Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirining
buyrugʻi
FIZIOTERAPEVTIK BOʻLINMALAR (KABINETLAR) XODIMLARI UCHUN MEHNATNI MUHOFAZA QILISH QOIDALARINI TASDIQLASH HAQIDA
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2012-yil 31-martda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 2348]
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2000-yil 12-iyuldagi 267-son “Mehnatni muhofaza qilishga doir meʼyoriy hujjatlarni qayta koʻrib chiqish va ishlab chiqish toʻgʻrisida”gi (Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati qarorlarining toʻplami, 2000-y., 7-son, 39-modda) va 2010-yil 20-iyuldagi 153-son “Mehnatni muhofaza qilish boʻyicha normativ-huquqiy bazani yanada takomillashtirish toʻgʻrisida”gi (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2010-y., 28-29-son, 234-modda) qarorlariga muvofiq buyuraman:
1. Fizioterapevtik boʻlinmalar (kabinetlar) xodimlari uchun mehnatni muhofaza qilish qoidalari ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur buyruq Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligida davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan kundan boshlab oʻn kun oʻtgandan keyin kuchga kiradi.
Vazir A. XAITOV
Toshkent sh.,
2012-yil 29-fevral,
10-B-son
Oʻzbekiston Respublikasi mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirining 2012-yil 29-fevraldagi 10-B-son buyrugʻiga
ILOVA
ILOVA
Fizioterapevtik boʻlinmalar (kabinetlar) xodimlari uchun mehnatni muhofaza qilish
Mazkur Qoidalar Oʻzbekiston Respublikasining “Mehnatni muhofaza qilish toʻgʻrisida”gi Qonuniga (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashining Axborotnomasi, 1993-y., 5-son, 223-modda) hamda Vazirlar Mahkamasining 2000-yil 12-iyuldagi 267-son “Mehnatni muhofaza qilishga doir meʼyoriy hujjatlarni qayta koʻrib chiqish va ishlab chiqish toʻgʻrisida”gi (Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati qarorlarining toʻplami, 2000-y., 7-son, 39-modda) va 2010-yil 20-iyuldagi 153-son “Mehnatni muhofaza qilish boʻyicha normativ-huquqiy bazani yanada takomillashtirish toʻgʻrisida”gi (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2010-y., 28-29-son, 234-modda) qarorlariga muvofiq fizioterapevtik boʻlinmalar (kabinetlar) xodimlari uchun mehnatni muhofaza qilish tartibini belgilaydi.
Keyingi tahrirga qarang.
I bob. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Qoidalar fizioterapevtik davolash ishlarini olib boruvchi boʻlinma (kabinetlar) (bundan buyon matnda boʻlinmalar deb yuritiladi)larga taalluqlidir.
2. Mazkur Qoidalar boʻlinmalarni loyihalash, qurish va qayta qurishda, texnik jihozlash va qayta jihozlashda, davolash jarayonlari hamda asbob-uskunalardan foydalanishda hisobga olinishi lozim.
3. Mazkur Qoidalar texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlar talablari bajarilishi shart ekanligini istisno etmaydi.
Keyingi tahrirga qarang.
4. Boʻlinmalarda mehnatni muhofaza qilishga doir qonunlar va boshqa normativ hujjatlarga rioya etilishi ustidan davlat nazorati bunga maxsus vakolat berilgan davlat organlari tomonidan, jamoatchilik nazorati esa mehnat jamoalari va kasaba uyushmasi tashkilotlari tomonidan saylanadigan mehnatni muhofaza qilish boʻyicha vakillar tomonidan amalga oshiriladi.
II bob. Xavfsizlikning umumiy talablari
1-§. Mehnatni muhofaza qilish xizmatini tashkil etish
5. Boʻlinmalarda mehnatni muhofaza qilish borasidagi ishlarni tashkil qilish Mehnat muhofazasi boʻyicha ishlarni tashkil etish toʻgʻrisidagi namunaviy nizomga (roʻyxat raqami 273, 1996-yil 14-avgust) muvofiq amalga oshiriladi.
Keyingi tahrirga qarang.
6. Boʻlinmalarda quyidagi asosiy hujjatlar yuritiladi:
mehnat sharoitlari va mehnatni muhofaza qilish ishlarini yaxshilash, sanitariya-sogʻlomlashtirish chora-tadbirlari;
tasdiqlangan mehnat sharoitlarini baholash va ish oʻrinlarini attestatsiya qilish uslubiga muvofiq ish oʻrinlarini attestatsiya qilish kartalari;
mehnatni muhofaza qilish xizmatining choraklik ish rejalari;
ishchilar va muhandis-texnik xodimlarni oʻqitish, yoʻl-yoʻriq berish va bilimlarini sinovdan oʻtkazish dasturlari;
mehnatni muhofaza qilish boʻyicha maʼmuriy-jamoatchilik nazoratini yuritish jurnali (uch bosqichli nazorat);
xodimlar bilan yongʻinga qarshi yoʻl-yoʻriq berish va yongʻin-texnikaviy minimum mashgʻulotlarini oʻtkazish dasturi;
har bir kasb va ish turlari boʻyicha mehnatni muhofaza qilish yoʻriqnomalari.
