Norasmiy tarjima
Xalqaro bo‘lmagan tusdagi qurolli mojarolar qurbonlarini himoya qilishga taalluqli 1949 yil 12 avgustda qabul qilingan Jyeneva konvensiyalariga doir (II Protokol)
Qo‘shimcha protokol
Oliy Ahdlashuvchi Tomonlar,
1949-yil 12-avgustda qabul qilingan Jeneva konvensiyalari uchun umumiy bo‘lgan 3-moddada bayon etilgan insonparvarlik prinsiplari xalqaro tusga ega bo‘lmagan qurolli mojarolar yuzaga kelgan taqdirda inson shaxsini hurmat qilish uchun asos bo‘lib xizmat qilishini ogoh etib,
inson huquqlariga oid xalqaro hujjatlar inson shaxsi uchun asosiy himoyani ta’minlashini ogoh etib,
bunday qurolli mojarolar qurbonlarini eng maqbul himoya bilan ta’minlash zaruratini ta’kidlab,
amaldagi huquq me’yorlarida ko‘zda tutilmagan hollarda, inson shaxsi insonparvarlik prinsiplari va omma ongi taqozo etadigan talablar doirasida himoya etilishini ogoh etib, quyidagilar to‘g‘risida ahdlashib oldilar:
I QISM. MAZKUR PROTOKOLNING QO‘LLANISH SOHASI
1-modda — Asosiy qo‘llanish sohasi
1. Mazkur Protokol 1949-yil 12-avgustdagi Jeneva konvensiyalari uchun umumiy bo‘lgan 3-moddani rivojlantirib va to‘ldirib, uning qo‘llanishi borasidagi mavjud shart-sharoitni o‘zgartirmagan holda, xalqaro qurolli mojarolar qurbonlarini himoya qilishga taalluqli, 1949-yil 12-avgustda qabul qilingan Jeneva konvensiyalariga doir qo‘shimcha protokolning (I Protokol) 1-moddasi ta’sir doirasiga tushmaydigan barcha qurolli mojarolarga nisbatan va Oliy Ahdlashuvchi Tomonlardan birining hududida uning qurolli kuchlari bilan hukumatga qarshi bo‘lgan mas’ul qo‘mondonlik ostida bo‘lib, muayyan hududning bir qismi ustidan uzluksiz va kelishib turib harbiy harakatlarni olib borish hamda mazkur Protokolni qo‘llash uchun o‘zlariga imkon beradigan darajada nazoratni amalga oshiradigan qurolli kuchlar yoki boshqa uyushgan harbiy guruhlar o‘rtasidagi qurolli mojarolar vaqtida qo‘llanadi.
2. Mazkur Protokol ichki tartib buzilishi va keskinlik holatlari yuzaga kelgan vaziyatlarda, masalan, sodir bo‘lgan turli tartibsizliklar, ayrim va tasodifiy zo‘ravonlik harakatlari va shu mazmundagi boshqa xil harakatlarga nisbatan ushbu holatlarning qurolli mojarolar sirasiga kirmasligi sababli qo‘llanilmaydi.
2-modda — Alohida shaxslarga nisbatan qo‘llanish sohasi
1. Mazkur Protokol irqi, tana rangi, jinsi, tili, dini va e’tiqodi, siyosiy yoki boshqa xil maslagi, fuqaroligi yoxud ijtimoiy kelib chiqishi, mulkiy ahvoli, tavalludi yoki boshqa xil maqomi yoxud shunga o‘xshash alomatlarga asoslangan nomuvofiq tafovutlar qilinmasdan (bundan keyin qisqacha: “nomuvofiq tafovutlar”, deb ataladi), 1-moddada bayon etilgan qurolli mojarolar ta’sirida bo‘lgan barcha shaxslarga nisbatan qo‘llanadi.
2. Qurolli mojaro nihoyasida shu mojaro bilan bog‘liq sabablar tufayli ozodlikdan mahrum etilgan yoki erkinligi cheklab qo‘yilgan shaxslar, shuningdek, mojaro tugaganidan so‘ng xuddi shu sabablar asosida ozodlikdan mahrum etilgan yoxud erkinligi cheklangan shaxslarning barchasi o‘zlari ozodlikdan mahrum etilgan va erkinligi cheklab qo‘yilgan davr mobaynida 5 va 6-moddalarda ko‘zda tutilgan himoyadan foydalanadi.
