Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Agrosanoat majmui va oziq-ovqat xavfsizligi taʼminlanishi ustidan nazorat qilish inspeksiyasi xodimlarini moddiy ragʻbatlantirish tartibi toʻgʻrisida nizomni tasdiqlash haqida
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 12-iyuldagi 575-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasi faoliyatini tartibga soluvchi normativ-huquqiy hujjatlarni tasdiqlash toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Agrosanoat majmui va oziq-ovqat xavfsizligi taʼminlanishi ustidan nazorat qilish inspeksiyasi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2018-yil 7-maydagi PQ-3699-son qarori ijrosini taʼminlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Agrosanoat majmui va oziq-ovqat xavfsizligi taʼminlanishi ustidan nazorat qilish inspeksiyasi xodimlarini moddiy ragʻbatlantirish tartibi toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari — moliya vaziri J.A. Qoʻchqorov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2018-yil 23-iyul,
566-son
Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 23-iyuldagi 566-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Agrosanoat majmui va oziq-ovqat xavfsizligi taʼminlanishi ustidan nazorat qilish inspeksiyasi xodimlarini moddiy ragʻbatlantirish tartibi toʻgʻrisida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Agrosanoat majmui va oziq-ovqat xavfsizligi taʼminlanishi ustidan nazorat qilish inspeksiyasi (keyingi oʻrinlarda Inspeksiya deb ataladi) xodimlarini moddiy ragʻbatlantirish tartibini belgilaydi.
2. Inspeksiya xodimlarining mehnatga haq toʻlash fondi quyidagilardan iborat:
a) lavozim maoshi;
b) quyidagi miqdordagi oylik ustamalar:
alohida mehnat sharoitlari uchun darajali unvonlarga ega boʻlgan xodimlarga lavozim maoshi (tarif stavkasi)ning 50 foizi, texnik va xizmat koʻrsatuvchi xodimlardan tashqari, Inspeksiyaning boshqa xodimlariga lavozim maoshining 100 foizi miqdorida oylik ustama. Mazkur ustamalar qonun hujjatlarida belgilangan ragʻbatlantiruvchi qoʻshimcha haq va ustamalarni hisoblashda Inspeksiya xodimlarining lavozim maoshi tarkibiga kiritiladi;
lavozim maoshining 40 foizi miqdorida ustama (mehnatni ragʻbatlantirish koeffitsiyenti);
darajali unvon uchun lavozim maoshiga 20 foizdan 50 foizgacha miqdorda ustama;
darajali unvonlarga ega boʻlgan xodimlarga — koʻp yillik mehnati uchun lavozim maoshiga 5 foizdan 40 foizgacha miqdorda ustama.
Shuningdek, har oylik ustamalarga:
Inspeksiyaning boshqa boshqaruv va ishlab chiqarish xodimlariga koʻp yillik mehnati uchun ustama haq toʻlash prokuratura xodimlari uchun belgilangan miqdorda amalga oshiriladi. Bunda, ustama miqdorini belgilashda xodimning umumiy ish staji inobatga olinadi;
oʻrnatilgan tartibda maxsus toifalar uchun lavozim maoshiga 10, 20 va 30 foizi miqdordagi ustama haq ham kiradi;
v) darajali unvonlarga ega boʻlgan xodimlarga tasdiqlangan Yagona tarif setkasi tarif koeffitsentini bir yarim baravari miqdorida Inspeksiyani rivojlantirish jamgʻarmasi hisobidan lavozim maoshiga haq toʻlash;
g) quyidagilarni oʻz ichiga oladigan ragʻbatlantiruvchi va boshqa toʻlovlar:
xodimlar faoliyatini individual baholash asosida xizmat vazifalarini vijdonan va tashabbuskorlik bilan bajarganligi hamda ishdagi yuksak yutuqlari uchun xodimlarni yilda ikki oylik mehnatga haq toʻlash fondi miqdorida mukofotlash;
