Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining
qarori
Himoya huquqini taʼminlovchi qonunlarni qoʻllash amaliyoti toʻgʻrisida
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2003-yil 19-dekabrdagi 17-sonli “Gumon qilinuvchi va ayblanuvchini himoya huquqi bilan taʼminlashga oid qonunlarni qoʻllash boʻyicha sud amaliyoti toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Sud amaliyotini oʻrganib chiqish gumonlanuvchi, ayblanuvchi va sudlanuvchining himoya huquqini taʼminlovchi konstitutsiyaviy qoidalarga rioya qilinayotganligini va bu odil sudlovni amalga oshirish sifatiga ijobiy taʼsir etayotganligini koʻrsatdi.
Shu bilan birga ayrim ishlar boʻyicha jinoyat-protsessual qonunlarning baʼzi talablari toʻliq bajarilmayotir, bu esa ayrim hollarda himoya huquqining buzilishiga olib kelmoqda.
Mavjud kamchiliklarni bartaraf etish maqsadida, shuningdek qonunlarni amaliyotda qoʻllash jarayonida muammolar yuzaga kelayotganligi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumi qaror qildi:
1. Gumonlanuvchi, ayblanuvchi va sudlanuvchining himoya huquqini taʼminlash konstitutsiyaviy qoida hisoblanadi va jinoyat-sudlov ishlarini yurgizishning barcha bosqichlarida unga qatʼiy amal qilinishi kerak. Shuning uchun ularning protsessual huquqlariga ogʻishmay rioya etish, ish holatlarini har taraflama, toʻla va xolisona oʻrganish, gumonlanuvchi, ayblanuvchi va. sudlanuvchini qoralovchi va oqlovchi, shuningdek ularning javobgarliklarini ogʻirlashtiruvchi va yengillashtiruvchi holatlarni aniqlash, ish boʻyicha mavjud boʻlgan taxminlarni sinchiklab tekshirish, dalillar taqdim etish va ularni tekshirish, iltimoslar keltirishda protsess ishtirokchilarining teng huquqliliklarini taʼminlash zarur.
Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat-protsessual kodeksining 24-moddasiga muvofiq surishtiruv olib boruvchi, tergovchi, prokuror, sud gumonlanuvchiga, ayblanuvchiga, sudlanuvchiga qonunda belgilangan vosita va usullar bilan himoyalanishlari uchun imkoniyat yaratib berishga majburdirlar.
2. Gumonlanuvchini, ayblanuvchini va sudlanuvchini himoya huquqi bilan taʼminlash uchun gumonlanuvchi, ayblanuvchi va sudlanuvchi aybi qonunda belgilangan tartibda isbotlanmaguncha va qonuniy kuchga kirgan sud hukmi bilan aniqlanmaguncha aybsiz hisoblanishi nazarda tutilgan konstitutsiyaviy qoidaga qatʼiy rioya etish zarur.
Gumonlanuvchiga, ayblanuvchiga va sudlanuvchiga oʻzining aybsizligini isbotlash vazifasini yuklashga yoʻl qoʻyib boʻlmaydi. Ayblov hukmi taxminlarga, shuningdek ruxsat etilmagan usullarni qoʻllash yoʻli bilan yigʻilgan dalillarga asoslangan boʻlishi mumkin emas. Bartaraf etishning imkoniyati boʻlmagan barcha shubhalar gumonlanuvchining, ayblanuvchining va sudlanuvchining foydasiga hal qilinishi kerak.
Sudlar Jinoyat-protsessual kodeksining 25-moddasi talablariga binoan taraflarning oʻzaro tortishuvi tamoyiliga soʻzsiz rioya qilinishini taʼminlashga majburdirlar.
Bunda taraflar sud majlisida dalillar taqdim etish, ularni tekshirishda qatnashish, iltimos bilan murojaat qilish, ishning toʻgʻri hal etilishi uchun ahamiyatga ega boʻlgan har qanday masala boʻyicha oʻz fikrlarini bildirishda teng huquqlardan foydalanadilar.
