O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki boshqaruvining
Qarori
O‘zbekiston Respublikasi banklarida ochiladigan bank hisobvaraqlari to‘g‘risidagi yo‘riqnomaga o‘zgartirishlar va qo‘shimcha kiritish haqida
[O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2016-yil 13-iyunda ro‘yxatdan o‘tkazildi, ro‘yxat raqami 1948-11]
Mazkur qaror O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki boshqaruvining 2023-yil 4-yanvardagi 30/18-sonli “Bank hisobvaraqlarini ochish, yuritish va yopish tartibi to‘g‘risidagi yo‘riqnomani tasdiqlash haqida”gi qaroriga (ro‘yxat raqami 3420, 08.02.2023-y.) asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.
O‘zbekiston Respublikasining “O‘zbekiston Respublikasining Markaziy banki to‘g‘risida”gi, 2016-yil 13-apreldagi O‘RQ-404-son “Buxgalteriya hisobi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi va 2016-yil 25-apreldagi O‘RQ-405-son “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonunlariga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvi qaror qiladi:
1. O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvining 2009-yil 16-martdagi 7/2-son qarori (ro‘yxat raqami 1948, 2009-yil 27-aprel) (O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2009-y., 18-son, 229-modda) bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasi banklarida ochiladigan bank hisobvaraqlari to‘g‘risidagi yo‘riqnomaga ilovaga muvofiq o‘zgartirishlar va qo‘shimcha kiritilsin.
2. Mazkur qaror rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran kuchga kiradi.
Markaziy bank raisi F. MULLAJONOV
Toshkent sh.,
2016-yil 26-may,
15/3-son
O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvining 2016-yil 26-maydagi 15/3-sonli qaroriga
ILOVA
ILOVA
O‘zbekiston Respublikasi banklarida ochiladigan bank hisobvaraqlari to‘g‘risidagi yo‘riqnomaga kiritilayotgan o‘zgartirishlar va qo‘shimcha
1. 8-bandning ikkinchi xatboshisidagi “imzo” degan so‘z “imzolar” degan so‘z bilan almashtirilsin.
2. Quyidagi mazmundagi 81-band bilan to‘ldirilsin:
“81. Jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga va terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurashish to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga muvofiq mijozni lozim darajada tekshirish bo‘yicha chora-tadbirlar ko‘rish imkoniyati bo‘lmagan taqdirda, bank mijozga hisobvaraq ochishni rad etadi.”.
3. 31-bandning “b” kichik bandidagi “imzolar va muhr izi qo‘yilgan varaqcha” degan so‘zlar “imzolar namunalari va muhr izi qo‘yilgan varaqcha” degan so‘zlar bilan almashtirilsin.
4. 33-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“33. Buxgalteriya hisobi subyektining rahbari imzolash huquqiga ega bo‘lgan shaxslarning ikkita ro‘yxatini tasdiqlaydi. Birinchi ro‘yxatga buxgalteriya hisobi subyektida rahbarlik vazifalarini amalga oshiruvchi shaxslar, ikkinchisiga esa, buxgalteriya hisobi va moliyaviy boshqarish vazifalarini amalga oshiruvchi shaxslar kiradi. Agar buxgalteriya hisobi subyekti rahbari buxgalteriya hisobi va moliyaviy boshqarish vazifalarini o‘z zimmasiga olgan bo‘lsa, u holda har ikkala ro‘yxatda ham o‘zini ko‘rsatadi.
Yuridik shaxs tashkil etmagan holda faoliyat ko‘rsatayotgan dehqon xo‘jaligi boshlig‘i va yakka tartibdagi tadbirkor dumaloq muhri bo‘lmagan hollarda, o‘z imzolari namunalarini taqdim etadi.
To‘lovga taqdim etiladigan cheklarning raqamlarini tekshirish maqsadida bank mijozlarga bergan pul cheklari raqamlarini bankka topshirilgan imzolar namunalari va muhr izi qo‘yilgan varaqchada qayd etadi.”.
5. 34-bandning ikkinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Birinchi imzo huquqi ikkinchi imzo huquqiga ega bo‘lgan bosh buxgalter yoki boshqa shaxslarga berilishi mumkin emas, buxgalteriya hisobi subyekti rahbari buxgalteriya hisobi va moliyaviy boshqarish vazifalarini o‘z zimmasiga olgan hollar bundan mustasno.”.
6. 41-banddagi “imzolari namunalari qo‘yilgan varaqcha” degan so‘zlar “imzolar namunalari va muhr izi qo‘yilgan varaqcha” degan so‘zlar bilan almashtirilsin.
7. 54-banddagi “imzo” degan so‘z “imzolar” degan so‘z bilan almashtirilsin.
(O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2016-y., 24-son, 294-modda)