O‘zbekiston Respublikasining Qonuni
“MARDLIK” ORDENINI TA’SIS ETISh TO‘G‘RISIDA
Qonunchilik palatasi tomonidan 2012-yil 8-avgustda
qabul qilingan
Senat tomonidan 2012-yil 30-avgustda ma’qullangan
qabul qilingan
Senat tomonidan 2012-yil 30-avgustda ma’qullangan
1-modda. “Mardlik” ordeni ta’sis etilsin.
2-modda. “Mardlik” ordeni to‘g‘risidagi nizom tasdiqlansin (ilova qilinadi).
3-modda. “Mardlik” ordenining tavsifi tasdiqlansin (ilova qilinadi).
4-modda. O‘zbekiston Respublikasining 1995-yil 22-dekabrda qabul qilingan “Davlat mukofotlari to‘g‘risida”gi 176–I-sonli Qonunining (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1995-yil, № 12, 266-modda; 1996-yil, № 5–6, 63-modda, № 9, 120-modda; 1998-yil, № 9, 163-modda; 2000-yil, № 7–8, 202-modda; 2003-yil, № 9–10, 140, 149-moddalar; 2005-yil, № 1, 18-modda; O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2007-yil, № 6, 250-modda; 2008-yil, № 4, 193-modda) 11-moddasi quyidagi mazmundagi xatboshi bilan to‘ldirilsin:
“Mardlik” ordeni”.
5-modda. Ushbu Qonun rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran kuchga kiradi.
O‘zbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2012-yil 11-sentabr,
O‘RQ–332-son
2012-yil 11-sentabrdagi O‘RQ–332-sonli O‘zbekiston Respublikasi Qonuni bilan
TASDIQLANGAN
TASDIQLANGAN
“MARDLIK” ORDENI TO‘G‘RISIDAGI
NIZOM
1. “Mardlik” ordeni bilan o‘zini Vatanni himoya qilishga va Ona yurt xizmatiga bag‘ishlagan, bunda mardlik hamda jasorat ko‘rsatgan O‘zbekiston Respublikasi harbiy xizmatchilari va boshqa fuqarolari mukofotlanadi.
Alohida hollarda “Mardlik” ordeni bilan O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi bo‘lmagan shaxslar ham mukofotlanishi mumkin.
2. “Mardlik” ordeni bilan O‘zbekiston Respublikasining Prezidenti mukofotlaydi. Mukofotlash to‘g‘risidagi farmon matbuotda va boshqa ommaviy axborot vositalarida e’lon qilinadi.
3. “Mardlik” ordeni bilan mukofotlashga taqdim etish, mukofotlash, shuningdek uni topshirish “Davlat mukofotlari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunida nazarda tutilgan tartibda amalga oshiriladi.
Oldingi tahrirga qarang.
4. “Mardlik” ordeni bilan mukofotlangan shaxslar bazaviy hisoblash miqdorining o‘n besh baravari miqdorida bir yo‘la beriladigan pul mukofoti oladilar va qonunchilikda belgilab qo‘yiladigan imtiyozlardan foydalanadilar.
(4-modda O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
5. “Mardlik” ordeni ko‘krakning chap tomoniga taqiladi.
6. “Mardlik” ordeni bilan vafotidan keyin mukofotlangan taqdirda, orden, mukofotlash to‘g‘risidagi hujjat va bir yo‘la beriladigan pul mukofoti mukofotlanganning oilasiga topshiriladi.
2012-yil 11-sentabrdagi O‘RQ–332-sonli O‘zbekiston Respublikasi Qonuni bilan
TASDIQLANGAN
TASDIQLANGAN
“MARDLIK” ORDENINING
TAVSIFI
“Mardlik” ordeni 1 mikron qalinlikda oltin qoplangan mis qotishmasidan tayyorlanadi. Ordenning balandligi 50 millimetr, eni 41 millimetr, qalinligi 4,5 millimetr.
Orden nishoni yig‘ma, uning asosi tilla rang naqshinkor parchinlari bo‘lgan ko‘k emal hoshiyali shakldor geraldik qalqon ko‘rinishida bo‘lib, unga O‘zbekiston Respublikasining birligi ramzi bo‘lgan qavariq sakkiz qirrali yulduz biriktiriladi. Yulduz qirralari taram-taram bo‘lib taralayotgan zarrin ovalsimon nurlar ko‘rinishida bajarilgan. Yulduzning qarama-qarshi qirralari oralig‘i 45 millimetr.
Sakkiz qirrali yulduzga naqshinkor parchinlari bo‘lgan, qavariq, qadimiy uslubda aks ettirilgan dumaloq sharqona qalqon ko‘rinishidagi diametri 30 millimetrli qoplama medalon biriktiriladi. Qalqonning har ikkala yon tomoni g‘alaba, shon-shuhrat va mukofot ramzi bo‘lgan qavariq, tilla rangli dafna yaproqlaridan gulchambar ko‘rinishida hoshiyalangan. Gulchambardan pastda tilla rang gardishli, oq emalli lenta ko‘rinishida aks ettirilgan fonga “MARDLIK” ordeni nomi joylashtirilgan. Yozuv bo‘rtma bosh harflar bilan to‘q qizil emalda bajarilgan. Shrifti “MILLENIUM BdExBT”, kegli 20.
Sharqona qalqondan yuqorida moviy rangda emallangan oltin hallangan yarim oy va yulduzli musamman — O‘zbekiston Respublikasi Davlat gerbining muqaddas ramzlari tasvirlangan. Musamman yonlarida sakkiz qirrali yulduz fonida milliy or-nomus va qadr-qimmat, Ona yurtni himoya qilishga shaylik ramzi bo‘lgan, o‘zaro ko‘ndalang kesishgan ikkita qadimiy sharqona qilich efesi (dasta belamagi), quyi tomonda esa, ularning uzun qayrilma tig‘larining uchlari qavariqli tasvirlangan.
Orden nishoni kompozitsiyasini dala formali kiyimdagi askarning — Vatan himoyachisining hayot sarchashmasi ifodasi bo‘lgan asosiy ramziy belgi — chor atrofga taralayotgan zarrin quyosh nurlari aks etgan oq rangli emal fonidagi qalqon markazida joylashgan bo‘rtma, ko‘krakdan yuqori qismining yarim yon tomonlama olingan tasviri yakunlaydi.
Ordenning orqa tomonida diametri 22 millimetrli O‘zbekiston Respublikasi Davlat gerbi qavariqli tasvirlangan. Pastki qismida ordenning raqami 2 millimetr o‘lchamdagi zarb qilingan shrift bilan yozilgan.
Orden to‘rt xil rangdagi yo‘llari bo‘lgan muhayyar lenta bilan sirilgan besh qirrali qadag‘ichga ilmoqcha va halqacha yordamida ulanadi. Lentaning eni 24 millimetr. Lenta markazidan eni 8 millimetrli oq yo‘l o‘tgan. Uning har ikkala tarafidan eni 3 millimetrli yashil yo‘llar joy olgan. Undan keyin eni 4 millimetrli moviy yo‘llar tushirilgan. Lentaning chekkalari eni 1 millimetrli qizil yo‘llar bilan hoshiyalangan. Qadag‘ichning balandligi 48 millimetr, eni 46 millimetr.
Qadag‘ichning orqa tomonida ordenni kiyimga taqib qo‘yish uchun to‘g‘nog‘ich ko‘rinishidagi moslama mavjud.
(O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2012-y., 37-son, 422-modda; Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 04.12.2019-y., 03/19/586/4106-son; Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son )