3. Jinoyat-protsessual kodeksining 487-moddasining mazmuniga koʻra sudning ishni har taraflama tekshirib koʻrishiga xalaqit bergan, hamda qonuniy va asoslantirilgan hukm chiqarishiga taʼsir etgan va taʼsir etishi mumkin boʻlgan himoya huquqining buzilishini sud qarorining bekor boʻlishiga asos boʻladigan himoya huquqini jiddiy buzish deb tushunmoq lozim.
Jinoyat-protsessual kodeksining 51-moddasiga muvofiq himoyachining ishtirok etishi majburiy hisoblangan hollarda himoyachining sud majlisida, surishtiruv va dastlabki tergov vaqtida ishtirok etmasligi ham jinoyat-protsessual qonunni jiddiy buzish hisoblanadi.
(3-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2002-yil 14-iyundagi 10-sonli qarori tahririda)
4. Gumonlanuvchining, ayblanuvchining himoyachi olish huquqini, aniq nimada gumonlanayotganligini yoki ayblanayotganligini, sudlanganning esa — u qanday jinoiy harakatni sodir etganlikda aybli deb topilganligini bilishi lozimligini kafolatlovchi JPK ning 46, 48-moddalari talablariga rioya etish zarurligiga eʼtibor qaratilsin. Shuning uchun jinoyat ishda ayblanuvchi tariqasida ishtirok etishga jalb qilish toʻgʻrisidagi qarorda, ayblash fikrida va hukmda JPKning 361, 379, 467-moddalarida nazarda tutilgan holatlar aniq bayon etilgan boʻlishi lozim.
(4-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2002-yil 14-iyundagi 10-sonli qarori tahririda)
Mabodo shaxs bir necha jinoyatlarni sodir etganlikda ayblanayotgan boʻlsa, bu holatlar har bir aybga nisbatan bayon etilishi zarur.
5. Jinoyat-protsessual kodeksining 53-moddasiga muvofiq himoyachining ishda ishtirok etishiga yoʻl qoʻyilgan vaqtdan boshlab, u gumonlanuvchini yoki ayblanuvchini soʻroq qilishda, shuningdek ular ishtirokida amalga oshiriladigan boshqa tergov harakatlarida ishtirok etishga haqli.
(5-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2002-yil 14-iyundagi 10-sonli qarori tahririda)
Surishtiruv organlari yoki tergovchi bunday harakatlarni oʻtkazish kuni toʻgʻrisida himoyachini oldindan xabardor qilishi kerak.
6. Jinoyat-protsessual kodeksining 51-moddasiga muvofiq “oʻzining jismoniy kamchiliklari yoki ruhiy kasalliklari sababli himoya huquqini amalga oshirishda qiynaladigan shaxslar” deganda, xususan, aqli raso deb topilgan boʻlsalarda, ammo ruhiy faoliyatlari doimiy yoki vaqtincha buzilgan, nutqida, koʻrishida, eshitishida jiddiy kamchiliklari boʻlgan yoki boshqa ogʻir xastalik bilan kasallangan shaxslarni tushunish lozimligi uqdirilsin.
7. Ayblanuvchining himoya huquqini jinoyat ishini sudda koʻrish uchun tayinlash bosqichida taʼminlash maqsadida, zarur hollarda, ayblanuvchilarni va ularning himoyachilarini sudga bildirilgan, shuningdek tergov davrida qanoatlantirilmasdan qoldirilgan iltimoslari boʻyicha ham tushuntirish berish uchun chaqirish kerak.
