Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat va sport ishlari vazirining
buyrugʻi
Sport turlarini va sport turining tarmoqlarini eʼtirof etish, ularni sport turlari reyestriga kiritish hamda ushbu reyestrni yuritish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2016-yil 11-oktabrda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 2832]
Mazkur buyruq Oʻzbekiston Respublikasi Davlat jismoniy tarbiya va sport qoʻmitasining 2017-yil 7-avgustdagi 4-mx-sonli “Sport turlarini va sport turining tarmoqlarini eʼtirof etish, ularni sport turlari reyestriga kiritish hamda ushbu reyestrni yuritish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi buyruqni oʻz kuchini yoʻqotgan deb topish haqida”gi qaroriga (roʻyxat raqami 2832-1, 29.08.2017-y.) asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oʻzbekiston Respublikasining “Jismoniy tarbiya va sport toʻgʻrisida”gi Qonuniga muvofiq buyuraman:
1. Sport turlarini va sport turining tarmoqlarini eʼtirof etish, ularni sport turlari reyestriga kiritish hamda ushbu reyestrni yuritish tartibi toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur buyruq rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Vazir B. AXMEDOV
Toshkent sh.,
2016-yil 16-sentabr,
35-son
Oʻzbekiston Respublikasi madaniyat va sport ishlari vazirining 2016-yil 16-sentabrdagi 35-son buyrugʻiga
ILOVA
ILOVA
Sport turlarini va sport turining tarmoqlarini eʼtirof etish, ularni sport turlari reyestriga kiritish hamda ushbu reyestrni yuritish tartibi toʻgʻrisidagi
NIZOM
Mazkur Nizom Oʻzbekiston Respublikasining “Jismoniy tarbiya va sport toʻgʻrisida”gi Qonuniga muvofiq, sport turlarini va sport turining tarmoqlarini eʼtirof etish, ularni sport turlari reyestriga kiritish hamda ushbu reyestrni yuritish tartibini belgilaydi.
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizomda quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllaniladi:
sport turi — jismoniy tarbiya va sport sohasidagi faoliyat turi boʻlib, u insonning sport musobaqalariga oʻziga xos tarzda tayyorgarlik koʻrishi bilan ajralib turadi, sport musobaqalarini oʻtkazish va ularda ishtirok etishga doir talablar, tartib va shartlar belgilanadigan qoidalarga, nizomga (reglamentga) ega boʻladi;
sport turining tarmogʻi (dissiplinasi) — farqlovchi belgilarga ega boʻlgan hamda bitta yoki bir nechta sport musobaqalari dasturlari turlarini oʻz ichiga oladigan sport turining qismi.
2. Sport turlarini va sport turining tarmoqlarini eʼtirof etish, ularni sport turlari reyestriga kiritish hamda ushbu reyestrni yuritish Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat va sport ishlari vazirligi (bundan buyon matnda vakolatli organ deb yuritiladi) tomonidan amalga oshiriladi.
3. Sport turi yoki sport turining tarmogʻini eʼtirof etish uchun u sport turiga mos belgiga, aniq musobaqa qoidalariga, mashgʻulot oʻtkazishning oʻziga xos xususiyatlariga, foydalaniladigan sport anjomlari va uskunalariga ega boʻlishi, sportchilarning qatnashishi, odamning jismoniy va aqliy rivojlanish qobiliyati hamda harakat faolligini takomillashtirishga, shuningdek sogʻlom turmush tarzini shakllantirishga xizmat qilishi lozim.
2-bob. Sport turlarini va sport turining tarmoqlarini eʼtirof etish
4. Sport turlarini va sport turining tarmoqlarini eʼtirof etish respublika sport federatsiyalari (uyushmalari), jismoniy tarbiya-sport tashkilotlari taqdimnomalari asosida vakolatli organ tomonidan amalga oshiriladi.
5. Sport turlarini va sport turining tarmoqlarini eʼtirof etish uchun vakolatli organga quyidagi hujjatlar taqdim etiladi:
a) sport turi yoki sport turi tarmogʻining aniq nomi koʻrsatilgan taqdimnoma;
b) sport turi yoki sport turining tarmogʻi boʻyicha musobaqa oʻtkazishning yagona qoidalari;
v) sport federatsiyasining (uyushmasining) yoki jismoniy tarbiya-sport tashkiloti rahbarlarining roʻyxati (F.I.O. va lavozimi koʻrsatilgan holda);
g) Oʻzbekiston Respublikasi hududlarida sport turi yoki sport turining tarmogʻi rivojlanayotganligi toʻgʻrisida sport federatsiyasi (uyushmasi) yoki jismoniy tarbiya-sport tashkiloti tomonidan tasdiqlangan maʼlumotnoma.
