O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Kengashining va O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining
Qo‘shma qarori
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi Nodavlat notijorat tashkilotlarini va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi to‘g‘risidagi nizomga hamda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi Nodavlat notijorat tashkilotlarini va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi mablag‘larini boshqarish bo‘yicha Parlament komissiyasi to‘g‘risidagi nizomga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida
Mazkur qaror O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Kengashining va O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining 2024-yil 28-oktabrdagi 5005-IV/KQ-842-IV-sonli “Fuqarolik jamiyati institutlarini qo‘llab-quvvatlashni yanada kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Qo‘shma qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Kengashi va O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Kengashi qaror qiladilar:
1. O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Kengashining va O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining 2008-yil 10-iyulda qabul qilingan 843-I/515-I-sonli Qo‘shma qarori bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi Nodavlat notijorat tashkilotlarini va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi to‘g‘risidagi nizomga (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2008-yil, № 7, 410-modda, № 9, 529-modda; 2014-yil, № 3, 84-modda) o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilib, uning yangi tahriri tasdiqlansin (1-ilova).
2. O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Kengashining va O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining 2008-yil 10-iyulda qabul qilingan 843-I/515-I-sonli Qo‘shma qarori bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi Nodavlat notijorat tashkilotlarini va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi mablag‘larini boshqarish bo‘yicha Parlament komissiyasi to‘g‘risidagi nizomga (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2008-yil, № 7, 410-modda; 2014-yil, № 3, 84-modda) o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilib, uning yangi tahriri tasdiqlansin (2-ilova).
3. Ushbu Qo‘shma qaror tegishincha O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va Senatining tasdig‘iga kiritilsin.
4. Ushbu Qo‘shma qaror qabul qilingan kundan e’tiboran kuchga kiradi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Spikeri N. ISMOILOV
Toshkent sh.,
2015-yil 13-may,
132-III-son
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Raisi N. YO‘LDOSHEV
Toshkent sh.,
2015-yil 13-may,
KQ-15-III-son
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Kengashining va O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining 2015-yil 13-mayda qabul qilingan 132-III/KQ-15-III-sonli Qo‘shma qaroriga
1-ILOVA
1-ILOVA
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi Nodavlat notijorat tashkilotlarini va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi to‘g‘risida
NIZOM
I. Umumiy qoidalar
1. O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi Nodavlat notijorat tashkilotlarini va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi (bundan buyon matnda Oliy Majlis huzuridagi jamoat fondi deb yuritiladi) milliy va chet el valyutasida hisobvaraqlari bor, a’zoligi bo‘lmagan jamoat fondi shaklida tashkil etilgan nodavlat notijorat tashkiloti — mustaqil yuridik shaxsdir.
2. Oliy Majlis huzuridagi jamoat fondi o‘z faoliyatini O‘zbekiston Respublikasi hududida O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga, “Nodavlat notijorat tashkilotlari to‘g‘risida”gi, “Jamoat fondlari to‘g‘risida”gi, “Nodavlat notijorat tashkilotlari faoliyatining kafolatlari to‘g‘risida”gi, “Ijtimoiy sheriklik to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonunlariga hamda nodavlat notijorat tashkilotlari, ommaviy axborot vositalari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari faoliyatini (bundan buyon matnda nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari faoliyatini deb yuritiladi) tartibga soluvchi boshqa qonun hujjatlariga, shuningdek ushbu nizomga asosan amalga oshiradi.
Oliy Majlis huzuridagi jamoat fondi O‘zbekiston Respublikasi hududida vakolatxonalar ochishi va filiallar tuzishi mumkin.
Vakolatxonalar va filiallarni tuzish, ularning faoliyatini tashkil etish hamda tugatish tartibi, huquqlari va majburiyatlari ularning O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi Nodavlat notijorat tashkilotlarini va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi mablag‘larini boshqarish bo‘yicha Parlament komissiyasi tomonidan tasdiqlanadigan nizomlarida belgilanadi.
3. Oliy Majlis huzuridagi jamoat fondining to‘liq rasmiy nomi:
davlat tilida: “O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi Nodavlat notijorat tashkilotlarini va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi”;
rus tilida: “Obshestvenniy Fond po podderjke negosudarstvennix nekommercheskix organizatsiy i drugix institutov grajdanskogo obshestva pri Oliy Majlise Respubliki Uzbekistan”;
ingliz tilida: “The Public Fund for suppopt of nongovernmental noncommercial organizations and other institutions of the civil society of the Oliy Majlis of the Republic of Uzbekistan”.
4. Oliy Majlis huzuridagi jamoat fondi O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va Senatining qo‘shma qaroriga binoan tashkil etiladi, uning faoliyati mamlakatning butun hududida amalga oshiriladi.
5. Oliy Majlis huzuridagi jamoat fondining joylashgan yeri:
Toshkent shahri, Bunyodkor ko‘chasi 1.
II. Oliy Majlis huzuridagi jamoat fondining maqsad va vazifalari
6. Oliy Majlis huzuridagi jamoat fondining maqsadi nodavlat notijorat tashkilotlarini va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini yanada rivojlantirish hamda ularning mamlakatda demokratik o‘zgarishlarni amalga oshirishda va jamiyatni erkinlashtirishda faol ishtirok etishiga ko‘maklashishdan, ularni moliyalashtirish manbalarini shakllantirish uchun obyektiv sharoitlar yaratishdan iborat.
