O‘zbekiston Respublikasining Qonuni
INTEGRAL MIKROSXEMALAR TOPOLOGIYALARINI HUQUQIY MUHOFAZA QILISH TO‘G‘RISIDA
Oldingi tahrirga qarang.
1-modda. Integral mikrosxemalar topologiyalarini huquqiy muhofaza qilish to‘g‘risidagi qonunchilik
Integral mikrosxemalar topologiyalarini huquqiy muhofaza qilish to‘g‘risidagi qonunchilik ushbu Qonun va boshqa qonunchilik hujjatlaridan iboratdir.
Agar O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasida O‘zbekiston Respublikasining integral mikrosxemalar topologiyalarini huquqiy muhofaza qilish to‘g‘risidagi qonunchiligida nazarda tutilganidan boshqacha qoidalar belgilangan bo‘lsa, xalqaro shartnoma qoidalari qo‘llaniladi.
(1-modda O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
2-modda. Asosiy tushunchalar
Ushbu Qonunda quyidagi asosiy tushunchalar qo‘llaniladi:
integral mikrosxema — elektron vazifalarni bajarishga mo‘ljallangan tugal yoki oraliq shakldagi mikroelektron buyum bo‘lib, undagi elementlarning hech bo‘lmaganda biri faol hisoblanadi, buyumdagi bog‘lanishlarning ayrimlari yoki barchasi bu buyum tayyorlangan jismlar tarkibida va (yoki) sirtida uzviy shakl topgan bo‘ladi;
integral mikrosxema topologiyasi — integral mikrosxema elementlarining va ular o‘rtasidagi bog‘lanishlar majmuining moddiy jismda qayd etilgan fazoviy-geometrik joylashuvi;
huquq egasi — integral mikrosxema topologiyasining muallifi, uning merosxo‘ri, shuningdek integral mikrosxema topologiyasidan foydalanish mulkiy huquqlarini qonunga yoki shartnomaga asosan olgan va ularga ega bo‘lgan yuridik yoki jismoniy shaxs.
3-modda. Integral mikrosxemalar topologiyalarini huquqiy muhofaza qilish obyekti va shartlari
Integral mikrosxemaning ushbu Qonunda belgilangan tartibda ro‘yxatdan o‘tkazilgan o‘ziga xos topologiyasi (bundan buyon matnda topologiya deb yuritiladi) integral mikrosxemalar topologiyalarini huquqiy muhofaza qilish obyekti hisoblanadi.
Muallifning ijodiy faoliyati natijasida yaratilgan va yaratilgan sanasida integral mikrosxemalar ishlab chiquvchi yoki tayyorlovchilarga ma’lum bo‘lmagan topologiya boshqacha holat isbotlangunga qadar o‘ziga xos deb e’tirof etiladi.
Yaratilgan sanasida integral mikrosxemalar ishlab chiquvchi yoki tayyorlovchilarga ma’lum bo‘lgan elementlardan tarkib topgan topologiyaga, agar bunday elementlar yig‘indisi ushbu modda ikkinchi qismining talablariga to‘la muvofiq bo‘lsagina huquqiy muhofaza beriladi.
Ushbu Qonun bilan beriladigan huquqiy muhofaza topologiyaga singdirilgan g‘oyalar, usullar, tizimlar, texnologiya yoki kodlashtirilgan axborotga nisbatan tatbiq etilmaydi.
4-modda. Topologiya muallifi
Ijodiy mehnati bilan topologiyani yaratgan jismoniy shaxs shu topologiya muallifi deb e’tirof etiladi. Agar topologiya ikki yoki undan ortiq jismoniy shaxslarning birgalikdagi ijodiy mehnati bilan yaratilgan bo‘lsa, ular birgalikda mualliflar (hammualliflar) deb e’tirof etiladi.
Topologiyani yaratishga shaxsan ijodiy xissa qo‘shmagan, biroq muallifga texnik, tashkiliy yoki moddiy yordam ko‘rsatgan yoxud topologiyadan foydalanish huquqini rasmiylashtirishga ko‘maklashgan jismoniy shaxslar mualliflar deb e’tirof etilmaydi.
