Oʻzbekiston Respublikasining qonuni
DAVLAT BUDJETINING GʻAZNA IJROSI TOʻGʻRISIDA
Mazkur Qonun Oʻzbekiston Respublikasining 2013-yil 27-dekabrdagi OʻRQ-361-sonli “Oʻzbekiston Respublikasining Budjet kodeksi qabul qilinishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish, shuningdek ayrim qonun hujjatlarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb topish toʻgʻrisida”gi Qonuniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
1-modda. Ushbu Qonunning maqsadi
Ushbu Qonunning maqsadi Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjetining (shu jumladan davlat maqsadli jamgʻarmalarining) va budjet tashkilotlarining budjetdan tashqari mablagʻlarining gʻazna ijrosi (bundan buyon matnda Davlat budjetining gʻazna ijrosi deb yuritiladi) sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iborat.
2-modda. Davlat budjetining gʻazna ijrosi toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari
Davlat budjetining gʻazna ijrosi toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari ushbu Qonun hamda boshqa qonun hujjatlaridan iboratdir.
Agar Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasida Oʻzbekiston Respublikasining Davlat budjetining gʻazna ijrosi toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarida nazarda tutilganidan boshqacha qoidalar belgilangan boʻlsa, xalqaro shartnoma qoidalari qoʻllaniladi.
3-modda. Davlat budjeti gʻazna ijrosining asosiy prinsiplari
Davlat budjeti gʻazna ijrosining asosiy prinsiplari kassaning yagonaligi hamda buxgalteriya hisobi va hisobotini tashkil etishning yagonaligidan iborat.
4-modda. Davlat budjetining gʻazna ijrosi
Davlat budjetining gʻazna ijrosi Davlat budjetining barcha daromadlarini yagona gʻazna hisobvaragʻiga kiritishdan, shuningdek Davlat budjetining xarajatlarini shu hisobvaraqdan toʻlashdan iborat.
5-modda. Davlat budjetining gʻazna ijrosi muddatlari
Davlat budjetining gʻazna ijrosi moliya yili mobaynida hamda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadigan qoʻshimcha vaqt davrida amalga oshiriladi.
6-modda. Gʻaznachilik
Davlat budjetining gʻazna ijrosi qonun hujjatlarida belgilab qoʻyiladigan maxsus vakolatli moliya organi hamda uning Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar, tumanlar, shaharlardagi hududiy boʻlinmalari (bundan buyon matnda Gʻaznachilik deb yuritiladi) tomonidan amalga oshiriladi.
7-modda. Gʻaznachilikning asosiy vazifalari
Gʻaznachilikning asosiy vazifalari quyidagilardan iborat:
Davlat budjetining kassa ijrosi;
Davlat budjeti mablagʻlarining tushumi va sarfi ustidan nazoratni amalga oshirish;
Davlat budjeti mablagʻlarini boshqarish, yagona gʻazna hisobvaragʻini va hududiy gʻazna hisobvaraqlarini yuritish;
budjet mablagʻlari oluvchining tovar yetkazib beruvchi (ish bajaruvchi, xizmat koʻrsatuvchi) bilan tuzilgan shartnomasini, shuningdek buyurtmachining Davlat budjeti mablagʻlari hisobidan kapital qurilish uchun tuzilgan shartnomasini majburiy roʻyxatdan oʻtkazish;
Davlat budjetida qaysi yuridik yoki jismoniy shaxslar uchun mablagʻlar nazarda tutilgan boʻlsa, oʻsha yuridik yoki jismoniy shaxslar nomidan va ularning topshirigʻiga binoan toʻlovlarni amalga oshirish;
Davlat budjeti gʻazna ijrosining buxgalteriya hisobini yuritish;
Davlat budjetining ijrosi toʻgʻrisidagi axborotni yigʻish, qayta ishlash, tahlil qilish va hisobotni tuzish;
Oʻzbekiston Respublikasining davlat ichki va tashqi qarzlariga xizmat koʻrsatish, Oʻzbekiston Respublikasining kafolatlarini ijro etish.
(7-modda matni Oʻzbekiston Respublikasining 2007-yil 17-dekabrdagi OʻRQ-130-sonli Qonuni tahririda — OʻR QHT, 2007-y., 50-51-son, 509-modda)
Oldingi tahrirga qarang.
