Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasi taʼlim muassasalarini davlat akkreditatsiyasidan oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish haqida
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 7-iyundagi 470-sonli “Davlat taʼlim muassasalari hamda nodavlat taʼlim tashkilotlarini attestatsiyadan va davlat akkreditatsiyasidan oʻtkazish tartibini takomillashtirish toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan 2019-yil 1-sentabrdan oʻz kuchini yoʻqotadi.
Oʻzbekiston Respublikasi “Taʼlim toʻgʻrisida”gi Qonunining 6 va 25-moddalariga, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oliy malakali ilmiy va ilmiy-pedagogik kadrlar tayyorlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2010-yil 2-noyabrdagi PQ-1426-son qaroriga muvofiq Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Vazirlar Mahkamasining 2006-yil 10-fevraldagi 21-son qarori (Oʻzbekiston Respublikasi QT, 2006-y., 2-son, 9-modda) bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasi taʼlim muassasalarini davlat akkreditatsiyasidan oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga ilovaga muvofiq oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilsin.
2. Vazirliklar va idoralar bir oy muddatda oʻzlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni ushbu qarorga muvofiqlashtirsinlar.
3. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari B.Y. Xodiyev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2016-yil 2-may,
136-son
Vazirlar Mahkamasining 2016-yil 2-maydagi 136-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi taʼlim muassasalarini davlat akkreditatsiyasidan oʻtkazish tartibi toʻgʻrisida nizomga kiritilayotgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar
1. 1-banddagi “oliy” soʻzidan keyin “oliy oʻquv yurtidan keyingi taʼlimni amalga oshiruvchi oliy taʼlim va ilmiy-tadqiqot muassasalari” soʻzlari qoʻshilsin.
2. 4-banddagi “standartlari” soʻzidan keyin “va davlat talablari” soʻzlari qoʻshilsin.
3. 7-banddagi “hamda oʻtkaziladi” soʻzlari chiqarib tashlansin.
4. 8-band quyidagi tahrirda bayon qilinsin:
“8. Umumiy oʻrta taʼlim muassasalari 9 yilda, boshqa taʼlim muassasalari 5 yilda bir marta attestatsiyadan oʻtkaziladi.
Oliy taʼlim muassasasi tarkibida filiallar va oliy oʻquv yurtidan keyingi taʼlim turi mavjud boʻlsa, ularning attestatsiyasi oliy taʼlim muassasasining asosiy taʼlim faoliyati attestatsiyasi bilan bir vaqtda oʻtkaziladi”.
5. 10-bandda:
“g” kichik bandning oʻninchi xatboshi quyidagi tahrirda bayon qilinsin:
“katta ilmiy xodim-izlanuvchilar instituti orqali hamda mustaqil izlanuvchilik asosida ilmiy-pedagogik kadrlar tayyorlash faoliyati”;
quyidagi mazmundagi “g1” kichik band qoʻshilsin:
“g1) oliy oʻquv yurtidan keyingi taʼlimni amalga oshiruvchi oliy taʼlim va ilmiy-tadqiqot muassasalarida:
davlat talablarining taʼlim jarayoniga joriy etilishi;
doktorlik dissertatsiyasi mavzulari va bajarilayotgan ilmiy-tadqiqot ishlarning respublika ilmiy-texnik hamda texnologik rivojlanish va ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarning ustuvor yoʻnalishlariga mosligi;
ilmiy maslahatchilar tarkibining sifat koʻrsatkichlari hamda ularning ilmiy-tashkiliy faoliyati natijalari;
kadrlar tayyorlash boʻyicha istiqbol rejaning ustuvor yoʻnalishlarga mosligi;
taʼlimni amalga oshirish jarayoniga jalb etilgan pedagog va ilmiy xodimlarning Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oliy attestatsiya komissiyasi eʼtirof etgan jurnallarda, shuningdek xorijiy nashrlarda ilmiy maqolalarni chop etish faoliyati;
ilmiy-eksperimental, moddiy-texnik bazaning holati;
katta ilmiy xodim-izlanuvchilarga ijtimoiy, ilmiy, ijodiy hamda loyihalash ishlarini olib borishlari uchun yaratilgan shart-sharoitlar;
katta ilmiy xodim-izlanuvchilarning shaxsiy ish rejalarining bajarilishi, hisobotlarining oliy taʼlim muassasalarining kengashi yoki ilmiy tadqiqot muassasalarining ilmiy (ilmiy-texnikaviy) kengashlari, tegishli boʻlim, laboratoriya va boshqalarda muhokama qilinganligi hamda tasdiqlangan rejaga mos deb topilganligi;
katta ilmiy xodim-izlanuvchilar faoliyati samaradorligi monitoringini olib borilishi holati;
oliy oʻquv yurtidan keyingi taʼlimni bitirgan katta ilmiy xodim-izlanuvchilarning doktorlik dissertatsiyasini himoya qilish holati;
doktorlik dissertatsiyalari doirasida olingan ilmiy natijalarning amaliyotga joriy etish holati va ularning ijtimoiy-iqtisodiy samaradorligi”.
