Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
XOʻJALIK YURITUVCHI SUBYEKTLARNING XARAJATLARINI HISOBGA OLISH VA MOLIYAVIY NATIJALARINI SHAKLLANTIRISH TARTIBINI TAKOMILLASHTIRISH TOʻGʻRISIDA
Daromad (foyda) soligʻini hisoblab chiqishda xoʻjalik yurituvchi subyektlarga soliq yuklamasini kamaytirish, soliq solinadigan bazani yanada real aniqlash va ularning xarajatlarini hisobga olish hamda moliyaviy natijalarini shakllantirish metodologiyasini takomillashtirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Quyidagilarga:
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1999-yil 5-fevraldagi 54-son qarori (Oʻzbekiston Respublikasi QT, 1999-y., 2-son, 9-modda, 2003-y., 6-son, 44, 45-moddalar) bilan tasdiqlangan “Mahsulot (ishlar, xizmatlar)ni ishlab chiqarish va sotish xarajatlarining tarkibi hamda moliyaviy natijalarni shakllantirish tartibi toʻgʻrisidagi nizom”ga 1-ilovaga muvofiq;
2. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Adliya vazirligi bilan birgalikda “Mahsulot (ishlar, xizmatlar)ni ishlab chiqarish va sotish xarajatlarining tarkibi hamda moliyaviy natijalarni shakllantirish tartibi toʻgʻrisida nizom”, shuningdek unga sharhlar mazkur qarorning 1-bandi bilan kiritiladigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar hisobga olingan holda eʼlon qilinishini taʼminlasin.
3. Vazirliklar va idoralar bir oy muddatda oʻz normativ hujjatlarini mazkur qarorga muvofiqlashtirsinlar.
4. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari R.S. Azimov zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2003-yil 15-oktabr,
444-son
“Mahsulot (ishlar, xizmatlar)ni ishlab chiqarish va sotish xarajatlari tarkibi hamda moliyaviy natijalarni shakllantirish tartibi toʻgʻrisida Nizom”ga kiritilayotgan
oʻzgartirish va qoʻshimchalar
I. Nizomda:
1. “Umumiy qoidalar” boʻlimida:
a) oxirgi xatboshi “vazirliklar va idoralar” soʻzlaridan keyin “xoʻjalik birlashmalari (korporatsiyalar, konsernlar, uyushmalar, kompaniyalari va boshqalar)” soʻzlari bilan toʻldirilsin;
2. “B” boʻlimda:
a) 1.1.2-band quyidagi tahrirda bayon qilinsin:
“1.1.2. Normal texnologiya jarayonini taʼminlash va mahsulotlarni oʻrash uchun mahsulot (ishlar, xizmatlar) yoki boshqa ishlab chiqarish ehtiyojlariga sarflanadigan (asbob-uskunalar, binolar, inshootlar va boshqa asosiy vositalar sinovini oʻtkazish, nazorat qilish, saqlash, tuzatish va ulardan foydalanish) uchun ishlab chiqarish jarayonida foydalaniladigan xarid qilinadigan materiallar, shuningdek asbob-uskunalarni tuzatish uchun ehtiyot qismlar, inventarlarning, xoʻjalik buyumlarining va asosiy vositalarga kirmaydigan boshqa mehnat vositalarining qiymati”;
b) 1.1.5-band quyidagi tahrirda bayon qilinsin:
“1.1.5. Tabiiy xom ashyo (yer rekultivatsiyasiga ajratmalar, ixtisoslashtirilgan yuridik shaxslar tomonidan amalga oshiriladigan yerni rekultivatsiya qilish ishlariga haq toʻlash), ildizi bilan beriladigan daraxtga haq toʻlash, korxonalar tomonidan suv xoʻjaligi tizimlaridan beriladigan isteʼmol qilinadigan suv uchun haq toʻlash. Sanoatning xom ashyo tarmoqlari uchun – yogʻoch, taxta materiallaridan yoki foydali qazilmalardan (rudadan) foydalanishga huquqlarning amortizatsiya qilinadigan qiymati yoki atrof muhitni tiklash xarajatlari”;
v) 1.1.8-banddagi “tabiiy yoʻqolish normalari doirasida va ulardan ortiqcha yoʻqotilishi” soʻzlari chiqarib tashlansin;
g) 1.1.12-banddagi “bojxona bojlari va yigʻimlardan” soʻzlaridan keyin “soliqlardan (korxona keyinchalik qarz surishish, masalan, qoʻshilgan qiymat soligʻi tarzida qaytarib oladiganlardan tashqari)” soʻzlari qoʻshilsin;
d) 1.3.2-band quyidagi tahrirda bayon qilinsin:
“1.3.2. Nodavlat pensiya jamgʻarmalariga va ixtiyoriy sugʻurtaning boshqa turlariga ajratmalar”;
e) 1.4.2-banddagi “nomoddiy aktivlar” soʻzlaridan keyin “(Gudvill (firmaning narxi)dan tashqari”) soʻzlari qoʻshilsin;
