Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
KOSMIK TADQIQOTLARNI TASHKIL ETISHNI TAKOMILLASHTIRISH CHORA-TADBIRLARI TOʻGʻRISIDA
Mazkur qaror Oʻzbekistan Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 15-dekabrdagi 791-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish, shuningdek, baʼzilarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Kosmik tadqiqotlarni tashkil etishni takomillashtirish toʻgʻrisida” 2002-yil 26-sentabrdagi PF-3135-son Farmonini bajarish yuzasidan hamda astronomik va kosmik tadqiqotlarning yanada rivojlantirilishini, tadqiqotlar natijalarining respublikani iqtisodiy va ijtimoiy rivojlantirishning ustuvor yoʻnalishlariga samarali joriy etilishini taʼminlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Quyidagilar Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Kosmik tadqiqotlar markazining asosiy vazifalari etib belgilansin:
astronomiya, yerni, yer atrofidagi fazoni va uzoq kosmik obyektlarni oʻrganish sohasida fundamental va amaliy tadqiqotlar oʻtkazishni tashkil etish;
kosmik tadqiqotlar va texnologiyalar yutuqlarini respublikani iqtisodiy va ijtimoiy rivojlantirishning ustuvor yoʻnalishlariga joriy etish boʻyicha maqsadli dasturlarni shakllantirish va amalga oshirish;
manfaatdor tashkilotlar va tuzilmalar bilan birgalikda samarali ekologik nazoratni, roʻy berishi mumkin boʻlgan tabiiy ofatlarning oldini olishni, kosmosdan yerni masofadan turib zondlash yoʻli bilan tabiiy resurslarni tadqiq etishni tashkil qilish;
astronomiya va kosmik tadqiqotlar sohasida xalqaro hamkorlikni kengaytirish hamda tijorat maqsadidagi kosmik faoliyatni rivojlantirish.
2. Kosmik tadqiqotlar markazi boshqaruv apparatining tuzilmasi va 12 kishidan iborat boʻlgan (yordamchi va xizmat koʻrsatuvchi xodimlardan tashqari) shtatdagi xodimlarining cheklangan soni ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
3. Belgilansinki, Kosmik tadqiqotlar markazi:
yuridik shaxs hisoblanadi;
uning faoliyatini mablagʻ bilan taʼminlash Markaz tarkibiga kiruvchi Toshkent kosmik asbobsozlik ilmiy-tadqiqot instituti, Chirchiqdagi “Kompozit” tajriba-eksperimental zavodi tomonidan ularning xoʻjalik faoliyatidan olishgan mablagʻlaridan ajratmalar, shuningdek xalqaro jamgʻarmalar va tashkilotlar grantlari, qonun hujjatlariga zid boʻlmagan boshqa daromadlar hisobiga amalga oshiriladi.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi bir oy muddatda Kosmik tadqiqotlar markazi toʻgʻrisidagi Nizomni belgilangan tartibda ishlab chiqsin va tasdiqlasin.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat mulki qoʻmitasi Oʻzbekiston davlat koinotni tadqiq etish agentligi balansidagi asosiy fondlar, mol-mulklar va moddiy boyliklarni Kosmik tadqiqotlar markaziga bersin.
Kosmik tadqiqotlar markazi Toshkent shahar, Borovskiy koʻchasi, 2-uyga joylashtirilsin.
6. Quyidagilar:
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston davlat koinotni tadqiq etish agentligi masalalari toʻgʻrisida” 1993-yil 5-fevraldagi 59-son qarori;
Vazirlar Mahkamasining “2001-2002-yillarda xorijiy investorlarni jalb etgan holda korxonalarni davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirish boʻyicha kelgusidagi chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2001-yil 9-martdagi 119-son qaroriga 3-ilovaning 14-bandi oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
7. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari H.S. Karomatov zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2002-yil 27-sentabr,
334-son
Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Kosmik tadqiqotlar markazi boshqaruv apparatining
TUZILMASI
Shtatdagi jami xodimlar soni 12 kishi
(Oʻzbekiston Respublikasi Qonun hujjatlari toʻplami, 2002-y., 17-18-son, 141-modda)