O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Sog‘liqni saqlash organlari faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2017-yil 12-iyundagi PQ-3052-son qarorini ijro etish yuzasidan va sog‘liqni saqlashni boshqarish tizimini takomillashtirish, shuningdek, respublika aholisiga ko‘rsatilayotgan tibbiy yordam sifatini yanada yaxshilash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi to‘g‘risidagi nizom 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi Sog‘liqni saqlash vazirligi bilan birgalikda O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligining Respublika tibbiy-ijtimoiy ekspertiza inspeksiyasining texnik topshirig‘i asosida Axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish jamg‘armasining mablag‘lari hisobiga (“TMEK”) dasturiy kompleksining yangi versiyasi ishlab chiqilishini ta’minlasin.
3. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi TMEK dasturiy kompleksini keyinchalik sog‘liqni saqlash organlariga xizmat ko‘rsatish uchun bepul asosda O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligiga bersin, bunda Sog‘liqni saqlash vazirligiga bergunga qadar unga moliya organlari bilan tuzilgan shartnoma asosida xizmat ko‘rsatilishini nazarda tutsin.
4. O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining 2-ilovaga muvofiq ayrim qarorlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilsin.
5. O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining 3-ilovaga muvofiq ayrim qarorlari o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblansin.
6. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi sog‘liqni saqlash vaziri A.K. Shadmanov zimmasiga hamda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Sog‘liqni saqlash, ekologiya, atrof muhitni muhofaza qilish, jismoniy tarbiya va sport masalalari axborot-tahlil departamentiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2017-yil 12-sentabr,
714-son
Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 12-sentabrdagi 714-son qaroriga
1-ILOVA
1-ILOVA
O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi to‘g‘risida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligining (keyingi o‘rinlarda Vazirlik deb ataladi) maqomi, vazifalari, funksiyalari, huquqlari va javobgarligini, shuningdek, faoliyatini tashkil etishni belgilaydi.
Oldingi tahrirga qarang.
2. Vazirlik sog‘liqni saqlashda davlat siyosatini ishlab chiquvchi va amalga oshiruvchi, sog‘liqni saqlash, tibbiy sug‘urta, dori vositalari va tibbiy jihozlarning muomalasi, aholining sanitariya-epidemiologiya osoyishtaligi, tibbiy ekspertizalar o‘tkazish, tibbiy va farmatsevtik ma’lumotni tashkil etish sohasida normativ-huquqiy tartibga soluvchi davlat boshqaruvi organi hisoblanadi.
(2-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 30-iyundagi 353-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 03.07.2026-y., 09/26/353/0680-son)
3. Vazirlik o‘z faoliyatida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga bo‘ysunadi va hisobot beradi.
4. O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi, sog‘liqni saqlash hududiy boshqaruv organlari, ularning tumanlar va shaharlardagi bo‘linmalari respublika sog‘liqni saqlashni boshqarish organlarining yagona tizimini tashkil etadi.
5. Vazirlik o‘z faoliyatida O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlariga, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qarorlariga, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlariga, Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlariga, shuningdek, ushbu Nizomga va boshqa qonun hujjatlariga amal qiladi.
6. Vazirlik o‘z faoliyatini davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari, nodavlat notijorat, xorijiy, xalqaro va boshqa tashkilotlar bilan o‘zaro hamkorlikda amalga oshiradi.
7. Vazirlikning o‘z vakolatlari doirasida qabul qilingan qarorlari davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari, boshqa tashkilotlar va ularning mansabdor shaxslari hamda fuqarolar tomonidan bajarilishi majburiy hisoblanadi.
8. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi, viloyatlar sog‘liqni saqlash boshqarmalari va Toshkent shahar sog‘liqni saqlash bosh boshqarmasi O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligiga hamda tegishli ravishda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashiga, viloyatlar va Toshkent shahri hokimlariga bo‘ysunadilar.
9. Vazirlik yuridik shaxs hisoblanadi, O‘zbekiston Respublikasi Davlat gerbi tasviri tushirilgan va o‘z nomi davlat tilida yozilgan muhrga va blankalarga, bank hisob raqamlariga, shu jumladan xorijiy valyutadagi hisob raqamlariga va O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi G‘aznachiligida shaxsiy g‘azna hisobvaraqlariga ega bo‘ladi.
10. Vazirlik Toshkent shahri, Shayxontohur tumani, Navoiy ko‘chasi, 12-uy manzili (pochta manzili) bo‘yicha joylashtiriladi.
2-bob. Vazirlikning asosiy vazifalari va funksiyalari
11. Quyidagilar Vazirlikning asosiy vazifalari hisoblanadi:
aholiga, shu jumladan, davlat tomonidan kafolatlangan hajmlarda to‘liq va o‘z vaqtida tibbiy xizmatlar ko‘rsatishni ta’minlashda Vazirlikning organlari va tashkilotlari roli va mas’uliyatini oshirishga yo‘naltirilgan fuqarolarning sog‘lig‘ini muhofaza qilish sohasida yagona davlat siyosatini amalga oshirish;
jamoat sog‘lig‘ini saqlash ustuvorligini ta’minlash, aholini sog‘lom turmush tarzini yuritishga undash, eng avvalo, o‘z sog‘lig‘i va atrofidagilarning sog‘lig‘i uchun mas’uliyat tuyg‘usini tarbiyalashda aholining madaniyati va tibbiy savodxonligini oshirish;
millatning genofondini yaxshilash maqsadida sog‘lom avlod tug‘ilishi va tarbiyalanishi uchun qulay shart-sharoitlar yaratish, oilada tibbiy madaniyatni, umrning sifati va uzoq davom etishini oshirish, aholining sog‘lig‘ini muhofaza qilish va sanitariya-epidemiologik osoyishtalik sohasida davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlarini ishlab chiqish;
bevosita birlamchi tibbiy-sanitariya yordami tashkilotlarida qishloq aholisiga ko‘rsatilayotgan tibbiy yordam hajmlarini kengaytirish, asosiy, tez-tez uchraydigan kasalliklar turlari bo‘yicha tuman bo‘g‘ini darajasida ixtisoslashtirilgan xizmatlar tizimini barpo etishda amaliy yordam berishni tashkil etish;
ham tibbiy yordamni xizmat ko‘rsatilayotgan aholiga yaqinlashtirish, ham axborot texnologiyalarini, teletibbiyotni, davolashning klinik protokollarini keng joriy etish hamda yetakchi xorijiy va mahalliy mutaxassislarning tajribasini mintaqaviy tibbiyot muassasalarining tibbiyot xodimlariga berish hisobiga aholiga ko‘rsatilayotgan birlamchi, tez, kechiktirib bo‘lmaydigan va ixtisoslashtirilgan tibbiy yordamning qulayligi va tezkorligi darajasini oshirish;
Oldingi tahrirga qarang.
dorilar muomalasini davlat tomonidan tartibga solish chora-tadbirlarini amalga oshirish, dori vositalari, tibbiy jihozlarni, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi hududida qo‘llashga ruxsat berilgan asbob-uskunalarni standartlashtirish va sertifikatlashtirish;
(11-bandning yettinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 30-iyundagi 353-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 03.07.2026-y., 09/26/353/0680-son)
Oldingi tahrirga qarang.