6. 12-banddagi “mezonlari va texnologiyalarini” soʻzlari “mezonlarini” soʻzi bilan almashtirilsin.
7. 14-bandning birinchi va ikkinchi xatboshilari quyidagi tahrirda bayon qilinsin:
“Davlat test markazida attestatsiyadan oʻtuvchi taʼlim muassasasi uchun attestatsiyadan oʻtkazish bilan bogʻliq boʻlgan hujjatlar yigʻma jildi yigʻiladi. Unda:
Komissiya tuzish haqidagi buyruq (qaror)”.
8. 15-bandning birinchi xatboshidagi “(keyingi oʻrinlarda — Komissiya)lari” soʻzlaridan keyin “mahalliy davlat hokimiyati organlarining qarori bilan tuziladi va” soʻzlari qoʻshilsin.
9. 16-banddagi “Xalq taʼlimi vazirligi tizimidagi” soʻzlari “Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligiga boʻysunuvchi” soʻzlari bilan almashtirilsin.
10. 17 va 18-bandlar quyidagi tahrirda bayon qilinsin:
“17. Oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi muassasalari, oliy taʼlim muassasalari, oliy oʻquv yurtidan keyingi taʼlimni amalga oshiruvchi oliy taʼlim va ilmiy-tadqiqot muassasalari, kadrlar malakasini oshirish va ularni qayta tayyorlash taʼlim muassasalari uchun Komissiyalar tarkibiga mos ravishda taʼlim muassasalarining pedagog va rahbar xodimlari, Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Fan va texnologiyalarni rivojlantirishni muvofiqlashtirish qoʻmitasi va Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oliy attestatsiya komissiyasi va tarmoq ilmiy-tadqiqot institutlarining yetakchi olimlari, taʼlimni boshqaruv boʻyicha vakolatli davlat organlarining masʼul xodimlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari vakillari va tegishli ishlab chiqarish korxonalarining yuqori malakali mutaxassislari jalb etiladi hamda ular attestatsiya qilinayotgan taʼlim muassasalariga aloqador boʻlmasligi lozim.
Komissiya Davlat test markazi tomonidan tuzilib, unga Davlat test markazi xodimi rahbarlik qiladi.
18. Komissiya aʼzolarining xizmat safarlari bilan bogʻliq boʻlgan xarajatlar ularning asosiy ish joyi mablagʻlari hisobidan qoplanadi.
Bunda tegishli budjet tashkilotlaridan jalb qilingan attestatsiya komissiyasi aʼzolarining xizmat safari bilan bogʻliq boʻlgan xarajatlari ushbu budjet tashkilotlarining tasdiqlangan xarajatlar smetasida xizmat safari uchun koʻzda tutilgan mablagʻlar doirasida amalga oshiriladi”.
11. 26-bandga quyidagi mazmundagi xatboshi qoʻshilsin:
“Bunda “Attestatsiyadan oʻtmadi” deb eʼtirof etilgan nodavlat taʼlim muassasalarining oʻquvchilarini boshqa umumiy oʻrta taʼlim muassasalariga koʻchirish masalasi xalq taʼlimi muassasalari faoliyatini metodik taʼminlash va tashkil etish tuman (shahar) boʻlimi tomonidan amalga oshiriladi”.