Keyingi tahrirga qarang.
Keyingi tahrirga qarang.
2-§. Xodimlarni oʻqitish, ularning bilimlarini sinovdan oʻtkazish va ularga yoʻl-yoʻriq berishni tashkil etish
7. Boʻlinmalar xodimlari oʻz kasblari va ish turlari boʻyicha belgilangan tartibda oʻqishlari, ularning bilimlari sinovdan oʻtkazilishi va ularga yoʻl-yoʻriq berilishi kerak.
Keyingi tahrirga qarang.
8. Xodimlarning mehnatni muhofaza qilish boʻyicha bilimlarini sinovdan oʻtkazish Mehnat muhofazasi boʻyicha oʻqitishni va bilimlarni sinashni tashkil qilish toʻgʻrisidagi namunaviy nizomga (roʻyxat raqami 272, 1996-yil 14-avgust) muvofiq amalga oshirilishi lozim.
Keyingi tahrirga qarang.
9. Ishlarni texnologik reglament boʻyicha xavfsiz yuritish yoʻriqnomalari Mehnat muhofazasi boʻyicha yoʻriqnomalarni ishlab chiqish toʻgʻrisidagi nizomga (roʻyxat raqami 870, 2000-yil 7-yanvar) (Oʻzbekiston Respublikasi vazirliklari, davlat qoʻmitalari va idoralarining meʼyoriy hujjatlari axborotnomasi, 2000-y., 1-son) muvofiq ishlab chiqiladi hamda xodimlarining ish joylarini ushbu yoʻriqnomalar bilan taʼminlash fizioterapevtik boʻlinmalar qarashli boʻlgan tashkilot rahbariyati zimmasiga yuklatiladi.
Keyingi tahrirga qarang.
3-§. Xavfli va zararli ishlab chiqarish omillari
10. Boʻlinmalar GOST 17.2.3.02-78 boʻyicha xavfli va zararli ishlab chiqarish omillari, ularning tavsifi, yuzaga kelish manbalari, xodimlarga taʼsir qilish xususiyatlari va salomatlik uchun xavflilik darajasi va kelgusidagi oqibatlari toʻgʻrisida toʻliq va xolisona maʼlumotga ega boʻlishi lozim.
11. Ish joylaridagi muhit hamda mehnat jarayonining xavfli va zararli ishlab chiqarish omillari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar ishlab chiqarish muhitining fizik, kimyoviy, radiologik, mikrobiologik va mikroiqlim oʻlchovi natijalari, shuningdek mehnatning ogʻir sharoitlari attestatsiya qilish orqali belgilanishi lozim.
12. Yangi zararli moddalar paydo boʻlishiga yoki xavfli va zararli ishlab chiqarish omillari yoʻqolishiga olib keladigan texnologik jarayonlar oʻzgarishlarida yoki yangi ishlab chiqarish uskunalarini joriy qilishda xavfli va zararli ishlab chiqarish omillari toʻgʻrisidagi maʼlumotlarga tegishli oʻzgartirishlar kiritilishi lozim.
4-§. Oʻta xavfli kasblar va ishlar roʻyxati
13. Boʻlinma oʻta xavfli sharoitda bajariladigan ishlar roʻyxatiga ega boʻlishi lozim. Roʻyxatga xavfli moddalar bilan bajariladigan ishlar, balandlikda, ifloslangan havo va suv muhitida, yuqori harorat va namlik sharoitida bajariladigan ishlar amaldagi tarmoq roʻyxatlariga muvofiq boshqa ishlar kiritilishi shart.
14. Barcha xodimlar oʻta xavfli ishlarni bajarish topshirigʻini olishdan oldin, mehnat muhofazasi boʻyicha yoʻl-yoʻriq olishi va ishlarni bajarish usullarini oʻzlashtirib olishi shart.
Keyingi tahrirga qarang.
15. Oʻta xavfli ishlarni bajarish, faqat belgilangan tartibda rasmiylashtirilgan ruxsatnomaga muvofiq amalga oshirilishi lozim.
16. Fizioterapevtik boʻlinma qarashli boʻlgan tashkilot rahbariyati oʻta xavfli ishlarni rejalashtirishda, tashkillashtirishda va xavfsiz bajarishda belgilangan talablarga muvofiq amalga oshirilishiga toʻla javobgardir.
