O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
“Do‘rmon” milliy bog‘i to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Do‘rmon” milliy bog‘ini tashkil etish to‘g‘risida” 2014-yil 5-iyundagi 144-son qaroriga muvofiq Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. “Do‘rmon” milliy bog‘i to‘g‘risidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. “Do‘rmon” milliy bog‘i direksiyasi, Toshkent shahar hokimligi huzuridagi Obodonlashtirish bosh boshqarmasi, Toshkent shahar va Toshkent viloyati hokimliklari ushbu qaror bilan tasdiqlangan Nizom talablariga qat’iy rioya etilishini ta’minlasinlar.
3. O‘zbekiston Respublikasi Tabiatni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi bilan birgalikda o‘simlik dunyosi obyektlarini saqlashga va ulardan oqilona foydalanishga, ilmiy-tadqiqot faoliyatini samarali muvofiqlashtirishga va “Do‘rmon” milliy bog‘i hududida tabiiy muhit holati monitoringini olib borishga yo‘naltirilgan tabiatni muhofaza qilish tadbirlari majmui amalga oshirilishini ta’minlasin.
4. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari B.I. Zakirov, Toshkent shahar hokimi R.D. Usmonov va O‘zbekiston Respublikasi Tabiatni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi raisi B.X. Abdusamatov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2014-yil 17-iyun,
159-son
“Do‘rmon” milliy bog‘i to‘g‘risida
NIZOM
I. Umumiy qoidalar
1. “Do‘rmon” milliy bog‘i (keyingi o‘rinlarda Milliy bog‘ deb ataladi) O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Do‘rmon” milliy bog‘ini tashkil etish to‘g‘risida” 2014-yil 5-iyundagi 144-son qaroriga muvofiq tabiiy-ekologik, ilmiy, madaniy va estetik qimmatga ega bo‘lgan o‘simliklarning noyob, qimmatli navlarini saqlash, ko‘paytirish va ulardan oqilona foydalanish maqsadida tashkil etilgan.
2. Milliy bog‘ muhofaza etiladigan tabiiy hudud toifasiga kiradi, alohida ilmiy, ekologik, madaniy va estetik qimmatga ega, davlat mulki hisoblanadi va uning tomonidan qo‘riqlanadi.
Milliy bog‘ O‘zbekiston Respublikasining milliy boyligidir.
3. Milliy bog‘ hududida uning aniq vazifasiga zid bo‘lgan hamda o‘simlik obyektlarini saqlash, ko‘paytirish va tiklashga xavf soluvchi har qanday faoliyat taqiqlanadi.
Milliy bog‘ hududi Toshkent shahri va Toshkent viloyatini iqtisodiy va ijtimoiy rivojlantirishning istiqbolli rejalarini, hududlarni rejalashtirish va rivojlantirish, aholi punktlari hududlarini qurish, yer tuzish sxemalari to‘g‘risidagi shaharsozlik hujjatlarini ishlab chiqishda hisobga olinadi.
4. Milliy bog‘ Toshkent viloyati Qibray tumanidagi Do‘rmon aholi punktida 32,4 gektar maydonga ega bo‘lgan yer uchastkasida joylashtiriladi.
5. Milliy bog‘ band etgan yer uchastkasi xo‘jalik maqsadida foydalanishdan olib qo‘yiladi va Toshkent shahar hokimligi huzuridagi Obodonlashtirish bosh boshqarmasining Hukumat obyektlariga xizmat ko‘rsatish bo‘yicha Ixtisoslashtirilgan boshqarmasiga doimiy foydalanish uchun beriladi.
Oldingi tahrirga qarang.
Milliy bog‘ning yer uchastkalarini jamoat ehtiyojlari uchun olib qo‘yishga yo‘l qo‘yilmaydi.
(5-bandning ikkinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 23-fevraldagi 76-sonli qarori tahririda)
Milliy bog‘ning yer uchastkalariga yer solig‘i solinmaydi.
6. Milliy bog‘ning ta’minoti va undan foydalanish, shuningdek uning hududida o‘simlik dunyosi obyektlarini saqlash “Do‘rmon” milliy bog‘i direksiyasi (keyingi o‘rinlarda Direksiya deb ataladi) tomonidan amalga oshiriladi.
Direksiya Toshkent shahar hokimligi huzuridagi Obodonlashtirish bosh boshqarmasining Hukumat obyektlariga xizmat ko‘rsatish bo‘yicha Ixtisoslashtirilgan boshqarmasining tarkibiy bo‘linmasi hisoblanadi.
7. Tashqi yoritishga va Milliy bog‘ hududidagi favvoraga xizmat ko‘rsatish Toshkent shahri hokimligining tegishli foydalanuvchi tashkilotlari tomonidan amalga oshiriladi.
