O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining
Qarori
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat don inspeksiyasi faoliyatini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida
Mazkur qaror O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 7-maydagi PQ-3699-sonli “O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Agrosanoat majmui va oziq-ovqat xavfsizligi ta’minlanishi ustidan nazorat qilish inspeksiyasi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga asosan 2018-yil 1-avgustdan o‘z kuchini yo‘qotadi.
Don va uni qayta ishlash mahsulotlari davlat resurslarining sifati, saqlanishi va oqilona foydalanilishi ustidan davlat nazorati darajasini oshirish, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat don inspeksiyasi faoliyatini takomillashtirish maqsadida:
1. Quyidagilar O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat don inspeksiyasining asosiy vazifalari etib belgilansin:
birinchi, don va uni qayta ishlash mahsulotlari davlat resurslaridan maqsadli va oqilona foydalanilishi, ularning sifatli saqlanishi va nobudgarchiligi kamaytirilishi ta’minlanishi, davlat resurslari uchun xarid qilinadigan don va urug‘lik, dukkakli don, moyli o‘simliklar miqdori va sifati hamda don yetishtirish, g‘alla qabul qilish va donni qayta ishlash korxonalarida ular uchun hisob-kitoblar to‘g‘ri belgilanishi ustidan davlat nazoratini amalga oshirish;
ikkinchi, don va uni qayta ishlash mahsulotlarini texnik tartibga solish, shuningdek, qabul qilib olish, saqlash, qayta ishlash va eksport-import operatsiyalarida ularning sifatini sinash usullari sohasida normativ-texnik hujjatlarning talablariga rioya etilishini muntazam nazorat qilib borish;
uchinchi, respublika ichida tashish, davlat rezervini joydan joyga ko‘chirish, eksport-import operatsiyalarini amalga oshirish chog‘ida sifat sertifikatlarini bergan holda don va uni qayta ishlash mahsulotlarining sifatini albatta davlat inspeksiyasidan o‘tkazish;
to‘rtinchi, don yetishtiruvchilarga hamda donni saqlash va qayta ishlash korxonalariga uslubiy va amaliy yordam ko‘rsatish, o‘rnatilgan qoidalar va talablarning buzilishiga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha ular bilan tizimli asosda profilaktika ishlarini olib borish;
beshinchi, mamlakat ichida foydalaniladigan va eksport-import operatsiyalarida don va uni qayta ishlash mahsulotlarining sifati bo‘yicha yuzaga kelgan nizoli masalalarni o‘z vakolati doirasida hal qilish.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat don inspeksiyasi boshlig‘i (Z.N. Abidov) zimmasiga inspeksiyaga yuklatilgan vazifalar sifatli va to‘liq hajmda amalga oshirilishi yuzasidan shaxsiy mas’uliyat yuklansin.
2. Quyidagilar:
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat don inspeksiyasi ning tashkiliy tuzilmasi 1-ilovaga muvofiq;
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat don inspeksiyasi markaziy apparatining boshqaruv xodimlari cheklangan soni 12 nafardan iborat tuzilmasi 2-ilovaga muvofiq;
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat don inspeksiyasi hududiy inspeksiyalarining namunaviy tuzilmasi 3-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat don inspeksiyasi boshlig‘iga, zarurat bo‘lganda, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat don inspeksiyasi markaziy apparati tuzilmasiga, uning hududiy inspeksiyasi tuzilmalariga xodimlarning cheklangan umumiy soni doirasida o‘zgartirishlar kiritish huquqi berilsin.
3. Belgilab qo‘yilsinki, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat don inspeksiyasining ta’minoti O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjetidan har yili ajratiladigan mablag‘lar hamda qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar doirasida amalga oshiriladi.
4. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari O‘zbekiston Respublikasi Xususiylashtirilgan korxonalarga ko‘maklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasi bilan birgalikda bir oy muddatda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat don inspeksiyasining hududiy inspeksiyalari va mintaqaviy laboratoriyalarini bepul foydalanish huquqi bilan tegishli bino va xonalarda joylashtirsinlar.
5. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi bir oy muddatda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat don inspeksiyasi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlasin.
6. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat don inspeksiyasi faoliyatini tashkil etish masalalari to‘g‘risida” 2004-yil 8-iyundagi 269-son qarori o‘z kuchini yo‘qotgan, deb hisoblansin.
7. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari — qishloq va suv xo‘jaligi vaziri Z.T. Mirzayev zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2017-yil 8-avgust,
PQ-3179-son
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 8-avgustdagi PQ-3179-sonli qaroriga
1-ILOVA
1-ILOVA
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat don inspeksiyasining
TAShKILIY TUZILMASI
Xodimlarning cheklangan umumiy soni — 75 kishi, shu jumladan boshqaruv apparati xodimlari soni — 38 kishi, ulardan markaziy apparatda — 12 kishi va hududiy inspeksiyalarda — 26 kishi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 8-avgustdagi PQ-3179-sonli qaroriga
2-ILOVA
2-ILOVA
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat don inspeksiyasi markaziy apparati
TUZILMASI
Xodimlarning cheklangan umumiy soni — 14 kishi, shu jumladan boshqaruv xodimlari — 12 kishi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 8-avgustdagi PQ-3179-sonli qaroriga
3-ILOVA
3-ILOVA
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat don inspeksiyasining hududiy inspeksiyalari
TAShKILIY TUZILMASI
Boshqaruv xodimlarining cheklangan soni — 2 nafar.
(O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2017-y., 32-son, 800-modda)