Oʻzbekiston Respublikasi va Xitoy Xalq Respublikasi oʻrtasida
Shartnoma
Fuqarolik va jinoiy ishlar boʻyicha huquqiy yordam toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi va Xitoy Xalq Respublikasi, quyida Ahdlashuvchi Tomonlar deb ataluvchilar,
oʻzaro hurmat, suverenitet, teng huquqlilik va oʻzaro foyda prinsiplariga amal qilib,
huquqiy yordam sohasidagi hamkorlikni mustahkamlash maqsadlarida,
quyidagilar toʻgʻrisida ahdlashib oldilar:
I-BOʻLIM
Umumiy qoidalar
Umumiy qoidalar
1-modda
Huquqiy himoya
Huquqiy himoya
1. Ahdlashuvchi Tomonlardan birining fuqarolari boshqa Ahdlashuvchi Tomonning hududida oʻzlarining shaxsiy va mulkiy huquqlariga nisbatan boshqa Ahdlashuvchi Tomonning fuqarolariga tatbiq etiladigan ayni huquqiy himoyadan foydalanadilar. Ular fuqarolik va jinoiy ishlar boʻyicha vakolat doirasiga taalluqli sudlarga va boshqa muassasalarga murojaat etishga haqlidirlar hamda iltimosnoma taqdim etishni yoki boshqa protsessual harakatlarni boshqa Ahdlashuvchi Tomonning fuqarolariga tatbiq etiladigan shartlarda amalga oshirishlari mumkin.
2. Ushbu modda 1-bandining qoidalari har qaysi istalgan Ahdlashuvchi Tomon hududida ularning oʻz milliy qonunlariga muvofiq taʼsis etilgan yuridik shaxslarga ham tatbiq etiladi.
3. Ushbu Shartnomada qoʻllaniladigan «fuqarolik ishlari» atamasi xoʻjalik, oila va nikoh hamda mehnat ishlarini ham qamrab oladi.
2-modda
Huquqiy yordam koʻrsatish
Huquqiy yordam koʻrsatish
Ahdlashuvchi Tomonlarning sudlari va boshqa vakolatli muassasalari iltimosga binoan fuqarolik va jinoiy ishlar boʻyicha huquqiy yordamni oʻzaro amalga oshirishni ushbu Shartnomada belgilangan tartibda koʻrsatadilar.
3-modda
Huquqiy yordam koʻrsatishda aloqalar tartibi
Huquqiy yordam koʻrsatishda aloqalar tartibi
1. Fuqarolik va jinoiy ishlar boʻyicha murojaat etishda va huquqiy yordam koʻrsatishda Ahdlashuvchi Tomonlar, agar ushbu Shartnomada oʻzga tartib oʻrnatilmagan boʻlsa, oʻzlarining markaziy muassasalari orqali bir-birlari bilan aloqa qiladilar.
2. Ushbu moddaning 1-bandida eslatib oʻtilgan markaziy muassasalarga quyidagilar kiradi:
Oʻzbekiston Respublikasi tomonidan — Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi va Oʻzbekiston Respublikasi Prokuraturasi;
Xitoy Xalq Respublikasi tomonidan — Xitoy Xalq Respublikasi Adliya vazirligi va Xitoy Xalq Respublikasi Oliy xalq prokuraturasi.
4-modda
Tillar
Tillar
1. Ahdlashuvchi Tomonlarning markaziy muassasalari yozishmalarda boshqa Ahdlashuvchi Tomonning rasmiy tiliga yoki ingliz yoki rus tillariga tarjimasini ilova etib oʻz mamlakatlarining rasmiy tillaridan foydalanadilar.
2. Huquqiy yordam koʻrsatish haqidagi iltimos va taqdim etiladigan hujjatlar soʻralayotgan Ahdlashuvchi Tomonning rasmiy tilida tuziladi va unga soʻralayotgan Ahdlashuvchi Tomonning rasmiy tiliga yoki ingliz yoki rus tillariga tarjimasi ilova qilinadi.