5-§. Jamoaviy va yakka tartibdagi himoya vositalarini qoʻllash
17. Xodimlarni xavfli va zararli ishlab chiqarish omillaridan himoya qilish belgilangan standartlar va meʼyorlar talablariga mos jamoaviy va yakka tartibdagi himoya vositalaridan foydalanish orqali taʼminlanishi lozim.
18. Jamoaviy himoya qilish vositalariga quyidagilar kiradi:
ish joylarining havo muhitini meʼyorlashtirish vositalari (shamollatish va havo tozalash, isitish, havo haroratini, namligini bir xil meʼyorda saqlash va boshqalar);
ish joylarining yorugʻligini normallashtirish vositalari (yoritish asbob-uskunalari, yorugʻlikdan himoya qilish moslamalari va boshqalar);
shovqindan, tebranishdan, elektr va statik toklar urishidan hamda asbob-uskunalar yuzasini yuqori darajadagi haroratdan himoya qilish vositalari;
mexanik va kimyoviy omillarning taʼsiridan himoya qilish vositalari.
19. Jamoaviy himoya vositalari xavfli va zararli ishlab chiqarish omillari xonadagi barcha xodimlarga taʼsir qilganda qoʻllanishi shart va boʻlinmani qurish yoki qayta qurish loyihalariga kiritilishi lozim.
20. Jamoaviy himoya vositalari xavfli va zararli ishlab chiqarish omillarini ruxsat etilgan miqdorgacha kamaytirish imkonini bermagan hollarda yakka tartibdagi himoya vositalari qoʻllanishi lozim. Bunday hollarda yakka tartibdagi himoya vositalarisiz xodimlarning ishga jalb qilinishi taqiqlanadi.
21. Yakka tartibdagi himoya vositalaridan foydalanadigan xodimlar ularni qoʻllashi, himoya xususiyatlari va amal qilish muddati toʻgʻrisida maʼlumotlarga ega boʻlishi lozim.
22. Boʻlinmada quyidagilar taʼminlanishi shart:
yakka tartibdagi himoya vositalarining zarur miqdori va nomenklaturasi;
himoya vositalarini qoʻllash va toʻgʻri foydalanish ustidan doimiy nazorat amalga oshirilishi;
himoya vositalarining samaradorligi va sozligi tekshirilishi.
23. Boʻlinmalar xodimlari Sogʻliqni saqlash va tibbiyot ishlab chiqarishlari xodimlari uchun maxsus kiyim, maxsus poyabzal va boshqa yakka tartibda himoyalanish vositalarini bepul berishning namunaviy meʼyorlariga (roʻyxat raqami 1998, 2009-yil 25-avgust) (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2009-y., 35-son, 391-modda) muvofiq yakka tartibdagi himoya vositalari bilan bepul taʼminlanishi lozim.
6-§. Kasbiy tanlov
24. Boʻlinmalarda tanlov oʻtkazilishi lozim boʻlgan kasblar va mutaxassisliklar roʻyxati boʻlishi lozim.
25. Boʻlinma xodimlari tegishli maʼlumotga va ish tajribasiga ega boʻlishi kerak.
26. Bosim ostida ishlovchi asbob-uskunalarda va xavfi yuqori boʻlgan ishlarda xizmat koʻrsatuvchi xodimlar maxsus kurslarda tayyorgarlikdan oʻtgan va tegishli guvohnomaga ega boʻlishi shart.
27. Oʻn sakkiz yoshdan kichik shaxslarning mehnati qoʻllanishi taqiqlanadigan noqulay mehnat sharoitlari ishlari roʻyxatiga (roʻyxat raqami 1990, 2009-yil 29-iyul) (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2009-y., 30-31-son, 355-modda) muvofiq oʻn sakkiz yoshga toʻlmagan shaxslar zararli va noqulay mehnat sharoiti mavjud ishlarga qabul qilinmasligi lozim.
Keyingi tahrirga qarang.
28. Ayollar mehnatidan foydalanish toʻliq yoki qisman taqiqlanadigan mehnat sharoiti noqulay boʻlgan ishlar roʻyxatiga (roʻyxat raqami 865, 2000-yil 5-yanvar) (Oʻzbekiston Respublikasi vazirliklari, davlat qoʻmitalari va idoralarining meʼyoriy hujjatlari axborotnomasi 2000-y., 1-son) muvofiq ayollar zararli va noqulay mehnat sharoiti mavjud ishlarga qabul qilinmasligi lozim.
Keyingi tahrirga qarang.