II. Milliy bog‘ning vazifalari
8. Quyidagilar Milliy bog‘ning vazifalari hisoblanadi:
katta ilmiy, madaniy va estetik ahamiyatga ega bo‘lgan o‘simliklar kolleksiyasini (ayniqsa nodir va qimmatli navlarini) sun’iy sharoitlarda yaratish va saqlash;
o‘simlik resurslaridan va dov-daraxtlarning qimmatli navlari kolleksiyalaridan samarali va oqilona foydalanish uchun tabiiy va madaniy floraning o‘simliklari xilma-xilligi saqlanishi va boyitilishini ta’minlaydigan rejimni saqlash;
tabiiy va madaniy flora o‘simliklari genofondini saqlash va qo‘riqlashning zamonaviy usullarini keng joriy etish;
mahalliy tabiiy-iqlim shart-sharoitlarini hisobga olgan holda xo‘jalikni ilmiy asoslangan holda tashkil etish va yuritish yo‘li bilan o‘simlik dunyosi obyektlaridan samarali, shuningdek ekologik-ma’rifiy va ilmiy-tadqiqot maqsadlarida foydalanish;
o‘simliklarni zararkunandalar va kasalliklardan himoya qilish bo‘yicha kompleks tadbirlarni amalga oshirish;
turli geografik zonalardan olingan urug‘liklar va ko‘chatlarni ayirboshlashni tashkil etish;
o‘simlikshunoslik, seleksiya va dekorativ bog‘dorchilik masalalari bo‘yicha ilmiy-tadqiqot ishlarini tashkil etish;
hududlarni obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish loyihalarini ishlab chiqish va amalga oshirish.
III. Milliy bog‘ning rejimi va uni qo‘riqlash
9. Milliy bog‘ning hududi funksional zonalarga bo‘linishi mumkin.
10. Mahalliy davlat hokimiyati organlari sanoat, ijtimoiy, turar joy obyektlari va boshqa obyektlar qurish uchun Milliy bog‘ga tutash hududlardan foydalanish to‘g‘risida qaror qabul qilishda o‘simliklarni salbiy ta’sirdan himoya qiluvchi muhofaza zonalari tashkil etilishi zarurligini hisobga olishlari shart. Zarur qo‘riqlash zonalari o‘lchamlari har bir aniq holatda Milliy bog‘ direksiyasi va O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi bilan kelishiladi.
11. Milliy bog‘ foydalanish va ko‘kalamzorlashtirish maqsadida introdutsirlashtirilgan o‘simliklarni sinash va ularni ko‘paytirish uchun bazaga ega bo‘lishi mumkin.
12. Milliy bog‘ hududida:
ushbu maqsadlar uchun mo‘ljallanmagan sanoat, xo‘jalik obyektlari, uy-joylar va boshqa obyektlar qurish (Milliy bog‘ ehtiyojlari uchun mo‘ljallanganlari bundan mustasno);
qidiruv ishlari va hududning gidrologik rejimi o‘zgarishiga olib keluvchi ishlarni bajarish;
dov-daraxtlar, ko‘chatlarni kesish va/yoki kundakov qilish (sanitariya maqsadida kesish va parvarish qilish uchun kesish bundan mustasno);
o‘simliklarni yo‘q qilish yoki ularga shikast yetkazish;
tuproq eroziyasiga va tuproq qoplami buzilishiga olib keluvchi xatti-harakatlar;
qushlarni va boshqa yovvoyi hayvonlarni ovlash (ilmiy va sanitariya maqsadlarida foydalanish uchun mo‘ljallangan ovlash bundan mustasno), uyalarni, hayvonlarning boshqa makonlarini buzib tashlash;
dorivor o‘simliklar, gullar, mevalar, ho‘l mevalar, qo‘ziqorinlar, urug‘liklar, barglarni to‘plash va tayyorlash (ilmiy maqsadlarda foydalanish uchun mo‘ljallanganlari bundan mustasno);
transport vositalarining yo‘llardan tashqari va buning uchun maxsus nazarda tutilgan joylardan tashqari harakatlanishi va to‘xtab turishi;
maxsus nazarda tutilgan joylardan tashqarida transport vositalarini yuvish;
begona shaxslarning tegishli ruxsatnomasiz harakatlanishi;
ishlab chiqarish va iste’mol chiqindilarini joylashtirish;
Milliy bog‘ning o‘simliklariga zararli ta’sir ko‘rsata oladigan faoliyatning boshqa turlari taqiqlanadi.
13. Milliy bog‘ hududiga ruxsat berilmagan kirishning oldini olish maqsadida uning chegaralari butun perimetri bo‘ylab to‘siladi hamda ogohlantiruvchi va ma’lumot beruvchi belgilar o‘rnatiladi.
14. Milliy bog‘ga kirish Toshkent shahar hokimligi tomonidan tegishli organlar bilan birgalikda ishlab chiqiladigan va tasdiqlanadigan Milliy bog‘ hududiga kirish rejimi to‘g‘risidagi nizomga muvofiq vakolatli davlat organlarining ruxsati bilan amalga oshiriladi.
Oldingi tahrirga qarang.