(11-bandning sakkizinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 15-dekabrdagi 665-sonli qaroriga asosan chiqarilgan — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 18.12.2023-y., 09/23/665/0942-son)
mahalliy tajribani va eng yaxshi jahon yutuqlarini birga qo‘shish asosida tibbiyot fanini rivojlantirish strategiyasini ishlab chiqish va prognozlashtirish, ilmiy tibbiy tadqiqotlar samaradorligini oshirish, fan, texnika yutuqlarini va ilg‘or tajribani sog‘liqni saqlash amaliyotiga joriy etish, oliy va o‘rta tibbiy ta’lim tizimini rivojlantirish;
sog‘liqni saqlash tizimida yagona tashkiliy-metodik rahbarlik qilishni va ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmatlar sifati nazorat qilinishini ta’minlaydigan zamonaviy, xorijiy amaliyotda sinab ko‘rilgan sog‘liqni saqlash tizimini boshqarish usullarini joriy etish.
12. Vazirlik yuklangan vazifalarga muvofiq quyidagi funksiyalarni bajaradi:
a) aholiga, shu jumladan, davlat tomonidan kafolatlangan hajmlarda to‘liq va o‘z vaqtida tibbiy xizmatlar ko‘rsatishni ta’minlashda Vazirlikning organlari va tashkilotlari roli va mas’uliyatini oshirishga yo‘naltirilgan fuqarolarning sog‘lig‘ini muhofaza qilish sohasida yagona davlat siyosatini amalga oshirish sohasida:
aholi salomatligini saqlash va yaxshilashni, sog‘lom avlodni tarbiyalash uchun shart-sharoitlarni shakllantirishni, profilaktik sog‘liqni saqlashni rivojlantirishni, sog‘lom turmush tarzini keng ommalashtirishni ta’minlovchi davlat siyosatini amalga oshirishni ta’minlaydi;
Oldingi tahrirga qarang.
fuqarolar sog‘lig‘ini saqlashni ta’minlashga qaratilgan davlat dasturlari ijrosi yuzasidan nazorat olib boradi va ishlarni muvofiqlashtiradi;
(12-band “a” kichik bandi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 23-fevraldagi 161-sonli qaroriga asosan uchinchi xatboshi bilan to‘ldirilgan — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 23.02.2019-y., 09/19/161/2600-son)
sog‘liqni saqlash tizimini isloh qilish dasturlarini amalga oshiradi, sog‘liqni saqlashning nodavlat sektorini rivojlantiradi va tibbiy xizmatlar bozorini tashkil etadi;
Oldingi tahrirga qarang.
sog‘liqni saqlash, shu jumladan, tibbiy yordam berish, dori vositalari, tibbiy jihozlar ishlab chiqarish va ulardan foydalanish hamda ularga rioya qilinishi ustidan nazorat qilish sohasida normativlar va standartlar tizimini yaratadi;
(12-band “a” kichik bandning beshinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 30-iyundagi 353-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 03.07.2026-y., 09/26/353/0680-son)
tibbiy yordam sifati standartlarini va hajmini belgilaydi, tibbiy va farmatsevtik faoliyatni litsenziyalashni amalga oshiradi;
tibbiyot tashkilotlari tomonidan aholiga o‘z vaqtida malakali va sifatli tibbiy yordam ko‘rsatilishi ustidan nazorat qiladi;
Oldingi tahrirga qarang.
sud-tibbiy va sud-ruhiy ekspertizani ta’minlaydi;
(12-band “a” kichik bandining sakkizinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 15-dekabrdagi 665-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 18.12.2023-y., 09/23/665/0942-son)
tarmoqni kadrlar bilan ta’minlash dasturlarini ishlab chiqadi va amalga oshiradi, sog‘liqni saqlashda tegishli yo‘nalishlar va mutaxassislar bo‘yicha tibbiyot kadrlariga bo‘lgan ehtiyojni aniqlaydi va ularni tayyorlaydi;
o‘z vakolatlari doirasida tegishli xalqaro tashkilotlar va xorijiy mamlakatlarning sog‘liqni saqlash tashkilotlari bilan o‘zaro hamkorlik qiladi;
b) jamoat sog‘lig‘ini saqlash ustuvorligini ta’minlash, aholini sog‘lom turmush tarzini yuritishga undash, eng avvalo, o‘z sog‘lig‘i va atrofidagilarning sog‘lig‘i uchun mas’uliyat tuyg‘usini tarbiyalashda aholining madaniyati va tibbiy savodxonligini oshirish sohasida:
Oldingi tahrirga qarang.
