Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
ShAKAR XOM AShYoSI XARID QILISh MEXANIZMINI TAKOMILLAShTIRISh TOʻGʻRISIDA
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Vazirlar Mahkamasining 2003-yil 20-sentabrdagi 407-son qarorini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida”gi 2003-yil 22-dekabrdagi 599-son qaroriga muvofiq oʻz kuchini yoʻqotgan.
Xorazm shakar zavodining ehtiyojlari uchun shakar xomashyosi xarid qilish mexanizmini takomillashtirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Quyidagilar:
Shakar xomashyosi yetkazib beruvchini tanlab olish tartibi toʻgʻrisidagi nizom 1-ilovaga muvofiq;
Shakar xomashyosi yetkazib beruvchini aniqlash boʻyicha maxsus guruh tarkibi 2-ilovaga* muvofiq tasdiqlansin.
* 2-ilova berilmaydi.
2. Vazirlar Mahkamasining “Shakar xomashyosi xarid qilishni tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2002-yil 1-fevraldagi 44-son qarori (Oʻzbekiston Respublikasi QT, 2002-y., 2-son, 7-modda) va “Vazirlar Mahkamasining “Shakar xomashyosi xarid qilishni tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2002-yil 1-fevraldagi 44-son qaroriga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish haqida” 2002-yil 19-iyundagi 217-son qarori (Oʻzbekiston Respublikasi QT, 2002-y., 6-son, 33-modda) oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
3. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari M.Z. Usmonov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Oʻ. SULTONOV
Toshkent sh.,
2003-yil 20-sentabr,
407-son
Shakar xomashyosi yetkazib beruvchini tanlab olish tartibi toʻgʻrisida
NIZOM
I. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Nizom Xorazm shakar zavodi ehtiyojlari uchun shakar xomashyosi yetkazib beruvchilarni tanlov boʻyicha tanlab olish (keyingi oʻrinlarda tanlov deb ataladi) tartibini belgilaydi.
2. Quyidagilar tanlov oʻtkazishning maqsadi hisoblanadi:
shakar xomashyosining yil davomida eng maqbul narxlar boʻyicha muntazam kelishini taʼminlash;
shakar xomashyosini xalqaro nufuzga ega boʻlgan ishonchli xorijiy yetkazib beruvchilardan xarid qilish;
shakar xomashyosini xarid qilishga yoʻnaltirilayotgan markazlashtirilgan valyuta mablagʻlaridan foydalanish samaradorligini oshirish.
3. Tanlovning barcha ishtirokchilari uchun bir xil raqobat shartlarining yaratilishi, oshkoralik, baholashning xolisligi va talablarning yagonaligi tanlov oʻtkazishni tashkil etishning asosiy prinsiplari hisoblanadi.
4. Tanlov faqat ijtimoiy ahamiyatga ega oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqarish va taqsimlashning tasdiqlangan balanslarida belgilangan import boʻyicha xarid qilish hamda xarid qilishni mablagʻ bilan taʼminlashning Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi bilan kelishilgan manbalari mavjud boʻlgan hajmlari doirasida oʻtkazilishi mumkin.
5. Tanlovda ishlab chiqaruvchi xorijiy firmalar va kompaniyalar hamda shakar xomashyosi yetkazib berish tajribasiga ega boʻlgan mulkchilikning barcha shakllaridagi tijorat firmalari qatnashishlari mumkin.
6. Tanlov tarkibi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining tegishli qarori bilan tasdiqlanadigan Shakar xomashyosi yetkazib beruvchini aniqlash boʻyicha maxsus guruh (keyingi oʻrinlarda Maxsus guruh deb ataladi) tomonidan oʻtkaziladi.
7. Tanlov natijalariga koʻra gʻolib bilan bir yil muddatga shakar xomashyosi yetkazib berish yuzasidan bosh bitim tuziladi.
II. Takliflar tanlovini oʻtkazishni tashkil etish
8. Maxsus guruh rahbari guruh ishini tashkil etadi, zarurat boʻlganda tushgan takliflarni baholash uchun ekspert va maslahatchi tashkilotlarning vakillarini jalb etish yuzasidan qarorlar qabul qiladi. Jalb etilgan mutaxassislarning tavsiyalari Maxsus guruhning protokolida aks ettiriladi.
9. Tanlovni tashkil etish va oʻtkazish boʻyicha xarajatlar, ekspert va maslahatchi tashkilotlar, shuningdek shartnoma asosida jalb etilgan mutaxassislarning xizmatlari, shu jumladan shakar xomashyosini tanlash bilan bogʻliq xizmat safarlari xarajatlari tanlov gʻolibidan Oʻzbekiston Respublikasidagi shakar xomashyosi import qiluvchi tomonidan olingan ragʻbatlantirish mablagʻlari hisobidan toʻlanadi.