7. Oliy Majlis huzuridagi jamoat fondining asosiy vazifalari quyidagilardan iborat:
O‘zbekiston Respublikasining Davlat budjetidan, qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalardan olinadigan mablag‘larni jamlash, bu mablag‘lar nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari faoliyatini rivojlantirishni rag‘batlantirish hamda qo‘llab-quvvatlashga, ijtimoiy, iqtisodiy, gumanitar masalalarni hal etishda ularning ishtirok etishiga qaratilgan dasturlarni amalga oshirish uchun taqsimlanishini tashkil etish;
mablag‘larni keyinchalik nodavlat notijorat tashkilotlarini va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlashga taqsimlash uchun Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlari huzuridagi nodavlat notijorat tashkilotlarini va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondlariga yo‘naltirish;
nodavlat notijorat tashkilotlarining va fuqarolik jamiyati boshqa institutlarining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, ularga huquqiy, maslahat, tashkiliy, texnik va boshqa xil yordam ko‘rsatish bilan bog‘liq loyihalar hamda dasturlarni ro‘yobga chiqarishda ko‘maklashish.
III. Oliy Majlis huzuridagi jamoat fondining huquq va majburiyatlari
8. Oliy Majlis huzuridagi jamoat fondi:
o‘z faoliyati sohasiga doir axborotni davlat organlari, nodavlat notijorat tashkilotlari hamda fuqarolik jamiyatining boshqa institutlaridan qonun hujjatlarida belgilangan tartibda olishga va o‘z faoliyati to‘g‘risidagi axborotni tarqatishga;
yuridik va jismoniy shaxslar bilan qonun hujjatlariga zid bo‘lmagan va o‘z faoliyatini amalga oshirish uchun zarur bitimlar tuzishga;
mulk huquqi va boshqa ashyoviy huquqlar asosida mol-mulkka ega bo‘lishga;
ixtiyoriy xayriyalar, homiylik badallari, grantlar va boshqa mablag‘lar olishga;
sudda, boshqa muassasalar va tashkilotlarda o‘z manfaatlarini ifodalash hamda himoya qilishga;
fuqarolik jamiyati institutlarini qo‘llab-quvvatlash hamda rivojlantirish sohasida davlat hokimiyati va boshqaruvi organlariga belgilangan tartibda takliflar kiritishga;
xalqaro aloqalar o‘rnatishga, hamkorlik to‘g‘risida bitimlar tuzishga va xalqaro dasturlar hamda loyihalarda ishtirok etishga;
o‘z nomi davlat tilida yozilgan dumaloq muhrga, o‘z nomi yozilgan shtamplar va blankalarga hamda qonun hujjatlarida belgilangan tartibda ro‘yxatdan o‘tkazilgan ramziy belgilarga ega bo‘lishga haqli.
Fond qonun hujjatlariga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega bo‘lishi mumkin.
9. Oliy Majlis huzuridagi jamoat fondi o‘z oldiga qo‘yilgan vazifalarni hal qilish uchun quyidagi vazifalarni amalga oshiradi:
nodavlat notijorat tashkilotlariga va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlariga O‘zbekiston Respublikasining Davlat budjetidan mablag‘lar ajratish masalalarining ko‘rib chiqilishida ishtirok etadi;
Davlat budjeti mablag‘lari belgilangan maqsadda sarflanishini, ulardan samarali foydalanilishini, moddiy resurslar nodavlat notijorat tashkilotlari barqaror va mustahkam rivojlanishi, fuqarolik jamiyati institutlarining roli va ta’siri oshirilishi uchun safarbar qilinishini ta’minlaydi;
nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyati boshqa institutlarining mintaqalarning aniq ijtimoiy-iqtisodiy masalalarini hal etishga, fuqarolarning ijtimoiy faolligini yanada oshirishga qaratilgan istiqbolli, ijtimoiy va umum ahamiyatga molik dasturlari hamda loyihalarini moliyalashtirish dasturlarini ishlab chiqadi va amalga oshiradi;
fuqarolik jamiyati institutlarining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, ularga huquqiy, maslahat tarzida, tashkiliy, texnik va boshqa xil yordam ko‘rsatish bilan bog‘liq loyihalar hamda dasturlarni amalga oshirishga moliyaviy yordam ko‘rsatadi;
fuqarolik jamiyati institutlari faoliyatini rivojlantirish hamda milliy nodavlat notijorat tashkilotlari yutuqlarini targ‘ib qilish masalalari bo‘yicha tadbirlar (konferensiyalar, davra suhbatlari, seminarlar, treninglar va shu kabilar) o‘tkazadi;
chet el nohukumat tashkilotlari va xalqaro tashkilotlar bilan aloqalarni rivojlantiradi, chet el nohukumat tashkilotlari va xalqaro tashkilotlar bilan birgalikda tadbirlar o‘tkazadi, chet ellik hamkorlar ishtirokidagi dasturlar va loyihalarni ro‘yobga chiqaradi, ularning grantlarini aniq ijtimoiy va umum ahamiyatga molik loyihalarni hal etishga, fuqarolik jamiyati institutlarini rivojlantirishni rag‘batlantirishga jalb etadi;
tegishli litsenziya olganidan keyin nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari uchun fuqarolik jamiyati institutlari faoliyatining normativ-huquqiy, moddiy-moliyaviy, tashkiliy va kadrlarga oid jihatlariga bag‘ishlangan adabiyotlar nashr etadi;
qonun hujjatlariga zid bo‘lmagan boshqa vazifalarni amalga oshiradi.
10. Oliy Majlis huzuridagi jamoat fondi:
o‘z faoliyatini O‘zbekiston Respublikasining qonun hujjatlariga va ushbu Nizomga muvofiq amalga oshirishi;
har yili hisobot e’lon qilishi, Oliy Majlis huzuridagi jamoat fondining faoliyati va Fond mol-mulkidan foydalanish ochiq-oshkora bo‘lishini ta’minlashi;
ro‘yxatdan o‘tkazuvchi organlar vakillari Oliy Majlis huzuridagi jamoat fondi tomonidan o‘tkazilayotgan tadbirlarda ishtirok etishiga imkon yaratishi;
o‘z faoliyati to‘g‘risida qonunda belgilangan tartibda O‘zbekiston Respublikasi Hisob palatasiga, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi Nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi mablag‘larini boshqarish bo‘yicha Parlament komissiyasiga (bundan buyon matnda Parlament komissiyasi deb yuritiladi), shuningdek ro‘yxatdan o‘tkazuvchi organlarga, soliq va statistika organlariga hisobot taqdim etishi shart.