5-modda
Guvohlar, jabrlanuvchilar va ekspertlarga nisbatan kafolatlar
Guvohlar, jabrlanuvchilar va ekspertlarga nisbatan kafolatlar
1. Soʻralayotgan Ahdlashuvchi Tomon orqali soʻrayotgan Ahdlashuvchi Tomonning sudiga yoki boshqa vakolatli muassasalariga berilgan chaqiriq boʻyicha hozir boʻlgan guvoh, jabrlanuvchi yoki ekspert jinoiy javobgarlikka yoki soʻrayotgan Ahdlashuvchi Tomonning Davlat chegarasini kesib oʻtishdan oldin u tomonidan amalga oshirilgan huquqbuzarlik uchun har qanday shakldagi shaxsiy erkinligidan mahrum etilishi yoki guvohlik koʻrsatmalarini bergani uchun ekspert sifatida harakat qilganligi yoki tekshiruv mazmuniga taalluqli boʻlgan boshqa harakatlar uchun, uning fuqarolik mansubligidan qatʼi nazar, soʻrayotgan davlatda jinoiy javobgarlikka tortilishi mumkin emas.
2. Agar guvoh, jabrlanuvchi yoki ekspert soʻrayotgan Ahdlashuvchi Tomon tarafidan uning boshqa boʻlib turishiga zarurat yoʻqligi toʻgʻrisidagi bildirishni olgandan soʻng 15 kun muddat oʻtishi bilan ushbu moddaning 1-bandida taqdim etilayotgan kafolatlar oʻz kuchini yoʻqotadi, unga bogʻliq boʻlmagan shart-sharoitlar tufayli soʻrayotgan Ahdlashuvchi Tomonning hududini oʻz vaqtida tark eta olmaganlik holatlari bundan mustasnodir.
3. Ushbu moddaning 1-bandida eslatib oʻtilgan chaqiriq ushbu Shartnomaning 3-moddasida belgilangan tartibda topshiriladi. Chaqiriq oʻzida majburiy choralarni tatbiq qilish haqidagi tahdidlardan holi boʻlishi kerak.
6-modda
Xarajatlar
Xarajatlar
1. Ahdlashuvchi Tomonlar huquqiy yordamni bepul koʻrsatadilar.
2. Soʻrayotgan Ahdlashuvchi Tomonning hududiga chaqiruv boʻyicha kelgan guvoh, jabrlanuvchi yoki ekspertning safariga, ovqatlanishiga, boʻlib turishiga sarflanadigan xarajatlarni soʻrayotgan Ahdlashuvchi Tomon qoplaydi. Bundan tashqari ekspert ekspertiza oʻtkazganligi uchun taqdirlash haqi olish huquqiga egadir. Chaqiriqda tilga olingan shaxslar qanday toʻlovlarni olishga haqli ekanliklari koʻrsatilgan boʻlishi lozim. Soʻrayotgan Ahdlashuvchi Tomonning vakolatli muassasalari ularning talablariga binoan ushbu xarajatlarni qoplash uchun avans toʻlovlarni amalga oshiradilar.
7-modda
Huquqiy yordamdan voz kechish
Huquqiy yordamdan voz kechish
Agar soʻralayotgan Ahdlashuvchi Tomon huquqiy yordam koʻrsatish uning suverenitetiga, xavfsizligiga putur etkazadi yoki uning milliy qonunlarining asosiy tamoyillariga zid keladi deb hisoblasa, soʻrayotgan Ahdlashuvchi Tomonga rad etish sabablarini koʻrsatgan holda huquqiy yordamni taqdim etishdan voz kechishi mumkin.