Muallifning topologiyaga bo‘lgan huquqi boshqa shaxsga o‘tkazilmaydigan shaxsiy nomulkiy huquq hisoblanadi va qonun bilan muhofaza qilinadi.
5-modda. Topologiyadan foydalanish huquqi
Huquq egasiga topologiyadan o‘z ixtiyoriga binoan foydalanish, shu jumladan uni tayyorlash, qo‘llash va tarqatish mutlaq huquqi tegishlidir.
Huquq egasi topologiyada, shuningdek shunday topologiyani o‘z ichiga olgan buyumlarda “T” harfi yoki aylanadagi “T” harfi yoxud boshqacha tarzda ifodalangan “T” harfini joylashtiradi va bu uning O‘zbekiston Respublikasida muhofaza qilinishini ko‘rsatadi.
Bir necha huquq egalariga tegishli huquqlardan foydalanish tartibi ular o‘rtasidagi shartnomaga binoan belgilanadi.
6-modda. Topologiyadan foydalanishga bo‘lgan mutlaq huquqning buzilishi
Muhofaza qilinadigan topologiyani, shu topologiyali integral mikrosxemani yoki shunday integral mikrosxemani o‘z ichiga olgan buyumni huquq egasining ruxsatisiz qo‘llash, olib kirish, sotuvga qo‘yish, sotish, takrorlash (o‘ziga xos bo‘lmagan qismini takrorlash bundan mustasno) va fuqarolik muomalasiga boshqacha tarzda kiritish topologiyadan foydalanishga bo‘lgan mutlaq huquqning buzilishi deb e’tirof etiladi.
Quyidagilar topologiyadan foydalanishga bo‘lgan mutlaq huquqning buzilishi deb e’tirof etilmaydi:
topologiyadan foyda olmagan tarzda shaxsiy maqsadlarda, shuningdek uni baholash, tahlil kilish, tadqiq etish yoki o‘qitish uchun foydalanish;
qonunga xilof ravishda takrorlangan topologiyali integral mikrosxemani yoki shunday integral mikrosxemali buyumni sotib olgan shaxsning harakatlari, agar bu shaxs ularga qonunga xilof ravishda takrorlangan topologiya kiritilganini bilmagan va bilishi mumkin ham bo‘lmagan bo‘lsa;
aynan bir xildagi topologiyani mustaqil ravishda yaratgan shaxsga nisbatan, ushbu moddaning birinchi qismida ko‘rsatilgan harakatlar.
7-modda. Xizmat topologiyasi
Xodim o‘z xizmat vazifalarini yoki ish beruvchining topshirig‘ini bajarish vaqtida yaratgan (xizmat topologiyasi) topologiyaning ro‘yxatdan o‘tkazilganligi to‘g‘risida guvohnoma olish huquqi, basharti bu ular o‘rtasidagi shartnomada nazarda tutilgan bo‘lsa, ish beruvchiga tegishli bo‘ladi.
Xizmat topologiyasi uchun muallifga to‘lanadigan mukofot pulining miqdori, shartlari va tartibi u bilan ish beruvchi o‘rtasidagi shartnoma bilan belgilanadi.
8-modda.Topologiyani ro‘yxatdan o‘tkazish uchun talabnoma berish
Oldingi tahrirga qarang.
Topologiyani ro‘yxatdan o‘tkazish uchun talabnoma muallif, ish beruvchi yoki ularning huquqiy vorisi (bundan buyon matnda talabnoma beruvchi deb yuritiladi) tomonidan bevosita yoki ishonchli vakil orqali O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligiga (bundan buyon matnda Vazirlik deb yuritiladi) beriladi.
(8-moddaning birinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2024-yil 16-yanvardagi O‘RQ-896-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 16.01.2024-y., 03/24/896/0037-son)
Topologiyani ro‘yxatdan o‘tkazish uchun talabnoma berish, agar topologiyadan foydalanilgan bo‘lsa, undan birinchi marta foydalanilgan sanadan etiboran ikki yildan oshmagan muddatda amalga oshirilishi mumkin.