11. Oliy Majlis huzuridagi jamoat fondi o‘z faoliyatini oshkoralik va ochiq-oydinlikni ta’minlash prinsiplari asosida amalga oshiradi, Davlat budjetidan nodavlat notijorat tashkilotlariga va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlariga beriladigan mablag‘lardan belgilangan maqsadda foydalanilishini ta’minlaydi. Oliy Majlis huzuridagi jamoat fondi o‘z faoliyati, nodavlat notijorat tashkilotlari, ommaviy axborot vositalari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari faoliyatini qo‘llab-quvvatlash doirasida ajratilgan mablag‘larning taqsimlanishi hamda ishlatilishi to‘g‘risidagi hisobotni har yili ommaviy axborot vositalarida e’lon qiladi.
12. Oliy Majlis huzuridagi jamoat fondi yuridik shaxsning O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlarida nazarda tutilgan barcha huquqlaridan foydalanadi. Oliy Majlis huzuridagi jamoat fondi faoliyati va uni rivojlantirishning har yilgi dasturi Parlament komissiyasi tomonidan ishlab chiqiladi hamda tasdiqlanadi.
IV. Oliy Majlis huzuridagi jamoat fondining mol-mulki
13. Oliy Majlis huzuridagi jamoat fondining mol-mulkini asosiy fondlar va aylanma mablag‘lar, shuningdek O‘zbekiston Respublikasining qonun hujjatlariga muvofiq qiymati Oliy Majlis huzuridagi jamoat fondi balansida aks ettiriladigan boshqa mol-mulk tashkil etadi.
14. Oliy Majlis huzuridagi jamoat fondi mablag‘larini shakllantirish manbalari O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablag‘lari, yuridik va jismoniy shaxslarning (O‘zbekiston Respublikasi rezidentlarining hamda norezidentlarining) ixtiyoriylik asosidagi homiylik badallari, xalqaro tashkilotlar va moliya institutlarining grantlari hamda beg‘araz beriladigan mablag‘lari, qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa mablag‘lardir.
15. Oliy Majlis huzuridagi jamoat fondining mol-mulkidan garov yoki majburiyatlarni ta’minlashning boshqa vositasi sifatida, shuningdek kreditlar berish uchun foydalanilishi mumkin emas.
16. Oliy Majlis huzuridagi jamoat fondi o‘z majburiyatlari bo‘yicha qonun hujjatlariga muvofiq undiruv qaratilishi mumkin bo‘lgan o‘z mol-mulki bilan javob beradi.
V. Oliy Majlis huzuridagi jamoat fondini boshqarish
17. Oliy Majlis huzuridagi jamoat fondi faoliyatiga rahbarlikni quyidagilar amalga oshiradi:
Oliy Majlis huzuridagi jamoat fondining vasiylik kengashi vazifalarini bajaradigan Parlament komissiyasi;
Oliy Majlis huzuridagi jamoat fondining boshqaruvi vazifalarini bajaradigan Oliy Majlis huzuridagi jamoat fondining Ijro etuvchi devoni.
18. Faoliyati maxsus Nizom bilan tartibga solinadigan Parlament komissiyasi Oliy Majlis huzuridagi jamoat fondining faoliyati ustidan nazoratni amalga oshiruvchi organdir.
19. Parlament komissiyasi:
Oliy Majlis huzuridagi jamoat fondi mablag‘larining nodavlat notijorat tashkilotlarini va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash uchun taqsimlanishini tashkil etadi, nodavlat notijorat tashkilotlarining, fuqarolik jamiyati boshqa institutlarining va davlat organlarining takliflarini o‘rganish asosida aniq ijtimoiy-iqtisodiy masalalarini hal etishga, fuqarolarning ijtimoiy faolligini yanada oshirishga qaratilgan sotsial va ijtimoiy ahamiyatga molik dasturlar hamda loyihalarni moliyalashtirish dasturlarini ishlab chiqadi;
Oliy Majlis huzuridagi jamoat fondi mablag‘larini taqsimlashda ochiqlik va shaffoflikni ta’minlaydi, nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini rivojlantirish hamda ular faoliyatining samaradorligini oshirish, ularning o‘tkazilayotgan sotsial-iqtisodiy va ijtimoiy-siyosiy islohotlarda, demokratik qadriyatlarning, fuqarolar huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarining himoya qilinishini ta’minlashda ishtirok etishi masalalarini muhokama qilishga jamoatchilikni jalb etadi;
joylardagi nodavlat notijorat tashkilotlarini va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash uchun mablag‘larning hajmlarini Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlari huzuridagi ijtimoiy sheriklik bo‘yicha jamoat komissiyalarining (bundan buyon matnda jamoat komissiyalari deb yuritiladi) buyurtmalari asosida aniqlaydi hamda taqsimlaydi, ushbu komissiyalar faoliyatiga uslubiy rahbarlikni ta’minlaydi;
Oliy Majlis huzuridagi jamoat fondi mablag‘laridan maqsadli va samarali foydalanilishi, ushbu jamoat fondi tomonidan moliyalashtiriladigan dasturlar hamda loyihalar ustidan nazoratni (monitoringni) amalga oshiradi, o‘z majlislarida moliyalashtirilayotgan dasturlar hamda loyihalar amalga oshirilishining borishi va natijalari to‘g‘risida nodavlat notijorat tashkilotlarining hamda fuqarolik jamiyati boshqa institutlarining hisobotlarini, mahalliy davlat hokimiyati organlarining axborotini eshitadi, ijtimoiy sheriklikni yanada rivojlantirishga doir zarur tavsiyalarni ishlab chiqadi va beradi;
sotsial va ijtimoiy ahamiyatga molik dasturlar hamda loyihalarni amalga oshirishda nodavlat notijorat tashkilotlarining va fuqarolik jamiyati boshqa institutlarining davlat organlari bilan hamkorligini chuqurlashtirishga, ijtimoiy hayotni demokratlashtirishda nodavlat notijorat tashkilotlarining va fuqarolik jamiyati boshqa institutlarining rolini kuchaytirish jarayonlariga ko‘maklashadi;
ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturlari va normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarining jamoatchilik muhokamasini, jamoatchilik ekspertizasini tashkil etishda davlat organlariga yordam ko‘rsatadi, mamlakatda amalga oshirilayotgan demokratik o‘zgarishlarning mohiyati va ahamiyatini aholiga tushuntirish bo‘yicha tizimli ishlar olib boradi;
ijtimoiy sheriklik sohasida ko‘rib chiqilayotgan masalalar yuzasidan qarorlar qabul qiladi va ularning bajarilishi ustidan nazoratni amalga oshiradi;
o‘z faoliyati to‘g‘risida jamoatchilikni xabardor qiladi;
davlat subsidiyalari ajratish tartibi va sharoitlarini belgilaydi;
nodavlat notijorat tashkilotlari hamda fuqarolik jamiyatining boshqa institutlariga davlat grantlarini ajratish tartibi hamda shartlarini belgilaydi;
davlat ijtimoiy buyurtmasini berish tartibi va shartlarini belgilaydi.
