Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Qarori
Qonunlarning havolaki normalarini amalga oshirishga qaratilgan normativ-huquqiy va boshqa hujjatlarni ishlab chiqish rejalarini tasdiqlash toʻgʻrisida
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 27-sentabrdagi PF-6075-sonli “Oʻz ahamiyatini yoʻqotgan qonunchilik hujjatlarini qayta koʻrib chiqish tizimini joriy etish orqali mamlakatda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Keyingi yillarda demokratik islohotlarning samarali huquqiy bazasini yaratish va fuqarolik jamiyatini shakllantirish, mamlakatni modernizatsiya va isloh qilishga qaratilgan keng koʻlamli ishlar amalga oshirildi.
Shu bilan birga, qonun hujjatlarini tanqidiy tahlil qilish jarayonida qonunlarda amalga oshirishning huquqiy mexanizmlari bilan taʼminlanmagan qator havolaki normalar aniqlandi. Bu qonunlarni sharhlash va qoʻllashda subyektivlik, tor idoraviy tanlovli yondashuv uchun shart-sharoit yaratadi.
Qonunchilikni yanada takomillashtirish, normativ-huquqiy hujjatlardagi boʻshliqlarni toʻldirish, qonunlarning havolaki normalarini amalga oshirish boʻyicha aniq chora-tadbirlarni koʻrish, shuningdek davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, huquqni muhofaza qiluvchi va nazorat tuzilmalarining bir xil huquqni qoʻllash amaliyotini taʼminlash maqsadida:
1. Qonunlarning havolaki normalarini amalga oshirishga qaratilgan normativ-huquqiy va boshqa hujjatlarni ishlab chiqish rejalari:
davlat va jamiyat qurilishi sohasida;
sud-huquq sohasida;
iqtisodiy rivojlanish sohasida;
ijtimoiy va gumanitar rivojlanish sohasida 1—4 ilovalarga* muvofiq tasdiqlansin.
*1—4-ilovalar rus tilidagi matnda berilgan.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:
bir hafta muddatda vazirliklar, idoralar vakillari, yetakchi olimlar va mutaxassislar orasidan tegishli sohalarda normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini tayyorlash boʻyicha ekspert guruhlari tuzilishi, shuningdek ularning faoliyatiga samarali rahbarlik qilinishini;
qonun hujjatlarini tanqidiy tahlil qilish, milliy va xalqaro tajribani chuqur va har tomonlama oʻrganish yakunlari boʻyicha vazirliklar va idoralar tomonidan normativ-huquqiy va boshqa hujjatlarning belgilangan muddatlarda ishlab chiqilishini;
mazkur qarorda nazarda tutilgan normativ-huquqiy hujjatlarning belgilangan muddatlarda kelishilishi, shuningdek qabul qilinishini;
mazkur qarorda nazarda tutilgan normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini belgilangan tartibda tegishlicha Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Devoni, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasiga kiritilishini taʼminlasin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi:
normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari belgilangan tartibda kelishuv tartibotlaridan oʻtkazilishi hamda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Devoni, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi va Vazirlar Mahkamasiga kiritilishi ustidan monitoring qilinishini;
mazkur qarorda nazarda tutilgan normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari huquqiy ekspertizadan oʻtkazilishi, shuningdek idoraviy normativ-huquqiy hujjatlar oʻz vaqtida davlat roʻyxatiga olinishini;
vazirliklar va idoralar, mahalliy davlat hokimiyati organlarining hujjatlari qabul qilinadigan normativ-huquqiy hujjatlar bilan muvofiqlashtirilishi ustidan nazoratni taʼminlasin.
4. Vazirliklar, idoralar va mahalliy davlat hokimiyati organlari rahbarlari zimmasiga mazkur qarorda nazarda tutilgan normativ-huquqiy va boshqa hujjatlar loyihalarining oʻz vaqtida va sifatli tayyorlanishi, ekspertiza qilinishi va kelishilishi yuzasidan shaxsiy masʼuliyat yuklansin.
5. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh.M. Mirziyoyev va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchisi N.M. Ismailov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2013-yil 15-iyul,
PQ-2003-son
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2013-y., 29-son, 373-modda)