3-modda — Aralashmaslik
1. Mazkur Protokolning hech bir jihati davlatning suverenitetiga daxl etish yoki hukumatning barcha qonuniy vositalar yordamida davlatdagi qonuniy tartiblarni mustahkamlash va tiklash yoxud milliy birdamlik va davlatning hududiy yaxlitligini himoya qilish borasidagi vazifalariga aralashish sifatida talqin etilmasligi kerak.
2. Mazkur Protokolning hech bir jihati qurolli mojaroga yoki ushbu mojaro bo‘lib o‘tayotgan hudud tegishli bo‘lgan Oliy Ahdlashuvchi Tomonning ichki yoxud tashqi ishlariga qandaydir sabab bilan bevosita yoki bavosita aralashuvni oqlash uchun xizmat qiladigan mazmunda talqin etilmasligi kerak.
II QISM. INSONIY MUOMALA
4-modda — Asosiy kafolatlar
1. Harbiy harakatlarda bevosita ishtirok etmayotgan yoki ishtirok etishni to‘xtatgan barcha shaxslar, ularning erkinligi cheklangan yoki cheklanmaganligidan qat’i nazar, o‘z shaxsi, or-nomusi, maslagi va diniy taomillarining hurmat qilinishi huquqiga egadir. Har qanday sharoitda ularga nisbatan insoniy biron-bir nomuvofiq tafovutlarsiz munosabatda bo‘linadi. Hech kimni tirik qoldirmaslik to‘g‘risida buyruq berish taqiqlanadi.
2. Yuqorida ko‘rsatib o‘tilgan umumiy qoidalarga ziyon yetkazmagan holda 1-bandda qayd etilgan shaxslarga nisbatan quyidagi xatti-harakatlarni sodir etish har qachon har qanday joyda taqiqlangan va taqiqlanadi:
a) shaxsning hayotiga, sog‘lig‘iga, jismoniy va ruhiy salomatligiga tajovuz qilish, xususan, o‘ldirish, shuningdek, azob berish, mayib-majruh qilish yoki boshqa xil tan jazosi ko‘rinishida shafqatsiz muomalada bo‘lish;
b) ommaviy jazolash;
s) garovga olish;
d) terrorchilik harakatlarini qo‘llash;
e) insoniy qadr-qimmatini toptash, xususan, xo‘rlash va haqoratlash, zo‘rlash, fohishabozlikka majburlash yoki boshqa xildagi nomunosib tajovuzlar ko‘rsatish;
f) qullikka solish va barcha toifadagi qul savdosiga jalb etish;
g) talon-toroj qilish;
h) yuqorida qayd etilgan xatti-harakatlardan istalgan bittasini amalga oshirish to‘g‘risida tahdid etish.
3. Bolalarga zarur g‘amxo‘rlik va ko‘mak ko‘rsatiladi, xususan:
a) ular o‘z ota-onalarining, ota-onalari bo‘lmagan taqdirda ularga vasiylik qilish bo‘yicha mas’ul shaxslarning xohish-istaklari asosida ta’lim-tarbiya, shu jumladan, diniy va axloqiy tarbiya oladi;
b) vaqtincha ajralib ketgan oilalarni birlashtirishga ko‘maklashish uchun barcha zaruriy choralar ko‘riladi;
s) o‘n besh yoshga to‘lmagan bolalar qurolli kuchlar yoki guruhlar safiga yollanmaydi va ularga harbiy harakatlarda qatnashish uchun ruxsat etilmaydi;
d) agar ular s) banddagi qoidalarga xilof ravishda harbiy harakatlarda bevosita qatnashgan va asir tushganlari taqdirda, mazkur moddadagi o‘n besh yoshga to‘lmagan bolalar uchun ko‘zda tutilgan maxsus himoya ularga nisbatan qo‘llanishda davom etadi;
e) zaruriyat tug‘ilgan va imkoniyat mavjud bo‘lgan hollarda ota-onalarining yoki qonun yoxud taomil bo‘yicha ularga vasiylik qilish bo‘yicha asosiy mas’ul shaxslarning roziligi asosida bolalarni harbiy harakatlar hududidan mamlakat ichkarisidagi nisbatan xavfsiz hududga vaqtincha ko‘chirish choralari ko‘riladi va bunda bolalarning o‘z xavfsizliklari va osoyishtaliklari uchun mas’ul shaxslarning hamrohligida bo‘lishi ta’minlanadi.