Parlament komissiyasi qonun hujjatlariga muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.
20. Parlament komissiyasi a’zolari bir vaqtning o‘zida Oliy Majlis huzuridagi jamoat fondi Ijro etuvchi devoni va Taftish komissiyasiga a’zo bo‘lishi mumkin emas.
21. Parlament komissiyasining raisi, rais o‘rinbosari, mas’ul kotibi va a’zolari o‘z vazifalarini jamoatchilik asosida bajaradilar.
22. Parlament komissiyasi vakolatlariga kiradigan masalalar Oliy Majlis huzuridagi jamoat fondining Ijro etuvchi devoni yoki Taftish komissiyasi hal etishi uchun topshirilishi mumkin emas.
23. Parlament komissiyasining majlisda ishtirok etayotgan a’zolarining ko‘pchilik ovozi bilan qabul qilinadigan qarorlari Oliy Majlis huzuridagi jamoat fondining Ijro etuvchi devoni va boshqa organlari uchun majburiydir. Parlament komissiyasining har bir a’zosi bir ovozga ega.
24. Parlament komissiyasining majlislari zaruratga qarab, lekin yilning har choragida kamida bir marta chaqiriladi.
25. Parlament komissiyasining raisi:
Parlament komissiyasining majlislarini chaqiradi, ularda raislik qiladi;
Parlament komissiyasi ish rejasining loyihasi tayyorlanishini tashkil etadi va Parlament komissiyasining tasdiqlangan ish rejasi bajarilishi ustidan nazoratni amalga oshiradi;
Parlament komissiyasining qarorlarini imzolaydi va ularni ijro etish bo‘yicha ishlarni tashkil etadi;
qonun hujjatlariga muvofiq boshqa vakolatlarini amalga oshiradi.
26. Oliy Majlis huzuridagi jamoat fondining Ijro etuvchi devoniga Oliy Majlis huzuridagi jamoat fondining direktori boshchilik qiladi.
Oliy Majlis huzuridagi jamoat fondi Ijro etuvchi devonining tarkibiy tuzilishi, vakolatlari va uni shakllantirish tartibi Parlament komissiyasi tomonidan belgilanadi.
27. Oliy Majlis huzuridagi jamoat fondi direktori:
Oliy Majlis huzuridagi jamoat fondining joriy faoliyatiga rahbarlik qiladi va zimmasiga yuklatilgan vazifalar bajarilishi uchun javobgardir;
davlat organlari, chet el nohukumat tashkilotlari va xalqaro tashkilotlar, shuningdek boshqa yuridik va jismoniy shaxslar bilan o‘zaro munosabatlarda Oliy Majlis huzuridagi jamoat fondi nomidan ish ko‘radi;
yuridik va jismoniy shaxslar bilan Oliy Majlis huzuridagi jamoat fondi faoliyatiga taalluqli shartnomalar tuzadi, Oliy Majlis huzuridagi jamoat fondi nomidan ishonchnomasiz ish yuritadi;
Oliy Majlis huzuridagi jamoat fondi xarajatlari smetasini tuzadi va Parlament komissiyasi bilan kelishilgan holda tasdiqlaydi;
Oliy Majlis huzuridagi jamoat fondi xodimlari bajarishi majburiy bo‘lgan buyruqlar, farmoyishlar va boshqa normativ hujjatlar chiqaradi;
Oliy Majlis huzuridagi jamoat fondining mol-mulkini, shu jumladan pul mablag‘larini boshqaradi, Parlament komissiyasiga Oliy Majlis huzuridagi jamoat fondi Ijro etuvchi devonining faoliyati to‘g‘risida yiliga kamida ikki marta hisobot taqdim etadi, Parlament komissiyasi ko‘rib chiqish uchun zarur bo‘lgan materiallar va takliflar tayyorlanishini ta’minlaydi hamda mazkur komissiya tomonidan qabul qilingan qarorlar va ko‘rsatmalarning bajarilishini ta’minlaydi;
qonun hujjatlariga muvofiq boshqa vazifalarni amalga oshiradi.
