O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvining
Qarori
Bir qarz oluvchi yoki bir-biriga daxldor qarz oluvchilar guruhi uchun tavakkalchilikning eng ko‘p miqdorlari to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida
[O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2015-yil 5-avgustda ro‘yxatdan o‘tkazildi, ro‘yxat raqami 2707]
Mazkur qaror O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki boshqaruvining 2020-yil 21-sentabrdagi 21/12-sonli “Bir qarz oluvchi, o‘zaro aloqador qarz oluvchilar guruhi, shu jumladan bankka aloqador shaxslar uchun tavakkalchilikning eng ko‘p miqdori to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qaroriga (ro‘yxat raqami 3283, 29.10.2020-y.) asosan 2021-yil 30-yanvardan o‘z kuchini yo‘qotadi.
O‘zbekiston Respublikasining “O‘zbekiston Respublikasining Markaziy banki to‘g‘risida”gi, “Banklar va bank faoliyati to‘g‘risida”gi qonunlari va O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2015-yil 6-maydagi PQ-2344-son “Tijorat banklarining moliyaviy barqarorligini yanada oshirish va ularning resurs bazasini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvi qaror qiladi:
1. Bir qarz oluvchi yoki bir-biriga daxldor qarz oluvchilar guruhi uchun tavakkalchilikning eng ko‘p miqdorlari to‘g‘risidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur qaror rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran uch oydan keyin kuchga kiradi.
Markaziy bank raisi F. MULLAJONOV
Toshkent sh.,
2015-yil 22-iyul,
19/16-son
O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvining 2015-yil 22-iyuldagi 19/16-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
Bir qarz oluvchi yoki bir-biriga daxldor qarz oluvchilar guruhi uchun tavakkalchilikning eng ko‘p miqdorlari to‘g‘risidagi
NIZOM
Mazkur Nizom O‘zbekiston Respublikasining “O‘zbekiston Respublikasining Markaziy banki to‘g‘risida”gi, “Banklar va bank faoliyati to‘g‘risida”gi qonunlari va O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2015-yil 6-maydagi PQ-2344-son “Tijorat banklarining moliyaviy barqarorligini yanada oshirish va ularning resurs bazasini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq bir qarz oluvchi yoki bir-biriga daxldor qarz oluvchilar guruhi uchun tavakkalchilikning eng ko‘p miqdorlarini belgilaydi.
1-bob. Umumiy qoidalar.
1. Mazkur Nizomda quyidagi asosiy tushunchalardan foydalaniladi:
qarzdor — kredit va boshqa har qanday majburiyat bo‘yicha bank oldida qarzdor bo‘lgan jismoniy yoki yuridik shaxs;
yuridik shaxsning yirik ishtirokchisi (aksiyadori) — ustav kapitali yoki ovoz beruvchi ulushlarning (aksiyalarning) 10 yoki undan ortiq foiziga bevosita yoki bilvosita ega bo‘lgan jismoniy yoki yuridik shaxs;
yirik tavakkalchilik — jami summasi bank birinchi darajali kapitalining 10 foizidan oshadigan bir qarz oluvchi yoki bir-biriga daxldor qarz oluvchilar guruhi uchun tavakkalchilik.
2. Shaxs quyidagi hollarda yuridik shaxsga katta ta’sir ko‘rsatayotgan hisoblanadi:
yuridik shaxsning yirik ishtirokchisi (aksiyadori) bo‘lsa;
yuridik shaxs bilan tuzilgan rasmiy bitim asosida yoki boshqa istalgan usulda shaxsning faoliyatini boshqarish yoki rahbarlik qilish imkoniyatiga ega bo‘lsa.
3. Quyidagi hollarda bankning qarzdorlari bir-biriga daxldor qarz oluvchilar guruhi deb hisoblanadi:
qarzdor(lar)dan biri boshqa qarzdor(lar)ga katta ta’sir o‘tkaza olishi mumkin bo‘lsa;
bankning qarzdori bo‘lgan to‘liq yoki kommandit shirkat, mas’uliyati cheklangan yoki qo‘shimcha mas’uliyatli jamiyatning ishtirokchisi ayni bir paytda bankning qarzdori bo‘lsa;
ikki yoki undan ortiq qarzdor aynan bir shaxsning (bu shaxs bank oldida qarzdor yoki qarzdor emasligidan qat’i nazar) ta’siri ostida bo‘lsa;
xo‘jalik jamiyati yoki shirkatning bankdan qarzdor bo‘lgan ikki yoki undan ortiq ishtirokchisi aynan bir shaxs bilan solidar javobgarlikni o‘z zimmasiga olgan bo‘lsa (bu shaxs bank oldida qarzdor yoki qarzdor emasligidan qat’i nazar);
bir qarzdor ikkinchisiga kredit sifatida olingan mablag‘larni bergan bo‘lsa yoxud ikki yoki undan ortiq qarzdorlar birgalikda yoki alohida holda kredit sifatida olingan mablag‘larini bir shaxsga (bu shaxs bank oldida qarzdor yoki qarzdor emasligidan qat’i nazar) bergan bo‘lsa (ikki yoki undan ortiq qarzdorlar bir sotuvchidan jihozlar sotib olishi kabi, odatdagi tijorat operatsiyalari bundan mustasno);
ikki va undan ortiq qarzdorlar xo‘jalik jamiyatlari va shirkatlarida ishtirok etish yoki birgalikda faoliyat yuritish uchun bankdan olgan kreditlardan foydalansa va ushbu kreditlarni yagona manbadan to‘lashsa;
qarzdorlarning birida moliyaviy qiyinchiliklar yuzaga kelgan taqdirda to‘lov bo‘yicha muammolar qarzdorlarning boshqasida ham yuzaga kelsa.