5-modda — Erkinligi cheklangan shaxslar
1. Harbiy harakatlar bilan bog‘liq bo‘lgan sabablar tufayli ozodlikdan mahrum etilgan shaxslarga nisbatan qo‘llaniladigan 4-modda qoidalariga qo‘shimcha ravishda, ushbu shaxslarning muayyan hududga joylashtirilgani yoki ko‘chirilganidan qat’i nazar, ularga nisbatan kamida quyidagi qoidalarga amal qilinadi:
a) yaradorlar va bemorlar 7-modda qoidalari asosida tegishli muomaladan foydalanadi;
b) ushbu bandda ko‘rsatib o‘tilgan shaxslar mahalliy fuqaro aholi bilan tengma-teng ravishda oziq-ovqat va ichimlik suv bilan ta’minlanadi, ularga sog‘liqni saqlash va gigiyenaga amal qilish uchun tegishli sharoit, shuningdek, shafqatsiz iqlim sharoitidan va qurolli mojaro xavf-xataridan himoyalanish imkoniyati yaratib beriladi;
s) ularga alohida yoki ommaviy tartibda ko‘mak olish uchun ruxsat etiladi;
d) ularga o‘z diniy taomillarini amalga oshirishlari va tegishli iltimoslar tushganda va joiz deb topilganda, diniy vazifani bajaruvchi ruhoniylar va boshqa shunday shaxslardan ma’naviy ko‘mak olish uchun ruxsat etiladi;
e) ishga jalb etilgan taqdirda, ular mahalliy fuqaro aholi qatori tegishli ish sharoiti va mehnat muhofazasi bilan ta’minlanadi.
2. Yuqorida 1-bandda ko‘rsatib o‘tilgan muayyan hududga joylashtirilishi yoki ko‘chirib saqlanishi uchun mas’ullar o‘z imkoniyatlarida doirasida ushbu shaxslarga taalluqli quyidagi qoidalarga amal qiladi:
a) yagona oilani tashkil etuvchi erkak va ayolni birgalikda joylashtirishdan tashqari barcha hollarda ayollar erkaklar joylashgan binolardan uzoqroq binolarga joylashtiriladi va bevosita ayollarning nazorati ostida bo‘ladi;
b) ularga xatlar va pochta kartochkalari jo‘natish va olish uchun ruxsat etiladi hamda bu xat-xabarlar soni zarur topilganda vakolatli ma’murlar tomonidan cheklanishi mumkin;
s) muayyan hududga joylashtirilgan va ko‘chirib saqlanayotgan shaxslar joylashtirilgan manzil jangovar harakatlar borayotgan hudud yaqinida bo‘lmasligi kerak. Qurolli mojarolar tufayli 1-bandda qayd etilgan shaxslar saqlanayotgan manzil yaqqol xavf-xatar ostida qolgan taqdirda, ularni yetarli darajada bexatar sharoitda ko‘chirish imkoniyati mavjud bo‘lsa, ular boshqa joyga ko‘chirilishi zarur;
d) ular tibbiy ko‘rikdan o‘tish huquqidan foydalanadi;
e) ularning jismoniy va ruhiy salomatligiga hamda daxlsizligiga qandaydir oqlab bo‘lmaydigan xatti-harakat yoki harakatsizlik tufayli ziyon yetkazish mumkin emas. Shu ma’noda, ushbu moddada qayd etilgan shaxslarning salomatligi vajidan taqozo etilmagan hamda tibbiyot nuqtayi nazari bo‘yicha xuddi shunday sharoitda ozodlikdagi shaxsga nisbatan qo‘llash odatdagi tibbiyot talablariga javob bermaydigan har qanday tibbiy muolajalarning ularga nisbatan qo‘llanishi taqiqlanadi.