7-§. Xodimlarning salomatligini nazorat qilish
29. Boʻlinmalarda xodimlarning salomatligini nazorat qilish “Xodimlarni ishga kirishdan oldin dastlabki va davriy tibbiy koʻriklardan oʻtkazish tizimini takomillashtirish toʻgʻrisida”gi buyruq (roʻyxat raqami 937, 2000-yil 23-iyun) (Oʻzbekiston Respublikasi vazirliklari, davlat qoʻmitalari va idoralarining meʼyoriy hujjatlari axborotnomasi, 2000-y., 12-son) asosida amalga oshirilishi lozim.
Keyingi tahrirga qarang.
30. Tibbiy koʻriklar tibbiyot muassasalarida, ular mavjud boʻlmagan hollarda davolash-profilaktika muassasalarida oʻtkazilishi lozim.
Keyingi tahrirga qarang.
31. Xodim tibbiy koʻrikdan oʻtishdan boʻyin tovlagan yoki tibbiy koʻrik natijalariga koʻra berilgan tavsiyalarni bajarmagan taqdirda, ish beruvchi uni ishga qoʻymaslik huquqiga ega.
Keyingi tahrirga qarang.
32. Davriy tibbiy koʻriklar oʻz vaqtida, sifatli oʻtkazilishi va ularning natijalariga koʻra tavsiyalar bajarilishi uchun javobgarlik fizioterapevtik boʻlinma qarashli boʻlgan tashkilot rahbariyati zimmasiga yuklanadi.
Keyingi tahrirga qarang.
8-§. Sanitariya va gigiyenaga qoʻyiladigan talablar
33. Boʻlinmada harorat, nisbiy namlik, havoning harakatlanish tezligi va boshqalar GOST 12.1.005-88 “Ish hududining havosi, Umumiy sanitariya-gigiyenik talablari”ga muvofiq boʻlishi kerak.
34. Boʻlinmaning davolash xonalari quyidagi sanitariya qoidalariga muvofiq saqlanishi lozim:
xonalarda ruxsat etilgan harorat, nisbiy namlik va havoning harakatlanish tezligi, ish joylaridagi ortiqcha issiqlik, bajarilayotgan ishning ogʻirlik darajasiga koʻra toifasi, yil mavsumi hisobga olingan holda belgilanishi;
davolash, sanitariya-maishiy, xom ashyo va tayyor mahsulotni saqlash xonalarining yorugʻligi QMQ 3.01.05-98 “Tabiiy va sunʼiy yorugʻlik. Loyihalashtirish meʼyorlari”ga muvofiq boʻlishi hamda mehnat sharoitlarini yaratish uchun yetarli yorugʻlik kuchini taʼminlashi;
Keyingi tahrirga qarang.
xonalarda yoritish asbob-uskunalari chang toʻplanishiga imkoniyat bermaydigan konstruksiyaga ega boʻlishi, shuningdek singan taqdirda uning parchalari sochilib ketmasligi uchun yopiq boʻlishi.
35. Boʻlinma xodimlari barcha ustki kiyim, poyabzal, bosh kiyim va shaxsiy narsalarni garderob (kiyim almashtiradigan maxsus xona)da qoldirishi, ish jarayoni boshlanishidan oldin, hojatxonaga borganidan soʻng qoʻllarini sovin bilan yuvishi, toza sanitar kiyimini kiyishi va kiyimni ifloslangunga qadar almashtirishi hamda ish joylarida ovqat isteʼmol qilmasliklari lozim.
9-§. Shamollatish va isitish tizimiga qoʻyiladigan talablar
36. Boʻlinmada shamollatish va isitish QMQ 2.04.05-97 “Isitish, shamollatish va konditsionerlash” talabiga muvofiq boʻlishi lozim.
Keyingi tahrirga qarang.
37. Oqimli shamollatishlarni tashqi havo tizimidan olish yerdan kamida 2 m balandlikda bajarilishi lozim.
38. Oʻtish joylarida joylashgan isitish jihozlari ruxsat etilgan oʻtish yoʻlaklarining enini kamaytirmasligi lozim.
39. Ish joylarida havo harorati yengil jismoniy ishda 210 S, oʻrtacha ogʻir ishda 170 S va 21 0S ogʻir ishda 160 S dan past boʻlmasligi kerak.
40. Xodimlarining isinishi uchun xonalarda harorat 220 S dan kam boʻlmasligi kerak.
10-§. Suv taʼminoti va kanalizatsiya tizimiga qoʻyiladigan talablar
Keyingi tahrirga qarang.
41. Boʻlinmada suv bilan taʼminlash va kanalizatsiya tizimi QMQ 2.04.01-98 “Binolarning ichki suv quvuri va kanalizatsiyasi” talabiga mos kelishi kerak.
Keyingi tahrirga qarang.
