Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi huzuridagi Qishloq xoʻjaligi yoʻnalishidagi oliy taʼlim muassasalarini qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi mablagʻlarini shakllantirish va ulardan foydalanish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 18-iyuldagi 388-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Suv xoʻjaligi vazirligi faoliyati takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga oʻzgartirishlar kiritish, shuningdek, baʼzilarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Qishloq va suv xoʻjaligi tarmoqlari uchun muhandis-texnik kadrlar tayyorlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2017-yil 24-maydagi PQ-3003-son qarorini bajarish yuzasidan Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi huzuridagi Qishloq xoʻjaligi yoʻnalishidagi oliy taʼlim muassasalarini qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi mablagʻlarini shakllantirish va ulardan foydalanish tartibi toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari — qishloq va suv xoʻjaligi vaziri Z.T. Mirzayev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2017-yil 10-iyul,
478-son
Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 10-iyuldagi 478-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi huzuridagi Qishloq xoʻjaligi yoʻnalishidagi oliy taʼlim muassasalarini qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi mablagʻlarini shakllantirish va ulardan foydalanish tartibi toʻgʻrisida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi huzuridagi Qishloq xoʻjaligi yoʻnalishidagi oliy taʼlim muassasalarini qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi (keyingi oʻrinlarda Jamgʻarma deb ataladi) mablagʻlarini shakllantirish va ulardan foydalanish, shuningdek Jamgʻarma mablagʻlarini boshqarish tartibini belgilaydi.
2. Jamgʻarma Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi huzuridagi oliy taʼlim muassasalarini, shu jumladan ularning tuzilmasiga kiruvchi ilmiy-tadqiqot institutlarining (keyingi oʻrinlarda oliy taʼlim muassasalari deb ataladi) moddiy-texnika bazasini mustahkamlashga yoʻnaltirilgan mablagʻlarni jamlaydi.
3. Jamgʻarma yuridik shaxs hisoblanmaydi.
2-bob. Jamgʻarma mablagʻlaridan foydalanishning asosiy yoʻnalishlari
4. Quyidagilar Jamgʻarma mablagʻlaridan foydalanishning yoʻnalishlari hisoblanadi:
oʻquv va ilmiy-laboratoriya binolari va korpuslarini, sport inshootlarini va ijtimoiy-muhandislik infratuzilmasi obyektlarini qurish, rekonstruksiya qilish, mukammal taʼmirlash ishlarini moliyalashtirish;
oʻquv-ilmiy laboratoriya bazasini zamonaviy asbob-uskunalar va jihozlar, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari bilan jihozlash, jahon taʼlim resurslaridan, ilgʻor ilmiy adabiyotlar elektron kataloglaridan va maʼlumotlar bazalaridan foydalanish xarajatlarini qoplash.
3-bob. Jamgʻarma mablagʻlarini shakllantirish tartibi
5. Jamgʻarma mablagʻlari quyidagi manbalar hisobiga shakllantiriladi:
polietilen granulalarga qoʻshimcha foyda soligʻi mablagʻlarining bir qismi, oliy taʼlim muassasalarini qurish, rekonstruksiya qilish, mukammal taʼmirlash va jihozlash ishlarini moliyalashtirish uchun zarur boʻlgan mablagʻlar;
qishloq va suv xoʻjaligi, shu jumladan kadrlarni tayyorlash va qayta tayyorlashga yoʻnaltirilgan xalqaro va xorijiy hukumat moliya institutlarining imtiyozli kredit (qarz) mablagʻlari;
jismoniy va yuridik shaxslar, xalqaro tashkilotlarning homiylik xayriyalari, grantlari;
qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar.
6. Polietilen granulalarga qoʻshimcha foyda soligʻi mablagʻlarining bir qismi hisobidan ajratiladigan mablagʻlar Jamgʻarmaga har oyda, oʻquv va ilmiy-laboratoriya binolarini, sport inshootlarini va ijtimoiy-muhandislik infratuzilmasi obyektlarini, shu jumladan birgalikda foydalaniladigan oliy taʼlim muassasalararo ilmiy-laboratoriya komplekslarini qurish, rekonstruksiya qilish, mukammal taʼmirlash va jihozlash ishlarini moliyalashtirish uchun mablagʻlarga boʻlgan ehtiyojga koʻra Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligining buyurtmasi asosida Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi tomonidan ajratiladi.
