O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasining
Qarori
Yuridik shaxslarni yirik soliq to‘lovchilar toifasiga kiritishning mezonlarini belgilash to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida
[O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2018-yil 18-iyunda ro‘yxatdan o‘tkazildi, ro‘yxat raqami 3023]
Mazkur qaror O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasining 2019-yil 8-iyuldagi 2019-45-sonli “Yuridik shaxslarni yirik soliq to‘lovchilar toifasiga kiritishning mezonlarini belgilash to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qaroriga (ro‘yxat raqami 3172, 12.07.2019-y.) asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.
O‘zbekiston Respublikasi Soliq kodeksi hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 18-iyuldagi PF-5116-son “Soliq ma’muriyatchiligini tubdan takomillashtirish, soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlarning yig‘iluvchanligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoniga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi qaror qiladi:
1. Yuridik shaxslarni yirik soliq to‘lovchilar toifasiga kiritishning mezonlarini belgilash to‘g‘risidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur qaror rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran kuchga kiradi.
Raisning birinchi o‘rinbosari B. MUSAYEV
Toshkent sh.,
2018-yil 11-iyun,
2018-52-son
O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasining 2018-yil 11-iyundagi 2018-52-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
Yuridik shaxslarni yirik soliq to‘lovchilar toifasiga kiritishning mezonlarini belgilash to‘g‘risidagi
NIZOM
Mazkur Nizom O‘zbekiston Respublikasi Soliq kodeksi va O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 18-iyuldagi PF-5116-son “Soliq ma’muriyatchiligini tubdan takomillashtirish, soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlarning yig‘iluvchanligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoniga asosan yuridik shaxslarni yirik soliq to‘lovchilar toifasiga kiritish mezonlarini belgilaydi.
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Nizom soliq ma’muriyatchiligini amalga oshirish maqsadida ushbu Nizomning 4-bandida belgilangan mezonlar asosida aniqlangan yirik soliq to‘lovchi yuridik shaxslar toifasiga tatbiq etiladi.
2. Yirik soliq to‘lovchilar bo‘yicha mezonlar O‘zbekiston Respublikasi Soliq kodeksining 222-moddasiga asosan soliq to‘lovchilarga soliq solish tartibini tanlash yoki o‘zgartirish huquqini bermaydi.
3. Yirik soliq to‘lovchilar bo‘yicha soliq ma’muriyatchiligi O‘zbekiston Respublikasi Soliq kodeksida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
2-bob. Yuridik shaxslarni yirik soliq to‘lovchilar toifasiga kiritishning mezonlari
4. Yuridik shaxslarni yirik soliq to‘lovchilar toifasiga kiritish uchun oldingi soliq davri yakuni bo‘yicha quyidagi mezonlarga bir vaqtning o‘zida mos keladigan yuridik shaxslar tanlab olinadi:
soliq davri yakuni bilan hisoblangan soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlar summasi eng kam ish haqining 200 ming baravaridan kam bo‘lmagan;
tovar aylanmasi hajmi eng kam ish haqining 300 ming baravaridan kam bo‘lmagan;
jami aktivlari qiymati eng kam ish haqining 100 ming baravaridan kam bo‘lmagan.
5. Eng kam ish haqi miqdori yirik soliq to‘lovchilar toifasini aniqlash uchun tanlangan soliq davri yakunida belgilangan eng kam ish haqi miqdoridan kelib chiqqan holda hisobga olinadi.
6. Yirik soliq to‘lovchilar toifasini belgilashda, mazkur Nizomning 4-bandida ko‘rsatib o‘tilgan mezonlar, yuridik shaxslarning o‘tgan yildagi soliq davri yakuni bo‘yicha soliq organlariga taqdim etgan soliq hamda moliyaviy hisobotlaridagi ko‘rsatkichlariga asosan aniqlanadi.
7. Yirik soliq to‘lovchilar toifasiga kiritilgan yuridik shaxslar soliq davri yakuni bilan mazkur Nizomning 4-bandida ko‘rsatilgan mezonlarga javob bermasa, ushbu yuridik shaxslar navbatdagi bir yil mobaynida yirik soliq to‘lovchilar toifasida qoladi.
8. Mazkur Nizom tatbiq etiladigan yirik soliq to‘lovchilar ro‘yxati har yili keyingi soliq davri boshlangunga qadar bir oydan kechikmay O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi tomonidan tasdiqlanadi.
Yirik soliq to‘lovchilar ro‘yxatiga kiritilgan yuridik shaxslar Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar davlat soliq boshqarmalari tomonidan tegishli qaror qabul qilingan kundan e’tiboran besh kun ichida bu haqda hisobga qo‘yilgan joy bo‘yicha yozma ravishda, shu jumladan soliq to‘lovchining shaxsiy kabineti orqali xabardor qilinadi.
9. Yirik soliq to‘lovchilar ro‘yxatidan chiqarilgan yuridik shaxslar ushbu toifadan chiqarilganligi to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi tomonidan tegishli qaror qabul qilingan kundan e’tiboran besh kun ichida yozma ravishda, shu jumladan soliq to‘lovchining shaxsiy kabineti orqali xabardor qilinadi.
10. Yirik soliq to‘lovchilar ro‘yxatiga kiritilgan yuridik shaxslar ular yirik soliq to‘lovchilar ro‘yxatidan chiqarilganligi to‘g‘risidagi xabarnomani olmagunga qadar yirik soliq to‘lovchilar toifasida qoladi.
3-bob. Yakuniy qoidalar
11. Mazkur Nizom talablari buzilishida aybdor bo‘lgan shaxslar qonun hujjatlarida belgilangan tartibda javobgar bo‘ladi.
12. Mazkur Nizom O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi va Savdo-sanoat palatasi bilan kelishilgan.
Moliya vaziri D. KUChKAROV
2018-yil 11-iyun
Iqtisodiyot vaziri B. XODJAYEV
2018-yil 11-iyun
Savdo-sanoat palatasi raisi A. IKRAMOV
2018-yil 11-iyun
(Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 19.06.2018-y., 10/18/3023/1363-son)