42. Ichimlik suvidan foydalanish uchun suv quvuriga ulangan favvorachalar boʻlishi kerak. Suv quvurlari yoʻq boʻlganda baklarda qaynatilgan suv boʻlishi lozim.
43. Ichimlik suvining harorati 80 S dan 200 S gacha boʻlishi kerak.
44. Boʻlinmalardagi hojatxonalar issiq suv va kanalizatsiya tizimiga ulangan boʻlishi lozim.
Keyingi tahrirga qarang.
45. Boʻlinmada kanalizatsiya tizimi yoʻq boʻlganda davlat sanitariya nazorati organlari bilan kelishilgan holda tashqarida yer qatlamini ifloslantirmagan holda dushxonalardan va yuz-qoʻl yuvgichlardan suv oqmaydigan qurilmali axlat oʻralarining mavjud boʻlishiga ruxsat etiladi.
Keyingi tahrirga qarang.
11-§. Yoritishga qoʻyiladigan talablar
46. Boʻlinmalarni tabiiy va sunʼiy yoritish QMQ 2.01.05-98 “Tabiiy va sunʼiy yoritish” talabiga mos boʻlishi lozim.
Keyingi tahrirga qarang.
47. Yoritish vositalari toza va soz holatda boʻlishi kerak. Yorugʻlik tushuvchi oynalarni yilida kamida ikki marotaba tozalash lozim.
48. Sunʼiy yoritish umumiy va birlashgan (umumiy mahalliy bilan birgalikda) tizim orqali amalga oshiriladi. Birgina mahalliy yoritishni qoʻllash taqiqlanadi.
49. Boʻlinmalarda portlash boʻyicha xavfli gaz va changlar konsentratsiyasi yigʻilib qolishi ehtimoli boʻlsa, elektr yoritish tizimi portlashdan alohida bajarilishi kerak.
50. Xavflilik darajasi yuqori boʻlgan xonalarda kuchlanishi 36 V dan yuqori boʻlmagan koʻchma elektr yoritqichlar ishlatilishi kerak. Asbob-uskunalar va inshootlar (bunkerlar, quduqlar, bugʻlantirish kameralari va boshqalar)ning ichki sirtini yoritish uchun koʻchma elektr yoritqichlarning kuchlanishi 12 V dan oshmasligi kerak.
51. Koʻchirib yuriluvchi yoritqichlar shishali himoya qopqoqlari va metall toʻr bilan jihozlangan boʻlishi lozim. Ushbu yoritqichlar va boshqa koʻchirib yuriluvchi apparatlar uchun mis tolali egiluvchan kabel va elektr oʻtkazgichlar qoʻllanishi lozim.
52. Evakuatsiya yoʻlaklari va zinapoyalarda avariya yoritqichlari boʻlishi lozim.
53. Avariya yoritqichlari boshqa yoritqichlardan turi, oʻlchamlari va maxsus tushirilgan belgilari bilan ajralib turishi va vaqti-vaqti bilan changdan tozalanib turilishi lozim.
54. Avariya yoritish tarmoqlariga elektr energiya isteʼmolchilarning ulanishi taqiqlanadi. Avariya yoritqichlarining sozligi har chorakda kamida bir marta tekshirilishi lozim.
12-§. Maishiy xonalarga qoʻyiladigan talablar
55. Boʻlinma maishiy va ovqatlanish xonalari hamda birinchi tez tibbiy yordam koʻrsatish xonalari bilan jihozlangan boʻlishi kerak.
56. Kiyim almashtirish xonalari, dushxonalarning oʻlchamlari, dush setkalari, oyoq vannalari, bet-qoʻl yuvgichlari, isteʼmol suv taʼminoti qurilmalari, hojatxonalar va shu kabi qurilmalarning soni, smenadagi eng koʻp xodimlar soni hisobga olingan holda belgilanishi lozim.
57. Dushxonalar va hojatxonalardagi tarnovlar, kanallar, traplar, pissuarlar va unitazlar muntazam ravishda tozalanishi, yuvilishi va dezinfeksiya qilinishi lozim.
13-§. Atrof tabiiy muhitni muhofaza qilishga boʻlgan talablar
58. Boʻlinmalarda davolash jarayonlari atrof muhitning (havo, tuproq, suv havzalari) ifloslanishiga va zararli omillarning tegishli normalardan ortiq darajada tarqalishiga olib kelmasligi lozim.
59. Boʻlinmalarda davolash jarayonlarini amalga oshirishda atrof muhitning chiqindilar (oqova suvlar, shamollatish tizimi chiqindilari va boshqalar) bilan ifloslanish ehtimolini istisno etadigan sharoitlar taʼminlanishi lozim.