8-modda
Huquqiy yordam koʻrsatishda tatbiq qilinadigan qonunlar
Huquqiy yordam koʻrsatishda tatbiq qilinadigan qonunlar
1. Huquqiy yordam koʻrsatishda soʻrov qilinayotgan vakolatli muassasa oʻz mamlakatining qonunlarini tatbiq qiladi.
2. Soʻrayotgan vakolatli muassasa iltimosiga binoan soʻralayotgan muassasa soʻrayotgan Ahdlashuvchi Tomonning protsessual normalarini ijro etishga oid usul va shakllarini tatbiq etishi mumkin, chunki ular soʻralayotgan Ahdlashuvchi Tomon qonunlarining asosiy normalariga zid emasdir.
II-BOʻLIM
Fuqarolik ishlari boʻyicha huquqiy yordam koʻrsatish
Fuqarolik ishlari boʻyicha huquqiy yordam koʻrsatish
I-BOB
Sud xarajatlari
Sud xarajatlari
9-modda
Sud xarajatlarining taʼminoti boʻyicha garovdan ozod etish
Sud xarajatlarining taʼminoti boʻyicha garovdan ozod etish
1. Ahdlashuvchi Tomonning sudi boshqa Ahdlashuvchi Tomonning fuqarosini ushbu Ahdlashuvchi Tomonning hududida faqat ajnabiyligi yoki turar joyining yoki yashash joyining boʻlmaganligi asosida sud xarajatlarining taʼminoti boʻyicha garovni kiritishga majbur etmasligi kerak.
2. Ushbu modda 1-bandining qoidalari, shuningdek Ahdlashuvchi Tomonlardan birining hududida uning qonunlariga muvofiq taʼsis etilgan yuridik shaxslarga ham tatbiq etiladi.
10-modda
Sud xarajatlarini toʻlash
Sud xarajatlarini toʻlash
1. Har bir Ahdlashuvchi Tomonning fuqarolari boshqa Ahdlashuvchi Tomonning hududida sud xarajatlarini, shuningdek oldindan toʻlanadigan summalarni boshqa Ahdlashuvchi Tomonning fuqarolari bilan bir xil shartlarda va teng miqdorda toʻlaydilar.
2. Ushbu modda 1-bandining qoidalari Ahdlashuvchi Tomonlardan birining hududida uning qonunchiligiga muvofiq taʼsis etilgan yuridik shaxslarga ham tatbiq etiladi.
11-modda
Sud xarajatlaridan ozod qilish
Sud xarajatlaridan ozod qilish
1. Ahdlashuvchi Tomonlardan birining fuqarolari boshqa Ahdlashuvchi Tomonning hududida sud xarajatlari toʻlovidan boshqa Ahdlashuvchi Tomonning fuqarolari bilan bir xil shartlarda va teng miqdorda ozod qilinadilar.
2. Ahdlashuvchi Tomonlardan birining fuqarosi sud xarajatlaridan ozod qilish iltimosi bilan murojaat etganida uning turar joyi va yashash joyidagi vakolatli muassasalar tomonidan berilgan uning shaxsini va mulkiy holatini tasdiqlovchi hujjatlarni taqdim etishi lozim. Agar murojaat etuvchining Ahdlashuvchi Tomonlar hududida turar joyi yoki yashash joyi boʻlmasa, u oʻz mamlakatining diplomatik vakolatxonalari yoki konsullik muassasalari tomonidan berilgan koʻrsatilgan hujjatlarni taqdim etishi mumkin.
II-BOB
Hujjatlarni topshirish va ayrim protsessual harakatlarni bajarish
Hujjatlarni topshirish va ayrim protsessual harakatlarni bajarish
12-modda
Yordam koʻlami
Yordam koʻlami
Ahdlashuvchi Tomonlar oʻzaro asosda iltimosga binoan sud va suddan tashqari boʻlgan hujjatlarni topshiradilar, ish ishtirokchilari, guvohlar va ekspertlarni soʻroq qiladilar, ekspertiza va joyga borib koʻzdan kechirishni amalga oshiradilar, shuningdek dalillarni yigʻish boʻyicha boshqa protsessual harakatlarni bajaradilar.
