Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Qarori
2012/2013 OʻQUV YILIDA OʻZBEKISTON RESPUBLIKASINING OLIY TAʼLIM MUASSASALARIGA QABUL TOʻGʻRISIDA
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 27-sentabrdagi PF-6075-sonli “Oʻz ahamiyatini yoʻqotgan qonunchilik hujjatlarini qayta koʻrib chiqish tizimini joriy etish orqali mamlakatda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Respublika iqtisodiyoti tarmoqlarida va mintaqalarida talab etiladigan ixtisosliklar boʻyicha yuqori malakali mutaxassislarni sifatli tayyorlashni taʼminlash, shuningdek mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, iqtisodiyot tarkibini modernizatsiyalash hamda diversifikatsiyalash istiqbollarini hisobga olgan holda oliy taʼlim yoʻnalishlari va mutaxassisliklarini yanada maqbullashtirish va unifikatsiya qilish maqsadida:
1. Maʼlumot uchun qabul qilinsinki, Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi bilan birgalikda, davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari va boshqa tashkilotlar — oliy taʼlim muassasalari bitiruvchilarining potensial isteʼmolchilari ishtirokida:
yoʻnalishlar va mutaxassisliklar boʻyicha bakalavrlar hamda magistrlarni tayyorlashda real iqtisodiyotning tarmoqlari va sohalarining amalda taʼminlanganligi tanqidiy oʻrganib chiqildi;
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2011-yil 20-maydagi PQ–1533-sonli qarori bilan tasdiqlangan 2011 — 2016-yillarda oliy taʼlim muassasalarining moddiy-texnika bazasini modernizatsiya qilish va mutaxassislar tayyorlash sifatini tubdan yaxshilash Dasturi parametrlaridan kelib chiqib, ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish va iqtisodiyotni tarkibiy oʻzgartirish istiqbollarini hisobga olgan holda tarmoqlar va mintaqalar doirasida bakalavriat yoʻnalishlari hamda magistratura mutaxassisliklari boʻyicha respublikaning oliy taʼlim muassasalariga 2012/2013 oʻquv yilida qabul kvotalariga oid takliflar ishlab chiqildi.
2. 2012/2013 oʻquv yil uchun:
bakalavrlarni 56 607 nafar, shu jumladan davlat grantlari boʻyicha — 19 340 va toʻlov-kontrakt asosida — 37 267 nafar miqdorida, 1-ilovaga* muvofiq;
*1-ilova berilmaydi.
magistrlarni 6 300 nafar, shu jumladan davlat grantlari boʻyicha — 1 566 va toʻlov-kontrakt asosida — 4 734 nafar miqdorida, 2-ilovaga* muvofiq;
*2-ilova berilmaydi
Toshkent kimyo-texnologiya instituti (Qoʻngʻirot boʻlimi)ning maxsus sirtqi boʻlimida bakalavrlarni tayyorlash davlat grantlari boʻyicha 65 nafar va Toshkent axborot texnologiyalari universitetining maxsus sirtqi boʻlimida — 50 nafar, shu jumladan davlat grantlari boʻyicha — 15 nafar va toʻlov-kontrakt asosida — 35 nafar qabul qilish umumiy kvotalari 3-ilovaga* muvofiq belgilansin.
*3-ilova berilmaydi
3. 2012/2013 oʻquv yilida Oʻzbekiston Respublikasi taʼlim muassasalariga qabul qilish boʻyicha Davlat komissiyasining yangilangan tarkibi 4-ilovaga* muvofiq tasdiqlansin.
*4-ilova berilmaydi
Davlat komissiyasiga oliy taʼlim muassasalariga kirish chogʻida bakalavriat tayyorlov yoʻnalishlari va magistratura mutaxassisliklari boʻyicha abituriyentlar toʻplagan ballarning reyting baholanishini hisobga olgan holda bakalavriat va magistraturaga qabulning belgilangan umumiy kvotalar doirasida oliy taʼlim muassasalarining qabul koʻrsatkichlariga oʻzgartirishlar kiritish huquqi berilsin.
4. Tasarrufida oliy taʼlim muassasalari boʻlgan vazirliklar va idoralar Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazi bilan birgalikda bir hafta muddat ichida oʻzlariga qarashli oliy taʼlim muassasalari doirasida bakalavriat va magistratura boʻyicha davlat granti hamda toʻlov-kontrakt asosida oʻrinlar kvotasini taʼlim tillariga qarab taqsimlashga oid takliflarni Oʻzbekiston Respublikasi taʼlim muassasalariga qabul qilish boʻyicha Davlat komissiyasiga tasdiqlash uchun kiritsin.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi 2012/2013 oʻquv yilida davlat grantlari asosida bakalavriat va magistraturaga qabul qilish boʻyicha belgilangan kvotalarni hisobga olgan holda, Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjetidan zarur mablagʻlar ajratilishini taʼminlasin.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi tasarrufida oliy taʼlim muassasalari boʻlgan vazirliklar va idoralar, Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari, ish beruvchilar bilan birgalikda oliy taʼlim muassasalari bitiruvchilari oʻzlari olgan bilim yoʻnalishiga muvofiq ishga joylashganliklari ustidan tizimli nazorat oʻtkazib tursin.
7. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh.M. Mirziyoyev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2012-yil 7-may,
PQ–1751-son
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2012-y., 19-son, 208-modda)