6. Sport turlari va sport turining tarmoqlarini eʼtirof etish ushbu sport turi yoki uning tarmogʻi maʼmuriy-hududiy tuzilmalarning (Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyat, Toshkent shahri) kamida toʻrttasida rivojlangan boʻlishi kerak, qishki, oʻq otish va golf sport turlari bundan mustasno.
7. Sport turlari va sport turining tarmoqlarini eʼtirof etish toʻgʻrisidagi taqdimnoma vakolatli organning navbatdagi hayʼat yigʻilishida muhokama qilinadi. Hayʼat yigʻilishida sport turlari va sport turining tarmoqlarini eʼtirof etish yoki eʼtirof etishni rad etish toʻgʻrisida qaror qabul qilinadi.
Qabul qilingan qarordan koʻchirma hayʼat yigʻilishidan soʻng uch kun ichida sport federatsiyasi (uyushmasi) yoki jismoniy tarbiya-sport tashkilotiga yuboriladi.
8. Sport turlari va sport turining tarmoqlari mazkur Nizomning 3 va 6-bandlarida belgilangan talablarga muvofiq boʻlmagan yoki mazkur Nizomning 5-bandida koʻrsatilgan hujjatlar toʻliq taqdim etilmagan taqdirda, eʼtirof etilmaydi. Sport federatsiyasi (uyushmasi) yoki jismoniy tarbiya-sport tashkiloti hayʼat qarorida koʻrsatilgan kamchiliklarni bartaraf etgan holda takroran murojaat qilishga haqli.
Vakolatli organ tomonidan eʼtirof etilgan sport turlari va sport turining tarmoqlari sport turlarining reyestriga kiritiladi.
3-bob. Sport turlarini va sport turining tarmoqlarini Sport turlarining reyestriga kiritish
9. Sport turlarining reyestri (bundan buyon matnda Reyestr deb yuritiladi) Oʻzbekiston Respublikasi hududida shugʻullaniladigan va vakolatli organ tomonidan eʼtirof etilgan sport turlarining tizimlashtirilgan roʻyxatidan iborat.
Reyestr Oʻzbekiston Respublikasida rivojlanayotgan sport turlari va sport turining tarmoqlari boʻyicha yagona bazani yaratish maqsadida tuziladi.
10. Reyestrga kiritilgan sport turiga oʻnta belgidan iborat tartib raqami (kod) beriladi. Har bir son quyidagilarni aniqlaydi:
a) birinchi, ikkinchi va uchinchi sonlar — sport turining bazali tartib raqami 001 dan 999 gacha;
b) toʻrtinchi va beshinchi sonlar — sport turi tarmoqlarining bazali tartib raqami 01 dan 99 gacha, sport turi tarmoqlar boʻlmasa — 00;
v) oltinchi son — sport bilan shugʻullanish mavsumini hamda oʻyinli va oʻyinli emas sport turini aniqlaydi:
0 — mavsumli emas, oʻyinli emas;
1 — yozgi, oʻyinli emas;
2 — qishki, oʻyinli emas;
3 — mavsumli emas, oʻyinli;
4 — yozgi, oʻyinli;
5 — qishki, oʻyinli;
g) yettinchi son — sport turining rivojlanish darajasini aniqlaydi:
1 — milliy sport turlari;
2 — faqat Oʻzbekiston Respublikasi hududlarida rivojlangan;
3 — xalqaro sport tashkiloti mavjud boʻlgan sport turi;
4 — xalqaro sport tashkiloti mavjud boʻlgan sport turi va u Xalqaro Olimpiya qoʻmitasi tomonidan tan olingan;
5 — xalqaro sport tashkiloti mavjud boʻlgan sport turi va u Xalqaro Olimpiya qoʻmitasi tomonidan tan olingan hamda Olimpiya oʻyinlari dasturiga kiritilgan;
d) sakkizinchi son — sport turining idoraviy mansubligini bildiradi:
0 — hech qanday tashkilotga mansub emas;
1 — Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligiga;
2 — Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligiga;
3 — Oʻzbekiston Mudofaasiga koʻmaklashuvchi “Vatanparvar” tashkiloti Markaziy Kengashiga;
4 — Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat va sport ishlari vazirligiga;
e) toʻqqizinchi son — maxsus belgi:
0 — sport turi bilan shugʻullanish cheklanmagan;
9 — faqat maxsus davlat tizimlarida rivojlantirish mumkin;
j) oʻninchi son — sport turi bilan shugʻullanuvchilarning jinsini bildiradi:
1 — erkaklar va ayollar;
2 — erkaklar;
3 — ayollar.