60. Boʻlinmalarda chiqindilarini yigʻish uchun atrofi oʻralgan maxsus joy ajratilishi va konteynerlar bilan taʼminlanishi, konteynerlar chiqindilardan boʻshatilgandan soʻng xlorli ohak eritmasi bilan dezinfeksiya qilinishi va yuvilishi kerak.
14-§. Mehnat va dam olishga qoʻyiladigan talablar
61. Xodimlarning ish vaqti, shu jumladan qisqartirilgan ish vaqti, dam olish va tanaffuslar vaqti fizioterapevtik boʻlinma qarashli boʻlgan tashkilot tomonidan qonun hujjatlariga muvofiq belgilanadi.
Keyingi tahrirga qarang.
III bob. Boʻlinmalarda faoliyat olib borish jarayonlariga qoʻyiladigan xavfsizlik talablari
1-§. Umumiy talablar
62. Ish jarayoni boshlanishidan oldin xodimlar asbob-uskunalar va jihozlarning ish holati va sozligini tekshirishlari kerak.
63. Asbob-uskunalar va jihozlarda har qanday nosozliklar (ishdan chiqish hollari) aniqlanganda yoki ular ish paytida vujudga kelganda xodimlar ularda nosozliklar bartaraf etilmaguncha asbob-uskunalar va jihozlarda davolash ishlarini oʻtkazishi taqiqlanadi.
64. Davolash asbob-uskunalari va jihozlarining sozligi medtexnik tasdiqlagan jadval boʻyicha kamida ikki haftada bir marta aniqlanishi lozim.
65. Davolash jarayonida xodimlar asbob-uskunalarning ishlashini kuzatib turishlari hamda ish joylaridan chiqib ketmasliklari shart.
66. Ish kuni tugaganidan soʻng asbob-uskunalarning barcha rubilniklari (elektr tokini qoʻshib-ajratish qutisi), yoqish asbob-uskunalari va vilkalar shtepselli rozetkalardan chiqarilishi kerak.
67. Avariya sodir boʻlganda asbob-uskunalar oʻchirilishi lozim, elektr tarmogʻi avariyaga uchraganda yoki yongʻin sodir boʻlganda bosh rubilnikdan darhol oʻchirilishi shart.
68. Elektr toki bilan ishlaydigan asbob-uskunalarda momaqaldiroq vaqtida fizioterapevtik davolash ishlari oʻtkazish taqiqlanadi.
69. Fizioterapevtik davolash ishlari faqat ishlab chiqaruvchi tashkilotning elektr chizma va texnik pasportiga ega soz asbob-uskunalarida oʻtkazilishi lozim.
70. Mukammal taʼmirdan chiqqan asbob-uskunaning texnik pasportida taʼmirlagan usta tomonidan zavodning elektr montaj chizmasiga muvofiqligi hamda asbob-uskunaning tibbiy-texnika talablariga muvofiqligi haqida belgi qoʻyilgan boʻlishi lozim.
71. Elektr-yorugʻlik bilan davolash kabinetlarida qurilish, mexanik, elektrotexnik (fizioterapevtik asbob-uskunalarni sozlash bilan bogʻliq boʻlmagan) va boshqa ishlarni faqat oʻchirilgan bosh rubilniklarda oʻtkazishga ruxsat beriladi.
2-§. Yongʻin va portlash xavfsizligi talablari
72. Boʻlinmalar uchun yongʻin xavfsizligi boʻyicha asosiy talablar GOST 12.1.004-91 “Mehnat xavfsizligi standartlari tizimi. Yongʻin xavfsizligi. Umumiy talablar” va GOST 12.1.010-76 “Mehnat xavfsizligi standartlari tizimi. Portlashdan xavflilik. Umumiy talablar”ga muvofiq boʻlishi kerak.
73. Boʻlinmalarda chekish taqiqlanadi. Chekish faqat maxsus suv va qumli idishlar bilan jihozlangan joylarda mumkin.
74. Boʻlinmaning portlash va yongʻin boʻyicha xavflilik xususiyatlari elektr qurilmalarining tuzilishi talablariga muvofiq baholanishi kerak.
75. Boʻlinmalarga kirish joylarida portlashdan, yongʻindan xavflilik darajasi koʻrsatilgan yozuv boʻlishi kerak.
76. Boʻlinmada yongʻin xavfsizligi boʻyicha yoʻriqnomalar ishlab chiqilgan boʻlishi lozim. Ushbu yoʻriqnomalar boʻlinmaning yongʻindan saqlash organi bilan kelishiladi va fizioterapevtik boʻlinma qarashli boʻlgan tashkilot rahbari (yoki bosh muhandisi) tomonidan tasdiqlanadi.
77. Yongʻin xavfsizligi choralari boʻyicha yoʻriqnomalar ishlab chiqarishning oʻquv tizimida oʻrganilishi va koʻrinarli joyga ilib qoʻyilishi kerak.