kasalliklar va nogironlikning oldini olish tadbirlarini amalga oshiradi, tibbiy ekspertiza o‘tkazilishini tashkil etadi;
(12-band “b” kichik bandining ikkinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 15-dekabrdagi 665-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 18.12.2023-y., 09/23/665/0942-son)
profilaktik yordam yo‘nalishlari va hajmlari, profilaktik emlash muddatlari va usullari to‘g‘risida qarorlar qabul qiladi, aholi orasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qiladi;
manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda muhim tibbiy-ijtimoiy normalar va normativlar ro‘yxatini belgilaydi va ularning ishlab chiqilishini muvofiqlashtiradi;
sog‘liqni saqlashda statistika yuritilishi ishlarini tashkil etadi, sog‘liqni saqlash tizimida statistik hisobot va hisobot berish tartibiga metodik rahbarlik qiladi, statistika axborotining ishonchliligini nazorat qiladi;
tarmoqni axborotlashtirish tizimi shakllantirilishini ta’minlaydi, manfaatdor vazirliklar, davlat qo‘mitalari va idoralar bilan birgalikda zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini, shu jumladan, sog‘liqni saqlash tizimida hisob va hisobotni yuritish bo‘yicha zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini ishlab chiqadi va joriy etadi;
v) millatning genofondini yaxshilash maqsadida sog‘lom avlod tug‘ilishi va tarbiyalanishi uchun qulay shart-sharoitlar yaratish, oilada tibbiy madaniyatni, umrning sifati va uzoq davom etishini oshirish, aholining sog‘lig‘ini muhofaza qilish va sanitariya-epidemiologik osoyishtalik sohasida davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlarini ishlab chiqish sohasida:
fertil yoshidagi ayollar, homilador ayollar, bolalar, shuningdek, yolg‘iz keksalar, surunkali kasalliklarga chalingan nogironlar va o‘zgalarning parvarishiga va tibbiy-ijtimoiy yordamga muhtoj bo‘lgan boshqa shaxslar orasida patronaj ishi doimiy asosda olib borilishini ta’minlaydi;
Oldingi tahrirga qarang.
favqulodda tusdagi avariyali vaziyatlar va halokatlarni bartaraf etish dasturlarini ishlab chiqish va amalga oshirishda ishtirok etadi, favqulodda vaziyatlarni tugatishda foydalanish uchun tibbiy jihozlar, dorilar, dezinfeksiya vositalarining zaxirasini belgilangan tartibda tashkil etadi;
(12-band “v” kichik bandning uchinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 30-iyundagi 353-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 03.07.2026-y., 09/26/353/0680-son)
yuqumli va yuqumli bo‘lmagan, parazitar kasalliklar, shuningdek, insonning yashash muhiti omillari uning sog‘lig‘iga va mehnat faoliyatiga noxush ta’sir etishi bilan bog‘liq kasb kasalliklari profilaktikasi ishlarini olib boradi;
manfaatdor organlar bilan birgalikda boshqa davlatlar hududidan yuqumli va karantin kasalliklar kirib kelishining oldini olish ishlarini tashkil etadi va nazorat qiladi;
sanitariya normalari, qoidalari, gigiyena normativlarini ishlab chiqadi va tasdiqlaydi, ularga rioya etilishi ustidan davlat sanitariya nazoratini amalga oshiradi, shuningdek, sanitariya-epidemiologiya xizmatlari ishiga ularning idoraviy bo‘ysunishidan qat’i nazar, metodik rahbarlik qiladi;
iste’molchilarning jamoat tashkilotlari taqdimnomasi bo‘yicha idoraviy mansub laboratoriyalarda tovarlar (ishlar, xizmatlar)ning xavfsizlik talablariga muvofiqligiga shartnoma asosida sinovlar o‘tkazadi;
g) bevosita birlamchi tibbiy-sanitariya yordami tashkilotlarida qishloq aholisiga ko‘rsatilayotgan tibbiy yordam hajmlarini kengaytirish, asosiy, tez-tez uchraydigan kasalliklar turlari bo‘yicha tuman bo‘g‘ini darajasida ixtisoslashtirilgan xizmatlar tizimini barpo etishda amaliy yordam berishni tashkil etish sohasida:
birlamchi tibbiy-sanitariya yordami tashkilotlaridan tortib ixtisoslashtirilgan tibbiyot tashkilotlarigacha tibbiy yordam ko‘rsatishning barcha darajalarida kasalliklarning oldini olish va profilaktikasini ta’minlaydi, ushbu maqsadlarda ilmiy-tadqiqot, diagnostika va patronaj ishlarini kengaytiradi;
asosiy, tez-tez uchraydigan kasalliklar turlari bo‘yicha tuman bo‘g‘ini darajasida ixtisoslashtirilgan xizmatlar tizimini qurishda amaliy yordam berishni tashkil etadi;
birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalarining ixtisoslashtirilgan tibbiy xizmatlar ko‘rsatuvchi tashkilotlar bilan o‘zaro aloqalari takomillashtirilishini ta’minlaydi;
tibbiy diagnostika tizimini takomillashtiradi, respublika hududlarida diagnostika xizmatlari tarmog‘ini rivojlantiradi, tibbiy ixtisoslashtirilgan tashkilotlar tarmog‘i faoliyat ko‘rsatishini ta’minlaydi;
d) ham tibbiy yordamni xizmat ko‘rsatilayotgan aholiga yaqinlashtirish, ham axborot texnologiyalarini, teletibbiyotni, davolashning klinik protokollarini keng joriy etish hamda yetakchi xorijiy va mahalliy mutaxassislarning tajribasini mintaqaviy tibbiyot muassasalarining tibbiyot xodimlariga berish hisobiga aholiga ko‘rsatilayotgan birlamchi, tez, kechiktirib bo‘lmaydigan va ixtisoslashtirilgan tibbiy yordamning qulayligi va tezkorligi darajasini oshirish sohasida:
axborot texnologiyalari, teletibbiyot, davolashning klinik protokollari keng joriy etilishini hamda yetakchi xorijiy va mahalliy mutaxassislar tajribasi mintaqaviy muassasalarining tibbiyot xodimlariga berilishini ta’minlaydi;
barcha darajalarda aholiga shoshilinch, kechiktirib bo‘lmaydigan tibbiy yordam ko‘rsatish tizimini tashkil etadi va mustahkamlaydi, uni samarali boshqarishni ta’minlaydi;
Oldingi tahrirga qarang.
e) dorilar muomalasini davlat tomonidan tartibga solish chora-tadbirlarini amalga oshirish, dori vositalari, tibbiy jihozlarni, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi hududida qo‘llashga ruxsat berilgan asbob-uskunalarni standartlashtirish va sertifikatlashtirish sohasida:
(12-band “e” kichik bandning birinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 30-iyundagi 353-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 03.07.2026-y., 09/26/353/0680-son)
Oldingi tahrirga qarang.
dori-darmon muomalasini davlat tomonidan tartibga solish chora-tadbirlari amalga oshirilishini ta’minlaydi, dori va dezinfeksiya, sanitariya-gigiyena va pardoz-andoz vositalari va tibbiy jihozlar, kuchli ta’sir ko‘rsatuvchi va zaharli moddalar, giyohvandlik, psixotrop vositalarni standartlashtiradi va sertifikatlashtiradi, ularni ishlab chiqarish va ulardan foydalanish tartibi ustidan nazorat qiladi;
(12-band “e” kichik bandning ikkinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 30-iyundagi 353-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 03.07.2026-y., 09/26/353/0680-son)
Oldingi tahrirga qarang.
dori, dezinfikatsiya vositalari va tibbiy jihozlarga bo‘lgan ehtiyojlarni o‘rganadi, ularga talab va takliflarni ishlab chiqadi;
(12-band “e” kichik bandning uchinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 30-iyundagi 353-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 03.07.2026-y., 09/26/353/0680-son)
tibbiyot tashkilotlarida dori vositalarini tayinlash, qabul qilish, saqlash va qo‘llash tartibini belgilaydi;
Oldingi tahrirga qarang.