13-modda
Topshiriqning yuborilishi
Topshiriqning yuborilishi
1. Hujjatlarni topshirish va ayrim protsessual. harakatlarni bajarish haqidagi iltimos yozma ravishda va topshiriq shaklida rasmiylashtiriladi. Topshiriq quyidagi maʼlumotlarni oʻz ichiga olishi lozim:
soʻrayotgan va soʻralayotgan muassasalarning nomlanishi;
topshiriqqa taalluqli boʻlgan ishtirokchilarning va boshqa shaxslarning ismi-sharifi, fuqaroligi, kasbi, yashash joyi yoki turar joyi;
vakilning ismi-sharifi va manzilgohi;
yordam soʻralayotgan ishning nomi;
iltimosning mazmuni;
taqdim etilishi kerak boʻlgan hujjatlarning nomlari;
soʻrayotgan muassasaning fikricha, topshiriqning bajarilishiga koʻmaklashishi mumkin boʻlgan boshqa maʼlumotlar.
Topshiriq bilan birga uning bajarilishi uchun zarur boʻlgan boshqa hujjat va materiallar taqdim qilinishi lozim.
2. Topshiriq va hujjatlar Ahdlashuvchi Tomonning soʻrayotgan muassasasi tomonidan imzolangan va muhri bilan tasdiqlangan boʻlishi lozim.
14-modda
Topshiriqni bajarish
Topshiriqni bajarish
1. Agar soʻralayotgan Ahdlashuvchi Tomonning qonunlariga muvofiq topshiriqning bajarilishi sudlar va boshqa vakolatli muassasalarning vakolati doirasiga kirmasa, rad etishning sabablari tushuntirilib, topshiriq qaytarib yuborilishi mumkin.
2. Agar soʻralayotgan muassasa topshiriqni bajarish huquqiga ega boʻlmagan holda ushbu topshiriqni bajarish uchun vakolatli muassasalarga yuborishga majburdir, shuningdek bu haqda soʻrayotgan Tomonni xabardor qilish kerak.
3. Agar soʻralayotgan muassasa topshiriqda koʻrsatilgan manzilning noaniqligi munosabati bilan topshiriqning bajarilishiga imkoniyati boʻlmasa, manzilini aniqlash uchun zarur choralarni koʻrishi kerak yoki soʻrayotgan muassasadan qoʻshimcha maʼlumotlarning taqdim etilishini talab qilishi kerak.
4. Agar boshqa sabablarga koʻra manzilini aniqlash yoki topshiriqni bajarishning imkoniyati boʻlmasa, soʻralayotgan muassasa topshiriqning bajarilishiga toʻsiqlik qilayotgan sabablarni bayon qilib, soʻrayotgan muassasani bu haqda xabardor qilishi lozim, shuningdek barcha yuborilgan hujjat va materiallarni qaytarib berishi kerak.
5. Ahdlashuvchi Tomonlardan birining soʻrayotgan muassasasi iltimosiga binoan boshqa Ahdlashuvchi Tomonning soʻralayotgan muassasasi topshiriqning bajarilish vaqti va joyiga oid huquqiy yordamni koʻrsatish boʻyicha, agar bu soʻralayotgan Ahdlashuvchi Tomonning qonunlarida yoʻl qoʻyilishi mumkin boʻlsa, ular topshiriqning bajarilishida hozir boʻlishligi uchun oʻz vaqtida soʻrayotgan muassasaga xabar beradi.
15-modda
Topshiriqni bajarish natijalari haqida xabardor qilish
Topshiriqni bajarish natijalari haqida xabardor qilish
1. Soʻralayotgan muassasa ushbu Shartnomaning 3-moddasida koʻzda tutilgan tartibda soʻrayotgan muassasaga topshiriqning bajarilish natijalarini yozma ravishda xabar beradi, shuningdek uning bajarilganligini tasdiqlovchi hujjatlarni yuboradi.