bayramlar, muhim va yubiley sanalari, koʻp yillik hamda bekamu koʻst xizmati (mehnati) uchun, pensiyaga chiqishi munosabati bilan mukofotlash;
mehnatga haq toʻlash fondining 15 foizi hisobidan shakllantiriladigan Moddiy ragʻbatlantirish maxsus fondi mablagʻlari hisobidan shaxsiy ustamalar;
ovqatlanish xarajatlarini qoplash uchun eng kam oylik ish haqining ikki baravari miqdordagi oylik toʻlovlar;
Inspeksiya xodimlariga — yoʻlkira xarajatlarini qoplash uchun eng kam oylik ish haqining ikki baravari miqdordagi oylik toʻlovlar, xizmat avtotransporti biriktirilgan xodimlar bundan mustasno;
yilda bir marta oylik mehnatga haq toʻlash fondi miqdorida moddiy yordam koʻrsatish;
d) xodimning asoslangan arizasiga asosan yuqori turuvchi tuzilma rahbarining roziligi bilan mehnatga haq toʻlash fondiga ajratilgan mablagʻlar doirasida quyidagi hollarda qoʻshimcha tarzda moddiy yordam koʻrsatilishi mumkin:
yaqin qarindoshlari vafot etganda — oʻlim toʻgʻrisidagi guvohnoma nusxasiga asosan;
alohida ehtiyoj tugʻilganda (baxtsiz hodisa, toʻy va boshqa marosimlar munosabati bilan, uzoq muddatli kasallik sababli maxsus davolanish va sogʻliqni qayta tiklash uchun, shuningdek, oiladagi ogʻir moddiy ahvol sababli va boshqa holatlar).
Ovqatlanish va yoʻlkira xarajatlari uchun oylik toʻlovlarning eng kam oylik ish haqi ikki baravaridan yuqori miqdorini belgilash, shuningdek, moddiy ragʻbatlantirish fondi miqdorini koʻpaytirish Inspeksiyani rivojlantirish jamgʻarmasi Kengashining qarori bilan amalga oshiriladi.
3. Inspeksiya xodimlarini moddiy ragʻbatlantirish quyidagi shakllarda amalga oshiriladi:
mukofotlash;
lavozim maoshiga shaxsiy ustamalar toʻlash;
moddiy yordam koʻrsatish.
Inspeksiya xodimlarini moddiy ragʻbatlantirish qonun hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa shakllarda ham amalga oshirilishi mumkin.
2-bob. Inspeksiya xodimlarini mukofotlash tartibi
4. Xizmat vazifalarini vijdonan va tashabbuskorlik bilan bajarganligi hamda ishdagi yuksak yutuqlari uchun shaxsiy bir martalik toʻlov shaklida Inspeksiya boshligʻini mukofotlash Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokurori tomonidan, Inspeksiyaning boshqa xodimlarini — uning boshligʻi tomonidan amalga oshiriladi.
3-bob. Lavozim maoshlariga oylik shaxsiy ustamalar toʻlash tartibi
5. Lavozim maoshlariga oylik shaxsiy ustamalar:
Inspeksiya boshligʻiga — Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokurori tomonidan;
Inspeksiya boshligʻi oʻrinbosarlari, markaziy apparat xodimlari va hududiy boshqarmalar boshliqlariga — Inspeksiya boshligʻi tomonidan;
Inspeksiyaning tuman (shahar) boʻlimlari boshliqlariga — Inspeksiyaning hududiy boshqarmalari boshliqlari tomonidan;
hududiy tuzilmalar xodimlariga nisbatan tegishli hududiy boshqarma (boʻlim) boshliqlari tomonidan belgilanadi.
6. Ish sifati yomonlashganda, topshiriqlar oʻz vaqtida bajarilmaganda, mehnat va ijro intizomi buzilganda lavozim maoshiga belgilangan ustamalar bekor qilinishi yoki kamaytirilishi mumkin.
4-bob. Moddiy yordam koʻrsatish tartibi
7. Mehnatga haq toʻlash fondini shakllantirishda yil hisobiga oylik mehnatga haq toʻlash fondi miqdorida moddiy yordam koʻrsatish uchun mablagʻlar nazarda tutiladi.
