O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvining
Qarori
Tijorat banklari va ularning filiallari rahbarlari, bosh buxgalterlari, boshqaruv a’zolari, mikromoliya tashkilotlari hamda kredit byurolarining ijro organlari rahbarlariga nisbatan malaka talablarini tasdiqlash to‘g‘risida
(qaror nomi O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki boshqaruvining 2022-yil 8-iyuldagi 14/8-sonli qarori (ro‘yxat raqami 3377, 01.08.2022-y.) tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 01.08.2022-y., 10/22/3377/0696-son)
[O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2018-yil 30-martda ro‘yxatdan o‘tkazildi, ro‘yxat raqami 2989]
Mazkur qaror O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki boshqaruvining 2022-yil 30-dekabrdagi 30/24-sonli “O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki tomonidan qabul qilingan ayrim idoraviy normativ-huquqiy hujjatlarni o‘z kuchini yo‘qotgan deb topish to‘g‘risida”gi qaroriga (ro‘yxat raqami 3415, 13.01.2023-y.) asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.
O‘zbekiston Respublikasining “O‘zbekiston Respublikasining Markaziy banki to‘g‘risida”gi Qonuniga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvi qaror qiladi:
1. Tijorat banklari va ularning filiallari rahbarlari, bosh buxgalterlari, boshqaruv a’zolari, mikromoliya tashkilotlari hamda kredit byurolarining ijro organlari rahbarlariga nisbatan malaka talablari ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
(1-band O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki boshqaruvining 2022-yil 8-iyuldagi 14/8-sonli qarori (ro‘yxat raqami 3377, 01.08.2022-y.) tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 01.08.2022-y., 10/22/3377/0696-son)
2. Mazkur qaror rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran kuchga kiradi.
Markaziy bank raisi M. NURMURATOV
Toshkent sh.,
2018-yil 24-fevral,
7/11-son
O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvining 2018-yil 24-fevraldagi 7/11-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
Tijorat banklari va ularning filiallari rahbarlari, bosh buxgalterlari, boshqaruv a’zolari, mikromoliya tashkilotlari hamda kredit byurolarining ijro organlari rahbarlariga nisbatan
MALAKA TALABLARI
(ilova nomi O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki boshqaruvining 2022-yil 8-iyuldagi 14/8-sonli qarori (ro‘yxat raqami 3377, 01.08.2022-y.) tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 01.08.2022-y., 10/22/3377/0696-son)
Mazkur malaka talablari O‘zbekiston Respublikasining “O‘zbekiston Respublikasining Markaziy banki to‘g‘risida”gi Qonuniga muvofiq tijorat banklari va ularning filiallari rahbarlari, bosh buxgalterlari, boshqaruv a’zolari, mikromoliya tashkilotlari hamda kredit byurolarining ijro organlari rahbarlari lavozimlariga tavsiya etilayotgan nomzodlarga qo‘yiladigan malaka talablarini belgilaydi.
(muqaddima O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki boshqaruvining 2022-yil 8-iyuldagi 14/8-sonli qarori (ro‘yxat raqami 3377, 01.08.2022-y.) tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 01.08.2022-y., 10/22/3377/0696-son)
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Mazkur malaka talablari tijorat banklari va ularning filiallari rahbarlari, bosh buxgalterlari, boshqaruv a’zolari, mikromoliya tashkilotlari hamda kredit byurolarining ijro organlari rahbarlari lavozimlariga yuqori malaka va salohiyatga ega bo‘lgan mutaxassislarni tanlash maqsadida joriy etiladi.
(1-band O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki boshqaruvining 2022-yil 8-iyuldagi 14/8-sonli qarori (ro‘yxat raqami 3377, 01.08.2022-y.) tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 01.08.2022-y., 10/22/3377/0696-son)
2. Tijorat banklari va ularning filiallari rahbarlari, bosh buxgalterlari, boshqaruv a’zolari, mikromoliya tashkilotlari hamda kredit byurolarining ijro organlari rahbarlari lavozimiga tavsiya etilayotgan nomzodlar mazkur malaka talablariga javob berishi lozim.
