Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Liftlarning xavfsizligi toʻgʻrisidagi umumiy texnik reglamentni tasdiqlash haqida
Mazkur qaror Oʻzbekistan Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 12-iyuldagi 430-sonli “Lift va lift qurilmalarining xavfsizligi toʻgʻrisidagi texnik reglamentni tasdiqlash haqida”gi qaroriga asosan 2026-yil 1-iyuldan oʻz kuchini yoʻqotadi.
“Texnik jihatdan tartibga solish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq, liftlar xavfsizligiga qoʻyiladigan yagona talablarni belgilash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Liftlar xavfsizligi toʻgʻrisidagi umumiy texnik reglament ilovaga* muvofiq tasdiqlansin va rasmiy eʼlon qilingan kundan boshlab olti oy oʻtgandan keyin amalga kiritilsin.
* Ilova rus tilidagi matnda berilgan.
2. “Texnik jihatdan tartibga solish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni talablariga muvofiq texnik reglamentlar amalga kiritilgach, ularda koʻrsatilgan mahsulotlar va xizmatlarga doir ilgari qabul qilingan standartlashtirish boʻyicha normativ hujjatlar majburiylik xususiyatini yoʻqotishi va belgilangan tartibda qoʻllanilishda ixtiyoriylik kasb etishi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
3. “Oʻzstandart” agentligi vakolatli organlar bilan birgalikda ushbu qaror bilan tasdiqlangan Umumiy texnik reglament belgilangan tartibda amalga kiritilgan kundan boshlab liftlarga oid standartlashtirish boʻyicha normativ hujjatlarni qoʻllashda majburiylik xususiyatini bekor qilish va ixtiyoriylikni taʼminlash choralarini koʻrsin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Sanoat xavfsizligi davlat qoʻmitasi:
(4-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 6-martdagi 195-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 07.03.2019-y., 09/19/195/2712-son)
ushbu qaror bilan tasdiqlangan Umumiy texnik reglament amalga kirishiga qadar belgilangan tartibda liftlarning tuzilishi va ulardan xavfsiz foydalanish qoidalarini ishlab chiqishni, tasdiqlashni va Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligida roʻyxatdan oʻtkazilishini;
“Oʻzstandart” agentligi va Oʻzbekiston milliy teleradiokompaniyasi bilan birgalikda aholi, davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, tadbirkorlik faoliyati subyektlari tasdiqlangan Umumiy texnik reglamentning maqsadlari, mazmuni va uni qoʻllash tartibi toʻgʻrisida keng xabardor qilinishini taʼminlasin.
5. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari Gʻ.I. Ibragimov, Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari — “Oʻzagrotexsanoatxolding” AJ boshqaruvi raisi N.S. Otajonov, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Yer qaʼrini geologik oʻrganish, sanoatda, konchilikda va kommunal-maishiy sektorda ishlarning bexatar olib borilishini nazorat qilish davlat inspeksiyasi boshligʻi B.V. Gulyamov va “Oʻzstandart” agentligi bosh direktori A.U. Karimov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2017-yil 6-oktabr,
801-son
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 06.10.2017-y., 09/17/801/0069-son; 07.03.2019-y., 09/19/195/2712-son, 11.08.2019-y., 09/19/661/3571-son)