Topologiyani ro‘yxatdan o‘tkazishga doir talabnoma bitta topologiyaga taalluqli bo‘lishi kerak.
Oldingi tahrirga qarang.
Topologiyani ro‘yxatdan o‘tkazishga doir talabnomani rasmiylashtirish uchun zarur bo‘ladigan hujjatlarga doir talablar O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadigan ma’muriy reglament bilan belgilanadi.
(8-moddaning to‘rtinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2024-yil 16-yanvardagi O‘RQ-896-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 16.01.2024-y., 03/24/896/0037-son)
9-modda. Topologiyani ro‘yxatdan o‘tkazishga doir talabnomaning davlat ekspertizasi
Oldingi tahrirga qarang.
Oldingi tahrirga qarang.
Topologiyani ro‘yxatdan o‘tkazishga doir talabnomaning davlat ekspertizasi talabnoma berilgan sanadan e’tiboran ikki oylik muddat ichida O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi “Intellektual mulk markazi” davlat muassasasi (bundan buyon matnda Davlat muassasasi deb yuritiladi) tomonidan o‘tkaziladi. Davlat ekspertizasi natijalariga binoan topologiyani ro‘yxatga olish yoki uni ro‘yxatga olishni rad etish to‘g‘risida qaror chiqarilib, bu haqda talabnoma beruvchi xabardor qilinadi.
(9-moddaning birinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2024-yil 16-yanvardagi O‘RQ-896-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 16.01.2024-y., 03/24/896/0037-son)
Oldingi tahrirga qarang.
Talabnoma beruvchi Davlat muassasasining so‘roviga binoan yoki o‘z tashabbusi bilan topologiyani ro‘yxatga olish to‘g‘risida qaror qabul qilingunga qadar talabnoma materiallarini to‘ldirish, aniqlashtirish va tuzatishga haqlidir.
(9-moddaning ikkinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2024-yil 16-yanvardagi O‘RQ-896-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 16.01.2024-y., 03/24/896/0037-son)
Oldingi tahrirga qarang.
Topologiyani ro‘yxatdan o‘tkazishga doir talabnomaning davlat ekspertizasini o‘tkazish tartibi ma’muriy reglament bilan belgilanadi.
(9-moddaning uchinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2024-yil 16-yanvardagi O‘RQ-896-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 16.01.2024-y., 03/24/896/0037-son)
10-modda. Davlat ekspertizasining xulosasi ustidan shikoyat qilish
Oldingi tahrirga qarang.
Oldingi tahrirga qarang.
Talabnoma beruvchi davlat ekspertizasining xulosasi ustidan qaror qabul qilingan sanadan e’tiboran uch oy ichida O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligining Apellyatsiya kengashiga (bundan buyon matnda Apellyatsiya kengashi deb yuritiladi) shikoyat qilishga haqlidir.
(10-moddaning birinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2020-yil 5-oktabrdagi O‘RQ-640-sonli Qonuni tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 05.10.2020-y., 03/20/640/1348-son)
Oldingi tahrirga qarang.
Davlat ekspertizasining xulosasi ustidan Apellyatsiya kengashiga shikoyat qilish tartibi Vazirlik tomonidan belgilanadi.
(10-moddaning ikkinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2024-yil 16-yanvardagi O‘RQ-896-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 16.01.2024-y., 03/24/896/0037-son)
Talabnoma beruvchi Apellyatsiya kengashining qarori ustidan qaror qabul qilingan sanadan e’tiboran olti oy ichida sudga shikoyat qilishga haqlidir.
(10-moddaning matni O‘zbekiston Respublikasining 2011-yil 26-dekabrdagi O‘RQ-312-sonli Qonuni tahririda — O‘R QHT, 2011-y., 52-son, 555-modda)
11-modda. Topologiyani ro‘yxatga olish
Oldingi tahrirga qarang.
Davlat ekspertizasining xulosasi asosida Vazirlik patent boji to‘langanda avtomatik tarzda topologiyani Integral mikrosxemalar topologiyalarining davlat reyestrida ro‘yxatga oladi. Reyestrga kiritiladigan ma’lumotlar tarkibi ma’muriy reglament bilan belgilanadi.