(7-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2002-yil 14-iyundagi 10-sonli qarori tahririda)
Surishtiruv va dastlabki tergov davrida gumonlanuvchining, ayblanuvchining himoyasiga oid protsessual huquqlariga rioya qilinmagan, gumonlanuvchi, ayblanuvchi va uning himoyachisining ish uchun muhim ahamiyatli boʻlgan holatlarni aniqlash yuzasidan bildirilgan iltimoslari asossiz ravishda qanoatlantirilmay qoldirilgan hollarda, shuningdek qonunda nazarda tutilgan boshqa talablar jiddiy ravishda buzilgan boʻlsa va tergov kamchiliklarini sud majlisida toʻldirish mumkin boʻlmasa qonunda koʻrsatilgan tartibda sud ishni qoʻshimcha tergovga yuborish toʻgʻrisidagi masalani muhokama qilishi lozim.
8. Sud (sudya) jinoyat ishini, uning hajmini, murakkabligini va boshqa holatlarni inobatga olib, sudlanuvchini va uning himoyachini, shuningdek boshqa protsess ishtirokchilarini ish hujjatlari bilan tanishish va himoyaga tayyorlanish imkoniyatiga ega boʻlishliklarini nazarda tutgan holda, qonunda belgilangan muddat ichida, koʻrish uchun tayinlash kerak.
(8-band Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2002-yil 14-iyundagi 10-sonli qarori tahririda)
9. Oʻzbekiston Respublikasining “Advokatlar toʻgʻrisida”gi Qonuniga binoan oliy yuridik maʼlumotga ega boʻlgan va belgilangan tartibda advokatlik faoliyati bilan shugʻullanish huquqini beruvchi litsenziyani olgan Oʻzbekiston Respublikasining fuqarosi Oʻzbekiston Respublikasida advokat boʻlishi mumkin.
10. Jinoyat-protsessual kodeksining 52-moddasiga muvofiq gumon qilinuvchi, ayblanuvchi, sudlanuvchi ish yuritilayotgan istalgan vaqtda himoyachidan voz kechishga haqlidir. Bunday voz kechishga faqat gumon qilinuvchining, ayblanuvchining yoki sudlanuvchining tashabbusi bilan va faqat himoyachining ishda qatnashishiga uni taklif etish orqali taʼminlanadigan real imkoniyatlar mavjud boʻlgandagina yoʻl qoʻyiladi.
(10-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2002-yil 14-iyundagi 10-sonli qarori tahririda)
Bunda himoyachi himoyadan voz kechilganligini tasdiqlaydi va bu haqda gumon qilinuvchi, ayblanuvchi, sudlanuvchi, surishtiruvchi yoki tergovchi imzolaydigan bayonnoma tuziladi yoki sud majlisi bayonnomasiga yozib qoʻyiladi.
(10-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2002-yil 14-iyundagi 10-sonli qarori tahririda)
Quyidagi ishlar boʻyicha himoyachidan voz kechish surishtiruvchi, tergovchi, prokuror va sud uchun majburiy emas:
(10-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2002-yil 14-iyundagi 10-sonli qarori tahririda)
voyaga etmaganlarning ishi boʻyicha;
soqovlar, karlar, koʻrlar, jismoniy nuqsoni yoki ruhiy kasalligi sababli himoya huquqini amalga oshirishga qiynaladigan boshqa shaxslarning ishi boʻyicha;
sudlov ishi olib borilayotgan tilni bilmaydigan shaxslarning ishi boʻyicha;
jazo chorasi sifatida oʻlim jazosi tayinlanishi mumkin boʻlgan jinoyatlarni sodir etishda gumon qilinayotgan, ayblanayotgan yoki sudlanayotgan shaxslarning ishi boʻyicha;
tibbiy yoʻsindagi majburlov choralarini qoʻllash toʻgʻrisidagi ishlar boʻyicha.
11. Himoyachidan voz kechish gumon qilinuvchini, ayblanuvchini yoki sudlanuvchini keyinchalik ishda himoyachi ishtirok etishiga ruxsat berish haqida iltimos qilish huquqidan mahrum etmaydi. Bunday iltimos barcha hollarda qanoatlantirilishi kerak. Himoyachining sud majlisi davomida ishga kiritilishi sud tergovini qayta boshlash uchun asos boʻlmaydi. Lekin unga ish hujjatlari bilan tanishish va himoyaga tayyorlanish imkoni beriladi.