8. Xodim vafot etganda, moddiy yordam (agar xodim vafot etgan yilda bevosita unga moddiy yordam koʻrsatilmagan boʻlsa) uning turmush oʻrtogʻiga, turmush oʻrtogʻi yoʻqligida — u bilan birga yashovchi voyaga yetgan farzandlariga yoki qonuniy vakillariga (vasiylar va homiylarga) yoxud voyaga yetmagan bolalarini (bolalikdan nogironlarni — yoshidan qatʼi nazar) farzandlikka olganlarga, shuningdek, agar xodimlar nikohda turmagan va farzandlari boʻlmagan hollarda, xodimning qaramogʻidagi shaxslarga yoki ota-onalariga teng ulushda toʻlab beriladi.
9. Xodimning asoslangan arizasiga asosan yuqori turuvchi tuzilma rahbarining roziligi bilan xodimlarga mehnatga haq toʻlash fondiga ajratilgan mablagʻlar doirasida, quyidagi hollarda qoʻshimcha tarzda moddiy yordam koʻrsatilishi mumkin:
yaqin qarindoshlari vafot etganda — oʻlim toʻgʻrisidagi guvohnoma nusxasiga asosan;
alohida ehtiyoj tugʻilganda (baxtsiz hodisa, toʻy va boshqa marosimlar munosabati bilan, uzoq muddat kasallik sababli maxsus davolanish va sogʻliqni qayta tiklash uchun, shuningdek, oiladagi ogʻir moddiy ahvol sababli va boshqa holatlar).
10. Xodimlar xarajatlarini qoplash, moddiy yordam miqdori va uning toʻlanishi xodimga nisbatan intizomiy jazo chorasi qoʻllanilganligiga bogʻliq boʻlmaydi.
5-bob. Inspeksiya xodimlarining ish haqi va ularni moddiy ragʻbatlantirish boʻyicha tadbirlarni moliyalashtirish manbalari va hajmlari
11. Inspeksiya xodimlarini moddiy ragʻbatlantirish boʻyicha tadbirlar:
xarajatlar smetasida nazarda tutilgan budjetdan ajratiladigan mablagʻlar;
Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Agrosanoat majmui va oziq-ovqat xavfsizligi taʼminlanishi ustidan nazorat qilish inspeksiyasini rivojlantirish jamgʻarmasining oʻrnatilgan tartibda shakllantiriladigan mablagʻlari;
qonun hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan amalga oshiriladi.
12. Inspeksiya xodimlariga Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti hisobidan moliyalashtiriladigan quyidagi mablagʻlar nazarda tutiladi:
yagona tarif setkasi boʻyicha tasdiqlangan razryadlarga muvofiq lavozim maoshi;
xodimlarni mansab maoshlariga alohida mehnat sharoitlari uchun har oylik ustamalar;
40 foiz miqdorida mehnatni ragʻbatlantirish koeffitsiyenti;
darajali unvon uchun lavozim maoshiga 20 foizdan 50 foizgacha miqdorda ustama;
darajali unvonlarga ega boʻlgan xodimlarga — koʻp yillik mehnati uchun lavozim maoshiga 5 foizdan 40 foizgacha miqdorda ustama;
Inspeksiyaning boshqa boshqaruv va ishlab chiqarish xodimlariga koʻp yillik mehnati uchun ustama haq toʻlash prokuratura xodimlari uchun belgilangan miqdorda amalga oshiriladi. Bunda, ustama miqdorini belgilashda xodimning umumiy ish staji inobatga olinadi;
yilda ikki oylik mehnatga haq toʻlash fondi miqdorida mukofot;
yilda oylik mehnatga haq toʻlash fondi miqdorida moddiy yordam;
15 foizlik Moddiy ragʻbatlantirish fondi.
13. Inspeksiya xodimlariga boshqa toʻlovlar Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Agrosanoat majmui va oziq-ovqat xavfsizligi taʼminlanishi ustidan nazorat qilish inspeksiyasini rivojlantirish jamgʻarmasining mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladi.
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 24.07.2018-y., 09/18/566/1562-son)