4. Bir qarz oluvchi yoki bir-biriga daxldor qarz oluvchilar guruhiga to‘g‘ri keluvchi tavakkalchiliklar (kreditlar) quyidagilarni o‘z ichiga oladi:
kreditlar, banklararo depozitlar, yuridik shaxs ustav kapitaliga va boshqa qimmatli qog‘ozlariga kiritilgan investitsiyalar, berilgan kafolatlar va ular bo‘yicha to‘lab berilib, undirilmagan mablag‘lar, qabul qilingan kafolatlar (kafilliklar), bosqichma-bosqich to‘lash sharti bilan sotilgan aktivlar, akseptlar yoki akkreditivlar, lizing, qimmatli qog‘ozlar va chet el valyutasini sotib olish bo‘yicha har qanday huquqiy asoslangan majburiyatnoma, faktoring, repo, svop hamda hisoblangan foizlar va balansdan tashqari moddalarda aks ettirilgan majburiyatlar;
(4-bandning ikkinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvining 2020-yil 16-yanvardagi 1/6-son qarori (ro‘yxat raqami 2707-4, 21.02.2020-y.) tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 21.02.2020-y., 10/20/2707-4/0201-son)
moliyalashtirishga doir barcha yuridik majburiyatlar;
overdraftlar (mijozlarning hisobvaraqlaridagi debet qoldiqlari);
ko‘zda tutilmagan holatlar hisobvaraqlariga o‘tkazilgan (“umidsiz” deb tasniflangan) barcha summalar, qarzdorning to‘lash majburiyati u bankrot deb e’lon qilinganligi natijasida yuridik jihatdan bekor qilingan hollar bundan mustasno.
(4-bandning beshinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvining 2018-yil 17-martdagi 9/9-sonli qarori (ro‘yxat raqami 2707-2, 03.04.2018-y.) tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 03.04.2018-y., 10/18/2707-2/0989-son)
2-bob. Bir qarz oluvchi yoki bir-biriga daxldor qarz oluvchilar guruhi uchun tavakkalchilikning eng yuqori darajasi
5. Bankning bir qarz oluvchi yoki bir-biriga daxldor qarz oluvchilar guruhi uchun tavakkalchilikning eng yuqori miqdori bank birinchi darajali kapitalining 25 foizidan oshmasligi kerak.
6. Bankning bir qarz oluvchi yoki bir-biriga daxldor qarz oluvchilar guruhiga to‘g‘ri keluvchi ta’minlanmagan kredit (e’timodli kredit), shuningdek faktoring xizmatlari uchun tavakkalchilikning eng yuqori miqdori bank birinchi darajali kapitalining 5 foizidan oshmasligi zarur, bundan banklararo kredit (depozit)lar mustasno bo‘lib, ushbu operatsiyalar mazkur Nizomning 5-bandi talabiga muvofiq amalga oshiriladi.
(6-band O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvining 2020-yil 16-yanvardagi 1/6-son qarori (ro‘yxat raqami 2707-4, 21.02.2020-y.) tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 21.02.2020-y., 10/20/2707-4/0201-son)
7. Yirik tavakkalchiliklarning umumiy miqdori bank birinchi darajali kapitalining 8 barobaridan oshmasligi lozim.
8. Mazkur Nizomning 5 — 7-bandlarida ko‘zda tutilgan cheklovlar quyidagi hollarda tatbiq etilmaydi:
bozor qiymati kreditlarning 125 foizini qoplay oladigan O‘zbekiston Respublikasi Hukumati va Markaziy bankining qimmatli qog‘ozlari, O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining kafolati yoki boshqa majburiyatlari bilan ta’minlangan kreditlar;
kreditlar kredit beruvchi bankdagi depozitlar bilan ta’minlanganda;
Xalqaro valyuta fondi va Jahon banki guruhi (Xalqaro tiklanish va taraqqiyot banki, Xalqaro moliya korporatsiyasi, Xalqaro investitsiyalarni kafolatlash agentligi, Xalqaro taraqqiyot assotsiatsiyasi) hamda Osiyo taraqqiyot banki, Osiyo infrastruktura investitsiya banki, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki, Yevropa investitsiya banki, Yevropa investitsiya jamg‘armasi, Islom taraqqiyot banki, Yevropa Kengashining taraqqiyot banki bilan yuzaga keladigan tavakkalchiliklar, shuningdek bank aktivlari va/yoki balansdan tashqari moddalardagi majburiyatlari ushbu tashkilotlar tomonidan kafolatlanganda.