Himoyachi ishda ishtirok etish haqida bitim tuzgandan yoki tayinlangandan boshlab oʻz vazifalarini bajarishni rad etishga haqli emas.
(11-band Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2002-yil 14-iyundagi 10-sonli qarori tahririda)
12. Himoyachi quyidagi hollarda jinoyat ishini yuritishda ishtirok etishga haqli emas, basharti u:
(12-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2002-yil 14-iyundagi 10-sonli qarori tahririda)
ilgari shu ish boʻyicha sudya, prokuror, tergovchi, surishtiruvchi, sud majlisining kotibi, guvoh, ekspert, mutaxassis, tarjimon yoki xolis sifatida ishtirok etgan boʻlsa;
oʻz himoyasidagi gumon qilinuvchining, ayblanuvchining, sudlanuvchining yoki oʻzi vakillik qilayotgan jabrlanuvchining, fuqaroviy daʼvogarning, fuqaroviy javobgarning manfaatlariga manfaati qarama-qarshi boʻlgan shaxsga yuridik yordam koʻrsatayotgan yoki ilgari shunday yordam koʻrsatgan boʻlsa.
Jinoyat-protsessual kodeksining 79-moddasida himoyachining ishda ishtirok etishini istisno etuvchi boshqa holatlar ham nazarda tutilgan.
(12-bandning toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2002-yil 14-iyundagi 10-sonli qarori tahririda)
Ishda ishtirok etishiga yoʻl qoʻyilgan himoyachi ish bilan tanishish vaqtida himoyachi boʻlganlardan birining manfaatlari ikkinchisining manfaatlariga qarama-qarshi ekanligini aniqlasa ulardan birini himoya qilishdan ozod etish toʻgʻrisida iltimos qilishga majbur.
(12-bandning beshinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2002-yil 14-iyundagi 10-sonli qarori tahririda)
13. Qonunga muvofiq gumon qilinuvchi, ayblanuvchi, sudlanuvchi oʻzi tanlagan himoyachini taklif etishga haqli.
Tanlangan himoyachining yigirma toʻrt soat davomida ishda ishtirok etishga kirishishiga imkoniyati boʻlmagan holda, surishtiruvchi, tergovchi, prokuror yoki sud gumon qilinuvchiga, ayblanuvchiga, sudlanuvchiga yoki ularning qarindoshlariga boshqa himoyachi tanlashni taklif etishga yoki yuridik maslahatxona orqali himoyachi tayinlashga majbur.
Jinoiy ishni koʻrib chiqishda qatnashishga tayinlangan himoyachi fuqaroning toʻlovga qobiliyatsizligini vaj qilib, unga yuridik yordam koʻrsatishdan bosh tortishga haqli emas.
Himoyachi davlat xizmatida turishi mumkin emas.
(13-band Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2002-yil 14-iyundagi 10-sonli qarori tahririda)
14. Jinoyat-protsessual kodeksining 53-moddasiga muvofiq, qamoqda saqlanayotgan gumon qilinuvchi, ayblanuvchi va sudlanuvchi jinoyat sudlov ishlarini yurgizishning barcha bosqichlarida soni va muddati cheklanmagan holda himoyachi bilan holi uchrashish huquqiga ega.
(14-band Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2002-yil 14-iyundagi 10-sonli qarori tahririda)
15. Gumonlanuvchini, ayblanuvchini, sudlanuvchini, himoyachini sudlov ishi olib borilayotgan tilni bilmasliklari bilan bogʻliq boʻlgan huquqlarini har qanday cheklash va bu shaxslarni protsessning barcha bosqichida oʻzining ona tilidan foydalanish imkoniyati bilan taʼminlamaslik jinoyat-protsessual qonun talablarini jiddiy buzish deb hisoblanadi.
Himoyachining sudlov ishi olib borilayotgan tilni bilmasligi uni ishda ishtirok etishdan chetlatish uchun asos boʻla olmaydi. Bunday hollarda surishtiruvchi, tergovchi va sud JPK ning 20-moddasiga muvofiq, protsessda tarjimonning ishtirok etishini taʼminlash choralarini koʻradi.
