O‘zbekiston Respublikasi Hukumati bilan
Afg‘oniston Islom Respublikasi Hukumati o‘rtasida
Afg‘oniston Islom Respublikasi Hukumati o‘rtasida
Bitim
Yuklarni tranzit tashish to‘g‘risida
O‘zbekiston Respublikasi Hukumati va Afg‘oniston Islom Respublikasi Hukumati, keyingi o‘rinlarda “Tomonlar” deb ataluvchilar,
transport va tranzit sohasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirishdan o‘zaro manfaatdor ekanliklarini e’tirof etgan holda,
Tomonlar davlatlari hududlari orqali yuk va transport vositalarining erkin harakatlanishini ta’minlash niyatlarini tasdiqlagan holda,
protseduralarni yengillashtirish va uyg‘unlashtirish orqali mintaqaviy aloqalarni, shu jumladan, Tomonlar davlatlari hududlari orqali avtomobil va temir yo‘l muntazam qatnovlarini rivojlantirish istagida,
quyidagilar to‘g‘risida kelishib oldilar:
1-modda. Ta’riflar
Mazkur Bitim maqsadlarida quyida keltirilgan atamalar ushbu ma’nolarga ega:
“Xavfli yuklar” o‘ziga xos xususiyatlari va xossalari tufayli atrof muhitga zarar yetkazishi yoki odamlar, hayvonlar va o‘simliklar hayoti va sog‘lig‘iga xavf tug‘dirishi mumkin bo‘lgan moddalar, materiallar, mahsulotlar, sanoat chiqindilari va boshqa faoliyatlardan hosil bo‘ladigan chiqindilarni anglatadi;
“Yirik gabaritli yuklar” qabul qiluvchi davlatda transport vositasi yoki temir yo‘lning harakatdagi tarkibining ruxsat etilgan tashqi o‘lchamlaridan (uzunligi, eni va bo‘yi) ortiq bo‘lgan yuklarni anglatadi;
“Og‘ir yuklar” qabul qiluvchi davlatda transport vositasining ruxsat etilgan eng ko‘p vaznidan (umumiy va o‘qqa tushadigan og‘irlik) ortiq yuklarni anglatadi;
“Qabul qiluvchi davlat” yuklar tashiladigan davlatni anglatadi;
“Tez buziladigan tovarlar” tashish va saqlash jarayonida yuqori va past haroratdan hamda tashqi havoning namligidan himoya qilish talab etiladigan tovarlarni anglatadi;
“Taqiqlangan yuklar” chegaradan olib o‘tish taqiqlangan tovarlarni anglatadi;
“Cheklangan tovarlar” chegaradan olib o‘tishda cheklov belgilangan yoki maxsus ruxsatnoma talab etiladigan tovarlarni anglatadi;
“Uchinchi davlat” mazkur Bitim ishtirokchisi hisoblanmaydigan har qanday boshqa davlatni anglatadi;
“Tranzit” bir Tomon davlati hududi orqali yuklarni tashishni anglatadi, bunda jo‘natish va yetkazib berish punktlari ushbu Tomon davlati hududidan tashqarida joylashgan bo‘ladi.
2-modda. Bitimning qo‘llanilish sohasi
1. Mazkur Bitim tashishning barcha usullariga, shu jumladan, aralash tashish sxemalariga hamda yuklarni o‘zaro kelishilgan marshrutlar bo‘yicha Tomonlar davlati hududi orqali tashishga nisbatan qo‘llaniladi.
2. Tomonlar transport vositasi ro‘yxatga olingan boshqa Tomon davlatida qo‘llaniladigan texnik talablarga mos keladigan hamda ro‘yxatga olish davlatining vakolatli sertifikatlash organi tomonidan berilgan Muvofiqlik sertifikati yoki tegishli hujjatga ega bo‘lgan transport vositalarining o‘z davlatlari hududiga kirishiga ruxsat beradilar.
3. Mazkur Bitim doirasida Tomonlar davlatlari hududlari orqali harbiy tarkib, qurol-yarog‘, o‘q-dorilar, harbiy texnika va harbiy aslahalarning tranzitiga ruxsat etilmaydi.
3-modda. Yuklarning tranziti
1. Tomonlar mazkur Bitim va ular ishtirokchilar hisoblangan xalqaro shartnomalar qoidalariga muvofiq, bir-birlariga o‘z davlatlari hududlari orqali yuklarni tranzit tashish huquqini taqdim etadilar.
2. Tomonlar temir yo‘l orqali tranzit tashishda yuklar hajmining oldindan muvofiqlashtiruvini amalga oshiradilar.
3. Tomonlar davlatlarining yuridik va jismoniy shaxslari boshqa Tomon davlati hududiga borish yoki hududidan kelishda o‘zlari eng maqbul deb hisoblagan tashish usulini tanlash va undan foydalanish huquqiga egalar.
4. Bir Tomonning boshqa Tomon davlati hududi orqali tranzit tashilayotgan yuklari asossiz tarzda ushlab qolinmaydi hamda bojxona boji va yig‘imlaridan ozod etiladi, tashish uchun to‘lovlar yoki tranzit bilan bog‘liq ma’muriy xarajatlarga yoxud ko‘rsatilgan xizmat narxiga mutanosib bo‘lgan to‘lovlar bundan mustasno.