j) 1.5.2-banddagi “belgilangan normalar doirasida va ulardan ortiqcha” soʻzlari chiqarib tashlansin;
z) 1.5.3-band quyidagi tahrirda bayon qilinsin:
“1.5.3. Ishlab chiqarish xodimlarini va ishlab chiqarish aktivlarini majburiy va ixtiyoriy sugʻurta qilish xarajatlari”;
i) quyidagi mazmundagi 1.5.11 va 1.5.12-kichik bandlar bilan toʻldirilsin:
“1.5.11. Gudvill (firma narxi)ning nomoddiy aktivi summasini hisobdan chiqarish bilan bogʻliq xarajatlar, ishlab chiqarish maqsadida boʻlmagan mol-mulk yuzasidan belgilangan tartibda;
1.5.12. Qazib oluvchi tarmoqlarda tayyorgarlik ishlari boʻyicha xarajatlar, agar ular kapital xarajatlarga tegishli boʻlmasa (yaʼni asosiy vositalar sifatida kapitallashtirilmasa). Ushbu xarajatlar “Kelgusi davrlar xarajatlari” sifatida qaraladi va ularni qaytarishning belgilangan muddati mobaynida teng ravishda ishlab chiqarish tannarxiga yoki qazib olingan mahsulotning hajmi va miqdoriga mutanosib ravishda hisobdan chiqariladi. Kelgusi davrlar xarajatlarini hisobdan chiqarishning tanlangan metodi xoʻjalik yurituvchi subyektning hisobga olish siyosatida aks ettirilishi kerak”;
k) 2.1.2-banddagi “ishlari xarajatlari” soʻzlari “sotish boʻyicha xarajatlar” soʻzlari bilan almashtirilsin;
l) 2.1.2.9-bandda “norma doirasida va undan ortiqcha” soʻzlari chiqarib tashlansin;
m) 2.1.2.11-banddagi “majburiy” soʻzidan keyin “va ixtiyoriy” soʻzlari qoʻshilsin;
n) 2.1.3-banddagi “belgilangan normativlar doirasida va undan ortiqcha” soʻzlari chiqarib tashlansin;
o) 2.2.6-band quyidagi tahrirda bayon qilinsin:
“2.2.6. Ijara, xizmatlar koʻrsatilganligi, maʼlumotlar berilganligi uchun aloqa uzellariga haq toʻlash (ATS, uyali, yoʻldosh, peyjing aloqa, radiochastotalar ijarasi, ajratilgan kanallar, maʼlumotlarni berishning simli va simsiz tarmoqlari, Internet)”;
p) 2.2.7-banddagi “belgilangan normativlar doirasida va ulardan ortiqcha” soʻzlari chiqarib tashlansin;
r) 2.2.11-band quyidagi tahrirda bayon qilinsin:
“2.2.11. Xodimlarni va ishlab chiqarish jarayoni bilan bogʻliq boʻlmagan mol-mulkni majburiy va ixtiyoriy sugʻurta qilish xarajatlari”;
s) 2.2.12 va 2.2.13-bandlardagi “belgilangan normalar doirasida va undan ortiqcha” soʻzlari chiqarib tashlansin;
t) 2.2.15-banddagi “shu jumladan, yoʻl qoʻyiladigan normalar doirasida va ulardan ortiqcha ifloslantiruvchi moddalarning atrof muhitga chiqarilganligi (tashlanganligi) uchun toʻlovlar” soʻzlari “tabiiy atrof muhitni ifloslantirganlik va chiqindilarni joylashtirganlik uchun kompensatsiya toʻlovlari” soʻzlari bilan almashtirilsin;
u) 2.3.1-banddagi “normalar doirasida va ulardan ortiqcha” soʻzlari chiqarib tashlansin;
f) 2.3.4-banddagi “shu jumladan, xoʻjalik yurituvchi subyektning qatnashchilaridan (mulkdorlardan) birining tashabbusi boʻyicha oʻtkaziladigan” soʻzlari chiqarib tashlansin;
x) 2.3.10-bandda “joylardagi davlat hokimiyati organlari tomonidan belgilangan normativlar doirasidagi va ulardan koʻproq” soʻzlari chiqarib tashlansin;
s) 2.3.14-band quyidagi tahrirda bayon qilinsin:
“2.3.14. Amaldagi qonun hujjatlariga muvofiq amalga oshiriladigan va xoʻjalik yurituvchi subyekt xarajatlariga kiritiladigan budjetga majburiy toʻlovlar, soliqlar, yigʻimlar, davlat maqsadli jamgʻarmalariga ajratmalar, shuningdek hukumat qarorlariga binoan xalqaro tashkilotlarga aʼzolik badallarini toʻlash”;
ch) 2.3.15.2-banddagi “tabiiy yoʻqolish normalari doirasidagi va normalardan koʻproq” soʻzlari chiqarib tashlansin;
sh) 2.3.15.11-band quyidagi tahrirda bayon qilinsin:
“2.3.15.11. Xoʻjalik yurituvchi subyektning asosiy vositalari va boshqa mol-mulki (aktivlari)ning chiqib ketishi (balansdan chiqarish)dan koʻrilgan zararlar”;
e) quyidagi mazmundagi 2.3.16., 2.3.17., 2.3.18., 2.3.19. 2.3.20-bandlar bilan toʻldirilsin:
“2.3.16. Xodimlarga beriladigan yoki yordamchi xoʻjaliklar tomonidan xoʻjalik yurituvchi subyektning umumiy ovqatlanish korxonasi uchun ishlab chiqariladigan mahsulot (ishlar, xizmatlar) boʻyicha narx tafovutlari.
