Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Maʼmuriy-hududiy birliklar chegaralarini belgilash, yer resurslarini xatlovdan oʻtkazish hamda yaylov va pichanzorlarda geobotanik tadqiqotlarni oʻtkazish tartibini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
Soʻnggi yillarda respublikamizda yerlardan oqilona va samarali foydalanishni tashkil etish, yer munosabatlarini tartibga solish, yerlardan foydalanishda davlat nazoratini kuchaytirish borasida qator chora-tadbirlar amalga oshirildi.
Shu bilan birga, yerlardan foydalanishda davlat nazoratini samarali tashkil etish, sohaga zamonaviy texnologiyalarni joriy etish, yer resurslarini hisobga olish ishlari yetarli darajada tashkil etilmasdan qolmoqda.
Jumladan, Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar, Toshkent shahri, tumanlar (shaharlar), shaharchalar, qishloqlar (ovullar) chegaralarining koordinatalar tizimiga bogʻlanmaganligi hududlarda yer hisobotini yuritish, yer ajratish, yer munosabatlarini tartibga solish borasida muammolarga sabab boʻlmoqda.
Shuningdek, mavjud 21 mln. gektar yaylov va pichanzorlardan samarali foydalanish, oʻsimliklarning turi va sonini koʻpaytirish, hosildorligini oshirish, chorva mollarini tartibli almashlab boqishni yoʻlga qoʻyish, yaylov va pichanzorlar degradatsiyasining oldini olish maqsadida geobotanik tadqiqotlarni oʻtkazish yuzasidan tadbirlar umuman nazoratdan chetda qolib ketgan.
Natijada soʻnggi 25 — 30 yilda yaylov va pichanzorlarning 35 — 40 foizi degradatsiyaga uchragan, oʻsimliklar turi va soni 20 foizga kamayib, hosildorlik 1,5-2 barobarga tushib ketgan.
Bundan tashqari, Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar, Toshkent shahri, tumanlar (shaharlar) maʼmuriy chegaralarini belgilash, yer resurslarini xatlovdan oʻtkazish va hisob-kitobini yoʻlga qoʻyish ishlari tizimli tashkil etilmaganligi sababli joylarda ichki chegaralarni aniqlashda turli muammolar yuzaga kelmoqda.
Yuqoridagilarni inobatga olib hamda yerlarni muhofaza qilish va ulardan oqilona foydalanish yuzasidan davlat nazoratini kuchaytirish, yer resurslarini aniq hisobini yuritishni tizimli yoʻlga qoʻyish, qishloq xoʻjaligi yerlaridan, jumladan, sugʻoriladigan, lalmi va yaylov yerlardan foydalanish samaradorligini oshirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qoʻmitasi, Qishloq xoʻjaligi vazirligi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari tomonidan ishlab chiqilgan:
Maʼmuriy-hududiy birliklar chegaralarini belgilash tartibi toʻgʻrisidagi nizom 1-ilovaga* muvofiq;
Yer resurslarini xatlovdan oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizom 2-ilovaga* muvofiq;
Yaylov va pichanzorlarda geobotanik tadqiqot ishlarini oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizom 3-ilovaga* muvofiq tasdiqlansin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi maʼmuriy-hududiy birliklar chegaralarini belgilash, yer resurslarini xatlovdan oʻtkazish hamda yaylov va pichanzorlarda geobotanik tadqiqotlarni oʻtkazish ishlari Davlat budjetining yillik ajratiladigan parametrlariga qoʻshimcha mablagʻlar hisobiga moliyalashtirilishini taʼminlasin.
Oldingi tahrirga qarang.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi huzuridagi Kadastr agentligi, Qishloq xoʻjaligi vazirligi Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda:
(3-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 24-fevraldagi PQ-5006-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 25.02.2021-y., 07/21/5006/0151-son)
Oldingi tahrirga qarang.
2018 — 2026-yillar mobaynida maʼmuriy-hududiy birliklar chegaralari belgilanishini, yer resurslari xatlovdan oʻtkazilishini, yaylov va pichanzorlarda geobotanik tadqiqotlar oʻtkazilishini taʼminlasin;
(3-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 29-dekabrdagi PQ-422-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 29.12.2023-y., 07/23/422/0994-son — 2024-yil 1-yanvardan kuchga kiradi)
yer resurslarini xatlovdan oʻtkazish natijalariga koʻra, Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri hududlari boʻyicha yer resurslarining toifalari va turlarini oʻzgartirish, yer toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari buzilishi holatlarini bartaraf etish, yer resurslaridan maqsadli va samarali foydalanishni tashkil etish, holati yomonlashgan va degradatsiyaga uchragan maydonlarni tiklash yoki konservatsiya qilish yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritib borsinlar.
4. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari:
maʼmuriy-hududiy birliklar chegaralarini belgilash va yer resurslarini xatlovdan oʻtkazishni muvofiqlashtiruvchi komissiyani 4-ilovaga* muvofiq bir hafta muddatda namunaviy tarkibda tashkil etsinlar;
* 1 — 4-ilovalar berilmaydi.
maʼmuriy-hududiy birliklar chegaralarini belgilash ishlari yakunlangandan soʻng bir oy muddatda zaruratga koʻra, qonun hujjatlarida belgilangan tartibda maʼmuriy-hududiy birliklar chegaralarini belgilash yoki ularga oʻzgartirish kiritish boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesiga hamda tegishli xalq deputatlari viloyat Kengashlariga takliflar kiritilishini taʼminlasinlar.
Oldingi tahrirga qarang.
5. Belgilab qoʻyilsinki, Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi huzuridagi Kadastr agentligi va Qishloq xoʻjaligi vazirligining yerdan foydalanish va uni muhofaza qilishni nazorat qilish boʻyicha davlat inspektorlari tashkiliy-huquqiy shaklidan qatʼiy nazar, yerdan foydalanuvchilar tomonidan ularga ajratib berilgan yerlardan foydalanish holatini (moliyaviy xoʻjalik faoliyatiga aralashmagan holda) muntazam monitoring qilib borish huquqiga ega.
(5-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 24-fevraldagi PQ-5006-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 25.02.2021-y., 07/21/5006/0151-son)
6. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari Z.T. Mirzayev hamda Oʻzbekiston Respublikasi Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qoʻmitasi raisi A.H. Abdullayev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2018-yil 23-aprel,
299-son
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 01.05.2018-y., 09/18/299/1105-son; 19.08.2019-y., 09/19/689/3586-son; 25.02.2021-y., 07/21/5006/0151-son; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 19.10.2022-y., 09/22/610/0938-son; 31.10.2023-y., 09/23/578/0811-son; 29.12.2023-y., 07/23/422/0994-son)