12. 28-band quyidagi tahrirda bayon qilinsin:
“28. “Attestatsiyadan oʻtdi” va “Attestatsiyadan shartli oʻtdi” deb eʼtirof etilgan oʻrta-maxsus, kasb-hunar taʼlimi muassasasining attestatsiyadan oʻtmagan taʼlim (tayyorlov) yoʻnalishlari boʻyicha koʻrsatilgan kamchilik va nuqsonlarni bartaraf etish uchun bir yil muddat beriladi va ushbu muddat tugagandan soʻng bu taʼlim (tayyorlov) yoʻnalishlari qayta attestatsiyadan oʻtkaziladi”.
13. 29-banddagi “taʼlim yoʻnalishlari” soʻzlari “taʼlim (tayyorlov) yoʻnalishlari” soʻzlari bilan almashtirilsin.
14. 31-bandga quyidagi mazmundagi xatboshi qoʻshilsin:
“Attestatsiyadan oʻtmadi” deb eʼtirof etilgan nodavlat taʼlim muassasalarining oʻquvchilarini boshqa oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlim muassasalariga koʻchirish masalasi oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimining hududiy boshqarmalari tomonidan amalga oshiriladi”.
15. 36-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“36. Oliy taʼlim muassasalarining qayta attestatsiyadan oʻtmagan taʼlim yoʻnalishi va mutaxassisliklari bitiruvchilarini yakuniy davlat attestatsiyasi ushbu oliy taʼlim muassasasining yuqori turuvchi vazirlik (idora) tomonidan tashkil etilgan davlat attestatsiya komissiyasi tomonidan oʻtkaziladi”.
16. Quyidagi mazmundagi 371 — 376-bandlar qoʻshilsin:
“371. Oliy oʻquv yurtidan keyingi taʼlimni amalga oshiruvchi oliy taʼlim va ilmiy-tadqiqot muassasasida kamida bitta ixtisoslik attestatsiyadan oʻtgan taqdirda, mazkur muassasa ushbu taʼlim turi boʻyicha “Attestatsiyadan oʻtdi” deb eʼtirof etiladi.
372. Oliy oʻquv yurtidan keyingi taʼlim ixtisosliklarini oxirgi 3 yilda bitirgan katta ilmiy xodim-izlanuvchilardan doktorlik dissertatsiyasi fan doktori ilmiy darajasini beruvchi ilmiy kengash tomonidan himoyaga qabul qilinganlar soni 10 foizdan kam boʻlsa ixtisoslikka nisbatan “Attestatsiyadan oʻtmadi” degan qaror qabul qilinadi.
373. “Attestatsiyadan oʻtdi” deb eʼtirof etilgan oliy oʻquv yurtidan keyingi taʼlimni amalga oshiruvchi oliy taʼlim va ilmiy-tadqiqot muassasasining attestatsiyadan oʻtmagan ixtisosliklari bir yildan keyin qayta attestatsiyadan oʻtkaziladi.
374. Qayta attestatsiya natijalariga koʻra “Attestatsiyadan oʻtmadi” deb eʼtirof etilgan ixtisosliklarga qabul toʻxtatiladi. Qayta attestatsiya natijalari qabulni toʻxtatish boʻyicha tegishli qaror qabul qilish uchun Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Fan va texnologiyalarni rivojlantirishni muvofiqlashtirish qoʻmitasiga yuboriladi.
375. Oliy oʻquv yurtidan keyingi taʼlimni amalga oshiruvchi oliy taʼlim va ilmiy-tadqiqot muassasalari “Attestatsiyadan oʻtmadi” deb eʼtirof etilganda:
oliy oʻquv yurtidan keyingi taʼlim boʻyicha qabul toʻxtatiladi;
oliy oʻquv yurtidan keyingi taʼlim boʻyicha litsenziyaning amal qilishi tugatiladi (nodavlat oliy taʼlim muassasalari uchun);
oliy oʻquv yurtidan keyingi taʼlim boʻyicha litsenziya muddatini uzaytirishga rad javobi berish (nodavlat oliy taʼlim muassasalari uchun) masalasi koʻriladi;
taʼlim olayotganlar ilmiy ishlarini davom ettirishi uchun Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Fan va texnologiyalarni rivojlantirishni muvofiqlashtirish qoʻmitasi tomonidan boshqa turdosh taʼlim muassasalariga oʻtkaziladi.