78. Boʻlinmalarda yongʻin xavfsizligini taʼminlash boʻyicha, shuningdek yongʻin oʻchirish vositalari soz holda boʻlishi boʻyicha masʼul xodim boʻlishi lozim.
79. Boʻlinmalarda payvandlash ishlarini oʻtkazishda yongʻin xavfsizligi choralarini taʼminlash yoʻriqnomalari ishlab chiqilishi va tasdiqlanishi shart. Payvandlash ishlari olib boriladigan joylar xavfsizlik belgilari bilan belgilanib, “Payvandlash va olovli ishlar” yozuvi bilan taʼminlangan boʻlishi lozim.
80. Boʻlinmalarda yongʻin oʻchirish vositalarining holati va ishlatishga doimiy sozligi nazoratga olingan boʻlishi lozim.
81. Boʻlinmada quyidagilarni oʻrnatishi shart:
yongʻin xavfsizligi boʻyicha yoʻriqnomani oʻrganish va yongʻin-texnika minimumi boʻyicha mashgʻulotlar oʻtkazish tartibi va muddatlari;
ishga yangi kirayotganlarni yongʻin xavfsizligi boʻyicha yoʻriqnomani oʻrganish uchun yuborish tartibi;
xodimlari yongʻin-texnika minimumi dasturi boʻyicha mashgʻulotlarga qatnashi shart boʻlgan kasblar roʻyxati;
zimmasiga yongʻin xavfsizligi boʻyicha yoʻl-yoʻriqni, yongʻin-texnika minimumi dasturi boʻyicha mashgʻulotlarni oʻtkazish vazifasi yuklangan xodimlar roʻyxati;
yongʻin xavfsizligi boʻyicha yoʻl-yoʻriq olish va yongʻin-texnika minimumi boʻyicha mashgʻulotlar oʻtkazish joyi;
yongʻin xavfsizligi boʻyicha yoʻriqnomadan oʻtgan va yongʻin-texnika minimumi dasturi boʻyicha mashgʻulotlardan oʻtgan shaxslarni roʻyxatga olish tartibi.
82. Ishga yangi (shu jumladan vaqtincha) qabul qilingan xodimlar va muhandis-texnik xodimlar yongʻin xavfsizligi choralariga rioya qilish toʻgʻrisidagi Yongʻin xavfsizligi boʻyicha dastlabki yoʻl-yoʻriq olishlari shart. Yongʻin xavfsizligi boʻyicha yoʻl-yoʻriq olmagan shaxslar ishga qoʻyilmaydi.
83. Boʻlinmalarda avtomatik (havo-koʻpik) oʻt oʻchirish moslamalari va ogohlantiruvchi signalizatsiyalar (tovushli, nurli) bilan jihozlanishi kerak.
84. Yongʻindan xavfli va portlash yoki alangalanish xavfi bor qurilmalarda ochiq alangadan foydalanishni taqiqlovchi va alangalanuvchi va portlovchi moddalar bilan ishlashda ehtiyotkorlikka rioya qilish zarurligi toʻgʻrisida belgilar ilib qoʻyilishi zarur.
3-§. Elektr qurilmalariga qoʻyiladigan xavfsizlik talablari
85. Boʻlinmada elektr qurilmalarini oʻrnatish va ulardan foydalanishda Isteʼmolchilarning elektr qurilmalaridan texnik foydalanish qoidalari (roʻyxat raqami 1383, 2004-yil 9-iyul) (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2004-y., 27-son, 317-modda) hamda Isteʼmolchilarning elektr qurilmalaridan foydalanishda texnika xavfsizligi qoidalari (roʻyxat raqami 1400, 2004-yil 20-avgust) (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2004-y., 33-son, 379-modda) va mazkur Qoidalar talablariga rioya qilinishi kerak.
Keyingi tahrirga qarang.
86. Elektr tok oʻtkazuvchi qismlar, taqsimlovchi qurilmalar, apparatlar va oʻlchash asbob-uskunalari, shuningdek turli saqlovchi qurilmalar, rubilniklar va boshqa ishga tushiruvchi apparatlar va moslamalar faqat yonmaydigan asoslar (marmar, tekstolit, getinaks)da montaj qilinishi lozim.
87. Yoritish va quvvatli asbob-uskunalar hamda elektr tarmoqlarining tuzilishi xonalardagi sharoitlarga va ulardagi ishlab chiqarishning xususiyatiga mos boʻlishi shart.
88. Yuqori namlik va issiqlik ajralib chiquvchi xonalarda elektr yoritqichlar namlikdan, elektr dvigatellari esa suyuqlik sachrashidan himoyalangan boʻlishi shart.
