Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
UY-JOY FONDINI SUV VA GAZNI HISOBGA OLISh PRIBORLARI BILAN JIHOZLASh, ULARNI OʻZBEKISTON RESPUBLIKASIDA IShLAB ChIQARIShNI TAShKIL ETISh ChORA-TADBIRLARI TOʻGʻRISIDA
Mazkur qaror Oʻzbekistan Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 22-fevraldagi 87-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining oʻz ahamiyatini yoʻqotgan ayrim qarorlarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida (Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻz ahamiyatini yoʻqotgan qonunchilik hujjatlarini qayta koʻrib chiqish tizimini joriy etish orqali mamlakatda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2020-yil 27-sentabrdagi PF-6075-son Farmoni)”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Aholiga kommunal xizmat koʻrsatish tizimida iqtisodiy islohotlarni chuqurlashtirish konsepsiyasiga muvofiq, isteʼmol qilinayotgan energiya manbalarini zarur darajada hisobga olish va tejashni taʼminlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
Oldingi tahrirga qarang.
(1-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2005-yil 18-maydagi 127-sonli qarori bilan oʻz kuchini yoʻqotgan — OʻR QHT, 2005-y., 19-20-son, 143-modda)
2. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari Oʻzbekiston Respublikasi Kommunal xizmat koʻrsatish vazirligi bilan birgalikda 1999 — 2004-yillarda uy-joy fondini suv va gazni hisobga olish priborlari bilan jihozlash dasturi topshiriqlari bajarilishini taʼminlash boʻyicha aniq chora-tadbirlarni bir oy muddatda ishlab chiqsinlar, bunda:
yangidan qurilayotgan (rekonstruksiya qilinayotgan) uy-joylar suv va gazni hisobga oluvchi uy va kvartira priborlarisiz foydalanishga qabul qilinishiga yoʻl qoʻymaslik;
hisobga olish priborlarini ishlab chiqarishni tashkil etish boʻyicha mahalliy ishlab chiqaruvchilarga amaliy yordam koʻrsatish, ishlab chiqarishga tayyorgarlik koʻrish bilan bogʻliq paydo boʻluvchi masalalarni tezkorlik bilan hal etish;
muqobil manbalarni jalb qilgan holda gaz va suvni hisobga olish priborlarini sotib olish va oʻrnatishni mablagʻ bilan taʼminlashni tashkil etish;
uy-joy-kommunal xizmatlarining hisobga olish priborlari oʻz vaqtida oʻrnatilishi boʻyicha oʻzini oʻzi boshqarish mahalliy organlari bilan mustahkam oʻzaro hamkorligini taʼminlash;
suv va gazni hisobga olish priborlari oʻrnatilishi va ulardan foydalanish ustidan nazorat qilinishini taʼminlash;
hisobga olish priborlari asosan tanlov asosida sotib olinishi asos qilib olinsin.
Belgilansinki, suv va gazni hisobga olish priborlari texnologik asbob-uskunalar jumlasiga kiradi.
3. Respublikaning suv hisobga olish priborlariga boʻlgan ehtiyojini taʼminlash maqsadida:
1999 — 2004-yillarda Oʻzbekiston Respublikasida suv hisobga olish priborlari ishlab chiqarish Dasturi 3-ilovaga* muvofiq tasdiqlansin;
“Suvjihozgaz” qoʻshma korxonasi va “Chkalov nomidagi Toshkent aviatsiya ishlab chiqarish birlashmasi” davlat-aksiyadorlik jamiyatining ishlab turgan maydonlarda va asbob-uskunalar bilan gaz va suvni hisobga olish priborlari ishlab chiqarishni tashkil etish va kengaytirish, barcha butlovchi buyumlarni keyinchalik “Chkalov nomidagi Toshkent aviatsiya ishlab chiqarish birlashmasi” davlat-aksiyadorlik jamiyatida ishlab chiqargan holda kooperatsiya asosida korpus detallari, jihozlar va nostandart asbob-uskunalarni olingan foydadan oʻz mablagʻlari hisobiga tayyorlash haqidagi takliflari maʼqullansin;
Oʻzbekiston Respublikasi Oʻzbekiston “Oʻzkommunxizmat” agentligi va Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligiga, “Oʻzeltexsanoat”, “Oʻzmashsanoat”, “Oʻzkimyosanoat” uyushmalariga va boshqa manfaatdor vazirliklar va idoralarga, suv va gazni hisobga olish priborlarini tayyorlashda qatnashuvchi korxonalarning buyurtmanomalari boʻyicha detallar, jihozlar va nostandart asbob-uskunalar tayyorlashda kooperatsiya shartlarida qatnashish tavsiya qilinsin.