(12-bandning “j” kichik bandi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 15-dekabrdagi 665-sonli qaroriga asosan chiqarilgan — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 18.12.2023-y., 09/23/665/0942-son)
z) mahalliy tajribani va eng yaxshi jahon yutuqlarini birga qo‘shish asosida tibbiyot fanini rivojlantirish strategiyasini ishlab chiqish va prognozlashtirish, ilmiy tibbiy tadqiqotlar samaradorligini oshirish, fan, texnika yutuqlarini va ilg‘or tajribani sog‘liqni saqlash amaliyotiga joriy etish, oliy va o‘rta tibbiy ta’lim tizimini rivojlantirish sohasida:
mahalliy tajribani va eng yaxshi jahon yutuqlarini birga qo‘shish asosida tibbiyot fanini rivojlantirish strategiyasini ishlab chiqadi va prognozlashtiradi;
ilmiy-tibbiy tadqiqotlar rivojlanishini va ularning samaradorligi oshirilishini, fan, texnika yutuqlari va ilg‘or tajriba tibbiyot amaliyotiga joriy etilishini ta’minlaydi;
ilmiy tadqiqotlar natijalarini ekspertizadan o‘tkazadi, sog‘liqni saqlashning dolzarb muammolari bo‘yicha ilmiy tadqiqotlarga muassasalar, tashkilotlar, shu jumladan O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi oldida buyurtmachi bo‘ladi;
sog‘liqni saqlash sohasida xorijiy tajribadan va jahon standartlaridan foydalaniladi;
respublikada xalqaro tadbirlar (simpoziumlar, konferensiyalar, ko‘rgazmalar va shu kabilar) o‘tkazilishini tashkil etadi;
belgilangan tartibda ilmiy, metodik adabiyotlar va ixtisosga oid axborotni chop etadi va Vazirlik bo‘linmalarini ta’minlaydi;
i) sog‘liqni saqlash tizimida yagona tashkiliy-metodik rahbarlik qilishni va ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmatlar sifati nazorat qilinishini ta’minlaydigan zamonaviy, xorijiy amaliyotda sinab ko‘rilgan sog‘liqni saqlash tizimini boshqarish usullarini joriy etish sohasida:
Vazirlik, uning markaziy apparati va tarkibiy bo‘linmalariga rahbarlik qilish shakllari va ish usullarini takomillashtiradi, sog‘liqni saqlash organlari faoliyatida byurokratizm va korrupsiya holatlariga yo‘l qo‘ymaslik choralarini ta’minlaydi, insonning huquqlari, erkinliklari va manfaatlariga rioya etilishini ta’minlaydi;
sog‘liqni saqlash organlari xodimlariga yuklangan vazifalar o‘z vaqtida va sifatli bajarilishi uchun ularning mas’uliyatini oshirish tadbirlarini amalga oshiradi va nazorat qiladi;
sog‘liqni saqlash tizimida yagona tashkiliy-metodik rahbarlikni va ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmatlar sifati nazorat qilinishini ta’minlaydigan sog‘liqni saqlash tizimini boshqarishning jahon amaliyotida sinovdan o‘tkazilgan zamonaviy usullarini joriy etadi;
Vazirlikka idoraviy mansub muassasalar, tashkilotlar va korxonalarning tuzilmasini takomillashtirish tadbirlarini ishlab chiqadi va amalga oshiradi;
joylarda sog‘liqni saqlash mahalliy boshqaruv organlariga metodik rahbarlik qiladi va faoliyatini nazorat qiladi;
idoraviy mansub tashkilotlarning tuzilmasi, nizomlari va ustavlarini tasdiqlaydi;
sog‘liqni saqlash tizimini rivojlantirishning eng ustuvor yo‘nalishlarida moliyaviy resurslarni jamlash tadbirlarini ta’minlaydi;
aholi sog‘lig‘ini muhofaza qilishga yo‘naltiriladigan budjet mablag‘laridan foydalanish samaradorligini oshiradi, maqsadli dasturlarni moliyalashtirish va sog‘liqni saqlashning moddiy-texnika bazasini mustahkamlash uchun budjetdan tashqari mablag‘larni, xorijiy investitsiyalarni va xalqaro tashkilotlarning mablag‘larini jalb etadi;
Vazirlik tizimida iqtisodiy va moliyaviy ishlarni tashkil etadi, O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablag‘lari hisobiga amalga oshiriladigan tibbiyot va tibbiy-ijtimoiy tashkilotlarni saqlab turishga xarajatlarni moliyalashtirishni ta’minlaydi, tizim xodimlarining mehnatini normalashtirish va haq to‘lashni tashkil etishni takomillashtirish tadbirlarini o‘tkazadi;
idoraviy mansub tashkilotlarda faoliyatni tahlil qiladi va buxgalteriya hisobi va hisoboti yuritilishiga metodik rahbarlik qiladi, budjet mablag‘laridan maqsadli va samarali foydalanilishi ustidan nazorat qiladi;
sog‘liqni saqlash bo‘yicha maqsadli dasturlarni moliyalashtirish uchun mablag‘larni jalb etish ishida davlat, jamoat, xayriya tashkilotlari va jamg‘armalarning, muassasalar va korxonalarning o‘zaro hamkorligini ta’minlaydi;
sog‘liqni saqlashni moliyalashtirish tizimini takomillashtiradi, tibbiyot tashkilotlarining xizmat ko‘rsatishning pulli shakllariga va tibbiy sug‘urtani joriy etishga bosqichma-bosqich o‘tishini ta’minlaydi;
jismoniy va yuridik shaxslarning Vazirlik faoliyatiga tegishli masalalar bo‘yicha murojaatlarini ko‘rib chiqadi;
qonun hujjatlarida belgilangan tartibda jismoniy va yuridik shaxslarga axborot va maslahat ko‘magi beradi;
qonun hujjatlariga muvofiq boshqa funksiyalarni amalga oshiradi.