5. Yuklarning importi va eksporti uchun undiriladigan barcha to‘lovlar ushbu boshqa Tomon davlatining amaldagi qonunchiligiga muvofiq hisoblab belgilanadi.
6. Tomonlar davlatlari hududlari o‘rtasida chegarani kesib o‘tishda foydalanilgan tashish usullaridan yuk jo‘natish punktiga yoki uchinchi davlatga qaytishda ham foydalanish mumkin.
4-modda. Tez buziladigan tovarlar va chorva mollari
Tez buziladigan tovarlar va chorva mollarining chegara rasmiylashtiruvi tegishli ruxsatnomalar hamda oldindan kelishilgan yo‘nalishlar mavjud bo‘lganda ustuvor asosda amalga oshiriladi.
5-modda. Yirik gabaritli va og‘ir yuklar
Yirik gabaritli (nogabarit) va og‘ir yuklarning tranziti ikkala Tomon o‘rtasida kelishilgan shartlarda amalga oshiriladi. Tomonlar bunday yuklarni tashish uchun qo‘shimcha bitim tayyorlashga kelishib oldilar.
6-modda. Xavfli va taqiqlangan yuklar
1. Xavfli va taqiqlangan yuklarning tranziti ikkala Tomon o‘rtasida kelishilgan shartlarda amalga oshiriladi. Ushbu maqsadda Tomonlar bunday yuklarning ro‘yxati bilan almashadilar.
2. Mazkur moddaning 1-bandida ko‘rsatilgan yuklarning Tomonlar davlatlari hududlari orqali tranziti o‘z hududida tashish tashkil etilayotgan Tomon davlatining qonunchiligiga muvofiq amalga oshiriladi.
3. Bir Tomon vakolatli organlari tegishli ehtiyot choralarini ko‘rish maqsadida boshqa Tomon vakolatli organlarini ularning davlatlari hududlari orqali mazkur moddaning 1-bandida ko‘rsatilgan yuklarni tranzit tashish to‘g‘risida oldindan xabardor qiladilar.
7-modda. Rasmiyatchiliklarni yengillashtirish
Tomonlar o‘z davlatlarining qonunchiligiga muvofiq chegarani kesib o‘tish bilan bog‘liq rasmiyatchiliklar uchun talab etiladigan jarayonlar va hujjatlar miqdorini imkon qadar cheklaydilar va/yoki qisqartiradilar va/yoki ularga barham beradilar.
8-modda. Axborot almashinuvi
1. Tomonlar boshqa Tomon davlati hududiga kirib kelayotgan yuklarning tranziti to‘g‘risidagi ma’lumotlar, shuningdek, transport vositalari, tashuvchilar, kuzatib boruvchi shaxslar va boshqa zaruriy axborotlar bilan oldindan almashadilar.
2. Tomonlar davlatlarining vakolatli organlari chegarani kesib o‘tish uchun ruxsatnoma berishda talab qilinadigan hujjatlar ro‘yxatini, shuningdek, axborot almashish uchun foydalanish mumkin bo‘lgan aloqa vositalarini aniqlaydilar.
9-modda. Boshqa xalqaro bitimlar
1. Mazkur Bitim qoidalarini qo‘llashda Tomonlar ular ishtirokchilar hisoblanadigan boshqa xalqaro tranzit bitimlariga amal qiladilar.
2. Mazkur Bitim doirasida yuklarni tranzit tashishda faqat Tomonlardan biri ishtirokchi hisoblanadigan xalqaro bitimlar qo‘llanilmaydi.
10-modda. Nizolarni hal etish
Mazkur Bitim qoidalarini talqin qilish yoki qo‘llashda kelib chiqadigan nizo va kelishmovchiliklar Tomonlar o‘rtasida muzokaralar va maslahatlashuvlar orqali hal etiladi.
11-modda. O‘zgartirishlar va bayonnomalar
Mazkur Bitimga Tomonlarning o‘zaro kelishuviga ko‘ra uning ajralmas qismi hisoblanadigan va Bitimning 12-moddasida belgilangan tartibda kuchga kiradigan alohida bayonnomalar orqali o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilishi mumkin.
12-modda. Kuchga kirishi
1. Mazkur Bitim uning kuchga kirishi uchun zarur bo‘lgan davlat ichki protseduralarini bajarganliklari to‘g‘risida Tomonlar so‘nggi yozma xabarnomasi olingan sanadan boshlab kuchga kiradi.
2. Mazkur Bitim besh (5) yil davomida amal qiladi va tegishli besh yillik muddatlarga o‘z-o‘zidan uzayaveradi.
3. Mazkur Bitim Tomonlardan biri uning amal qilishini tugatish niyati to‘g‘risida boshqa Tomonning yozma xabarnomasini olgan sanadan boshlab olti (6) oydan so‘ng tugatiladi.
Toshkent shahrida 2017-yil 5-dekabrda, hijriy 14/09/1396, ikki asl nusxada, har biri o‘zbek, dari, pushtu va ingliz tillarida tuzildi, bunda barcha matnlar teng autentikdir. Mazkur Bitim qoidalarini talqin qilishda tafovutlar yuzaga kelgan taqdirda, ingliz tilidagi matn ustuvor hisoblanadi.
(imzolar)