3. Yuqoridagi 1-bandda qoidalari o‘zlariga nisbatan qo‘llanmaydigan, ammo harbiy harakatlar bilan bog‘liq bo‘lgan sabablar tufayli qanday tarzda bo‘lmasin ozodlikdan mahrum etilgan shaxslar 4-modda va mazkur moddaning “1.a”, “1.s” va “1.d” bandlari hamda “2.b” bandi asosida insoniy muomaladan foydalanadi.
4. Ozodlikdan mahrum etilgan shaxslarni ozod etish to‘g‘risida qaror qabul qilingan taqdirda, bunday qarorni qabul qiluvchilar ushbu shaxslarning xavfsizligini ta’minlash uchun zarur bo‘lgan barcha choralarni ko‘radi.
6-modda — Jinoyatni jazolash jarayoni
1. Ushbu modda qurolli mojaro bilan bog‘liq bo‘lgan jinoiy huquqbuzarliklar bo‘yicha sudlov va jazolash jarayoniga nisbatan qo‘llanadi.
2. Muayyan shaxsning mustaqillik va xolislik kabi asosiy kafolatlarni ta’minlagan sud hukmi bo‘yicha huquqbuzarlikda aybdor deb topilishidan tashqari barcha hollarda, unga nisbatan hech qanday sud hukmi chiqarilmaydi hamda hech qanday jazo chorasi qo‘llanilmaydi. Xususan:
a) sudlov jarayoni ayblanuvchi ayb sifatida o‘z bo‘yniga qo‘yilayotgan huquqbuzarlik tafsilotlaridan kechiktirmasdan xabardor etilishini hamda sudgacha bo‘lgan davrda va sud paytida ayblanuvchi barcha tegishli huquqlar va himoya vositalari bilan ta’minlanishini ko‘zda tutishi kerak;
b) hech bir shaxs o‘zining shaxsan jinoiy javobgarligiga asoslanmagan huquqbuzarlik yuzasidan jazoga hukm etilmasligi kerak;
s) hech bir shaxs sodir etilgan paytda kuchda bo‘lgan qonunchilikka ko‘ra jinoiy huquqbuzarlik hisoblanmagan qaysidir harakati yoki xatosi bilan bog‘liq qandaydir jinoiy huquqbuzarlik bo‘yicha aybdor deb topilishi mumkin emas; shuning barobarida, jinoiy huquqbuzarlik sodir etilgan paytda qo‘llanishi mumkin bo‘lgan jazoga nisbatan og‘ir jazo berilishi mumkin emas; agar huquqbuzarlik sodir etilganidan keyin qonunda nisbatan yengil jazo chorasi ko‘zda tutiladigan bo‘lsa, u holda ushbu qonunning ta’siri mazkur huquqbuzarga ham taalluqlidir;
d) huquqbuzarlikda ayblanayotgan har qanday shaxsning aybi qonun bo‘yicha isbot etilmaguniga qadar u aybsiz hisoblanadi;
e) huquqbuzarlikda ayblanayotgan har qanday shaxs sudda o‘z ishining ko‘rib chiqilishida hozir bo‘lish huquqiga ega;
f) hech qanday shaxs o‘ziga o‘zi qarshi guvohlik berishga yoki o‘zini o‘zi aybdor deb tan olishga majbur etilishi mumkin emas.
3. Hukmni e’lon qilish paytida mahkum o‘zining sudlov yoki boshqa tartibda shikoyat qilish huquqi, shuningdek, ushbu huquqdan qancha muddat davomida foydalanishi mumkinligi to‘g‘risida xabardor etilishi kerak.
4. Huquqbuzarlik sodir etgan paytda o‘n sakkiz yoshga to‘lmagan shaxslar o‘limga hukm qilinmaydi hamda homilador ayollar va yosh bolali ayollarga nisbatan bunday hukm ijro etilmaydi.
