi 774-sonli qaroriga asosan uchinchi xatboshi bilan toʻldirilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 27.12.2021-y., 09/21/774/1198-son)
Davlati xizmati koʻrsatilgani uchun yigʻim toʻlanganligini tasdiqlash axborot-kommunikatsiya tizimlari orqali amalga oshiriladi.
11. Yigʻimlar summasi quyidagi tartibda taqsimlanadi:
a) Davlat xizmatlari markazlariga oʻzi kelib murojaat etganda:
20 foizi — Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Davlat xizmatlari agentligi budjetdan tashqari jamgʻarmasining shaxsiy hisobvaragʻiga oʻtkaziladi;
(11-band “a” kichik bandining ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 6-apreldagi 189-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 08.04.2021-y., 09/21/189/0303-son)
20 foizi — Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi budjetdan tashqari jamgʻarmasining shaxsiy hisobvaragʻiga oʻtkaziladi;
(11-band “a” kichik bandining uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 6-apreldagi 189-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 08.04.2021-y., 09/21/189/0303-son)
qolgan mablagʻlar — Oʻzbekiston Respublikasining Davlat budjetiga oʻtkaziladi;
b) YIDXP orqali murojaat etilganda:
10 foizi — Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Davlat xizmatlari agentligi budjetdan tashqari jamgʻarmasining shaxsiy hisobvaragʻiga oʻtkaziladi;
(11-band “b” kichik bandining ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 6-apreldagi 189-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 08.04.2021-y., 09/21/189/0303-son)
11,25 foizi — Axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish jamgʻarmasining elektron hukumat va raqamli iqtisodiyotning idoralararo loyihalarini moliyalashtirish boʻyicha maxsus hisobvaragʻiga;
(11-band “b” kichik bandining uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 6-apreldagi 189-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 08.04.2021-y., 09/21/189/0303-son)
28,125 foizi — Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi budjetdan tashqari jamgʻarmasining shaxsiy hisobvaragʻiga oʻtkaziladi;
(11-band “b” kichik bandining toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 6-apreldagi 189-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 08.04.2021-y., 09/21/189/0303-son)
qolgan mablagʻlar — Oʻzbekiston Respublikasining Davlat budjetiga oʻtkaziladi.
(11-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 2-iyuldagi 548-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 02.07.2019-y., 09/19/548/3362-son)
Xizmat koʻrsatishdan Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi budjetdan tashqari jamgʻarmasining shaxsiy hisobraqamiga tushgan mablagʻlar migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish xizmatining moddiy-texnik bazasini mustahkamlashda va xodimlarni ragʻbatlantirishda foydalaniladi.
(11-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 28-dekabrdagi 1049-sonli qaroriga asosan xatboshi bilan toʻldirilgan — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 30.12.2019-y., 09/10/1049/4245-son)
12. Soʻrovnomada notoʻgʻri maʼlumotlar koʻrsatilishi, shuningdek, davlat xizmatlari koʻrsatish uchun yigʻimni toʻlamaslik davlat xizmati koʻrsatishni rad etish uchun asos hisoblanadi.
(12-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 2-iyuldagi 548-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 02.07.2019-y., 09/19/548/3362-son)
Davlat xizmatlari koʻrsatishni boshqa asoslar boʻyicha rad etish taqiqlanadi.
13. Ariza beruvchilar davlat xizmatlaridan foydalanishdan uni koʻrsatishning har qanday bosqichida bosh tortish huquqiga ega. Ariza beruvchi davlat xizmatlaridan foydalanishdan bosh tortganda uning soʻrovnomasi koʻrmasdan qoldiriladi. Bunda toʻlangan yigʻim summasi qaytarilmaydi.
14. Ariza beruvchi Davlat xizmatlari markaziga kelib murojaat etganda, uning soʻrovnomasi Davlat xizmatlari markazi xodimi tomonidan toʻldirilib, ariza beruvchi tomonidan tasdiqlangandan soʻng 10 daqiqada vakolatli organga elektron shaklda yuboriladi. YIDXP orqali murojaat qilinganda esa soʻrovnoma avtomatik tarzda vakolatli organga yuboriladi.