2. Topshiriqning bajarilganligini tasdiqlovchi hujjatda qabul qilingan sanasi va qabul qiluvchining imzosi, taqdim etgan muassasaning muhri va bajaruvchining imzosi koʻrsatilgan boʻlishi kerak. Agar qabul qiluvchi ularni qabul qilishdan bosh tortsa, qabul qilishning rad qilinish sabablari koʻrsatilishi lozim.
16-modda
Hujjatlarni topshirish va ayrim protsessual harakatlarni diplomatik vakolatxonalar yoki konsullik muassasalari orqali bajarish
Hujjatlarni topshirish va ayrim protsessual harakatlarni diplomatik vakolatxonalar yoki konsullik muassasalari orqali bajarish
Boshqa Ahdlashuvchi Tomon tarafidan akkreditatsiya etilgan Ahdlashuvchi Tomonlardan har birining diplomatik vakolatxonalari yoki konsullik muassasalari oʻz fuqarolariga sudga oid va suddan tashqari boʻlgan hujjatlarni topshirishlari, ishtirokchini yoki guvohni soʻroq qilishlari mumkin, ammo majburiy tusdagi choralarni tatbiq qilishlari va boʻlib turayotgan mamlakatning qonunlariga qarshi chiqishlari mumkin emas.
III-BOB
Qarorlarni tan olish va ijro etish
Qarorlarni tan olish va ijro etish
17-modda
Tan olinishi va bajarilishi lozim boʻlgan qarorlar
Tan olinishi va bajarilishi lozim boʻlgan qarorlar
1. Ahdlashuvchi Tomonlar ushbu Shartnomaning qoidalariga muvofiq ushbu Shartnoma kuchga kirgandan soʻng boshqa Ahdlashuvchi Tomonning hududida qabul qilingan quyidagi qarorlarni oʻz hududida tan olishi va agar qarorning tusiga qarab uning bajarilishi talab etilsa, unda ijro etishi lozim:
1) fuqarolik ishlari boʻyicha sud qarorlari;
2) jinoiy ishlar boʻyicha etkazilgan zararni qoplashga oid sud qarorlari;
3) arbitraj sudining qarorlari.
2. Ushbu Shartnomada qoʻllanadigan «sud qarorlari» atamasi quyidagini anglatadi:
Oʻzbekiston Respublikasida — sud qarori, ajrimi, hukmi, sud tasdiqlagan yarashuv haqidagi bitim, shuningdek fuqarolik ishining mohiyati boʻyicha sudya chiqargan qaror;
Xitoy Xalq Respublikasida — sud tomonidan chiqarilgan qaror, ajrim, yarashuv akti.
18-modda
Sud qarorini ijro etish va tan olish haqida iltimosnoma
Sud qarorini ijro etish va tan olish haqida iltimosnoma
1. Sud qarorini ijro etish va tan olish haqida iltimosnomani arz qiluvchi shu qarorni qabul qilgan sudga topshiradi va ushbu sud esa ushbu Shartnomaning 3-moddasida koʻzda tutilgan tartibda boshqa Ahdlashuvchi Tomonning sudiga joʻnatadi. Agar arz qiluvchining qaror ijro etilishi kerak boʻlgan Ahdlashuvchi Tomonning hududida yashash joyi yoki turar joyi boʻlsa, u holda iltimosnoma bevosita ushbu Ahdlashuvchi Tomonning sudiga topshirilishi mumkin.
2. Iltimosnoma soʻrayotgan Ahdlashuvchi Tomon talab etgan shaklda tuzilgan boʻlishi lozim. Unga quyidagilar ilova qilinadi:
1) sud tomonidan tasdiqlangan sud qarorining nusxasi, agar nusxada qarorning kuchga kirganligi va uni ijro etish mumkinligi haqida aniq koʻrsatma boʻlmasa, bu toʻgʻrisida sud maʼlumotnomasining bir nusxasi ilova qilinishi kerak;
2) protsessda ishtirok etmagan tomonga qonunda belgilangan tartibda sudga chaqiriq haqidagi xabarnoma taqdim etilganini va muomalaga layoqatsiz boʻlgan holda esa uning tegishli vakili boʻlganligi haqida tasdiqlovchi hujjat;
3) ushbu moddada eslatib oʻtilgan iltimosnomaning va tegishli hujjatlarning tasdiqlangan tarjimasi.