10. Tanlovni oʻtkazishda Maxsus guruh:
tanlov oʻtkaziladigan sana toʻgʻrisida qaror qabul qiladi;
tanlov oʻtkaziladigan sanagacha yetkazib beruvchilar toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni yigʻadi;
jalb etiladigan ekspertlar va konsultantlarning faoliyatini muvofiqlashtiradi;
olingan maʼlumotlarni tartibga soladi;
tanlov gʻolibini aniqlaydi.
11. Tanlovni tashkil etish va oʻtkazish quyidagi bosqichlarni oʻz ichiga oladi:
xorijiy shakar xomashyosi yetkazib beruvchilardan tushgan takliflarni tayyorlash, toʻplash, koʻrib chiqish. Maxsus guruh tanlov oʻtkazilishidan kamida 15 kun oldin yetkazib beruvchilarga tanlovda qatnashish uchun taklifnomalar joʻnatadi;
shakar xomashyosi qiymatini Nyu-York birjasidagi narxdan kelib chiqib, polyarizatsiya uchun mukofotni hisobga olgan holdagi formula boʻyicha hisoblab chiqishda, talabgorlardan tushgan takliflar asosida bir yilga xarajatlar qismini (yukni qayta ishlash joyigacha yetkazish bilan bogʻliq barcha xarajatlarni) koʻrib chiqish va tasdiqlash.
12. Maxsus guruh oʻz ish reglamentini mustaqil ravishda belgilaydi. Mazkur masala yuzasidan qaror Maxsus guruh aʼzolari umumiy sonidan oddiy koʻpchilik ovoz bilan qabul qilinadi. Ovozlar teng boʻlib qolganda Maxsus guruh rahbarining ovozi hal qiluvchi hisoblanadi.
13. Maxsus guruh yigʻilishini oʻtkazish uchun kvorum guruh tarkibining kamida 75 foizidan iborat boʻladi. Maxsus guruhning majlisida protokol yuritiladi.
III. Talabgorlarni tanlab olish
14. Maxsus guruh tomonidan yetkazib beruvchilarga yuborilgan taklifnomalarda koʻrsatilgan, belgilangan mezonlarga muvofiq oʻzlari toʻgʻrisida axborot taqdim etgan talabgorlar oʻrtasida malakaviy tanlov oʻtkaziladi.
15. Maxsus guruh yetkazib beruvchilar toʻgʻrisidagi axborotlarni qabul qilish muddatini hamda uning soʻnggi sanasi va vaqtini, shuningdek tanlov uchun olingan axborot koʻrib chiqiladigan majlis sanasini belgilaydi. Belgilangan muddatdan keyin olingan axborot koʻrib chiqilmaydi. Tanlov ishtirokchisi axborot qabul qilishning oxirgi sanasidan kamida 24 soat oldin tanlovda qatnashishdan voz kechish huquqiga ega.
16. Tanlov quyidagi hollarda oʻtkazilmagan deb eʼlon qilinadi:
buyurtmalar Maxsus guruh tomonidan koʻrib chiqiladigan muddatning oxirigacha bironta ham yetkazib beruvchidan axborot olinmagan boʻlsa;
tanlovga faqat bitta ishtirokchi tomonidan axborot taqdim etilgan boʻlsa;
barcha taqdim etilgan axborotlar qoʻyilgan talablarga javob bermasa.
17. Quyidagilar talabgorlarning malakaviy tanlovini oʻtkazishda koʻrib chiqishga qoʻyilmaydi:
qayta tashkil etish, tugatish yoki bankrotlik jarayonida boʻlgan, ishi sud yoki arbitraj tartibida koʻrilayotgan tashkilotlar, agar bu toʻgʻrida ishonchli maʼlumot mavjud boʻlsa;
malakaviy tanlov uchun barcha zarur hujjatlarni belgilangan muddatda taqdim etmagan;
ilgari oʻtkazilgan tanlovlarda oʻzini salbiy jihatdan koʻrsatgan;
ilgari tuzilgan kontraktlar boʻyicha zimmasiga olgan majburiyatlarini zarur darajada bajarmagan;
tanlovda ishtirok etish huquqini boshqa yuridik shaxsga bergan tashkilotlar.
18. Tushgan axborotlarni baholash va tanlov gʻolibini aniqlash Maxsus guruh tomonidan quyidagilarni eʼtiborga olgan holda amalga oshiriladi:
narxlarni shakllantirish taklif etilayotgan tartibining bozor konʼyunkturasiga muvofiqligi. Bunda shakar xomashyosining qiymati Nyu-York birjasidagi narxdan kelib chiqqan holdagi formula boʻyicha, uni xaridor tomonidan belgilab qoʻyish huquqi bilan, shakar xomashyosini qayta ishlash joyigacha yetkazishni tashkil etish bilan bogʻliq asoslangan va yetkazib beruvchi komissiyasi tomonidan belgilab qoʻyilgan xarajatlarni hisobga olib hisoblab chiqilishi kerak;
yetkazib beruvchi kompaniyaning ishonchliligi va uning jahon shakar xomashyosi bozoridagi xalqaro nufuzi;
moliyaviy ahvoli va bank tavsiyalari.
