Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Xalqaro sifat standartlariga va foydalanish xavfsizligiga javob beradigan sport asbob-uskunalari va anjomlari ishlab chiqarishni taʼminlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 30-yanvardagi 43-sonli “Oʻzbekiston Respublikasida muvofiqligi tasdiqlanishi lozim boʻlgan muvofiqlikni baholash obyektlari roʻyxatlarini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan 2021-yil 1-maydan oʻz kuchini yoʻqotadi.
Respublikaning sport va taʼlim muassasalarini sifatli sport asbob-uskunalari bilan taʼminlash, xalqaro sifat standartlariga va foydalanish xavfsizligiga javob beradigan zamonaviy sport asbob-uskunalari va anjomlari ishlab chiqarishni tashkil etish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Vazirlar Mahkamasining 2011-yil 28-apreldagi 122-son qarori (Oʻzbekiston Respublikasi QT, 2011-y., 4-son, 30-modda) bilan tasdiqlangan Majburiy tartibda sertifikatlanadigan, Oʻzbekiston Respublikasi hududida ishlab chiqariladigan va unga olib kiriladigan mahsulotlar turlari roʻyxatiga ilovaga* muvofiq oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilsin.
* Ilova rus tilidagi matnda berilgan.
2. Vazirliklar va idoralar oʻzlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni bir oy muddatda ushbu qarorga muvofiqlashtirsinlar.
3. Ushbu qaror rasman eʼlon qilingan kundan boshlab uch oy oʻtgandan keyin kuchga kiradi.
4. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari U.U. Rozukulov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2016-yil 14-iyun,
202-son
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2016-y., 24-son, 290-modda)