2.3.17. Gudvill (firma narxi)ning nomoddiy aktivi summasini hisobdan chiqarish bilan bogʻliq xarajatlar, ishlab chiqarish jarayoni bilan bogʻliq boʻlmagan mol-mulk boʻyicha, belgilangan tartibda.
2.3.18. Yangi texnologiyalar yaratish va qoʻllanilayotgan texnologiyalarni takomillashtirish, shuningdek ilmiy-tadqiqot, tajriba-konstruktorlik ishlari olib borish, xom ashyo va materiallarning yangi turlarini yaratish, ishlab chiqarishni qayta jihozlash bilan bogʻliq mahsulotlar sifatini oshirish xarajatlari.
2.3.19. Ishlab chiqarish tusidagi ixtirochilik, ratsionalizatorlik, tajriba-eksperiment ishlari olib borish, ixtirochilik va ratsionalizatorlik takliflari boʻyicha modellar va namunalarni tayyorlash va sinash, koʻrgazmalar va koʻriklar, tanlovlarni, sertifikatlashni hamda ixtirochilik va ratsionalizatorlik boʻyicha boshqa tadbirlarni tashkil etish, mualliflar haqini toʻlash xarajatlari va boshqa xarajatlar.
2.3.20. Ijaraga berilgan asosiy vositalarni taʼminlash xarajatlari”;
yu) 2.3.15- “Boshqa xarajatlar” bandi 2.3.21- “Boshqa xarajatlar” bandi deb hisoblansin;
oʻ) 3.1-band quyidagi tahrirda bayon qilinsin:
“3.1. Banklar va boshqa moliya-kredit tashkilotlari kreditlari boʻyicha foizlar (investitsiya davrida kapital qoʻyilmalar tarkibiga kiruvchi investitsiyalarga olingan bank va boshqa moliya-kredit tashkilotlari kreditlari boʻyicha foizlardan tashqari), shu jumladan, muddati oʻtgan va uzaytirilgan ssudalar boʻyicha foizlar”.
3. “V” boʻlimning 2.6-bandi quyidagi mazmundagi gap bilan toʻldirilsin:
“Tovar-moddiy boyliklarni toʻliq baholash summasi mahsulot (ishlar, xizmatlar) sotilishiga koʻra soliq solinadigan daromadga kiritiladi)”.
Oldingi tahrirga qarang.
(II va III boʻlimlar Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2009-yil 11-martdagi 63-sonli qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — OʻR QHT, 2009-y., 10-11-son, 115-modda)
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Meʼyorlanadigan ayrim xarajatlar normativlarini tasdiqlash toʻgʻrisida” 1999-yil 9-apreldagi 166-son qaroriga kiritilayotgan
oʻzgartirish va qoʻshimchalar
1. 2-bandda:
ikkinchi xatboshi chiqarib tashlansin;
uchinchi xatboshidagi “0,3” raqami “0,5” raqami bilan almashtirilsin;
quyidagi mazmundagi xatboshi qoʻshilsin:
“reklama uchun 2,0 foiz miqdorida:
savdo, xarid va taʼminot-sotish korxonalari uchun – yalpi daromadning yillik hajmidan;
iqtisodiyotning qolgan tarmoqlari korxonalari uchun – mahsulot (ishlar, xizmatlar)ni sotishdan tushumning yillik hajmidan, qoʻshilgan qiymat soligʻini qoʻshgan holda”.
2. “Reklama uchun yillik xarajatlar normativlari” nomli 1-ilova oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
(Oʻzbekiston Respublikasi Qonun hujjatlari toʻplami, 2003-y., 19-son, 183-modda; 2009-y., 10-11-son, 115-modda)