5. Harbiy harakatlar barham topgach, hukumat tepasidagi ma’muriy organlar qurolli mojarolarda qatnashgan shaxslarga hamda muayyan hududga joylashtirilganligi yoki ko‘chirib saqlanayotganligidan qat’i nazar, qurolli mojaro tufayli erkinligi cheklangan shaxslarga nisbatan iloji boricha keng amnistiya berishga harakat qiladi.
III QISM. YARADORLAR, BEMORLAR VA KEMA HALOKATIGA UCHRAGAN SHAXSLAR
7-modda — Himoya va parvarishlash
1. Barcha yaradorlar, bemorlar va kema halokatiga uchragan shaxslar, qurolli mojaroda qatnashgani yoki qatnashmaganidan qat’i nazar, hurmat va himoyadan foydalanadi.
2. Har qanday sharoitda ularga nisbatan insoniy muomala qilinadi hamda salomatligi taqozo etgan hollarda ular iloji boricha imkoniyat doirasida va qisqa fursatda tibbiy ko‘mak va tegishli parvarish bilan ta’minlanadi. Ularni tibbiy nuqtayi nazardan tashqari hech bir jihat bo‘yicha tafovutlashga yo‘l qo‘yilmaydi.
8-modda — Qidiruv
Sharoit taqozo etgan barcha hollarda, ayniqsa, jangdan keyin yaradorlar, bemorlar va kema halokatiga uchragan shaxslarni qidirib topish va yig‘ib olish hamda ularni talon-torojdan, nojo‘ya muomalalardan muhofaza etish, tegishli parvarish bilan ta’minlash, bundan tashqari, murdalarni qidirib topish va ularni talon-toroj etishlariga yo‘l qo‘ymaslik hamda munosib ravishda dafn etish yuzasidan barcha zaruriy choralar kechiktirmasdan amalga oshiriladi.
9-modda — Tibbiy va diniy xodimlar himoyasi
1. Tibbiy va diniy xodimlar hurmat va himoyadan foydalanadi va o‘z vazifalarini bajarishlari uchun ularga barcha zaruriy yordam ko‘rsatiladi. Ular o‘z insonparvarlik faoliyatiga mos kelmaydigan ishlarni bajarishga majbur etilishi mumkin emas.
2. O‘z vazifasini bajarayotgan tibbiy xodimlardan biron-bir shaxsga nisbatan tibbiy mazmundagidan boshqacharoq mulohaza asosida alohida munosabatda bo‘lishni talab qilish mumkin emas.
10-modda — Tibbiy faoliyat ko‘rsatayotgan shaxslarning umumiy himoyasi
1. Hech qanday sharoitda biron-bir shaxs tibbiyot odob-axloqiga mos ravishda tibbiy faoliyat ko‘rsatgani uchun, bu faoliyatning qaysi shaxs manfaatlariga qaratilganidan qat’i nazar, jazoga tortilishi mumkin emas.
2. Tibbiy faoliyat ko‘rsatayotgan shaxs tibbiyot odob-axloqi qoidalariga yoki yaradorlar va bemorlar manfaatiga xizmat qiladigan boshqa tibbiy nizomlarga yoxud mazkur Protokol qoidalariga xilof harakatlarni sodir etishga yoki shunday ishlarni bajarishga, shuningdek, ana shu qoida va nizomlar bo‘yicha talab qilingan harakatlarni bajarmaslikka majbur etilishi mumkin emas.
3. Milliy qonunchilikni hisobga olgan holda, tibbiy faoliyat ko‘rsatayotgan shaxslarning o‘z qaramog‘ida (yoki ilgari o‘z qaramog‘ida) bo‘lgan yaradorlar va bemorlarga taalluqli axborotga ega bo‘lish bilan bog‘liq kasbiy faoliyati hurmat qilinishi zarur.
4. Milliy qonunchilikni hisobga olgan xolda, tibbiy faoliyat ko‘rsatayotgan biron-bir shaxs o‘z qaramog‘idagi yoki ilgari qaramog‘ida bo‘lgan yaradorlar va bemorlarga taalluqli axborotni taqdim etishdan bo‘yin tovlagani yoxud shu axborotni taqdim etmagani uchun jazoga tortilishi mumkin emas.