(2-band O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki boshqaruvining 2022-yil 8-iyuldagi 14/8-sonli qarori (ro‘yxat raqami 3377, 01.08.2022-y.) tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 01.08.2022-y., 10/22/3377/0696-son)
3. Tijorat banklari va ularning filiallari rahbarlari, bosh buxgalterlari, boshqaruv a’zolari, mikromoliya tashkilotlari hamda kredit byurolarining ijro organlari rahbarlari lavozimlarga tavsiya etilayotgan nomzodlar quyidagilarni bilishi kerak:
(3-bandning birinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki boshqaruvining 2022-yil 8-iyuldagi 14/8-sonli qarori (ro‘yxat raqami 3377, 01.08.2022-y.) tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 01.08.2022-y., 10/22/3377/0696-son)
O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi va bank faoliyatiga oid qonunlar, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qarorlari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlari, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari, O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining hamda boshqa vazirlik va idoralarning idoraviy normativ-huquqiy hujjatlarini, shu jumladan:
fuqarolik, xo‘jalik va mehnat qonunchiligi;
kreditlashning asosiy tamoyillari va tartibini;
bank hisobotlarini tuzish tartibi;
hisob-kitoblar va to‘lovlarni amalga oshirish tartibi;
moliyaviy hisobotlar, buxgalteriya hisobining milliy va xalqaro standartlari bank ichki kredit siyosati va kreditlash tartibi;
kichik biznesni kreditlash tartibi;
omonatlarni qabul qilish va ularni berish tartibi;
bankni korporativ boshqarish tartibi;
ichki audit vazifalari va faoliyati;
pul muomalasini tashkil etish va kassa operatsiyalarini amalga oshirish tartibi;
chet el valyutasi bilan bog‘liq operatsiyalarni amalga oshirish tartibi;
Bazel qo‘mitasining bank faoliyatiga oid asosiy tavsiyanomalarini;
jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga, terrorizmni moliyalashtirishga va ommaviy qirg‘in qurolini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashish bo‘yicha ichki nazorat qoidalari;
(3-bandning o‘n beshinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvining 2019-yil 23-fevraldagi 4/1-sonli qarori (ro‘yxat raqami 2989-1, 11.03.2019-y.) tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 11.03.2019-y., 10/19/2989-1/2734-son)
bankka aloqador bo‘lgan shaxslar bilan bitimlar tuzish tartibi;
iqtisodiy normativlarni va talablarni, shu jumladan kapital monandligiga, bank likvidliligiga, bir qarz oluvchi yoki bir-biriga daxldor qarz oluvchilar guruhiga to‘g‘ri keluvchi tavakkalchiliklar bo‘yicha iqtisodiy normativlarni;
ehtimoliy yo‘qotishlarni qoplash uchun zaxiralar shakllantirish tartibini;
kompyuter va bank faoliyatida zaruriy bank dasturlaridan foydalanishni.
2-bob. Tijorat banklari rahbari lavozimiga tavsiya etilayotgan nomzodlarga qo‘yiladigan malaka talablari
4. Tijorat banklarining Bosh banklari rahbarlari lavozimlariga quyidagi malaka talablari qo‘yiladi:
tijorat banklari boshqaruvi raisi lavozimiga tavsiya etilayotgan nomzod (O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti va O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi nomenklaturasiga kiruvchi lavozimlardan tashqari) oliy iqtisodiy ma’lumotga, bank-moliya yo‘nalishida kamida o‘n yillik ish stajiga, shu jumladan kamida besh yil bank tizimida rahbarlik lavozimlarida ish tajribasiga ega bo‘lishi;
tijorat banklari boshqaruvi raisi o‘rinbosari lavozimiga tavsiya etilayotgan nomzod (O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti va O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi nomenklaturasiga kiruvchi lavozimlardan tashqari) oliy iqtisodiy ma’lumotga, bank-moliya yo‘nalishida kamida yetti yillik ish stajiga, shu jumladan kamida uch yil bank tizimida rahbarlik lavozimlarida ish tajribasiga ega bo‘lishi;
tijorat banklari boshqaruvi a’zosi lavozimiga tavsiya etilayotgan nomzod oliy iqtisodiy ma’lumotga, bank-moliya yo‘nalishida kamida besh yillik ish stajiga, shu jumladan kamida ikki yil bank tizimida rahbarlik lavozimlarida ish tajribasiga ega bo‘lishi lozim, Bosh bankning bosh buxgalteri lavozimiga tavsiya etilayotgan nomzod bundan mustasno.
