O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Qurilishi tugallanmagan obyektni foydalanishga topshirishni jadallashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida
Mazkur qaror O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2015-yil 2-martdagi 39-sonli “Davlat mulkidan samarali foydalanish va Toshkent shahri aholisining uy-joy-kommunal shart-sharoitlarini yanada yaxshilash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.
Toshkent shahar, Mirzo Ulug‘bek tumani, Mustaqillik shoh ko‘chasida joylashgan qurilishi tugallanmagan savdo uyi binosini foydalanishga topshirishni jadallashtirish va undan samarali foydalanishni ta’minlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Toshkent shahar hokimligi, O‘zbekiston Respublikasi Xususiylashtirish, monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasi, OAT “Aloqabank” va “ZRAS BIZNES” mas’uliyati cheklangan jamiyat muassislarining:
Toshkent shahar, Mirzo Ulug‘bek tumani, Mustaqillik shoh ko‘chasida joylashgan qurilishi tugallanmagan savdo uyi binosini (keyingi o‘rinlarda obyekt deb ataladi) foydalanishga topshirishni jadallashtirish maqsadida, uni istisno tariqasida baholash qiymatida to‘g‘ridan to‘g‘ri “ZRAS BIZNES” MChJga sotish;
sotishdan tushgan mablag‘larning bir qismini obyekt qurilishiga Toshkent shahar hokimligining Savdo, xizmat ko‘rsatish sohasi va xalq iste’mol mollari ishlab chiqarish departamenti tomonidan sarflangan 3 016 469 200 so‘m miqdoridagi jalb qilingan kredit va o‘z mablag‘larini qoplash uchun Toshkent shahar hokimligining alohida hisob raqamiga yo‘naltirish (xarajatlar miqdori pul mablag‘larining Toshkent shahar hokimligi alohida hisob raqamiga tushishi sanasiga qarab binoni saqlash xarajatlari va kredit foizlari hisobiga o‘zgarishi mumkin);
sotishdan tushgan mablag‘larning qolgan qismini Vazirlar Mahkamasining 2009-yil 29-yanvardagi 27-son qarori bilan tasdiqlangan Xususiylashtirishdan tushgan mablag‘larni hisobga olish, taqsimlash va ulardan foydalanilishini nazorat qilish tartibi to‘g‘risidagi nizomda belgilangan tartibda taqsimlash to‘g‘risidagi takliflari ma’qullansin.
2. O‘zbekiston Respublikasi Xususiylashtirish, monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasi, Toshkent shahar hokimligi:
obyektning xususiylashtirishga tegishli hujjatlar to‘plami belgilangan tartibda tayyorlanishi va baholanishini hamda baholangan narxida to‘g‘ridan to‘g‘ri “ZRAS BIZNES” MChJga sotish yuzasidan oldi-sotdi shartnomasi rasmiylashtirilishini;
sotishdan tushgan mablag‘lar ushbu qarorning 1-bandida ko‘rsatilgan tartibda taqsimlanishini;
“ZRAS BIZNES” MChJ tomonidan shartnoma shartlari to‘liq bajarilgandan so‘ng unga obyektga nisbatan mulkiy huquqni tasdiqlovchi davlat orderi berilishini ta’minlasinlar.
3. Obyektning sotib olish to‘lovlari 2014-yil 15-dekabrga qadar “ZRAS BIZNES” MChJ tomonidan to‘liq to‘lanishi hamda 2015-yil 1-yanvarga qadar qurilish ishlari yakunlanib, obyekt foydalanishga topshirilishi inobatga olinsin.
4. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari B.I. Zakirov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2014-yil 27-oktabr,
296-son
(O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2014-y., 44-son, 536-modda)