19-modda
Sud qarorini tan olish va ijro etish tartibi
Sud qarorini tan olish va ijro etish tartibi
1. Sud qarorini tan olish va ijro etish iltimosnoma topshirilgan Ahdlashuvchi Tomon tarafidan uning qonunchiligida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
2. Iltimosnoma topshirilgan vakolatli muassasa ushbu qarorni ushbu Shartnoma talablariga muvofiqligi jihatidan oʻrganadi, ammo uni ishning mohiyati yuzasidan tekshirishi mumkin emas.
20-modda
Tan olishning va ijro etishning yuridik kuchi
Tan olishning va ijro etishning yuridik kuchi
Bir Ahdlashuvchi Tomon sudlari ikkinchi Ahdlashuvchi Tomon sudlarining tan olgan va ijro etgan qarorlari ushbu Ahdlashuvchi Tomon sudlarining qarorlaridek yuridik kuchga egadir.
21-modda
Qarorni tan olishni va ijro etishni rad qilish
Qarorni tan olishni va ijro etishni rad qilish
Quyidagi hollardan birida sud qarorini tan olishni va ijro etishni rad qilish mumkin:
1) agar qabul qilingan qaror Ahdlashuvchi Tomonning qonunlariga muvofiq bu qaror qonuniy kuchga kirmagan boʻlsa yoki ijrosi mumkin boʻlmasa;
2) agar qarorni tan olish va ijro etish haqidagi iltimosnoma qaratilgan Ahdlashuvchi Tomonning qonunlariga muvofiq ish soʻralayotgan Ahdlashuvchi Tomon sudining mutlaq vakolat doirasiga kiradigan boʻlsa;
3) agar protsessda ishtirok etmagan Tomonga Ahdlashuvchi Tomon qonunlariga muvofiq qarorni qabul qilgan muassasa sudga chaqiriq haqidagi xabarnomani taqdim etmagan boʻlsa, yoki, muomalaga layoqatsiz boʻlgan holda, uning tegishli vakili boʻlmagan boʻlsa;
4) agar aynan shu Tomonlar orasidagi aynan shu huquqiy nizo boʻyicha soʻralayotgan Ahdlashuvchi Tomon sudi chiqargan qaror qonuniy kuchga kirgan boʻlsa, yoki xuddi shu nizo u erda koʻrib chiqilayotgan boʻlsa, yoki ushbu nizo boʻyicha uchinchi davlat qarorining qonuniy kuchga kirganligi tan olingan boʻlsa;
5) agar iltimosnoma qaratilgan Ahdlashuvchi Tomonning qarorni tan olishi yoki ijro etishi uning suverenitetiga, xavfsizligiga yoki jamoat tartibiga putur etkazadigan boʻlsa.
22-modda
Arbitraj qarorlarining tan olinishi va ijrosi
Arbitraj qarorlarining tan olinishi va ijrosi
Ahdlashuvchi Tomonlar boshqa Ahdlashuvchi Tomon arbitrajining qarorini oʻzaro tan olishni va ijro etishni 1958 yil 10 iyundagi Arbitraj qarorlarining tan olinishi va ijrosi haqidagi Nyu-York Konvensiyasiga muvofiq amalga oshiradilar.