7. Xalqaro moliya tashkilotlari hamda donorlarning grantlari va imtiyozli kreditlari, homiylarning, shu jumladan Oʻzbekiston Respublikasi norezidentlari mablagʻlari Jamgʻarmaning shaxsiy gʻazna hisobvaraqlariga qonun hujjatlarida belgilangan tartibda tushadi.
4-bob. Jamgʻarmani boshqarish
8. Jamgʻarma mablagʻlarini boshqarish Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 24-maydagi PQ-3003-son qarori bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi huzuridagi Qishloq xoʻjaligi yoʻnalishidagi oliy taʼlim muassasalarini qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi kengashi (keyingi oʻrinlarda Jamgʻarma kengashi deb ataladi) tomonidan amalga oshiriladi.
9. Jamgʻarma kengashi:
har yili Jamgʻarmaning daromadlari va xarajatlari prognozi parametrlarini, shuningdek Jamgʻarmaga tushgan va sarflangan mablagʻlar hisobotini tasdiqlaydi;
oʻquv va ilmiy-laboratoriya binolari va korpuslarini, sport inshootlarini va ijtimoiy-muhandislik infratuzilmasi obyektlarini, shu jumladan birgalikda foydalaniladigan oliy taʼlim muassasalararo ilmiy-laboratoriya komplekslarini qurish, rekonstruksiya qilish, mukammal taʼmirlash va jihozlashning aniq manzilli dasturiga kiritiladigan obyektlar boʻyicha loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqish va bosh pudrat tashkilotlarini tanlash yuzasidan tanlov savdolarini belgilangan tartibda tashkil etadi;
Jamgʻarma mablagʻlari hisobidan moliyalashtiriladigan oʻquv-ilmiy laboratoriya bazasini zamonaviy asbob-uskunalar va jihozlar, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari bilan jihozlash yuzasidan tanlov savdolarini belgilangan tartibda tashkil etadi;
jahon taʼlim resurslaridan, ilgʻor ilmiy adabiyotlar elektron kataloglaridan va maʼlumotlar bazalaridan foydalanish uchun talab etiladigan xarajatlarni Jamgʻarma mablagʻlari hisobidan qoplashni nazarda tutgan holda Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi takliflari asosida ushbu maʼlumotlar bazasi roʻyxatini tasdiqlaydi;
Jamgʻarmaga xalqaro va xorijiy hukumat moliya institutlarining imtiyozli kredit (qarz) mablagʻlari, jismoniy va yuridik shaxslarning, boshqa xorijiy donorlarning grantlari va ixtiyoriy badallarini jalb etishda koʻmaklashadi;
Jamgʻarma yuklangan vazifalar bilan bogʻliq masalalarni hal etishga manfaatdor vazirliklar, idoralar, nodavlat notijorat tashkilotlarini jalb qiladi;
Jamgʻarma daromadlarini toʻliq shakllantirish hamda uning mablagʻlaridan maqsadli foydalanish yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi va Jamgʻarma faoliyatini nazorat qiladi;
Jamgʻarma mablagʻlarini shakllantirish hamda ulardan foydalanish bilan bogʻliq boshqa vakolatlarni amalga oshiradi.
10. Jamgʻarmaning ishchi organi funksiyalari Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi tuzilmasida tashkil etilgan Jamgʻarma mablagʻlarini boshqarish sektoriga yuklanadi.