(11-moddaning matni O‘zbekiston Respublikasining 2025-yil 8-avgustdagi O‘RQ-1080-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 09.08.2025-y., 03/25/1080/0710-son)
12-modda. Topologiya ro‘yxatdan o‘tkazilgani to‘g‘risidagi ma’lumotlarni e’lon qilish
Oldingi tahrirga qarang.
Topologiya ro‘yxatdan o‘tkazilgani to‘g‘risidagi ma’lumotlar Vazirlik tomonidan rasmiy axborotnomada e’lon qilinadi. E’lon qilinadigan ma’lumotlar tarkibi Vazirlik tomonidan belgilanadi.
(12-moddaning matni O‘zbekiston Respublikasining 2024-yil 16-yanvardagi O‘RQ-896-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 16.01.2024-y., 03/24/896/0037-son)
13-modda. Topologiya ro‘yxatdan o‘tkazilganligi to‘g‘risidagi guvohnoma
Topologiya ro‘yxatdan o‘tkazilganligi to‘g‘risidagi guvohnoma huquq egasining topologiyadan foydalanishga bo‘lgan mutlaq huquqini tasdiqlaydi.
Oldingi tahrirga qarang.
Guvohnomani berish Vazirlik tomonidan topologiya ro‘yxatdan o‘tkazilganidan keyin avtomatik tarzda yagona QR-kod (matrik shtrixli kod) qo‘yilgan holda, elektron shaklda rasmiylashtirilgan tarzda amalga oshiriladi. Topologiya ro‘yxatdan o‘tkazilganligi to‘g‘risidagi guvohnoma shakli hamda unda ko‘rsatiladigan ma’lumotlar tarkibi Vazirlik tomonidan belgilanadi.
(13-moddaning ikkinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2025-yil 8-avgustdagi O‘RQ-1080-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 09.08.2025-y., 03/25/1080/0710-son)
14-modda. Topologiyadan foydalanishga bo‘lgan mutlaq huquqning amal qilish muddati
Topologiyadan foydalanishga bo‘lgan mutlaq huquq o‘n yil davomida amal qiladi.
Topologiyadan foydalanishga bo‘lgan mutlaq huquq amal qilish muddatining boshlanishi quyidagi sanalardan eng oldingisi bo‘yicha aniqlanadi:
topologiyadan birinchi marta foydalanish sanasi bo‘yicha, bunda bu topologiya jahonning biron-bir yerida fuqaro muomalasiga oldinroq kiritilganligi hujjatlar bilan qayd etilgan sana nazarda tutiladi;
topologiya ro‘yxatdan o‘tkazilganligi to‘g‘risidagi ma’lumotlar rasmiy e’lon qilingan sana bo‘yicha.
Boshqa shaxs tomonidan mustaqil ravishda yaratilgan aynan bir xil topologiya paydo bo‘lgan hollarda, topologiyadan foydalanishga bo‘lgan mutlaq huquqning amal kilish umumiy muddati o‘n yildan oshib ketishi mumkin emas.
15-modda. Topologiyaga bo‘lgan huquqlarni boshqa shaxsga o‘tkazish
Oldingi tahrirga qarang.
Topologiyaga bo‘lgan huquq to‘la yoki qisman boshqa shaxsga o‘tkazilishi mumkin.
Oldingi tahrirga qarang.
Topologiyaga bo‘lgan huquqlarni boshqa shaxsga berish to‘g‘risidagi shartnoma Vazirlikda ro‘yxatdan o‘tkazilishi kerak.
(15-moddaning ikkinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2024-yil 16-yanvardagi O‘RQ-896-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 16.01.2024-y., 03/24/896/0037-son)
Oldingi tahrirga qarang.
Topologiyaga bo‘lgan huquqlarni boshqa shaxsga berish to‘g‘risidagi shartnomani ro‘yxatdan o‘tkazish tartibi va shartlari ma’muriy reglament bilan belgilanadi.