III-BOʻLIM
Jinoiy ishlar boʻyicha huquqiy yordam
Jinoiy ishlar boʻyicha huquqiy yordam
23-modda
Yordamning koʻlami
Yordamning koʻlami
Ahdlashuvchi Tomonlar iltimosiga binoan jinoiy ishlar boʻyicha guvohlarni, jabrlanuvchilarni, ekspertlarni, gumon qilinuvchi va ayblanuvchilarni soʻroqqa tortishga, tintuv, ekspertiza, koʻzdan kechirish, dalillarni yigʻish bilan bogʻliq boshqa protsessual harakatlarni amalga oshirishga; jinoiy yoʻl bilan qoʻlga kiritilgan ashyoviy dalillarni va hujjatlarni, pul va moddiy boyliklarni topshirishga, shuningdek jinoiy ishlarni olib borish bilan bogʻliq protsessual hujjatlarni taqdim etishga, bir-birlariga jinoiy ishni olib borish natijalari boʻyicha axborot berishga oid topshiriqlarni bajarish majburiyatini oladilar.
24-modda
Hujjatlarni topshirish va ayrim protsessual harakatlarni bajarish
Hujjatlarni topshirish va ayrim protsessual harakatlarni bajarish
1. Jinoiy ishlar boʻyicha hujjatlarni topshirish va ayrim protsessual harakatlarni bajarish tartibi ushbu Shartnomaning 13 — 16-moddasi bilan belgilanadi.
2. Yuqorida zikr etilgan topshiriqlarni yuborishda quyidagilar koʻrsatilishi lozim:
jinoyatning tasnifi;
uni sodir etish vaziyatlari;
tegishli qonuniy aktlarning qoidalari.
25-modda
Jinoiy yoʻl bilan qoʻlga kiritilgan pul va moddiy boyliklarni topshirish
Jinoiy yoʻl bilan qoʻlga kiritilgan pul va moddiy boyliklarni topshirish
1. Ahdlashuvchi Tomon boshqa Ahdlashuvchi Tomon murojaatiga binoan ushbu Ahdlashuvchi Tomonga boshqa Ahdlashuvchi Tomon hududida jinoyatchi sodir qilgan jinoyat natijasida uning hududida topilgan va qoʻlga kiritilgan pul va moddiy boyliklarni topshiradi. Biroq bunday topshirish soʻralayotgan tomonning yoki uchinchi shaxslarning ushbu boyliklarga boʻlgan huquqlarini cheklashi kerak emas.
2. Basharti, agar yuqorida koʻrsatilgan pul va moddiy boyliklar soʻralayotgan Ahdlashuvchi Tomon hududida boshqa hal etilmagan jinoiy ish boʻyicha sudda ishni koʻrish uchun zarur boʻlsa, ushbu Tomon ularni topshirishni vaqtinchalik toʻxtatib turishi mumkin.
26-modda
Jinoiy ishlar yuzasidan huquqiy yordam koʻrsatishni rad etish
Jinoiy ishlar yuzasidan huquqiy yordam koʻrsatishni rad etish
Agar topshiriqda koʻrsatilgan qilmish soʻralayotgan Ahdlashuvchi Tomonning qonunchiligida jinoyat boʻlib hisoblanmasa, soʻralayotgan Ahdlashuvchi Tomon ushbu Shartnomaning 7-moddasida koʻzda tutilgan asoslardan tashqari jinoiy ishlar yuzasidan huquqiy yordam koʻrsatishni rad etishi mumkin.
27-modda
Jinoiy ishlar yuzasidan sud muhokamasining natijalari toʻgʻrisida xabardor qilish
Jinoiy ishlar yuzasidan sud muhokamasining natijalari toʻgʻrisida xabardor qilish
Ahdlashuvchi Tomonlar boshqa Ahdlashuvchi Tomon fuqarolariga nisbatan ular sudlari tomonidan chiqarilgan va qonuniy kuchga kirgan hukmlarning nusxalarini bir-birlariga topshirishga majburdirlar.
28-modda
Ilgari sodir qilingan jinoyatlar yuzasidan axborot
Ilgari sodir qilingan jinoyatlar yuzasidan axborot
Ahdlashuvchi Tomonlar iltimosiga koʻra bepul boshqa Ahdlashuvchi Tomon sudi tarafidan ilgari hukm qilingan shaxsga nisbatan jinoiy ishni koʻrish uchun zarur boʻlgan sudlanganlik toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni bir-birlariga taqdim etadilar.