11-modda — Tibbiyot tuzilmalari va sanitariya-transport vositalari himoyasi
1. Tibbiyot tuzilmalari va sanitariya-transport vositalari har doim hurmat va himoyadan foydalanadilar va ular hujum uchun nishon bo‘lishi mumkin emas.
2. Tibbiyot tuzilmalari va sanitariya-transport vositalaridan insonparvarlik faoliyati doirasidan chetga chiquvchi dushmanlarcha harakatlarni sodir etishda foydalanilgan taqdirda, ular ega bo‘lgan himoya huquqi barham topadi. Ayni chog‘da, himoyadan foydalanishni to‘xtatishdan oldin bu haqda zarur bo‘lganda oqilona muddat belgilab ogohlantirish berilishi lozim va bunday ogohlantirish ham e’tiborga olinmaganidan keyingina himoya to‘xtatilishi mumkin.
12-modda — Farqlovchi emblema
Tegishli vakolatli ma’muriyatlar nazorati ostida oq rangli sathdagi Qizil Xoch, Qizil Yarim Oy yoki Qizil Sher va Quyosh emblemalarini tibbiy yoxud diniy xodimlarning taqib yurishi yoki tibbiyot tuzilmalari va sanitariya-transport vositalarining ko‘rinarli joylarida ularning tasviri tushirilishi ko‘zda tutiladi. Bu farqlovchi belgi har qanday sharoitda hurmat qilinadi. Emblemadan boshqa maqsadlarda foydalanilmasligi kerak.
IV QISM. FUQARO AHOLI
13-modda — Fuqaro aholi himoyasi
1. Fuqaro aholi va alohida fuqaro shaxslar harbiy amaliyotlar tufayli yuzaga keladigan xavf-xatardan umumiy himoyalanish huquqidan foydalanadi. har qanday sharoitda ushbu himoyani ro‘yobga chiqarishda quyidagi qoidalarga amal qilinadi.
2. Fuqaro aholi, shuningdek, alohida fuqaro shaxslar hujum uchun nishon bo‘lmasligi kerak. Asosiy maqsadi fuqaro aholini terror qilishdan iborat bo‘lgan zo‘ravonlik harakatlarini sodir etish yoki bunday harakatlarni sodir etish bilan tahdid qilish taqiqlanadi.
3. Fuqaro shaxslar hozircha harbiy harakatlarda bevosita ishtirok etmasagina va ishtirok etmayotgan davrdagina ushbu qismda ko‘zda tutilgan himoyadan foydalanadi.
14-modda — Fuqaro aholi jon saqlashi uchun zarur bo‘lgan obyektlar himoyasi
Fuqaro aholi o‘rtasida yuzaga keladigan ochlikdan harbiy harakatlar olib borishning usuli sifatida foydalanish taqiqlanadi Shu sababdan bunday maqsadni amalga oshirish yo‘lida fuqaro aholi jon saqlashi uchun zarur bo‘lgan obyektlarni, masalan, oziq-ovqat zaxiralari, oziq-ovqat mahsulotlari yetishtiruvchi qishloq xo‘jaligi hududlari, ekinzorlar, mol-hol, ichimlik suv bilan ta’minlovchi qurilmalar va suv zaxiralariga, shuningdek, irrigatsiya inshootlariga hujum qilish, ularni yakson etish, ko‘chirib ketish yoki yaroqsiz ahvolga keltirish taqiqlanadi.
15-modda — Xatarli kuchga ega bo‘lgan qurilma va inshootlar himoyasi
Xatarli kuchga ega bo‘lgan qurilma va inshootlar, ya’ni to‘g‘onlar, dambalar va atom elektrostansiyalariga hujum qilish, agar bunday hujum xatarli kuchlarning bo‘shalib ketishiga va oqibatda fuqaro aholi o‘rtasida og‘ir yo‘qotishlar yuzaga kelishiga sabab bo‘lsa, hattoki ushbu inshootlar harbiy obyektlar bo‘lgan taqdirda ham, ular hujum uchun nishon bo‘lmasligi kerak.