3-bob. Vazirlikning huquqlari va javobgarligi
13. Vazirlik yuklangan vazifalar va funksiyalarni bajarish uchun quyidagi huquqlarga ega:
Oldingi tahrirga qarang.
normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini, shuningdek, davlat boshqaruvi organiga yuklangan vazifalar va funksiyalar bajarilishi bilan bog‘liq boshqa hujjatlarni belgilangan tartibda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga yoki O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga kiritish;
(13-bandning ikkinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 13-maydagi 397-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 14.05.2019-y., 09/19/397/3123-son)
Vazirlik vakolatiga kiradigan masalalarda davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari faoliyatini belgilangan tartibda muvofiqlashtirish;
Vazirlik vakolatiga kiradigan masalalarni hal etish uchun zarur bo‘lgan axborotni davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlaridan, mahalliy davlat hokimiyati organlaridan belgilangan tartibda so‘rash va olish;
hay’at majlislarida, tashkiliy-huquqiy shakllaridan va idoraviy bo‘ysunishidan qat’i nazar, sog‘liqni saqlash tizimi tashkilotlari rahbarlarining Vazirlik vakolatiga taalluqli masalalar bo‘yicha axborotlarini eshitish;
O‘zbekiston Respublikasi hududida va qo‘shni davlatlarda sanitariya-epidemiologik vaziyat bilan bog‘liq masalalarni O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Respublika favqulodda epidemiyaga qarshi kurashish Komissiyasining ko‘rib chiqishi uchun kiritish;
Vazirlikning hududiy bo‘linmalaridan va unga idoraviy mansub tashkilotlardan masalalarni tahlil qilish va ishlab chiqish uchun zarur bo‘lgan materiallar va ma’lumotlarni, shuningdek, normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini va Vazirlikning markaziy apparatida ko‘rib chiqiladigan boshqa hujjatlarni so‘rash va olish;
Vazirlikda ko‘rib chiqiladigan masalalarni puxta ishlab chiqish, axborot va tahliliy materiallar, shuningdek, normativ-huquqiy hujjatlar va boshqa hujjatlar loyihalarini tayyorlash uchun zarurat bo‘lganda Vazirlikning hududiy bo‘linmalari va uning idoraviy mansub tashkilotlarning rahbarlari va vakillarini belgilangan tartibda jalb etish, ushbu maqsadlar uchun ekspert va ishchi guruhlar tashkil etish;
Vazirlikning hududiy bo‘linmalaridan va unga idoraviy mansub tashkilotlardan ular tomonidan kiritilgan normativ-huquqiy hujjatlar va boshqa hujjatlar loyihalari puxta ishlanishini talab qilish, zarurat bo‘lganda ularni puxta ishlash uchun qaytarish;
Vazirlikning hududiy bo‘linmalari va unga idoraviy mansub tashkilotlarning rahbarlari va vakillari ishtirokida yig‘ilishlar o‘tkazish;
tezlikda hal etishni talab etadigan va Vazirlikka yuklangan vazifalar va funksiyalar bajarilishi bilan bog‘liq masalalar bo‘yicha Vazirlikning hududiy bo‘linmalari va unga idoraviy mansub tashkilotlarning rahbarlariga belgilangan tartibda topshiriqlar berish;
Vazirlikning tarkibiy bo‘linmalari va unga idoraviy mansub tashkilotlar tomonidan qabul qilingan qonun hujjatlari va boshqa normativ-huquqiy hujjatlar, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti va O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining topshiriqlari, shuningdek, Vazirlik va uning rahbariyatining hujjatlari va topshiriqlarini bajarish bo‘yicha Vazirlikning tarkibiy bo‘linmalari va unga idoraviy mansub tashkilotlarning faoliyatini belgilangan tartibda o‘rganish va tekshirish;
Vazirlik vakolatiga kiradigan masalalar bo‘yicha zarur statistika axborotini davlat statistika organlaridan bepul asosda olish;
Vazirlik va unga idoraviy mansub tuzilmalarning davlatga tegishli mol-mulkini o‘zining tashkiliy tuzilmasi doirasida bepul foydalanish huquqi bilan bir bo‘linmadan boshqa bo‘linmaga belgilangan tartibda berish;
Vazirlik va unga idoraviy mansub tashkilotlar xodimlari tomonidan o‘z sohasida ular faoliyatining asosiy ko‘rsatkichlari bo‘yicha parametrlar bajarilishini hisobga olgan holda ularni moddiy rag‘batlantirish tartibi, miqdorlari va shartlarini belgilash;
Vazirlik vakolatiga kiradigan masalalar bo‘yicha takliflarni ko‘rib chiqish uchun O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga, davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlariga, mahalliy davlat hokimiyati organlariga kiritish;
Vazirlik vakolatiga kiradigan masalalar bo‘yicha idoralararo tusdagi xalqaro shartnomalarni belgilangan tartibda tuzish;
Vazirlik vakolatiga tegishli bo‘lgan masalalar bo‘yicha xalqaro darajada O‘zbekiston Respublikasi manfaatlarini belgilangan tartibda ifodalash;
noshirlik faoliyatini amalga oshirish;
o‘zining yuritishiga tegishli muammolarni hal etishga ilmiy muassasalar, olimlar va mutaxassislarni, shu jumladan xorijiy olimlar va mutaxassislarni shartnoma asosida jalb etish;
qonun hujjatlarida belgilangan tartibda tashqi iqtisodiy faoliyatni amalga oshirish hamda bank muassasalarida va boshqa kredit muassasalarida valyuta hisob raqamlariga ega bo‘lish;
idoraviy mansub tashkilotlarning amaldagi qonun hujjatlari buzilgan holda chiqarilgan buyruqlarini bekor qilish;
Vazirlik va Vazirlik tizimiga kiradigan tashkilotlarning moddiy-texnika bazasini yaxshilash choralarini ko‘rish;
amaldagi qonun hujjatlariga muvofiq Vazirlikning ijtimoiy infratuzilmasini tashkil etish va takomillashtirish.
14. Vazirlik va uning mansabdor shaxslari ularga yuklangan vazifalar va funksiyalarni samarali amalga oshirish uchun javob beradilar.
4-bob. Vazirlik faoliyatini tashkil etish
Oldingi tahrirga qarang.