(15-band Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2002-yil 14-iyundagi 10-sonli qarori tahririda)
16. Jinoyat-protsessual kodeksining 449-moddasiga koʻra himoyachi bilan taʼminlangan yoki taʼminlanmaganidan qatʼi nazar, sudlanuvchi ham taraflar muzokarasida ishtirok etadi.
(16-band Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2002-yil 14-iyundagi 10-sonli qarori tahririda)
17. Sud muzokarasining ishtirokchilari ayblov mohiyati boʻyicha oʻzlarining vajlarini bayon etayotganlarida sud ularni cheklab qoʻyishi mumkin emas.
Sudlanuvchining himoyachi boʻlmagan holda uni sud muzokarasida ishtirok etishiga imkoniyat yaratmaslik, shuningdek oxirgi soʻzdan mahrum etish, jinoyat-protsessual qonunni jiddiy buzish hisoblanadi.
(17-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2002-yil 14-iyundagi 10-sonli qarori tahririda)
18. Hukm eʼlon qilingandan keyin raislik qiluvchi sudlanuvchiga va boshqa taraflarga hukmning mazmunini, uning ustidan shikoyat qilish tartibi va muddatlarini, shuningdek sud majlisi bayonnomasi bilan tanishish huquqini tushuntiradi. Agar sudlanuvchi favqulodda jazo chorasi — oʻlim jazosiga hukm qilingan boʻlsa, unga afv etishni soʻrab iltimos qilish huquqi ham tushuntiriladi.
19. Sud sudlanganga, oqlanganga, ularning himoyachilariga sud majlisining bayonnomasi bilan tanishib chiqish uchun imkoniyat yaratishi shart. Protsessning manfaatdor ishtirokchilari qonunda belgilangan muddatdan soʻng tayyorlangan bayonnomani imzolangan sanasi toʻgʻrisida oʻz vaqtida xabardor etilishlari lozim.
(19-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2002-yil 14-iyundagi 10-sonli qarori tahririda)
Mabodo sudlangan, oqlangan belgilangan muddatda sud majlisining bayonnomasi bilan himoyachi ishtirokida tanishish istagi borligi toʻgʻrisida ariza taqdim etsa, sud bu haqda himoyachini xabardor qilishi, u esa oʻzining himoyasida boʻlgan shaxs ishtirokida sud majlisining bayonnomasi bilan tanishib chiqishi shart, chunki bu himoyachining oʻz zimmasiga olgan himoya qilish majburiyatlaridan kelib chiqadi.
(19-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2002-yil 14-iyundagi 10-sonli qarori tahririda)
Agarda bayonnomani katta hajmdaligi va boshqa uzrli sabablar tufayli protsess ishtirokchilarining bayonnoma bilan tanishishlari va mulohazalarini taqdim etishlari uchun 5 sutkadan ortiq vaqt talab etilsa, bu muddat sud yoki sudya tomonidan uzaytirilishi mumkin.
Sud majlisining bayonnomasi yuzasidan taqdim etilgan mulohazalar muhim protsessual ahamiyatga ega va shu sababli sud tomonidan sinchiklab va xolisona koʻrib chiqilishi lozim.
20. Jinoyat-protsessual kodeksining 20, 473-moddalariga muvofiq hukmni eʼlon qilish va uni sudlanganga, oqlanganga topshirish ularni ona tilida yoki ular tushunadigan boshqa tilda amalga oshiriladi.
Agar sanab oʻtilgan shaxslar qayd etilgan talablarga rioya etilmaganligi oqibatida hukm ustidan shikoyat qilish imkoniyatidan mahrum etilgan boʻlsalar, bu oʻtkazib yuborilgan apellyatsiya shikoyati berish muddatlarini tiklash yoki apellyatsiya bosqichi sudining ajrimini bekor qilish uchun asos boʻlib hisoblanishi lozim.