Shakar xomashyosini qayta ishlash joyiga yetkazish boʻyicha xarajatlar qismini koʻrib chiqish va tasdiqlashda quyidagilar eʼtiborga olinadi:
moʻljallangan stansiyagacha boʻlgan, har qanday transport kompaniyasi tomonidan tasdiqlangan dengiz va temir yoʻl tarifi;
sugʻurta mukofoti summasi;
Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki tomonidan tasdiqlangan qayta moliyalash stavkasi va akkreditivga xizmat koʻrsatish xarajatlari;
shakar xomashyosini portda ortish-tushirish va saqlash xarajatlari;
syurveyer kompaniyasi xarajatlari;
sotuvchining belgilab qoʻyilgan ragʻbatlantirish mukofoti;
shakar xomashyosini yetkazish bilan bogʻliq, tegishli hujjatlar bilan tasdiqlangan boshqa xarajatlar.
Taqdim etilgan axborotning qoʻshimcha texnik, tashkiliy va tijorat ustuvorliklari ham eʼtiborga olinishi mumkin.
19. Axborotlarni baholash Maxsus guruh tomonidan belgilangan muddat mobaynida amalga oshiriladi.
Tanlov qatnashchilari yoki ularning vakillari tushgan axborotlarni baholashda ishtirok etishga haqli emas.
20. Maxsus guruhning har bir aʼzosi tanlov qatnashchilari tomonidan taqdim etilgan axborot bilan tanishganlaridan soʻng tanlov muddati tugagungacha asoslangan yozma xulosa tuzishga haqli.
Maxsus guruh aʼzolarining yozma xulosalari (agar ular mavjud boʻlsa) umumlashtirish va protokolga kiritish uchun guruh rahbariga beriladi.
21. Maxsus guruhning tanlov gʻolibi toʻgʻrisidagi protokolida quyidagilar koʻrsatilishi kerak:
Maxsus guruh tarkibi;
ovoz berish natijalari;
tanlov gʻolibi boʻlgan kompaniya nomi.
22. Tushgan axborotlarning koʻrib chiqilishi va baholanishi toʻgʻrisidagi axborot Maxsus guruh aʼzolari tomonidan baholash tartibotiga rasmiy daxldor boʻlmagan shaxslarga xabar qilinmaydi. Maxsus guruh aʼzolari va jalb etilgan ekspertlar mazkur axborotning oshkor qilinishi uchun qonun hujjatlariga muvofiq javob beradilar.
23. Maxsus guruhning yetkazib beruvchini tanlab olish toʻgʻrisidagi protokoli majlisda qatnashgan barcha Maxsus guruh aʼzolari tomonidan imzolanadi hamda shakar xomashyosi yetkazib berish yuzasidan talabgorlarni tanlab olishga oid toʻliq axborot bilan tasdiqlash uchun Vazirlar Mahkamasining Isteʼmol tovarlari ishlab chiqarish va savdo kompleksi rahbariga taqdim etiladi.
24. Tanlov gʻolibi kontrakt tuzishni rad etgan yoki tanlov boʻlib oʻtmagan taqdirda belgilangan tartibda yetkazib beruvchilarning qayta tanlovi oʻtkaziladi.
25. Tanlov natijalari Vazirlar Mahkamasining Isteʼmol tovarlari ishlab chiqarish va savdo kompleksi rahbari tomonidan protokol tasdiqlangandan keyin bir kun mobaynida Maxsus guruh tomonidan pochta, telefaks yoki boshqa yozma shaklda tanlov gʻolibiga yetkaziladi.
IV. Yakuniy qoidalar
26. Oʻtkazilgan tanlov bilan bogʻliq nizolar Oʻzbekiston Respublikasining amaldagi qonun hujjatlarida belgilangan tartibda koʻrib chiqiladi.
27. Tanlov gʻolibi aniqlangandan keyin yetkazib beruvchi va xaridor oʻrtasida bosh bitim imzolanadi. Etkazib beruvchi va xaridor oʻrtasida tuzilgan kontraktlar amaldagi qonun hujjatlariga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar agentligida roʻyxatdan oʻtkaziladi.
28. Kontraktlarning bajarilishi monitoringi ular toʻliq bajarilgungacha, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Isteʼmol tovarlari ishlab chiqarish va savdo kompleksiga hamda tegishli vakolatli bankka majburiy ravishda axborot taqdim etilgan holda, Maxsus guruh tomonidan amalga oshiriladi.
(Oʻzbekiston Respublikasi Qonun hujjatlari toʻplami, 2003-y., 17-18-son, 152-modda)