15. Vazirlikka O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi ma’qullaganidan keyin kiritilgan O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri taqdimnomasiga binoan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan tasdiqlanadigan va lavozimidan ozod etiladigan vazir boshchilik qiladi.
(15-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 16-apreldagi 234-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 17.04.2020-y., 09/20/234/0453-son)
16. Vazir O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan lavozimga tayinlanadigan va lavozimdan ozod etiladigan birinchi o‘rinbosarga va o‘rinbosarlarga ega bo‘ladi.
17. Vazir:
Vazirlik tizimi va idoraviy mansub tashkilotlar faoliyatiga rahbarlik qiladi va Vazirlikka yuklangan vazifalar va funksiyalar bajarilishi uchun shaxsan javob beradi;
bir yilda ikki marta O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasiga o‘z faoliyati to‘g‘risida axborot beradi;
Vazirlikni davlat organlarida va boshqa tashkilotlarda ifodalaydi yoxud Vazirlik nomidan ishonchnomalar va (yoki) vakolatlar beradi;
Vazirlik markaziy apparati shtat jadvalini belgilangan xodimlar soni doirasida, shuningdek, Vazirlik markaziy apparati xarajatlar smetasini tasdiqlaydi;
Vazirlikka ajratilgan moliyaviy va moddiy vositalarni belgilangan tartibda tasarruf etadi;
Markaziy apparatning bo‘linmalari va hududiy boshqarmalari to‘g‘risidagi nizomni, shuningdek, Vazirlik tizimiga kiradigan tashkilotlarning ustavlari va tuzilmasini belgilangan tartibda tasdiqlaydi;
Vazirlik markaziy apparati xodimlarini, tashkilotlarning rahbarlarini qonun hujjatlarida belgilangan tartibda lavozimga tayinlaydi va lavozimdan ozod etadi;
Vazirlik vakolatiga kiradigan masalalar bo‘yicha qarorlar qabul qiladi, vazirning o‘rinbosarlari, hududiy boshqaruv organlari va Vazirlik tizimiga kiradigan tashkilotlarning boshqa mansabdor shaxslarining vakolatlari, majburiyatlari va javobgarligi darajasini belgilaydi;
zarurat bo‘lganda markaziy apparat, Vazirlik tizimiga kiradigan hududiy boshqaruv organlari va tashkilotlarning tuzilmasiga xodimlarning belgilangan shtatdagi umumiy soni doirasida o‘zgartirishlar kiritadi;
Vazirlik, hududiy boshqaruv organlari va Vazirlik tizimiga kiradigan tashkilotlar xodimlari bajarishi majburiy bo‘lgan buyruqlar chiqaradi va ko‘rsatmalar beradi;
Vazirlik tizimi xodimlarini rag‘batlantirish va ularning intizomiy javobgarligi to‘g‘risidagi masalalarni hal etadi, Vazirlik tizimining alohida o‘rnak ko‘rsatgan xodimlarini faxriy unvonlar berishga va O‘zbekiston Respublikasining davlat mukofotlari, shuningdek, boshqa faxriy yorliqlar bilan taqdirlashga va rag‘batlantirishning boshqa turlariga taqdim etadi;
vazir qonun hujjatlariga muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshiradi.
18. Vazirning o‘rinbosarlari:
Vazirlikning mutasaddilik qilinadigan bo‘linmalariga bevosita rahbarlik qiladilar va ularga biriktirilgan masalalar bo‘yicha Vazirlikka yuklangan vazifalar va funksiyalar bajarilishi uchun shaxsan javob beradilar;
ularga vazir tomonidan yuklangan boshqa funksiyalarni amalga oshiradilar.
19. Vazirlikda vazir (hay’at raisi), vazirning birinchi o‘rinbosari, vazirning o‘rinbosarlari va Vazirlikning boshqa vakillaridan iborat tarkibda hay’at tashkil etiladi.
Hay’atning a’zolari soni va shaxsiy tarkibi vazirning taqdimnomasiga binoan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi.
Hay’at quyidagilar bilan bog‘liq masalalarni ko‘rib chiqadi:
Vazirlik faoliyatining aholi salomatligini saqlash va yaxshilashni, sog‘lom avlodni tarbiyalash uchun shart-sharoitlarni shakllantirishni, profilaktik sog‘liqni saqlashni rivojlantirishni, sog‘lom turmush tarzini keng ommalashtirishni ta’minlovchi davlat siyosatini amalga oshirishni davom ettirish, fuqarolarning aholiga tibbiy-sanitariya xizmati ko‘rsatishning davlat tomonidan kafolatlangan darajasida va sifatida malakali tibbiy xizmat olishga bo‘lgan konstitutsiyaviy huquqlariga rioya etilishini, aholining ko‘rsatiladigan tibbiy xizmatlarning barcha turlaridan teng bahramand bo‘lishini ta’minlash bo‘yicha ushbu Nizomda belgilangan asosiy yo‘nalishlarni tayyorlash va amalga oshirish;
Vazirlik nomenklaturasiga kiradigan lavozimlarga kadrlarni tanlash, joy-joyiga qo‘yish, tayyorlash va qayta tayyorlash;
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlarida, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlarida belgilangan vazifalarni amalga oshirish bo‘yicha ijro intizomini mustahkamlash, ularning o‘z vaqtida va sifatli amalga oshirilishini ta’minlash uchun Vazirlik rahbarlari va xodimlarining shaxsiy javobgarligini oshirish.
Vazirlik tarkibiy bo‘linmalari va sog‘liqni saqlash hududiy organlari, Vazirlik tizimiga kiradigan idoraviy mansub tashkilotlar rahbarlarining hisobotlarini eshitish, qabul qilingan qarorlar ijrosini tekshirish masalalarini, Vazirlikning muhim buyruqlari va boshqa hujjatlari loyihalarini hamda tekshirishlar yakunlarini muhokama qilish.
Hay’at Vazirlik vakolatiga taalluqli boshqa masalalarni ham ko‘rib chiqish huquqiga ega.
Hay’at majlisiga Vazirlik vakolatiga kiradigan masalalar bo‘yicha boshqa vazirliklar, davlat qo‘mitalari, idoralar, mahalliy davlat hokimiyati organlari, korxonalar, muassasalar, tashkilotlar rahbarlari taklif etilishi mumkin.
Hay’at uning majlisida tarkibining yarmidan ko‘pi qatnashgan taqdirda vakolatli bo‘ladi. Ko‘rib chiqilayotgan masalalar bo‘yicha qarorlar oddiy ko‘pchilik ovoz bilan qabul qilinadi.