28. Oliy Majlis huzuridagi jamoat fondi direktori Parlament komissiyasining taqdimiga binoan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va Senati Kengashlarining qo‘shma qarori bilan lavozimiga tayinlanadi va lavozimidan ozod qilinadi.
VI. Oliy Majlis huzuridagi jamoat fondi mablag‘laridan foydalanish
29. Oliy Majlis huzuridagi jamoat fondi mablag‘lari nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlariga ularning buyurtmanomalari asosida va Parlament komissiyasining qarorlariga muvofiq subsidiyalar, grantlar, ijtimoiy buyurtma tariqasida ajratiladi.
Oliy Majlis huzuridagi jamoat fondi mablag‘larni keyinchalik nodavlat notijorat tashkilotlarini va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlashga taqsimlash uchun Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlari huzuridagi nodavlat notijorat tashkilotlarini va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondlariga, joylarda shunday fondlar tashkil etilgan taqdirda, yo‘naltirishi mumkin.
Muayyan nodavlat notijorat tashkilotlari, ommaviy axborot vositalari bilan bir qatorda, ularning birlashmalari va uyushmalari — O‘zbekiston Respublikasi Nodavlat notijorat tashkilotlari milliy uyushmasi, Elektron ommaviy axborot vositalari milliy uyushmasi, O‘zbekiston Mustaqil bosma ommaviy axborot vositalari va axborot agentliklarini qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi, Respublika bolalar ijtimoiy moslashuvi markazi, “Taraqqiyot strategiyasi” markazi, “Xalqaro press-klub” nodavlat notijorat tashkiloti, “O‘zbekistonda Shanxay hamkorlik tashkilotining xalq diplomatiyasi markazi”, “Yuksalish umummilliy harakati”, “Ijtimoiy fikr” respublika jamoatchilik fikrini o‘rganish markazi, “Ma’rifat” targibotchilari jamiyati, Fuqarolik jamiyati shakllanishini monitoring qilish mustaqil instituti, O‘zbekiston ekologik harakati moliyalashtirishning mustaqil obyekti sifatida qaraladi. Mazkur muassasalarga ajratiladigan budjet mablag‘laridan devonlarining ta’minoti, shuningdek ularning ustavda belgilangan vazifalarni amalga oshirish uchun foydalaniladi.
(29-bandning uchinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Kengashining va O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining 2019-yil 6-maydagi 2493-III/KQ-537-III-sonli Qo‘shma qarori tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 01.07.2019-y., 04/19/2493-III/KQ-537-III/3357-son)
Parlament komissiyasi tomonidan tasdiqlangan nodavlat notijorat tashkilotlaridan, ommaviy axborot vositalaridan va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlaridan qaytarilgan moliyaviy mablag‘lardan foydalanish tartibiga muvofiq Oliy Majlis huzuridagi Jamoat fondi o‘z hisobvaraqlarida jamlangan bo‘sh mablag‘lar qoldiqlarini:
nodavlat notijorat tashkilotlarini va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘shimcha ravishda qo‘llab-quvvatlashga;
belgilangan tartibda tijorat banklarining depozit hisobvaraqlariga vaqtincha joylashtirishga yo‘naltiradi.
(29-band O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Kengashining va O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining 2016-yil 2-maydagi 442-III/KQ-87-III-sonli Qo‘shma qaroriga asosan to‘rtinchi xatboshi bilan to‘ldirilgan — O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2016-y., 5-son, 150-modda)
30. Oliy Majlis huzuridagi jamoat fondi mablag‘larini taqsimlash tartibi Parlament komissiyasi tomonidan belgilanadi.
VII. Taftish komissiyasi
31. Oliy Majlis huzuridagi jamoat fondining moliyaviy-xo‘jalik faoliyatini tekshirish uchun Parlament komissiyasi tomonidan uch kishidan iborat tarkibda Taftish komissiyasi saylanadi.
32. Taftish komissiyasining a’zolari bir vaqtning o‘zida Ijro etuvchi devon va Parlament komissiyasiga a’zo bo‘lishlari mumkin emas.
33. Oliy Majlis huzuridagi jamoat fondining moliyaviy-xo‘jalik faoliyatini tekshirish Parlament komissiyasining qaroriga binoan Oliy Majlis huzuridagi jamoat fondining yillik faoliyati yakunlari bo‘yicha amalga oshiriladi.
34. Taftish komissiyasining talabiga ko‘ra Oliy Majlis huzuridagi jamoat fondining mansabdor shaxslari unga Oliy Majlis huzuridagi jamoat fondining moliyaviy faoliyati to‘g‘risidagi hujjatlarni taqdim etishi shart.
35. Taftish komissiyasi Oliy Majlis huzuridagi jamoat fondining yillik hisobotlari va buxgalteriya balanslari Parlament komissiyasi tomonidan tasdiqlanguniga qadar ularni majburiy tartibda tekshirishni amalga oshiradi.
VIII. Hisobga olish va hisobot
36. Oliy Majlis huzuridagi jamoat fondi buxgalteriya va statistika hisobi hamda hisobotini yuritadi, O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlariga muvofiq soliqlar va boshqa to‘lovlar to‘laydi.
37. Oliy Majlis huzuridagi jamoat fondining o‘tgan yilgi faoliyati natijalari to‘g‘risidagi hisobot har yili 20-martga qadar Parlament komissiyasiga taqdim etiladi. Oliy Majlis huzuridagi jamoat fondining buxgalteriya balansi hisobotdan keyingi yilning 31-martiga qadar Parlament komissiyasi tomonidan tasdiqlanishi kerak.
38. Oliy Majlis huzuridagi jamoat fondining moliyaviy-xo‘jalik va tadbirkorlik faoliyatini tekshirish O‘zbekiston Respublikasi Hisob palatasi, ro‘yxatdan o‘tkazuvchi organlar, soliq va boshqa organlar tomonidan qonun hujjatlariga muvofiq amalga oshiriladi.