11. Quyidagilar Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligining Jamgʻarma faoliyati bilan bogʻliq asosiy funksiyalari hisoblanadi:
Jamgʻarma daromadlari va xarajatlarining har yillik prognoz parametrlarini, shuningdek ularning bajarilishi boʻyicha hisobotni Jamgʻarma Kengashiga taqdim etish uchun tayyorlash;
har yili kelgusi yilning manzilli dasturiga kiritiladigan obyektlar boʻyicha loyiha-smeta hujjatlari ishlab chiqilishini va bosh pudrat tashkilotlarini tanlash yuzasidan tanlov savdolari oʻtkazilishini taʼminlash;
oliy taʼlim muassasalarining oʻquv-ilmiy laboratoriya bazasini zamonaviy asbob-uskunalar va jihozlar, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari bilan jihozlash tadbirlarini moliyalashtirishni tashkil etish;
jahon taʼlim resurslaridan, ilgʻor ilmiy adabiyotlar elektron kataloglaridan va maʼlumotlar bazalaridan foydalanishni taʼminlash xarajatlari toʻlanishini taʼminlash;
Jamgʻarma mablagʻlarini bank depozitlariga joylashtirish yoʻli bilan ularni boshqarish;
Jamgʻarma mablagʻlaridan maqsadli foydalanilishi yuzasidan tizimli monitoring olib borish.
12. Jamgʻarma xarajatlari har chorakda, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Qishloq va suv xoʻjaligi tarmoqlari uchun muhandis-texnik kadrlar tayyorlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2017-yil 24-maydagi PQ-3003-son qarori bilan tasdiqlangan 2017 — 2021-yillarda qishloq va suv xoʻjaligi sohasidagi oliy taʼlim muassasalarini qurish, rekonstruksiya qilish, mukammal taʼmirlash va jihozlash dasturi (keyingi oʻrinlarda Dastur deb ataladi) parametrlari bilan bogʻlangan holda, Jamgʻarma kengashi tomonidan tasdiqlanadigan daromadlar va xarajatlarning prognoz balansi asosida amalga oshiriladi.
5-bob. Jamgʻarma mablagʻlaridan foydalanish tartibi
13. Jamgʻarma mablagʻlari hisobiga oliy taʼlim muassasalari obyektlarini qurish, rekonstruksiya qilish, mukammal taʼmirlash boʻyicha buyurtmachi Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligining tegishli “Qurilayotgan korxonalar birlashgan direksiyasi” davlat unitar korxonalari, “Oʻzagrosanoatloyiha” aksiyadorlik jamiyati esa — bosh loyihalashtirish tashkiloti hisoblanadi.
14. Oʻquv-ilmiy laboratoriya bazasini zamonaviy asbob-uskunalar va jihozlar, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari bilan jihozlash boʻyicha buyurtmachi funksiyasi Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi tomonidan amalga oshiriladi.
15. Jamgʻarma mablagʻlaridan foydalanish belgilangan tartibda shakllantirilgan va tasdiqlangan daromadlar va xarajatlar smetalari asosida:
oliy taʼlim muassasalari obyektlarini qurish, rekonstruksiya qilish va mukammal taʼmirlash boʻyicha — qonun hujjatlarida belgilangan tartibda oʻtkazilgan qurish, rekonstruksiya qilish va mukammal taʼmirlash boʻyicha tanlov savdolari natijalari asosida Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligining tegishli “Qurilayotgan korxonalar birlashgan direksiyasi” davlat unitar korxonalari tomonidan;
oʻquv-ilmiy laboratoriya bazasini zamonaviy asbob-uskunalar va jihozlar, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari bilan jihozlash — belgilangan tartibda oʻtkazilgan tanlov asosida Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi tomonidan;
jahon taʼlim resurslaridan, ilgʻor ilmiy adabiyotlar elektron kataloglaridan va maʼlumotlar bazalaridan foydalanish — tasdiqlangan maʼlumotlar bazalari roʻyxati asosida Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi tomonidan amalga oshiriladi.
16. Bepul asosda olingan oʻquv va ilmiy uskuna, sarflash materiallari va butlovchi buyumlardan maqsadli va samarali foydalanish yuzasidan masʼuliyat tegishli oliy taʼlim muassasalari rahbarlari zimmasiga yuklanadi.