Hay’at qarorlari vazirning buyruqlari bilan amalga oshiriladi. Vazir va hay’at a’zolari o‘rtasida kelishmovchiliklar paydo bo‘lgan taqdirda vazir paydo bo‘lgan kelishmovchiliklar to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga axborot bergan holda mustaqil ravishda qaror qabul qiladi. Hay’at a’zolari ham o‘z fikr-mulohazalarini O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga xabar qilishlari mumkin.
Hay’at faoliyati tartibi uning hay’at tasdiqlaydigan reglamentida belgilanadi.
20. Sog‘liqni saqlashning hududiy organlari o‘z faoliyatini O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan tasdiqlanadigan nizomlarga muvofiq amalga oshiradi.
21. Sog‘liqni saqlash muammolarini ilmiy tahlil qilish uchun Vazirlikda maslahat-ekspert kengashi tashkil etiladi. Kengash tarkibiga yetakchi olimlar va yuqori malakali mutaxassislar kiradi. Maslahat-ekspert kengashi tarkibi va uning to‘g‘risidagi nizom vazir tomonidan tasdiqlanadi.
5-bob. Moddiy rag‘batlantirish choralari
22. Vazirlik xodimlarini moddiy rag‘batlantirish amaldagi qonun hujjatlariga muvofiq amalga oshiriladi.
23. Vazirlik xodimlarining ish haqi lavozim maoshi, mukofotlar, qo‘shimcha haqlar, ustamalar va qonun hujjatlari nazarda tutilgan boshqa to‘lovlardan iborat bo‘ladi.
24. Vazirlik xodimlarining lavozim maoshlariga har oylik ustamalar va rag‘batlantiruvchi tusdagi qo‘shimcha haqlar vazir tomonidan tasdiqlanadigan Vazirlik markaziy apparati xodimlari mehnatiga haq to‘lash, moddiy rag‘batlantirish va ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash tizimi to‘g‘risidagi nizomga muvofiq to‘lanadi.
25. Mehnatga haq to‘lash fondi budjet muassasalari va tashkilotlari xodimlarini moddiy rag‘batlantirishning maxsus jamg‘armasi mablag‘lari va qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa mablag‘lar Vazirlik xodimlariga ish haqi to‘lash va ularni moddiy rag‘batlantirish manbalari hisoblanadi.
26. Vazirlik xodimlarini moddiy rag‘batlantirishning maxsus jamg‘armasi to‘g‘risidagi nizom vazir tomonidan tasdiqlanadi.
6-bob. Yakunlovchi qoida
27. Vazirlikni qayta tashkil etish va tugatish qonun hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 12-sentabrdagi 714-son qaroriga
2-ILOVA
2-ILOVA
O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga kiritilayotgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar
Oldingi tahrirga qarang.
(1-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 8-fevraldagi 62-sonli qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 08.02.2022-y., 09/22/62/0111-son)
2. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Sotib olingan reabilitatsiya texnik vositasi yoki ko‘rsatilgan xizmatlar uchun kompensatsiya to‘lash tartibi to‘g‘risidagi Nizomni tasdiqlash haqida” 2009-yil 17-iyundagi 166-son qaroriga (O‘zbekiston Respublikasi QT, 2009-y., 6-son, 48-modda) 2-ilovadagi “Moliya vazirligi huzuridagi budjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasi” so‘zlari “Sog‘liqni saqlash vazirligi” so‘zlari bilan almashtirilsin.
3. Vazirlar Mahkamasining 2010-yil 19-fevraldagi 30-son qarori (O‘zbekiston Respublikasi QT, 2010-y., 2-son, 11-modda) bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi budjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasi to‘g‘risidagi nizomda:
a) 1-banddagi “shuningdek tibbiy-mehnat ekspertizasi xizmatlari faoliyatini tashkil etishni” so‘zlari chiqarib tashlansin;
b) 2-banddagi “Bosh vazirning birinchi o‘rinbosari — Moliya vaziriga” so‘zlari “Bosh vazirning o‘rinbosariga” so‘zlari bilan almashtirilsin;
v) 5-bandda:
to‘rtinchi va beshinchi xatboshilar chiqarib tashlansin;
oltinchi xatboshi to‘rtinchi xatboshi deb hisoblansin;
to‘rtinchi xatboshidagi “Respublika tibbiy ijtimoiy ekspertiza inspeksiyasi, tibbiy-mehnat ekspertizasi xizmatlari” so‘zlari chiqarib tashlansin;
g) 7-bandning yettinchi xatboshi quyidagi tahrirda bayon qilinsin:
“O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligining tibbiy-mehnat ekspertizasi xizmatlari bilan birgalikda nogironlikni belgilash monitoringini olib boradi”;
d) 8-bandning “d” kichik bandi quyidagi tahrirda bayon qilinsin:
“d) Jamg‘arma vakolatiga tegishli masalalar bo‘yicha e’tiroz-da’vo ishlari o‘tkazilishini tashkil etadi va amalga oshiradi;
26-bandning to‘rtinchi xatboshidagi “Respublika tibbiy-ijtimoiy ekspertiza inspeksiyasi, tibbiy-mehnat ekspertizasi xizmatlari” so‘zlari chiqarib tashlansin;
e) 29-bandning ikkinchi va uchinchi xatboshilari chiqarib tashlansin;
j) 31-band o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblansin;
z) 33-bandda:
uchinchi xatboshidagi “shuningdek Respublika tibbiy-ijtimoiy ekspertiza inspeksiyasi va tibbiy-mehnat ekspertizasi xizmatlari rahbarlari” so‘zlari “Jamg‘arma” so‘zlari bilan almashtirilsin;
to‘rtinchi xatboshidagi “shuningdek Respublika tibbiy-ijtimoiy ekspertiza inspeksiyasi va tibbiy-mehnat ekspertizasi xizmatlari” so‘zlari “Jamg‘arma” so‘zlari bilan almashtirilsin;
oltinchi xatboshidagi “Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar bosh tibbiy-mehnat ekspert komissiyalari raislari o‘rinbosarlari” so‘zlari chiqarib tashlansin;
yettinchi va sakkizinchi xatboshilar chiqarib tashlansin;
to‘qqizinchi — o‘n birinchi xatboshilar tegishli ravishda yettinchi va to‘qqizinchi xatboshilar deb hisoblansin;
i) 34-bandning birinchi xatboshidagi “va Respublika tibbiy-ijtimoiy ekspertiza inspeksiyasi” so‘zlari chiqarib tashlansin.