Ushbu bandning ikkinchi — to‘rtinchi xatboshilarida ko‘rsatilgan lavozimlarga qo‘yilgan ish stajiga nomzodlarning O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi, Vazirlar Mahkamasi hamda Markaziy bankida faoliyat ko‘rsatgan davrdagi ish staji qo‘shib hisoblanadi.
(4-bandning beshinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvining 2019-yil 23-fevraldagi 4/1-sonli qarori (ro‘yxat raqami 2989-1, 11.03.2019-y.) tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 11.03.2019-y., 10/19/2989-1/2734-son)
5. Tijorat banklari boshqaruvi a’zoligiga bankning yuridik xizmati rahbari kiritilgan taqdirda, u oliy yuridik ma’lumotga hamda bank tizimida kamida uch yillik ish tajribasiga ega bo‘lishi lozim.
6. Tijorat banklarining boshqaruvi a’zosi — bosh buxgalteri lavozimiga tavsiya etilayotgan nomzod oliy iqtisodiy ma’lumotga, bank-moliya yo‘nalishida kamida olti yillik ish stajiga, shu jumladan kamida uch yil bank buxgalteriya yo‘nalishida rahbarlik lavozimlarida ish tajribasiga ega bo‘lishi lozim.
7. Tijorat banklarining Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridagi (mintaqaviy) filiali (bundan buyon matnda mintaqaviy filial deb yuritiladi) rahbari lavozimiga tavsiya etilayotgan nomzod oliy iqtisodiy ma’lumotga, bank-moliya yo‘nalishida kamida besh yillik ish stajiga, shu jumladan kamida ikki yil bank tizimida rahbarlik lavozimlarida ish tajribasiga ega bo‘lishi lozim.
Mintaqaviy filial bosh buxgalteri lavozimiga tavsiya etilayotgan nomzod oliy iqtisodiy ma’lumotga, bank-moliya yo‘nalishida kamida besh yillik ish stajiga, shu jumladan kamida ikki yil bank buxgalteriya yo‘nalishi bo‘yicha ish tajribasiga ega bo‘lishi lozim.
8. Tijorat banklarining tuman (shahar) filiali rahbari lavozimiga tavsiya etilayotgan nomzod oliy iqtisodiy ma’lumotga, bank-moliya yo‘nalishida kamida to‘rt yillik ish stajiga, shu jumladan kamida ikki yil bank tizimida rahbarlik lavozimlarida ish tajribasiga ega bo‘lishi lozim.
Tijorat banklarining tuman (shahar) filiali bosh buxgalteri lavozimiga tavsiya etilayotgan nomzod oliy iqtisodiy ma’lumotga, bank-moliya yo‘nalishida kamida to‘rt yillik ish stajiga, shu jumladan kamida ikki yil bank buxgalteriya yo‘nalishi bo‘yicha ish tajribasiga ega bo‘lishi lozim.
9. Tijorat banklari va ularning filiallari rahbari lavozimiga tavsiya etilayotgan nomzodlar quyidagi hollarda lavozimiga muvofiq emas deb topiladi hamda ular ushbu lavozimlarga tayinlanishi mumkin emas:
amalga oshirgan harakatlari yuridik shaxslarni bankrotlikka yoki ularning moliyaviy ahvoli yomonlashuviga olib kelganligi to‘g‘risida dalillar ma’lum bo‘lgan taqdirda, bankrotlikka uchragan yoki moliyaviy ahvoli yomonlashgan banklar, kredit uyushmalari, mikromoliya tashkilotlari va boshqa yuridik shaxslarning sobiq rahbarlari, boshqaruv va kuzatuv kengashi a’zolari hamda yirik ishtirokchilari (ustav kapitalida 10 foiz va undan ko‘p miqdorda ovoz beruvchi aksiyalar yoxud ulushga ega bo‘lgan shaxslar) bo‘lgan nomzodlar;
(9-bandning ikkinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki boshqaruvining 2022-yil 8-iyuldagi 14/8-sonli qarori (ro‘yxat raqami 3377, 01.08.2022-y.) tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 01.08.2022-y., 10/22/3377/0696-son)
sud qarori bilan mazkur lavozimda ishlash huquqi cheklangan nomzodlar;
o‘zaro yaqin qarindosh bo‘lgan shaxslar bir bankda rahbarlik yoki moddiy javobgarlik bilan bog‘liq lavozimlarda biri ikkinchisiga bevosita bo‘ysunib yoxud uning nazorati ostida birga ishlovchi nomzodlar.