17. Xarajatlarni toʻlash:
oliy taʼlim muassasalarini qurish, rekonstruksiya qilish, mukammal taʼmirlash boʻyicha xarajatlar — qatʼiyan xarajatlar smetalarida nazarda tutilgan mablagʻlar doirasida va oliy taʼlim muassasalarini qurish, rekonstruksiya qilish va mukammal taʼmirlash boʻyicha qurilishlarning tasdiqlangan aniq manzilli roʻyxatlariga muvofiq;
oʻquv-ilmiy laboratoriya bazasini zamonaviy asbob-uskunalar va jihozlar, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari bilan jihozlash — belgilangan tartibda oʻtkazilgan tanlov natijalari va tuzilgan shartnomalarga muvofiq;
jahon taʼlim resurslaridan, ilgʻor ilmiy adabiyotlar elektron kataloglaridan va maʼlumotlar bazalaridan foydalanishni taʼminlash boʻyicha xarajatlar — Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi jahon taʼlim resurslari, ilmiy adabiyotlar elektron katalogining va maʼlumotlar bazasining egasi boʻlgan muassasa oʻrtasida tegishli maʼlumotlar bazasiga obuna boʻlish toʻgʻrisida tuziladigan shartnoma asosida amalga oshiriladi.
18. Oliy taʼlim muassasalarini qurish, rekonstruksiya qilish va mukammal taʼmirlash boʻyicha xarajatlarni toʻlash — oliy taʼlim muassasalarini qurish, rekonstruksiya qilish va mukammal taʼmirlashning aniq manzilli roʻyxatlari boʻyicha belgilangan limitlar doirasida hamda tanlov savdolari natijalari hisobga olingan holda tuzilgan shartnomalar boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligining tegishli “Qurilayotgan korxonalar birlashgan direksiyasi” davlat unitar korxonalarining toʻlov topshiriqnomalari asosida Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligining Gʻaznachiligi tomonidan amalga oshiriladi. Shartnomalarda quyidagilar nazarda tutiladi:
qurish, rekonstruksiya qilish va mukammal taʼmirlashning dastlabki ikki oyi mobaynida qurishning prognozlashtirilayotgan yili uchun tanlov savdolari natijalari boʻyicha aniqlangan ishlar qiymatining 30 foizigacha miqdorida avans toʻlovlarini teng ulushlarda amalga oshirish;
ajratilgan avansni mutanosib ravishda ushlab qolishni hisobga olgan holda, bajarilgan ishlar qiymatining 95 foizi miqdorida har oyda joriy moliyalashtirish;
qolgan 5 foizni pudratchiga shartnomada qayd etilgan kafolat muddati tamom boʻlgandan keyin toʻlash.
19. Oliy taʼlim muassasalarini jihozlash boʻyicha xarajatlarni toʻlash nazarda tutilgan mablagʻlar doirasida va Moliya vazirligining Gʻaznachiligida roʻyxatdan oʻtkazilgan shartnomalar boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligining toʻlov topshiriqnomalari asosida Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligining Gʻaznachiligi tomonidan amalga oshiriladi. Shartnomalarda quyidagilar nazarda tutiladi:
shartnoma umumiy summasining 30 foizi miqdorida avans toʻlash;
ajratilgan avans toʻlovlarini ushlab qolgan holda, yetkazib berishning amaldagi hajmidan kelib chiqib, har oyda joriy moliyalashtirish.
20. Jamgʻarmaning joriy yilda foydalanilmagan mablagʻlari olib qoʻyilmaydi va Dasturni keyingi yilda moliyalashtirish uchun sarflanadi.
6-bob. Jamgʻarma mablagʻlaridan foydalanishni hisobga olish va nazorat qilish
21. Jamgʻarma mablagʻlarining tushishi va undan foydalanishning buxgalteriya hisobini yuritish, shuningdek hisobotlarni tuzish qonun hujjatlarida belgilangan tartibda Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi tomonidan amalga oshiriladi.
22. Jamgʻarma mablagʻlaridan maqsadli foydalanilish ustidan nazorat Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi tomonidan amalga oshiriladi.
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2017-y., 28-son, 655-modda)