39. Qonun hujjatlariga muvofiq Oliy Majlis huzuridagi jamoat fondi o‘z faoliyatining har yilgi auditorlik tekshiruvini o‘tkazadi.
Auditorlik tashkilotini tanlash Parlament komissiyasi tomonidan amalga oshiriladi. Oliy Majlis huzuridagi jamoat fondi faoliyatining auditorlik tekshiruviga Oliy Majlis huzuridagi jamoat fondining faoliyati bilan bog‘liq shaxslar auditor sifatida jalb etilishi mumkin emas.
IX. O‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish
40. Oliy Majlis huzuridagi jamoat fondi to‘g‘risidagi nizomga qonun hujjatlari hamda ushbu Nizomda nazarda tutilgan tartibda o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilishi mumkin.
41. Ushbu Nizomga o‘zgartish va qo‘shimchalar Parlament komissiyasining qarori asosida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Kengashining va Senati Kengashining qo‘shma qarori bilan kiritiladi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Kengashining va Senati Kengashining qo‘shma qarori tegishincha O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va Senati majlislarida tasdiqlanishi kerak.
42. Oliy Majlis huzuridagi jamoat fondi to‘g‘risidagi nizomga kiritiladigan o‘zgartish va qo‘shimchalar qonun hujjatlarida belgilangan tartibda davlat ro‘yxatidan o‘tkaziladi.
X. Qayta tashkil etish va tugatish
43. Oliy Majlis huzuridagi jamoat fondi Parlament komissiyasining qaroriga binoan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va Senati tomonidan qayta tashkil etilishi mumkin.
Oliy Majlis huzuridagi jamoat fondini qayta tashkil etishga faqat boshqa Fondga qo‘shib yuborilgan, boshqa Fond qo‘shib olingan yoki boshqa Jamoat fondiga qo‘shilingan taqdirda yo‘l qo‘yiladi.
44. Oliy Majlis huzuridagi jamoat fondini tugatish manfaatdor shaxslarning arizasi asosida sudning hal qiluv qaroriga binoan amalga oshiriladi.
45. Oliy Majlis huzuridagi jamoat fondini tugatish qonun hujjatlarida nazarda tutilgan tartibda amalga oshiriladi.
46. Oliy Majlis huzuridagi jamoat fondining kreditorlar talablari qondirilganidan keyin qolgan mol-mulki Parlament komissiyasi, Ijro etuvchi devon, Taftish komissiyasi a’zolari yoki Oliy Majlis huzuridagi jamoat fondining xodimlari o‘rtasida taqsimlanishi mumkin emas va undan Fond qaysi maqsadda tuzilgan bo‘lsa, o‘sha maqsadda va homiylik maqsadlarida ushbu Nizomda nazarda tutilgan tartibda foydalaniladi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Kengashining va O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining 2015-yil 13-mayda qabul qilingan 132-III/KQ-15-III-sonli Qo‘shma qaroriga
2-ILOVA
2-ILOVA
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi Nodavlat notijorat tashkilotlarini va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi mablag‘larini boshqarish bo‘yicha Parlament komissiyasi to‘g‘risida
NIZOM
I. Umumiy qoidalar
1. O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi Nodavlat notijorat tashkilotlarini va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi mablag‘larini boshqarish bo‘yicha Parlament komissiyasi (bundan buyon matnda Parlament komissiyasi deb yuritiladi) nodavlat notijorat tashkilotlarini, ommaviy axborot vositalarini va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini (bundan buyon matnda nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari deb yuritiladi) rivojlantirish hamda ularning mamlakatda demokratik o‘zgarishlarni amalga oshirishda va jamiyatni erkinlashtirishda ishtirok etishiga ko‘maklashish maqsadida qonun hujjatlariga muvofiq tashkil etiladi.
2. Parlament komissiyasi bir vaqtning o‘zida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi Nodavlat notijorat tashkilotlarini va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondining (bundan buyon matnda Oliy Majlis huzuridagi jamoat fondi deb yuritiladi) vasiylik kengashi vazifalarini ham bajaradi, Oliy Majlis huzuridagi jamoat fondi faoliyatining ustuvor yo‘nalishlarini shakllantiradi, mazkur faoliyat ustidan nazoratni amalga oshiradi.