15. Milliy bog‘ hududini qo‘riqlash va uning rejimi Milliy gvardiya bo‘linmalari va boshqa vakolatli organlar tomonidan ta’minlanadi.
(15-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 9-iyuldagi 568-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 11.07.2019-y., 09/19/568/3403-son)
Oldingi tahrirga qarang.
16. Milliy bog‘ rejimi buzilishida aybdor bo‘lgan shaxslar qonunchilikka muvofiq javobgarlikka tortiladi.
(16-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
IV. Milliy bog‘ direksiyasi
17. Milliy bog‘ direksiyasi Direktordan, agrotexnika xizmati va ishlab chiqarish-yordamchi xodimlardan iborat bo‘ladi.
18. Quyidagilar Milliy bog‘ direksiyasining asosiy vazifalari hisoblanadi:
Milliy bog‘ni ta’mirlash, undan foydalanish va uni saqlash, shuningdek bog‘ni qo‘riqlash ishlarining o‘z vaqtida va sifatli bajarilishini tashkil etish;
rekreatsion, madaniy-ma’rifiy, estetik va ilmiy maqsadlarda foydalanish uchun Milliy bog‘ning tabiiy kompleksini saqlash va rivojlantirish;
dov-daraxtlarni saqlash (parvarish qilish), zararkunandalar va kasalliklarga qarshi kurashish, Milliy bog‘ hududini qimmatli o‘simliklar navlari bilan yanada ko‘kalamzorlashtirish chora-tadbirlarini bajarish bo‘yicha kompleks agrotexnika tadbirlarini amalga oshirish;
obodonlashtirish obyektlarini sanitariya jihatidan tozalashni, sun’iy sug‘orish tizimlari, nasos stansiyalari, quduqlarning hamda Milliy bog‘dagi boshqa muhandislik tarmoqlari sanitariya va texnikaviy holatining zarur darajada bo‘lishini ta’minlash.
19. Direksiya o‘z faoliyati to‘g‘risida Toshkent shahar hokimligi huzuridagi Obodonlashtirish bosh boshqarmasining Hukumat obyektlariga xizmat ko‘rsatish bo‘yicha Ixtisoslashtirilgan boshqarmasi boshlig‘iga hisobot beradi.
20. Direksiyaga belgilangan tartibda Toshkent shahar hokimi bilan kelishgan holda Toshkent shahar hokimligi huzuridagi Obodonlashtirish bosh boshqarmasining Hukumat obyektlariga xizmat ko‘rsatish bo‘yicha Ixtisoslashtirilgan boshqarmasi boshlig‘i tomonidan lavozimga tayinlanadigan direktor boshchilik qiladi.
Direktor Toshkent shahar hokimligi huzuridagi Obodonlashtirish bosh boshqarmasining Hukumat obyektlariga xizmat ko‘rsatish bo‘yicha Ixtisoslashtirilgan boshqarmasi boshlig‘ining o‘rinbosari hisoblanadi.
Direktor Milliy bog‘ni saqlash va undan foydalanish, shuningdek Milliy bog‘ hududida o‘simlik dunyosi obyektlarini saqlash uchun to‘liq javob beradi.
21. Milliy bog‘ direktori zimmasiga quyidagilar yuklanadi:
Milliy bog‘ xodimlarining lavozim yo‘riqnomalarini tasdiqlash;
Milliy bog‘ xodimlarini lavozimga tayinlash va lavozimdan ozod etish to‘g‘risida takliflar kiritish;
Milliy bog‘ni saqlash, undan foydalanish va uni muhofaza qilish, shuningdek uning hududida o‘simlik dunyosi obyektlarini saqlash bo‘yicha ishlarning o‘z vaqtida va sifatli bajarish tashkil etilishini nazorat qilish;
mol-mulk, asbob-uskunalar va boshqa moddiy boyliklar saqlanishini ta’minlash;
Milliy bog‘da kompleks agrotexnika ishlarini, o‘simliklar hisobi yuritilishini tashkil etish va amalga oshirish;
texnika xavfsizligi qoidalariga rioya etilishini va mexanizmlardan zarur darajada foydalanilishini ta’minlash;
davlat organlari va boshqa tashkilotlarda Milliy bog‘ning manfaatlarini ifodalash.
V. Milliy bog‘ni moliyalashtirish
22. Milliy bog‘ni va Direksiyani moliyalashtirish:
har yili obodonlashtirishga ajratiladigan mablag‘lar doirasida Toshkent shahrining mahalliy budjeti mablag‘lari;
Oldingi tahrirga qarang.
xayriya ehsonlari va qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobiga amalga oshiriladi.
(22-bandning uchinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
VI. Yakunlovchi qoida
23. Ushbu Nizomning talablari bajarilishi uchun mas’uliyat Direksiyaga, Toshkent shahar hokimligi huzuridagi Obodonlashtirish bosh boshqarmasi boshlig‘i va Toshkent shahar hokimi zimmasiga yuklanadi.
(O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2014-y., 25-son, 309-modda; Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 11.07.2019-y., 09/19/568/3403-son; Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)