(8-band O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvining 2020-yil 16-yanvardagi 1/6-son qarori (ro‘yxat raqami 2707-4, 21.02.2020-y.) tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 21.02.2020-y., 10/20/2707-4/0201-son)
9. Kredit bankdagi depozitlar bilan ta’minlangan bo‘lsa, u holda depozit kreditni ta’minlash uchun maxsus hisobvaraqqa kiritilishi hamda kredit shartnomasi yoki boshqa qo‘llaniladigan bitimda kredit qaytarilmagan holda bank depozitni ishlatishi mumkin ekanligi shart qilib qo‘yilishi lozim. Bank kreditini qaytarish muddati yetib kelgunga qadar maxsus hisobvaraqqa kiritilgan depozitdan mablag‘larni olishga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida zarur choralarni ko‘rishi va nazorat o‘rnatishi kerak.
10. Depozit chet el valyutasida kiritilgan bo‘lsa, bu valyutaning qiymati kredit qoldig‘ining kamida 105 foizini tashkil etishi lozim. Depozit valyutasining qiymati O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki valyuta operatsiyalari bo‘yicha buxgalteriya hisobi, statistika hisoboti hamda boshqa hisobot maqsadlari uchun, shuningdek O‘zbekiston Respublikasi hududida bojxona va boshqa majburiy to‘lovlarni hisoblash uchun milliy valyutaning chet el valyutasiga nisbatan kursi o‘zgarganda qayta baholanishi lozim.
(10-band O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvining 2018-yil 17-martdagi 9/9-sonli qarori (ro‘yxat raqami 2707-2, 03.04.2018-y.) tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 03.04.2018-y., 10/18/2707-2/0989-son)
11. Bank rahbariyati mazkur Nizomga muvofiq talab qilinadigan darajada ta’minot qiymatini saqlab turishga doir tegishli choralarni ko‘rishi lozim. Agar ta’minotning bozor qiymati tushib ketsa, bank 10 ish kuni mobaynida ta’minot miqdorini ushbu Nizomga muvofiqlashtirish choralarini ko‘rishi zarur.
Oldingi tahrirga qarang.
(3-bob O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvining 2018-yil 17-martdagi 9/9-sonli qaroriga (ro‘yxat raqami 2707-2, 03.04.2018-y.) asosan o‘z kuchini yo‘qotgan — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 03.04.2018-y., 10/18/2707-2/0989-son)
4-bob. Hisobotni yuritish
14. Har bir bank bir qarz oluvchi yoki bir-biriga daxldor qarz oluvchilar guruhi uchun tavakkalchilikning hamda yirik tavakkalchiliklarga doir yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan barcha yirik yo‘qotishlar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni o‘z ichiga olgan hisobotni yuritishi va har oyda bir marotaba Markaziy bankka taqdim etishi lozim.
15. Markaziy bankka taqdim qilinadigan hisobot har bir qarz oluvchi va bir-biriga daxldor qarz oluvchilar guruhi bo‘yicha qarzdorlarning nomi, ular to‘lamagan bank krediti umumiy summasi hamda qarzdorning boshqa majburiyatlari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni o‘z ichiga olishi lozim. Shuningdek, hisobotga bankning yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan barcha yirik tavakkalchiliklarning umumiy summasi ham kiritiladi.
5-bob. Yakuniy qoidalar
16. Mazkur Nizom kuchga kirgan sanada bankda bir qarz oluvchi yoki bir-biriga daxldor qarz oluvchilar guruhiga to‘g‘ri keluvchi tavakkalchilik miqdori belgilangan me’yorlardan oshadigan bo‘lsa, bunday aktivlar dastlabki shartlarda va muddatlarda to‘lanishi mumkin.
17. Bir qarz oluvchi yoki bir-biriga daxldor qarz oluvchilar guruhiga to‘g‘ri keluvchi tavakkalchilikning umumiy summasi kreditni berish vaqtida mazkur Nizomda ko‘zda tutilgan cheklovlar doirasida bo‘lib, keyinchalik belgilangan me’yorlardan oshib borsa (bank umumiy kapitali darajasi tushishi yoki valyutaning ayirboshlash stavkasi o‘zgarishi sababli), bank mazkur holat haqida Markaziy bankni zudlik bilan xabardor qilishi lozim.
18. Mazkur Nizom talablarining buzilishida aybdor bo‘lgan shaxslar qonun hujjatlariga muvofiq javobgar bo‘ladilar.
(O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2015-y., 31-son, 420-modda; 2017-y., 30-son, 744-modda; Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 03.04.2018-y., 10/18/2707-2/0989-son, 06.09.2018-y., 10/18/2707-3/1845-son; 21.02.2020-y., 10/20/2707-4/0201-son)