16-modda — Madaniy qadriyatlar va ibodat marosimlari o‘tkaziladigan joylar himoyasi
Harbiy harakatlar yuz bergan hollarda madaniy qadriyatlarni himoya qilish to‘g‘risida 1954-yil 14-mayda qabul qilingan Gaaga konvensiyasi qoidalariga ziyon yetkazmagan xolda, xalqlarning madaniy yoki ma’naviy merosi hisoblangan tarixiy yodgorliklar, san’at asarlari yoxud ibodat marosimlari o‘tkaziladigan joylarga qarshi qaratilgan biron-bir dushmanlik xatti-harakatlarini sodir etish va ulardan harbiy harakatlarni qo‘llab-quvvatlash uchun foydalanish taqiqlanadi.
17-modda — Fuqaro shaxslarni majburiy ko‘chirishning taqiqlanishi
1. Fuqaro shaxslarning xavfsizligini ta’minlash talabi yoki harbiy mazmundagi qat’iy sabablar buni taqozo etmagan taqdirda, qurolli mojaro tufayli ana shu fuqaro aholini ko‘chirish to‘g‘risida farmoyish berilishi mumkin emas. Bunday ko‘chirishni amalga oshirish zarurati yuzaga kelgan hollarda fuqaro aholini qabul qilish uchun tegishli boshpana, gigiyena, sog‘liqni saqlash, xavfsizlik va oziq-ovqat ta’minoti nuqtayi nazaridan qoniqarli shart-sharoit yaratish yo‘lida barcha zarur choralar ko‘riladi.
2. Fuqaro shaxslar mojaro bilan bog‘liq sabablar tufayli o‘zlari yashab turgan hududni tark etishga majbur qilinishi mumkin emas.
18-modda — Ko‘mak jamiyatlari va ko‘mak ko‘rsatish amaliyotlari
1. Oliy Ahdlashuvchi Tomonlar hududida joylashgan ko‘mak jamiyatlari, masalan, Qizil Xoch (Qizil Yarim Oy Qizil Sher va Quyosh) tashkilotlari qurolli mojaro qurbonlariga nisbatan an’anaviy vazifasini bajarish maqsadida o‘z xizmatlarini taklif etishi mumkin. Fuqaro aholi hatto tashabbus bilan chiqib, yaradorlar, bemorlar va kema halokatiga uchragan shaxslarni yig‘ib olishni va parvarishlashni so‘rashi mumkin.
2. Fuqaro aholi jon saqlashi uchun o‘ta zarur bo‘lgan zaxiralar, masalan, oziq-ovqat va tibbiyot mahsulotlarining yetishmasligi tufayli juda qiyin ahvolga tushib qolgan taqdirda, manfaatdor Oliy Ahdlashuvchi Tomonlarning roziligiga ko‘ra fuqaro aholiga yordam ko‘rsatish amaliyotlari faqat insonparvarlik va xolislikka asoslangan holda va biron-bir nomuvofiq tafovutlarga qaramasdan amalga oshiriladi.
V QISM. YAKUNLOVCHI QOIDALAR
19-modda — Ommalashtirish
Mazkur Protokol imkon qadar kengroq miqyosda ommalashtirilishi kerak.
20-modda — Imzolash
Mazkur Protokol Yakuniy hujjat imzolanganidan so‘ng olti oy o‘tgach, Konvensiya ishtirokchilari imzolashlari uchun ochiq hisoblanadi va o‘n ikki oy davomida ochiq bo‘ladi.
21-modda — Ratifikatsiya
Mazkur Protokol imkon qadar tezroq ratifikatsiya qilinishi zarur. Ratifikatsiya yorliqlari saqlash uchun Shveysariya Federal Kengashiga, Konvensiyalar depozitariysiga topshiriladi.
22-modda — Qo‘shilish
Mazkur Protokol uni imzolamagan har qanday Konvensiyalar ishtirokchisi qo‘shilishi uchun ochiqdir. Qo‘shilish to‘g‘risidagi hujjatlar saqlash uchun Konvensiyalar depozitariysiga topshiriladi.
23-modda — Kuchga kirishi
1. Mazkur Protokol ikkita ratifikatsiya yorlig‘i yoki qo‘shilish to‘g‘risidagi hujjat saqlash uchun topshirilganidan so‘ng olti oy o‘tgach kuchga kiradi.