11. Reyestrga kiritilgan sport turi va sport turining tarmoqlari boʻyicha quyidagilarga ruxsat etiladi:
oliy va oʻrta maxsus taʼlim muassasalari mutaxassislarini tayyorlash;
sport maktablari va ularning boʻlimlarini ochish;
turli hududiy, respublika va xalqaro musobaqalarni oʻtkazish;
murabbiylarga, sport hakamlariga va sportchilarga toifa va unvon berish;
Oʻzbekiston Respublikasi nomidan turli xalqaro musobaqalarda ishtirok etish;
qonun hujjatlariga zid boʻlmagan boshqa maqsadlarda faoliyat olib borish.
12. Reyestrga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish, shu jumladan sport turini yoki sport turining tarmogʻini Reyestrdan chiqarish respublika sport federatsiyalari (uyushmalari), jismoniy tarbiya-sport tashkilotlari taqdimnomalari asosida vakolatli organning hayʼat qarori bilan amalga oshiriladi.
4-bob. Reyestrni yuritish
13. Reyestr vakolatli organ tomonidan mazkur Nizomning ilovasiga muvofiq shaklda elektron hujjat koʻrinishida yuritiladi.
Sport turlari va sport turining tarmoqlarini eʼtirof etish, Reyestrga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish, shu jumladan sport turini yoki sport turining tarmogʻini Reyestrdan chiqarish toʻgʻrisida vakolatli organning hayʼat qarori qabul qilingandan keyin uch kun ichida vakolatli organning tegishli masalani hayʼat muhokamasiga taqdim etgan boshqarmasi bu haqda reyestrga tegishli yozuv kiritadi.
14. Reyestrning nusxasi vakolatli organning Internetdagi rasmiy veb-saytiga joylashtiriladi va unga kiritilgan yozuvlar asosida muntazam yangilab boriladi.
5-bob. Yakuniy qoidalar
15. Mazkur Nizom kuchga kirgunga qadar Oʻzbekiston Respublikasi sport turlari boʻyicha davlat reyestriga kiritilgan sport turlari va sportning tarkibiy qismlari takroran eʼtirof etilishi va Reyestrga kiritilishi talab etilmaydi.
16. Mazkur Nizom talablari buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonun hujjatlarida belgilangan tartibda javobgar boʻladi.
17. Mazkur Nizom Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, Xalq taʼlimi vazirligi, Mudofaa vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Oʻzbekiston Kasaba uyushmalari Federatsiyasi Kengashi hamda Oʻzbekiston Mudofaasiga koʻmaklashuvchi “Vatanparvar” tashkiloti Markaziy Kengashi bilan kelishilgan.
Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vaziri A. VAXOBOV
2016-yil 9-sentabr
Xalq taʼlimi vaziri U. INOYATOV
2016-yil 9-sentabr
Mudofaa vaziri Q. BERDIYEV
2016-yil 9-sentabr
Ichki ishlar vaziri A. AXMEDBAYEV
2016-yil 9-sentabr
Oʻzbekiston Kasaba uyushmalari Federatsiyasi Kengashi raisi T. NARBAYEVA
2016-yil 9-sentabr
Oʻzbekiston Mudofaasiga koʻmaklashuvchi “Vatanparvar” tashkiloti Markaziy Kengashi raisi R. NIYAZOV
2016-yil 9-sentabr
Sport turlarini va sport turining tarmoqlarini eʼtirof etish, ularni sport turlari reyestriga kiritish hamda ushbu reyestrni yuritish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga
ILOVA
ILOVA
Sport turlarining
REESTRI
|
Sport turlari va sport turining tarmoqlari nomi |
Sport turlari va sport turining tarmoqlari tartib raqami (kodi) | |
|
1 |
2 |
3 |
|
|
|
|
|
|
|
|
|
|
|
|
|
|
|
|
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2016-y., 41-son, 479-modda)