(20-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2002-yil 14-iyundagi 10-sonli qarori tahririda)
21. Birinchi bosqich sudi berilgan shikoyatlar va protestlar toʻgʻrisida sudlanganlarni, oqlanganlarni, himoyachilarni va JPK ning 4972-moddasiga koʻrsatilgan boshqa shaxslarni xabardor qilishi va ularning protest yoki shikoyat ustidan eʼtiroz berish huquqini tushuntirishi shart.
Yuqorida qayd etilgan qonunning qoidalari buzilgan holda apellyatsiya bosqichi sudi ularni bartaraf etish choralarini koʻrishga majbur.
(21-band Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2002-yil 14-iyundagi 10-sonli qarori tahririda)
22. Jinoyat-protsessual kodeksining 4972-moddasiga koʻra hukm chiqargan sud ishni apellyatsiya bosqichi sudida koʻrish kuni toʻgʻrisida shu moddaning birinchi qismida koʻrsatilgan shaxslarni xabardor qilishi shart. Ushbu talabga rioya etmaslik ishni koʻrishni boshqa kunga qoldirishga olib keladi.
Apellyatsiya bosqichi sudi tomonidan ishni himoyachi ishtirokisiz koʻrish, agarda u sud majlisi boʻladigan vaqt toʻgʻrisida tegishli ravishda xabardor qilinmagan va bu uning sud majlisida ishtirok etish imkoniyatidan mahrum etgan boʻlsa, jinoyat-protsessual qonun talablarini jiddiy buzish hisoblanadi.
Agarda jinoyat ishida himoyachini sud muhokamasi boʻladigan vaqt haqida tegishli ravishda xabardor etilganligi toʻgʻrisida aniq maʼlumotlar boʻlsa va ishni koʻrishni keyinga qoldirish uchun asos boʻladigan maʼlumotlar mavjud boʻlmasa, uning kelmasligi ishni apellyatsiya tartibida koʻrishga toʻsqinlik qilmaydi.
(22-band Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2002-yil 14-iyundagi 10-sonli qarori tahririda)
23. Jinoyat-protsessual kodeksi 479-moddasining 4-qismiga asosan protsess ishtirokchilari ishni apellyatsiya tartibida koʻrishda ishtirok etishga haqlidirlar. Bu masala sud tomonidan ishni apellyatsiya tartibida koʻrishga tayyorlash bosqichida hal etiladi.
(23-band Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2002-yil 14-iyundagi 10-sonli qarori tahririda)
24. Sud hukmni ijro qilish bilan bogʻliq masalalarni JPK ning 532, 542-moddalari tartibiga koʻra hal qilishda himoyachining ishda ishtirok etishiga, agar sudlangan, uning qarindoshlari yoki boshqa manfaatdor shaxslar bu haqda iltimos qilayotgan boʻlsalar, yoʻl qoʻyishi mumkin.
(24-band Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2002-yil 14-iyundagi 10-sonli qarori tahririda)
25. Jinoyat-protsessual kodeksining 50-moddasiga muvofiq huquqiy yordam koʻrsatilganlik uchun haq toʻlashdan faqat haq toʻlash imkoniyatiga ega boʻlmagan mehnat qobiliyatini yoʻqotgan shaxslar ozod qilinishlari mumkin.
26. Jinoyat-protsessual kodeksining 476 va 496-moddalariga muvofiq sudlar jinoyat protsessining barcha bosqichlarida yoʻl qoʻyilgan himoya huquqini buzish hollariga munosabatlarini bildirishlari lozim.
27. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 1993-yil 16-apreldagi “Himoya huquqini taʼminlovchi qonunlarni qoʻllash amaliyoti toʻgʻrisida”gi qarori oʻz kuchini yoʻqotgan deb topilsin.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudining Raisi U. MINGBOYEV
Plenum kotibi, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudining sudyasi A. MUXAMMADIYEV
Toshkent sh.,
1996-yil 20-dekabr,
41-son