2. Mazkur Protokol keyinchalik uni ratifikatsiya qilgan yoki unga qo‘shilgan har qaysi Konvensiyalar ishtirokchisi uchun u tomonidan tegishli ratifikatsiya yorlig‘i yoki qo‘shilish to‘g‘risidagi hujjat saqlash uchun topshirilganidan so‘ng olti oy o‘tgach kuchga kiradi.
24-modda — Tuzatishlar
1. Oliy Ahdlashuvchi Tomonlarning har biri mazkur Protokolga o‘z tuzatishlarini tavsiya etishi mumkin. Har qanday tavsiya etilgan tuzatishning matni depozitariyga jo‘natiladi va u barcha Oliy Ahdlashuvchi Tomonlar va Xalqaro Qizil Xoch Qo‘mitasi bilan maslahatlashib, tuzatish yoki tuzatishlar bo‘yicha tegishli tavsiya yuzasidan konferensiya chaqirish kerakmi-yo‘qligini hal etadi.
2. Depozitariy ushbu konferensiyaga barcha Oliy Ahdlashuvchi Tomonlarni, shuningdek, Konvensiyalar ishtirokchilarini, ular mazkur Protokolni imzolaganmi-yo‘qligidan qat’i nazar, taklif etadi.
25-modda — Denonsatsiya
1. Oliy Ahdlashuvchi Tomon mazkur Protokolni denonsatsiya qilgan taqdirda, bu haqdagi hujjat kelib tushganidan so‘ng olti oy muddat o‘tgachgina denonsatsiya kuchga kiradi. Ammo olti oylik muddat tugashi davomida denonsatsiya haqida bayonot bergan tomon 1-moddada qayd etilgan vaziyatga tushib qolgan bo‘lsa, u holda denonsatsiya qurolli mojaro tugamagunga qadar kuchga kirmaydi. Shunga qaramay, ushbu mojaro tufayli ozodlikdan mahrum etilgan yoki erkinligi cheklab qo‘yilgan fuqarolar to‘la ozodlikka chiqquniga qadar mazkur Protokol qoidalari homiyligidan foydalanishda davom etaveradi.
2. Denonsatsiya to‘g‘risidagi bildirish yozma tarzda depozitariyga jo‘natiladi va depozitariy uni barcha Oliy Ahdlashuvchi Tomonlarga yuboradi.
26-modda — Bildirish
Depozitariy barcha Oliy Ahdlashuvchi Tomonlarga, shuningdek, Konvensiya ishtirokchilariga, ular mazkur Protokolni imzolaganmi-yo‘qligidan qat’i nazar, quyidagilarni bildiradi:
a) mazkur Protokolga qo‘yilgan imzolar, shuningdek, 21 va 22-moddalarga muvofiq ratifikatsiya yorliqlari va qo‘shilish to‘g‘risidagi hujjatlarning saqlashga topshirilishi haqida;
b) 23-moddaga muvofiq mazkur Protokol kuchga kiradigan sana haqida;
s) 24-moddaga muvofiq kelib tushgan ma’lumotlar va bayonotlar haqida.
27-modda — Ro‘yxatga olish
1. Mazkur Protokol kuchga kirganidan so‘ng depozitariy uni Birlashgan Millatlar Tashkiloti Nizomining 102-moddasiga muvofiq ro‘yxatga olish va e’lon qilish uchun Birlashgan Millatlar Tashkiloti kotibiyatiga yuboradi.
2. Depozitariy, shuningdek, Birlashgan Millatlar Tashkiloti kotibiyatini mazkur Protokol bo‘yicha o‘ziga kelib tushgan barcha ratifikatsiya yorliqlari va qo‘shilish to‘g‘risidagi hujjatlar haqida xabardor etib boradi.
28-modda — Matnlarning autentligi
Mazkur Protokolning asliyati bo‘lgan ingliz, arab, ispan, xitoy, rus va fransuz tilidagi o‘zaro teng darajada asl nusxaga muvofiq matnlar saqlash uchun depozitariyga topshiriladi va depozitariy asliyatning tasdiqlangan nusxalarini Konvensiyalarning barcha ishtirokchilariga yuboradi.
(imzolar)