376. Oliy oʻquv yurtidan keyingi taʼlimni amalga oshiruvchi oliy taʼlim va ilmiy-tadqiqot muassasalarini attestatsiyadan oʻtkazish Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Fan va texnologiyalarni rivojlantirishni muvofiqlashtirish qoʻmitasi va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oliy attestatsiya komissiyasining monitoringi natijalari hamda oliy yoki ilmiy-tadqiqot taʼlim muassasalari tomonidan taqdim etilgan maʼlumotlar asosida joylarga chiqmagan holda ham amalga oshirilishi mumkin”.
17. 38-bandning ikkinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“MOMning davlat talablari va Ustavida belgilangan vazifalari, oʻquv jarayonining tashkil etilishi, ilmiy-pedagog kadrlar salohiyati va ular faoliyatining samaradorligi, moddiy-texnik va oʻquv-laboratoriya taʼminoti, oʻquv-tarbiya jarayoniga zamonaviy pedagogik va axborot texnologiyalarining joriy etilishi, ishlab chiqarish bilan integratsiya va xalqaro hamkorlik boʻyicha faoliyati Davlat test markazi tomonidan ishlab chiqilgan mezonlar bilan baholanadi. Mezonlar asosida MOMda mavjud kurslarning 75 va undan koʻp foizi attestatsiyadan oʻtsa, MOM “Attestatsiyadan oʻtdi”, 55 foizdan 75 foizgacha attestatsiyadan oʻtsa, MOM “Attestatsiyadan shartli oʻtdi”, 55 dan kam foizi attestatsiyadan oʻtsa, MOM “Attestatsiyadan oʻtmadi” deb eʼtirof etiladi”.
18. Quyidagi mazmundagi 381-382-bandlar qoʻshilsin:
“381. “Attestatsiyadan shartli oʻtdi” deb eʼtirof etilgan taʼlim muassasalarining davlat akkreditatsiyasi qayta attestatsiya oʻtkazilgunga qadar uzaytirilgan hisoblanadi.
382. Qayta attestatsiya natijalariga koʻra taʼlim muassasasiga nisbatan “Attestatsiyadan oʻtdi” yoki “Attestatsiyadan oʻtmadi” degan qarorlardan biri qabul qilinadi”.
19. 43-bandi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Taʼlim muassasasini akkreditatsiyalash uchun Attestatsiya komissiyasi tomonidan taʼlim muassasasi attestatsiyasi xulosasi Akkreditatsiya komissiyasiga taqdim etiladi”.
20. 46-banddagi “standartlari” soʻzidan keyin “va davlat” soʻzlari qoʻshilsin.
21. 47-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Davlat akkreditatsiyasidan oʻtgan taʼlim muassasalari Davlat test markazida hisobga olinadi va ommaviy axborot vositalarida eʼlon qilinadi.
Taʼlim muassasalari yangi tashkil etilganda, qayta tashkil etilganda, tugatilganda manfaatdor vazirlik va idoralar tomonidan, nodavlat taʼlim muassasalari tugatilganda taʼsischilari tomonidan tegishli qaror nusxasi bir hafta muddatda Davlat test markaziga taqdim etilishi lozim.
Oʻzbekiston Respublikasining xorijiy davlatlar bilan birgalikda tashkil etilgan taʼlim muassasalari, Oʻzbekiston Respublikasi hududida faoliyat koʻrsatayotgan xorijiy davlatlarining taʼlim muassasalari filiallari akkreditatsiyadan oʻtganligi toʻgʻrisidagi yoki unga tenglashtirilgan hujjatni asosiy taʼlim muassasasidan olgandan soʻng, uning nusxasini ikki hafta muddatda Davlat test markaziga taqdim etishi shart.
Davlat test markazi ushbu hujjatlar asosida davlat akkreditatsiyasidan oʻtgan taʼlim muassasalari reyestriga tegishli oʻzgartirishlarni kiritadi”.
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2016-y., 18-son, 196-modda)