(15-moddaning uchinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2024-yil 16-yanvardagi O‘RQ-896-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 16.01.2024-y., 03/24/896/0037-son)
Oldingi tahrirga qarang.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi milliy xavfsizlik maqsadlarida huquq egasiga qonunchilikda belgilangan kompensatsiya to‘lagan holda topologiyadan uning roziligisiz foydalanishga ruxsat berishi mumkin.
(15-moddaning to‘rtinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
16-modda. Topologiya ro‘yxatdan o‘tkazilganligi to‘g‘risidagi guvohnomaning bekor bo‘lishi
Topologiya ro‘yxatdan o‘tkazilganligi to‘g‘risidagi guvohnoma topologiyadan foydalanishga bo‘lgan mutlaq huquqning amal qilish muddati tugashi munosabati bilan bekor bo‘ladi.
Topologiya ro‘yxatdan o‘tkazilganligi to‘g‘risidagi guvohnoma:
Apellyatsiya kengashining qarori;
Oldingi tahrirga qarang.
huquq egasi tomonidan Vazirlikka berilgan ariza;
(16-modda ikkinchi qismining uchinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasining 2024-yil 16-yanvardagi O‘RQ-896-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 16.01.2024-y., 03/24/896/0037-son)
sud qarori asosida muddatidan oldin bekor qilinishi mumkin.
17-modda. Patent bojlari
Oldingi tahrirga qarang.
Topologiyani ro‘yxatdan o‘tkazish bilan bog‘liq yuridik ahamiyatli harakatlarni sodir etganlik uchun patent bojlari undiriladi.
(17-moddaning birinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2020-yil 6-yanvardagi O‘RQ-600-sonli Qonuni tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 07.01.2020-y., 03/20/600/0023-son)
Oldingi tahrirga qarang.
Patent bojlarining miqdori va ularni to‘lash muddatlari, ularni to‘lashdan ozod qilish, to‘lovlarning miqdorini kamaytirish yoki ularni qaytarib berish asoslari, shuningdek patent bojlaridan foydalanish tartibi qonunda belgilanadi.
(17-moddaning ikkinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2020-yil 6-yanvardagi O‘RQ-600-sonli Qonuni tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 07.01.2020-y., 03/20/600/0023-son)
18-modda. Topologiyani boshqa davlatlarda ro‘yxatdan o‘tkazish
O‘zbekiston Respublikasining yuridik yoki jismoniy shaxslari topologiyani boshqa davlatlarda belgilangan tartibda ro‘yxatdan o‘tkazish huquqiga egadirlar.
19-modda. Chet el yuridik va jismoniy shaxslarining huquqlari
Chet el yuridik va jismoniy shaxslari ushbu Qonunda nazarda tutilgan huquqlardan O‘zbekiston Respublikasining yuridik va jismoniy shaxslari bilan teng ravishda yoki o‘zaro kelishuv prinsipi asosida foydalanadilar.
20-modda. Nizolarni hal qilish
Oldingi tahrirga qarang.
Topologiyalarni huquqiy muhofaza qilish bilan bog‘liq nizolar qonunchilikda belgilangan tartibda hal etiladi.
(20-moddaning matni O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Oldingi tahrirga qarang.
21-modda. Integral mikrosxemalar topologiyalarini huquqiy muhofaza qilish to‘g‘risidagi qonunchilikni buzganlik uchun javobgarlik
Integral mikrosxemalar topologiyalarini huquqiy muhofaza qilish to‘g‘risidagi qonunchilikning buzilishida aybdor shaxslar belgilangan tartibda javobgar bo‘ladilar.
(21-modda O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
O‘zbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2001-yil 12-may,
218-II-son
(O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 2001-y., 5-son, 87-modda; 2002-y.,9-son, 165-modda; O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2011-y., 52-son, 555-modda; Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 07.01.2020-y., 03/20/600/0023-son; 05.10.2020-y., 03/20/640/1348-son; Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son; 16.01.2024-y., 03/24/896/0037-son; 09.08.2025-y., 03/25/1080/0710-son)