IV-BOʻLIM
Boshqa qoidalar
Boshqa qoidalar
29-modda
Huquqiy axborotlar bilan almashish
Huquqiy axborotlar bilan almashish
Ahdlashuvchi Tomonlar iltimosiga binoan bir-birlariga amal qilayotgan yoki amal qilgan qonunlar va sud amaliyoti toʻgʻrisidagi axborotni taqdim etadilar.
30-modda
Hujjatlarning haqiqiyligi
Hujjatlarning haqiqiyligi
1. Ahdlashuvchi Tomonlardan birining sudlari va boshqa vakolatli muassasalari tomonidan tayyorlangan yoki guvohlantirilgan va ikkala Ahdlashuvchi Tomonning markaziy muassasalari orqali berib yuborilgan hujjatlar imzo va rasmiy muhr boʻlgan holda boshqa Ahdlashuvchi Tomonning sudlari va vakolatli muassasalari tomonidan qonunlashtirish (legalizatsiya) siz qabul qilinishi lozim.
2. Ahdlashuvchi Tomonlardan birining hududida tayyorlangan rasmiy hujjatlar boshqa Ahdlashuvchi Tomon hududida ham daliliy kuchga ega boʻlgan rasmiy hujjatlar sifatiga egadir.
31-modda
Fuqarolik holatlari toʻgʻrisidagi va boshqa hujjatlarning yuborilishi
Fuqarolik holatlari toʻgʻrisidagi va boshqa hujjatlarning yuborilishi
Ushbu Shartnomani bajarish boʻyicha bir Ahdlashuvchi Tomonning vakolatli muassasalari markaziy muassasalar orqali qabul qilingan murojaatnomalariga binoan boshqa Ahdlashuvchi Tomonga ishni olib borish yuzasidan talab etiladigan fuqarolik holatlari aktlarini yozish daftaridan koʻchirmalar, taʼlim haqidagi shahodatnomalar, mehnat staji va boshqa Ahdlashuvchi Tomon fuqarolarining shaxsiy huquqlariga taalluqli boʻlgan boshqa hujjatlarni Ahdlashuvchi Tomonga bepul va tarjimasiz joʻnatadilar.
32-modda
Nizolarni hal etish
Nizolarni hal etish
Ushbu Shartnomani sharhlash yoki ijro etish masalalari yuzasidan kelib chiqadigan nizolar diplomatik kanallar orqali hal etilishi kerak.
V-BOʻLIM
Yakuniy qoidalar
Yakuniy qoidalar
33-modda
Ratifikatsiya va kuchga kirish
Ratifikatsiya va kuchga kirish
Ushbu Shartnoma ratifikatsiya qilinadi, ratifikatsiya yorliqlari bilan almashish Toshkent shahrida boʻlib oʻtadi. Ushbu Shartnoma ratifikatsiya yorliqlari bilan almashilgandan soʻng oʻttizinchi kuni kuchga kiradi.
34-modda
Shartnomaning amal qilish muddati va uning toʻxtatilishi
Shartnomaning amal qilish muddati va uning toʻxtatilishi
Ushbu Shartnoma bundan buyon Ahdlashuvchi Tomonlardan biri boshqa Ahdlashuvchi Tomonga Shartnomaning amal qilishini toʻxtatish haqidagi oʻzining niyatini yozma ravishda va diplomatik kanallar orqali xabar bergan kundan eʼtiboran olti oy muddat oʻtgunga qadar amal qiladi.
Ushbu Shartnoma Pekin shahrida 1997-yil 11-dekabrda ikki nusxada, har biri oʻzbek, xitoy va rus tillarida imzolandi, barcha matnlar bir xil kuchga ega.
Ushbu Shartnomani sharhlash maqsadida rus tilidagi matn ishlatiladi.
(imzolar)