(3-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2002-yil 28-martdagi 99-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2002-y., 5-6-son, 45-modda)
4. Belgilansinki:
suv va gazni hisobga olish priborlari ishlab chiqarishni mablagʻ bilan taʼminlash ishlab chiqaruvchilarning oʻz mablagʻlari, shuningdek jalb qilingan kredit resurslari hisobiga amalga oshiriladi;
Oldingi tahrirga qarang.
suv hisobga olish priborlarini sotib olish va oʻrnatishni mablagʻ bilan taʼminlash:
(4-bandning uchinchi xatboshi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2002-yil 28-martdagi 99-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2002-y., 5-6-son, 45-modda)
kvartira va uylarda — kvartira va uy-joylar mulkdorlari hisobiga amalga oshiriladi;
uy-joylar va kvartiralarning muhandislik kommunikatsiyalari mukammal tuzatilganda, uylar qurilganda (rekonstruksiya qilinganda) — tuzatish yoki qurilishning smeta qiymati doirasida amalga oshiriladi.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Makroiqtisodiyot va statistika vazirligi suv va gazni hisobga olish priborlari, shuningdek ularga butlovchi buyumlar ishlab chiqarish boʻyicha investitsiya loyihalari belgilangan tartibda respublika investitsiya dasturiga kiritilishini taʼminlasin.
6. Vazirlar Mahkamasining Yoqilgʻi-energetika resurslarini iqtisod qilish komissiyasiga Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi bilan kelishilgan texnik-iqtisodiy asoslar va mablagʻ bilan taʼminlash sxemalari taqdim etilganda suv va gazni hisobga olish priborlarini joriy etish boʻyicha kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirish uchun energiya bilan taʼminlash maxsus respublika schyotidan mablagʻ ajratish masalasini koʻrib chiqish tavsiya qilinsin.
7. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari “Oʻzstandart” agentligi, Oʻzbekiston “Oʻzkommunxizmat” agentligi bilan birgalikda suv va gazni hisobga olish priborlariga xizmat koʻrsatilishini va ular tekshirilishini taʼminlasinlar.
(7-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2003-yil 13-yanvardagi 14-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2003-y., 1-2-son, 9-modda)
Oldingi tahrirga qarang.
8. “Oʻzstandart” agentligi markazi suv va gazni hisobga olish priborlarini ishlab chiqaruvchi va sotuvchi korxonalarga ishlab chiqarishni metrologik jihatdan taʼminlash masalalarini hal qilishda yordam koʻrsatsin.
(8-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2003-yil 13-yanvardagi 14-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2003-y., 1-2-son, 9-modda)
9. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Bosh vazir oʻrinbosari B.S. Hamidov zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1999-yil 1-iyun,
280-son
(Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining qarorlari toʻplami, 1999-y., 6-son, 30-modda; Oʻzbekiston Respublikasi Qonun hujjatlari toʻplami, 2001-y., 3-4-son, 13-modda;2002-y., 5-6-son, 45-modda; 2003-y., 1-2-son, 9-modda; 2005-y., 19-20-son, 143-modda)