Oʻzbekiston Respublikasiga kelayotgan barcha turdagi, shu jumladan nomoddiy shakldagi insonparvarlik yordami hamda texnik koʻmaklashish vositalarini toʻliq va tizimli hisobga olish.
(7-modda Oʻzbekiston Respublikasining 2009-yil 6-apreldagi OʻRQ-204-sonli Qonuniga asosan oʻninchi xatboshi bilan toʻldirilgan — OʻR QHT, 2009-y., 15-son, 174-modda)
8-modda. Gʻaznachilikning boshqa organlar va tashkilotlar bilan oʻzaro munosabatlari
Gʻaznachilik oʻz zimmasiga yuklatilgan vazifalarni davlat boshqaruvining boshqa organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari, Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki, tijorat banklari, boshqa tashkilotlar bilan oʻzaro hamkorlikda bajaradi. Mazkur organlar va tashkilotlar Davlat budjetining kassa ijrosini amalga oshirishda, uning mablagʻlarini boshqarishda, Davlat budjeti mablagʻlarining tushumi va sarfi ustidan nazoratni amalga oshirishda Gʻaznachilikka koʻmaklashishlari shart.
Gʻaznachilik bilan davlat soliq, bojxona xizmati organlari, Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki, tijorat banklari, davlat maqsadli jamgʻarmalarini taqsimlovchi organlar, Davlat budjetida mablagʻlar nazarda tutilgan yuridik shaxslar, shuningdek budjet jarayonining boshqa ishtirokchilari Davlat budjetining gʻazna ijrosi sohasidagi maʼlumotlarni qonun hujjatlarida belgilangan tartibda almashib turadilar.
Davlat maqsadli jamgʻarmalarini taqsimlovchi organlar, Davlat budjetida mablagʻlar nazarda tutilgan yuridik shaxslar, shuningdek budjet jarayonining boshqa ishtirokchilari Gʻaznachilikka taqdim etiladigan maʼlumotlarning toʻgʻriligi va asosliligi uchun javobgar boʻladilar.
9-modda. Gʻaznachilikning bank hisobvaraqlari
Yagona gʻazna hisobvaragʻi Gʻaznachilik tomonidan boshqariladigan maxsus bank hisobvaragʻi boʻlib, bu hisobvaraqqa Davlat budjeti mablagʻlari hamda budjet tashkilotlarining budjetdan tashqari mablagʻlari kiritiladi. Yagona gʻazna hisobvaragʻidan Davlat budjetida mablagʻlar nazarda tutilgan yuridik va jismoniy shaxslarning xarajatlari toʻlanadi, shuningdek davlat maqsadli jamgʻarmalarining xarajatlari amalga oshiriladi.
Yagona gʻazna hisobvaragʻi belgilangan tartibda Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankida Gʻaznachilik tomonidan ochiladi.
Gʻaznachilik Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankida va oʻzga banklarda boshqa bank hisobvaraqlari ochish huquqiga ega.
Gʻaznachilikning bank hisobvaraqlaridan mablagʻlarning soʻzsiz tartibda hisobdan chiqarilishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
10-modda. Davlat budjeti daromadlarini hamda budjet tashkilotlarining budjetdan tashqari mablagʻlarini hisobga kiritish
Davlat budjetiga toʻlanadigan soliqlar, yigʻimlar va boshqa majburiy toʻlovlar yagona gʻazna hisobvaragʻiga kiritilib, ular tegishincha respublika budjeti, Qoraqalpogʻiston Respublikasi budjeti, mahalliy budjetlar, davlat maqsadli jamgʻarmalari daromadlarida aks ettiriladi. Budjet tashkilotlarining budjetdan tashqari mablagʻlari yagona gʻazna hisobvaragʻiga kiritilib, ular mazkur tashkilotlarning daromadlarida aks ettiriladi
Davlat budjetiga chet el valyutasida toʻlanadigan soliqlar, yigʻimlar va boshqa majburiy toʻlovlar, shuningdek budjet tashkilotlarining chet el valyutasida tushadigan budjetdan tashqari mablagʻlari, agar qonun hujjatlarida boshqacha qoidalar nazarda tutilgan boʻlmasa, Gʻaznachilikning bankdagi valyuta hisobvaraqlariga kiritiladi.