10. Tijorat banklarining rahbarlarini lavozimiga tayinlashda yoki ular lavozimidan ozod etilganda tijorat banklarining Bosh banki tarkibidagi, ularning mintaqaviy filiallari, tuman (shahar) filiallari rahbarlari tarkibidagi barcha o‘zgarishlar tegishli buyruq chiqqanidan keyin 3 ish kunida tijorat bankining rasmiy veb-saytida joylashtirilishi kerak.
3-bob. Mikromoliya tashkilotlari hamda kredit byurolari ijro organlari rahbarlari lavozimiga tavsiya etilayotgan nomzodlarga qo‘yiladigan malaka talablari
(3-bob nomi O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki boshqaruvining 2022-yil 8-iyuldagi 14/8-sonli qarori (ro‘yxat raqami 3377, 01.08.2022-y.) tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 01.08.2022-y., 10/22/3377/0696-son)
11. Mikromoliya tashkilotlari ijro organi rahbari lavozimiga tavsiya etilayotgan nomzod oliy iqtisodiy ma’lumotga, besh yildan kam bo‘lmagan umumiy ish stajiga, shu jumladan kredit tashkilotlarida yoki bank-moliya yo‘nalishida kamida uch yillik ish tajribasiga ega bo‘lishi lozim.
(11-band O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki boshqaruvining 2022-yil 8-iyuldagi 14/8-sonli qarori (ro‘yxat raqami 3377, 01.08.2022-y.) tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 01.08.2022-y., 10/22/3377/0696-son)
12. Kredit byurolarining ijro organi rahbari lavozimiga tavsiya etilayotgan nomzod oliy iqtisodiy ma’lumotga, besh yildan kam bo‘lmagan umumiy ish stajiga, shu jumladan kredit amaliyoti bilan bog‘liq uch yillik ish tajribasiga ega bo‘lishi lozim.
13. Mikromoliya tashkilotlari va kredit byurolarining ijro organi rahbari lavozimiga tavsiya etilayotgan nomzodlar quyidagi hollarda lavozimiga muvofiq emas deb topiladi hamda ushbu lavozimga tayinlanishi mumkin emas:
(13-bandning birinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki boshqaruvining 2022-yil 8-iyuldagi 14/8-sonli qarori (ro‘yxat raqami 3377, 01.08.2022-y.) tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 01.08.2022-y., 10/22/3377/0696-son)
amalga oshirgan harakatlari yuridik shaxslarning bankrotlikka yoki moliyaviy ahvoli yomonlashuviga olib kelganligi to‘g‘risida dalillar ma’lum bo‘lgan taqdirda, bankrotlikka uchragan yoki moliyaviy ahvoli yomonlashgan banklar, kredit uyushmalari, mikromoliya tashkilotlari va yuridik shaxslarning sobiq rahbarlari, boshqaruv va kuzatuv kengashi a’zolari hamda yirik ishtirokchilari (ustav kapitalida 10 foiz va undan ko‘p miqdorda ovoz beruvchi aksiyalar yoxud ulushlarga ega bo‘lgan shaxslar) bo‘lgan nomzodlar;
(13-bandning ikkinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki boshqaruvining 2022-yil 8-iyuldagi 14/8-sonli qarori (ro‘yxat raqami 3377, 01.08.2022-y.) tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 01.08.2022-y., 10/22/3377/0696-son)
sud qarori bilan ushbu lavozimda ishlash huquqi cheklangan nomzodlar.
4-bob. Yakuniy qoida
14. Mazkur malaka talablari buzilishida aybdor bo‘lgan shaxslar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda javobgar bo‘ladi.
(14-band O‘zbekiston Respublikasi adliya vazirining 2021-yil 28-iyuldagi 16-mh-sonli buyrug‘i (ro‘yxat raqami 3313, 28.07.2021-y.) tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 28.07.2021-y., 10/21/3313/0724-son)
(Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 31.03.2018-y., 10/18/2989/0968-son; 11.03.2019-y., 10/19/2989-1/2734-son; Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 28.07.2021-y., 10/21/3313/0724-son; 01.08.2022-y., 10/22/3377/0696-son)