3. Parlament komissiyasi o‘z faoliyatini amaldagi qonun hujjatlariga va ushbu Nizomga muvofiq amalga oshiradi.
II. Parlament komissiyasining vakolatlari
4. Parlament komissiyasi:
Oliy Majlis huzuridagi jamoat fondi mablag‘larining nodavlat notijorat tashkilotlarini va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash uchun taqsimlanishini tashkil etadi, nodavlat notijorat tashkilotlarining, fuqarolik jamiyati boshqa institutlarining va davlat organlarining takliflarini o‘rganish asosida aniq ijtimoiy-iqtisodiy masalalarni hal etishga, fuqarolarning ijtimoiy faolligini yanada oshirishga qaratilgan sotsial va ijtimoiy ahamiyatga molik dasturlar hamda loyihalarni moliyalashtirish dasturlarini ishlab chiqadi;
Oliy Majlis huzuridagi jamoat fondi mablag‘larini taqsimlashda ochiqlik va shaffoflikni ta’minlaydi, nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini rivojlantirish hamda ular faoliyatining samaradorligini oshirish, ularning o‘tkazilayotgan sotsial-iqtisodiy va ijtimoiy-siyosiy islohotlarda, demokratik qadriyatlarning, fuqarolar huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarining himoya qilinishini ta’minlashda ishtirok etishi masalalarini muhokama qilishga jamoatchilikni jalb etadi;
joylardagi nodavlat notijorat tashkilotlarini va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash uchun mablag‘larning hajmlarini Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlari huzuridagi ijtimoiy sheriklik bo‘yicha jamoat komissiyalarining (bundan buyon matnda jamoat komissiyalari deb yuritiladi) buyurtmalari asosida aniqlaydi hamda taqsimlaydi, ushbu komissiyalar faoliyatiga uslubiy rahbarlikni ta’minlaydi;
Oliy Majlis huzuridagi jamoat fondi mablag‘laridan maqsadli va samarali foydalanilishi, ushbu jamoat fondi tomonidan moliyalashtiriladigan dasturlar va loyihalar ustidan nazoratni (monitoringni) amalga oshiradi, o‘z majlislarida moliyalashtirayotgan dasturlar hamda loyihalar amalga oshirilishining borishi va natijalari to‘g‘risida nodavlat notijorat tashkilotlarining va fuqarolik jamiyati boshqa institutlarining hisobotlarini, mahalliy davlat hokimiyati organlarining axborotini eshitadi, ijtimoiy sheriklikni yanada rivojlantirishga doir zarur tavsiyalarni ishlab chiqadi va topshiradi;
sotsial va ijtimoiy ahamiyatga molik dasturlar va loyihalarni amalga oshirishda nodavlat notijorat tashkilotlarining va fuqarolik jamiyati boshqa institutlarining davlat organlari bilan hamkorligini chuqurlashtirishga, ijtimoiy hayotni demokratlashtirishda nodavlat notijorat tashkilotlarining va fuqarolik jamiyati boshqa institutlarining rolini kuchaytirish jarayonlariga ko‘maklashadi;
ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturlari va normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarining jamoatchilik muhokamasini, jamoatchilik ekspertizasini tashkil etishda davlat organlariga yordam ko‘rsatadi, mamlakatda amalga oshirilayotgan demokratik o‘zgarishlarning mohiyati va ahamiyatini aholiga tushuntirish bo‘yicha tizimli ish olib boradi;
ijtimoiy sheriklik sohasida ko‘rib chiqilayotgan masalalar yuzasidan qarorlar qabul qilish va ularning bajarilishi ustidan nazoratni amalga oshiradi;
o‘z faoliyati to‘g‘risida jamoatchilikni xabardor qiladi;
davlat subsidiyalari ajratish tartibi va shartlarini belgilaydi;
nodavlat notijorat tashkilotlariga va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlariga davlat grantlari ajratish tartibi va shartlarini belgilaydi;
davlat ijtimoiy buyurtmasini taqdim etish tartibi va shartlarini belgilaydi;
nodavlat notijorat tashkilotlarining va fuqarolik jamiyati boshqa institutlarining Oliy Majlis huzuridagi Jamoat fondi hisobvaraqlarida bo‘sh mablag‘lar qoldiqlari sifatida jamlanadigan, qaytarilgan moliyaviy mablag‘laridan foydalanish tartibini belgilaydi;
qaytarilgan bo‘sh mablag‘larning qoldiqlarini Oliy Majlis huzuridagi Jamoat fondi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi va O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki bilan kelishilgan holda tijorat banklarining depozit hisobvaraqlariga vaqtinchalik joylashtirish, shuningdek hisoblab chiqariladigan foizli depozit to‘lovlarni sarflash tartibi va shartlarini belgilaydi;
(4-band O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Kengashining va O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining 2016-yil 2-maydagi 442-III/KQ-87-III-sonli Qo‘shma qaroriga asosan o‘n uchinchi va o‘n to‘rtinchi xatboshilar bilan to‘ldirilgan — O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2016-y., 5-son, 150-modda)
Oliy Majlis huzuridagi Jamoat fondi direktori lavozimiga nomzodni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Kengashi va Senatining Kengashi ko‘rib chiqishi uchun kiritadi;
Oliy Majlis huzuridagi Jamoat fondi faoliyati va rivojlanishining har yilgi dasturlarini ishlab chiqadi va tasdiqlaydi.
Parlament komissiyasi qonun hujjatlariga muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.
5. Parlament komissiyasi vakolatlariga taalluqli masalalar Oliy Majlis huzuridagi jamoat fondining Ijro etuvchi devoniga yoki Taftish komissiyasiga hal qilish uchun topshirilishi mumkin emas.
6. Parlament komissiyasi har yili O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi va Senatiga bajarilgan ishlar to‘g‘risida axborot taqdim etadi.
III. Parlament komissiyasining tuzilmasi va komissiya faoliyatini boshqarish
7. Parlament komissiyasi O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Kengashining va Senati Kengashining qo‘shma qarori bilan tasdiqlanadigan rais, uning o‘rinbosari, mas’ul kotib va komissiya a’zolaridan iborat bo‘ladi. Parlament komissiyasi tarkibiga O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi deputatlari, Senati a’zolari, adliya va moliya vazirliklarining, nodavlat notijorat tashkilotlarining va fuqarolik jamiyati boshqa institutlarining vakillari kiradi.
8. Parlament komissiyasining raisi:
Parlament komissiyasining faoliyatiga rahbarlik qiladi;
Parlament komissiyasining majlislarini chaqiradi, ularda raislik qiladi;
Parlament komissiyasining ish rejasi loyihasi tayyorlanishini tashkil etadi va Parlament komissiyasining tasdiqlangan ish rejasi bajarilishi yuzasidan nazoratni amalga oshiradi;
Parlament komissiyasi qarorlarini tasdiqlaydi va ularning ijro etilishiga doir ishlarni tashkil etadi;
qonun hujjatlariga muvofiq boshqa vakolatlarni amalga oshiradi.
9. Rais o‘rinbosari Parlament komissiyasining raisi yo‘qligida uning vazifasini bajarib turadi, Parlament komissiyasi tomonidan belgilanadigan boshqa vazifalarni bajaradi.