11-modda. Soliqlar, yigʻimlar va boshqa majburiy toʻlovlar summalarini qaytarish
Gʻaznachilik yuridik va jismoniy shaxslarga ular tomonidan ortiqcha toʻlangan soliqlar, yigʻimlar va boshqa majburiy toʻlovlar summalari qonun hujjatlarida belgilangan tartibda yagona gʻazna hisobvaragʻidan yoki Gʻaznachilikning boshqa bank hisobvaraqlaridan qaytarilishini amalga oshiradi.
12-modda. Davlat budjetining xarajatlarini amalga oshirish
Davlat budjetining xarajatlari yagona gʻazna hisobvaragʻi yoki Gʻaznachilikning boshqa bank hisobvaraqlaridan belgilangan muddatlarda va tegishincha respublika budjeti, Qoraqalpogʻiston Respublikasi budjeti, mahalliy budjet, davlat maqsadli jamgʻarmalari mablagʻlarining hamda budjet tashkilotlarining budjetdan tashqari mablagʻlarining qoldiqlari doirasida amalga oshiriladi.
13-modda. Mablagʻlarni sudning qaroriga binoan oʻtkazish, dotatsiyalar va ssudalarni oʻtkazish
Mablagʻlarni sudning qaroriga binoan oʻtkazish, dotatsiyalar va ssudalarni oʻtkazish yagona gʻazna hisobvaragʻidan yoki Gʻaznachilikning boshqa bank hisobvaraqlaridan Davlat budjetida mablagʻlar nazarda tutilgan yuridik va jismoniy shaxslarning bank hisobvaraqlariga gʻaznachilik tomonidan oʻtkaziladi.
14-modda. Davlat budjeti mablagʻlarini boshqarish
Gʻaznachilik yagona gʻazna hisobvaragʻidagi va Gʻaznachilikning boshqa bank hisobvaraqlaridagi Davlat budjeti mablagʻlarini ularni Davlat budjetining xarajatlarini belgilangan muddatlarda amalga oshirish uchun yoʻnaltirish, shuningdek Davlat budjeti boʻsh mablagʻlarini bank depozitlari va boshqa aktivlarga vaqtincha joylashtirish hamda ular hisobidan respublika budjetiga, Qoraqalpogʻiston Respublikasi budjetiga, mahalliy budjetga, shuningdek davlat maqsadli jamgʻarmalariga budjet ssudalari berish yoʻli bilan boshqarib boradi.
15-modda. Davlat budjeti gʻazna ijrosining buxgalteriya hisobi
Davlat budjeti gʻazna ijrosining buxgalteriya hisobi Gʻaznachilik tomonidan, shuningdek davlat soliq va bojxona xizmati organlari, budjet tashkilotlari hamda davlat maqsadli jamgʻarmalarini taqsimlovchi organlar tomonidan Davlat budjeti gʻazna ijrosining buxgalteriya hisobi hisobvaraqlarining yagona rejasi va budjet tasnifi asosida tashkil etiladi hamda amalga oshiriladi.
Davlat budjeti gʻazna ijrosining buxgalteriya hisobi hisobvaraqlarining yagona rejasi Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi tomonidan ishlab chiqiladi va tasdiqlanadi.
16-modda. Davlat budjetining ijrosi toʻgʻrisidagi hisobot
Davlat budjetining ijrosi toʻgʻrisidagi hisobot Gʻaznachilik tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligiga taqdim etiladi.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi budjeti va mahalliy budjetlarning ijrosi toʻgʻrisidagi hisobotlar Gʻaznachilik tomonidan Qoraqalpogʻiston Respublikasi Moliya vazirligiga, viloyatlar, Toshkent shahar, tumanlar, shaharlar moliya organlariga taqdim etiladi.
17-modda. Nizolarni hal qilish
Davlat budjetining gʻazna ijrosi sohasidagi nizolar qonun hujjatlarida belgilangan tartibda hal qilinadi.
18-modda. Davlat budjetining gʻazna ijrosi toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarini buzganlik uchun javobgarlik
Davlat budjetining gʻazna ijrosi toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarini buzganlikda aybdor shaxslar belgilangan tartibda javobgar boʻladilar.
Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2004-yil 26-avgust,
664-II-son
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2004-y., 43-son, 453-modda; 2007-y., 50-51-son, 509-modda; 2009-y., 15-son, 174-modda)