(14-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 2-iyuldagi 548-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 02.07.2019-y., 09/19/548/3362-son)
15. Vakolatli organ soʻrovnoma tushgan vaqtdan boshlab 1 ish kunida QR-kod (matrik shtrixli kod) qoʻyilgan manzil-maʼlumot axborotni rasmiylashtiradi hamda uni oʻz ERIsi bilan tasdiqlab, tegishli Davlat xizmatlari markaziga (oʻzi kelib murojaat etgan taqdirda) yoki ariza beruvchiga (elektron tarzda murojaat etgan taqdirda) YIDXP orqali elektron ravishda yuboradi.
16. Davlat xizmatlari markazi, manzil-maʼlumot axborot kelib tushgandan soʻng 10 daqiqada uni ariza beruvchining elektron manziliga yuboradi va ariza beruvchini bu haqda axborot-kommunikatsiya tizimi orqali xabardor qiladi. Davlat xizmatlari markazi ariza beruvchi oʻzi kelib murojaat qilgan taqdirda ariza beruvchining soʻroviga koʻra, unga manzil-maʼlumot axborotini elektron shaklda yoki qogʻoz shaklda muhrini bosib berish yoʻli bilan taqdim etishi mumkin.
3-bob. Yakunlovchi qoidalar
17. Davlat xizmatlari markazlari va vakolatli organ oʻz faoliyatini amalga oshirishi natijasida olingan maʼlumotlarning sir saqlanishini taʼminlaydi.
18. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Davlat xizmatlari agentligi, uning hududiy boshqarmalari va Davlat xizmatlari markazlari ushbu Reglament talablari ijrosi boʻyicha davlat organlari va boshqa tashkilotlarning faoliyati ustidan, shu jumladan YIDXP orqali, doimiy nazoratni va monitoringni amalga oshiradi.
19. Ariza beruvchilar davlat organlari va boshqa tashkilotlar xodimlarining xatti-harakatlari yuzasidan qonunchilikda belgilangan tartibda shikoyat kilishlari mumkin.
(19-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
20. Mazkur Reglament talablarining buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilikda belgilangan tartibda javob beradilar.
(20-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
Manzil-maʼlumot axborotlarini taqdim etish boʻyicha davlat xizmati koʻrsatishning maʼmuriy reglamentiga
1-ILOVA
1-ILOVA
Manzil-maʼlumot axborotlarini taqdim etish
SXEMASI
Manzil-maʼlumot axborotlarini taqdim etish boʻyicha davlat xizmati koʻrsatishning maʼmuriy reglamentiga
2-ILOVA
2-ILOVA
|
__________________ |
| | | |
__________________ | ||||
|
Manzil-maʼlumot axborotlarini olish uchun | |||||||||
| Ariza beruvchi toʻgʻrisida maʼlumot: | |||||||||
| 1. Familiyasi: | | ||||||||
| 2. Ismi: | | ||||||||
| 3. Otasining ismi: | | ||||||||
| 4. Tugʻilgan sanasi: | |||||||||
| 5. Jismoniy shaxsning shaxsiy identifikatsiya raqami (JSh ShIR) (mavjud boʻlganda): | | ||||||||
| 6. Yashash manzili: | | ||||||||
| 7. Telefon raqami: | | ||||||||
| 8. Elektron manzili: | | ||||||||
| 9. Manzil-maʼlumotlar byurosining nomi: | | ||||||||
(2-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 2-iyuldagi 548-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 02.07.2019-y., 09/19/548/3362-son)
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 05.10.2018-y., 09/18/797/1998-son; 02.07.2019-y., 09/19/548/3362-son, 29.12.2019-y., 09/19/1046/4242-son, 30.12.2019-y., 09/10/1049/4245-son; 15.01.2020-y., 09/20/24/0053-son, 09.06.2020-y., 09/20/364/0739-son, 29.09.2020-y., 09/20/593/1340-son; 08.04.2021-y., 09/21/189/0303-son, Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 27.12.2021-y., 09/21/774/1198-son, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son, 29.09.2022-y., 09/22/541/0859-son)