10. Parlament komissiyasining mas’ul kotibi Parlament komissiyasi majlislarini tashkil etish va o‘tkazish bilan bog‘liq vazifalarni amalga oshiradi, Parlament komissiyasi majlislari bayonnomalarini yuritadi, shuningdek Parlament komissiyasi tomonidan belgilanadigan boshqa vazifalarni bajaradi.
11. Parlament komissiyasining tarkibini o‘zgartirish O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Kengashi va Senati Kengashining qo‘shma qarori bilan amalga oshiriladi.
Parlament komissiyasi O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi Kengashiga va Senati Kengashiga raisni, rais o‘rinbosarini, mas’ul kotibni, ayrim a’zolarni muddatidan ilgari vazifasidan ozod etish to‘g‘risidagi masalani Parlament komissiyasi a’zolari umumiy sonining uchdan ikki qismining talabiga ko‘ra kiritishi mumkin.
12. Parlament komissiyasining raisi, rais o‘rinbosari, mas’ul kotibi va a’zolari o‘z vazifalarini jamoatchilik asosida bajaradi.
Parlament komissiyasi raisining, rais o‘rinbosarining, mas’ul kotibining va a’zolarining o‘z vazifalarini bajarishi bilan bog‘liq xarajatlarining o‘rni ularning asosiy ish joyidagi mablag‘lar hisobidan qoplanadi.
13. Parlament komissiyasi qo‘yilgan maqsad va vazifalarni bajarish uchun ishchi va ekspert guruhlarini tuzishi mumkin. Bu guruhlarning faoliyati Parlament komissiyasi tomonidan tasdiqlanadigan nizom asosida amalga oshiriladi. Yo‘nalishlar bo‘yicha ishchi va ekspert guruhlarini tuzishda ishga jalb etilayotgan ekspertlarning kasbiy va hayotiy tajribasi hisobga olinadi.
14. Parlament komissiyasi a’zolari bir vaqtning o‘zida Oliy Majlis huzuridagi jamoat fondi Ijro etuvchi devonining va Taftish komissiyasining a’zosi bo‘lishi mumkin emas.
IV. Parlament komissiyasining faoliyatini tashkil etish
15. Parlament komissiyasining majlislari zaruratga qarab, lekin har chorakda kamida bir marta o‘tkaziladi.
Parlament komissiyasining majlislari Parlament komissiyasining raisi yoki rais o‘rinbosari tomonidan chaqiriladi, ular bu haqda komissiya a’zolarini, qoida tariqasida, kamida ikki kun avval xabardor qiladi.
Parlament komissiyasi majlisining kun tartibiga qo‘shiladigan masalalar Parlament komissiyasining raisi, rais o‘rinbosari, mas’ul kotibi va a’zolari, shuningdek Oliy Majlis huzuridagi jamoat fondi direktori tomonidan kiritilishi mumkin.
Parlament komissiyasining majlislari, agar ularda Parlament komissiyasi a’zolarining kamida yarmi hozir bo‘lsa, vakolatlidir.
Parlament komissiyasining majlisini Parlament komissiyasining raisi yoki uning o‘rinbosari olib boradi.
Parlament komissiyasining majlisi ochiq o‘tkaziladi. Zarurat bo‘lganda Parlament komissiyasi yopiq majlis o‘tkazish to‘g‘risida qaror qabul qilishi mumkin.
16. Parlament komissiyasining navbatdan tashqari majlisi Parlament komissiyasi raisining tashabbusi bilan, shuningdek Parlament komissiyasi a’zolarining yoki Oliy Majlis huzuridagi jamoat fondi Taftish komissiyasi a’zolarining yozma talabiga binoan chaqiriladi.
17. Parlament komissiyasining a’zolari uning majlislarida hozir bo‘lishi shart. Parlament komissiyasi a’zolari Parlament komissiyasining majlislarida ishtirok eta olmasligi haqida Parlament komissiyasi raisini yoki mas’ul kotibini oldindan yozma ravishda xabardor qiladi.
18. Parlament komissiyasining barcha a’zolari teng huquqlardan foydalanadi, Parlament komissiyasining har bir a’zosi bir ovozga ega bo‘ladi.
19. Parlament komissiyasining qarori uning majlisida ishtirok etayotgan a’zolarning ko‘pchilik ovozi bilan qabul qilinadi. Majlisda Parlament komissiyasining mas’ul kotibi tomonidan bayonnoma yuritiladi va u raislik qiluvchi tomonidan imzolanadi.
Parlament komissiyasining qarorlari Oliy Majlis huzuridagi jamoat fondining Ijro etuvchi devoni ijro etishi uchun majburiydir.
20. Parlament komissiyasining majlislariga davlat organlarining, nodavlat notijorat tashkilotlarining va fuqarolik jamiyati boshqa institutlarining, ilmiy muassasalarning vakillari, mutaxassislar va olimlar, matbuot, televideniye, radio va O‘zbekistonning boshqa ommaviy axborot vositalari vakillari taklif etilishi mumkin.
V. Parlament komissiyasi to‘g‘risidagi nizomga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish tartibi
21. Parlament komissiyasi to‘g‘risidagi nizomga o‘zgartish va qo‘shimchalar O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Kengashining va Senati Kengashining qo‘shma qarori bilan kiritiladi.
22. O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Kengashining va Senati Kengashining Parlament komissiyasini shakllantirish hamda uning faoliyatini tashkil etish masalalari bo‘yicha qo‘shma qarori tegishincha O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va Senatining majlislarida tasdiqlanishi kerak.
(O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2015-y., 5-son, 219-modda; 2016-y., 5-son, 150-modda; Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2018-y., 04-05/18/1605-III/330-III/1095-son; 01.07.2019-y., 04/19/2493-III/KQ-537-III/3357-son)