Oldingi tahrirga qarang.
(4-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 8-fevraldagi 62-sonli qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 08.02.2022-y., 09/22/62/0111-son)
5. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Nogironlarni tibbiy-ijtimoiy va kasbiy reabilitatsiya qilish samaradorligini yanada oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2010-yil 23-dekabrdagi 307-son qarorining (O‘zbekiston Respublikasi QT, 2010-y., 12-son, 71-modda) 3-bandi birinchi xatboshi quyidagi tahrirda bayon qilinsin:
“O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi:”.
Oldingi tahrirga qarang.
(6-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 8-fevraldagi 62-sonli qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 08.02.2022-y., 09/22/62/0111-son)
7. Vazirlar Mahkamasining “Xalqaro aviatashuv xizmatlarini amalga oshirishni yanada tartibga solish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2013-yil 28-iyundagi 189-son qaroriga 2-ilovaning 3 va 5-bandlaridagi “Moliya vazirligi huzuridagi budjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasi” so‘zlari “Sog‘liqni saqlash vazirligi” so‘zlari bilan almashtirilsin.
Oldingi tahrirga qarang.
(8-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 8-fevraldagi 62-sonli qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 08.02.2022-y., 09/22/62/0111-son)
Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 12-sentabrdagi 714-son qaroriga
3-ILOVA
3-ILOVA
O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining o‘z kuchini yo‘qotgan deb e’tirof etilayotgan ayrim qarorlari
ro‘yxati
1. Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasi sog‘liqni saqlash tizimida boshqarishni takomillashtirish to‘g‘risida” 1999-yil 14-yanvardagi 18-son qarori.
2. Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida” 2002-yil 1-maydagi 150-son qaroriga (O‘zbekiston Respublikasi QHT, 2002-y., 9-son, 66-modda) ilovaning 10-bandi.
Oldingi tahrirga qarang.
(3-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 21-iyuldagi 396-sonli qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 22.07.2022-y., 09/22/396/0656-son)
4. Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga o‘zgartirishlar kiritish, shuningdek ba’zilarini o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblash to‘g‘risida” (O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Fan va texnologiyalar rivojlanishini muvofiqlashtirish va boshqarishni takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2006-yil 7-avgustdagi PQ-436-son qarori)” 2006-yil 2-oktabrdagi 207-son qaroriga (O‘zbekiston Respublikasi Qonunlar to‘plami, 2006-y., 40-son, 396-modda) 1-ilovaning 4-bandi.
5. Vazirlar Mahkamasining “Hududiy sog‘liqni saqlash muassasalarining tashkiliy tuzilmasini va faoliyatini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2008-yil 18-martdagi 48-son qarori (O‘zbekiston Respublikasi QHT, 2008-y., 12-13-son, 72-modda) 1-bandining oltinchi xatboshi, qarorga 5 va 5a-ilovalar.
6. Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida” (O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Sog‘liqni saqlash tizimini isloh qilishni yanada chuqurlashtirish va uni rivojlantirish Davlat dasturini amalga oshirishning asosiy yo‘nalishlari to‘g‘risida” 2007-yil 19-sentabrdagi PF-3923-son Farmoni hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Respublika tibbiyot muassasalari faoliyatini tashkil etishni takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2007-yil 2-oktabrdagi PQ-700-son qarori)” 2009-yil 15-iyundagi 164-son qaroriga (O‘zbekiston Respublikasi QHT, 2009-y., 25-son, 285-modda) ilovaning 1-bandi.
7. Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining vazirliklar, davlat qo‘mitalari va idoralar to‘g‘risidagi nizomlarni tasdiqlash bo‘yicha ayrim qarorlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish haqida” 2010-yil 5-iyundagi 108-son qaroriga (O‘zbekiston Respublikasi QHT, 2010-y., 23-son, 183-modda) ilovaning 14-bandi.
8. Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida (O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Tibbiy-mehnat ekspertiza xizmati faoliyatini tashkil etishni takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” 2010-yil 2-sentabrdagi 193-son qarori)” 2010-yil 11-noyabrdagi 250-son qaroriga (O‘zbekiston Respublikasi QT, 2010-y., 11-son, 59-modda) ilova 5-bandining “b” kichik bandi.
9. Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida” (O‘zbekiston Respublikasining “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to‘g‘risida” 2014-yil 3-dekabrdagi O‘RQ-378-son Qonuni)” 2015-yil 31-martdagi 74-son qaroriga (O‘zbekiston Respublikasi QHT, 2015-y., 13-son, 155-modda) ilovaning 1-bandi.
10. Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida (O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Aholining hojatmand qatlamlarini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash hamda tibbiy-ijtimoiy yordam ko‘rsatish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2016-yil 22-fevraldagi PF-4782-son Farmoni hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasi Mehnat vazirligi faoliyatini tashkil etishni takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2016-yil 24-fevraldagi PQ-2498-son qarori)” 2017-yil 13-martdagi 130-son qaroriga (O‘zbekiston Respublikasi QHT, 2017-y., 15-son, 249-modda) 1-ilovaning 6-bandi.
11. Vazirlar Mahkamasining “Dori vositalari va farmatsevtika faoliyati to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida” 2016-yil 4-yanvardagi O‘RQ-399-son O‘zbekiston Respublikasi Qonunini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2017-yil 6-apreldagi 185-son qaroriga (O‘zbekiston Respublikasi QHT, 2017-y., 14-son, 228-modda) 4-ilovaning 2-bandi.
12. Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida (“O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish, shuningdek ayrim qonun hujjatlarini o‘z kuchini yo‘qotgan deb topish to‘g‘risida” O‘zbekiston Respublikasining 2017-yil 13-iyundagi O‘RQ-436-son Qonuni)” 2017-yil 8-sentabrdagi 705-son qaroriga ilovaning 2-bandi.
(O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2017-y., 37-son, 997-modda; Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 23.02.2019-y., 09/19/161/2600-son; 14.05.2019-y., 09/19/397/3123-son; 17.04.2020-y., 09/20/234/0453-son; Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 08.02.2022-y., 09/22/62/0111-son; 22.07.2022-y., 09/22/396/0656-son; 18.12.2023-y., 09/23/665/0942-son; 03.07.2026-y., 09/26/353/0680-son)