89. Taqsimlovchi qurilmalar izolyatsiyasining qarshiligi va chidamliligi tekshirib turilishi lozim.
90. Kabellar va elektroʻtkazgichlarning izolyatsiyasi, tashqi birikmalar, himoyalovchi yerga ulagichlar, elektr dvigatellarning ishlash rejimi koʻrikdan oʻtkazilishi va asbob-uskunalar bilan oʻlchash orqali tekshirilib turilishi lozim.
91. Kam quvvatli elektr lampalari va asbob-uskunalarini kattaroq quvvatlilariga almashtirish tarmoq uchun yoʻl qoʻyiluvchi yuklanishni hisobga olgan holda, elektr xoʻjaligi uchun javobgar xodimning ruxsati bilan amalga oshirilishi lozim.
92. Bitta elektr shtepseliga bir nechta isteʼmolchilarni ulash taqiqlanadi.
93. Changlarning statik elektr razryadlaridan alangalanib ketmasligi uchun asbob-uskunalarning gʻiloflari, uning asosiy vallari va havo quvurlari yerga ulangan boʻlishi lozim.
4-§. Suv bilan davolashda xavfsizlik talablari
94. Davolashda ishlatilgan suv kanalizatsiyaga oqizib yuborilishi lozim.
Keyingi tahrirga qarang.
95. Dezinfeksiya ishlarini olib borishda gazsifat xlor, xlorli ohak, gipoxlorid (kalsiyning ikki-uch asosli tuzi), litiy gipoxlorid, natriy tuzi va natriy gipoxlorid ishlatilishi lozim.
96. Dezinfeksiya vositalarining saqlanishi, ularning aralashmalarining tayyorlanishi xavfsizlik texnikasi talablariga muvofiq amalga oshirilishi lozim.
97. Ishlatiladigan aralashmalarni tayyorlash bilan band boʻlgan va dezinfeksiya ishlarini olib boradigan xodimlar dezinfeksiya vositalari bilan ishlashda xavfsizlik boʻyicha yoʻriqdan oʻtishlari lozim.
98. Suvning fizik xossalarining tekshirilishi va organoleptik koʻrsatkichlarni aniqlash OʻzDSt 950:2021 ga muvofiq oʻtkazilishi lozim.
99. Davolash suvi belgilangan holatda boʻlmaganida qoʻshimcha tarzda GOST 1.81.90-72 boʻyicha kerakli miqdorda xlor borligi aniqlanishi lozim.
5-§. Vodorod sulfidli, karbonat angidridli, azotli va boshqa vannalarda davolashda xavfsizlik talablari
100. Kislorod ballonlari bilan ishlaganda quyidagi xavfsizlik choralariga rioya qilish lozim:
kislorod toʻldirilgan ballonlarni tushib ketishdan va zarbalardan ehtiyot qilish;
ularning gaz ballonlaridan kamida 5 m uzoqlikda boʻlishi;
kislorod toʻldirilgan ballonlar maxsus ventil bilan jihozlangan boʻlishi.
101. Bosim ostida boʻlgan kislorod oʻtkazuvchi quvurlar birikmalariga zarba urish, rezbali (burama kertik) birikmalarni zigʻir, kanoptola, shuningdek tarkibida yogʻ boʻlgan boshqa materiallar bilan bogʻlash mumkin emas.
102. Marvarid vannalarning kompressori yer toʻla (podval)da joylashtirilishi lozim.
6-§. Vodorod sulfid bilan davolashda xavfsizlik talablari
103. Sunʼiy vodorod sulfid vannalar uchun eritmani tayyorlash havo tortuvchi shkafda amalga oshirilishi lozim.
104. Vodorod sulfid vannalarni tayyorlash uchun barcha kimyo vositalari qulflangan holda, nazorat ostida saqlanishi lozim. Sunʼiy va vodorod sulfid vannalarni tayyorlash uchun eritmalar va xlorid kislotasi laboratoriyada rezina tiqini bilan yopilgan shisha idishda, mahkam yopilgan shkafda saqlanishi lozim.
105. Natriy sulfid temir idishda, xlorid kislotasini esa 200 S darajadan yuqori boʻlmagan haroratda savatga joylashtirilgan shisha idishlarda saqlash kerak.
106. Natriy sulfid va xlorid kislotasi pol va ish joyiga oqib ketganda eritmani issiq suv bilan yuvib tashlash kerak.
107. Vodorod sulfid bilan davolash xonasining kanalizatsiyasi va suv quvurlari holati ustidan nazorat qilish, kimyo vositalari saqlanadigan barcha xonalarni doimiy ravishda tozalab turish lozim.
Keyingi tahrirga qarang.
108. Xodimlar ish vaqtida kuyish va zaharlanishlarning oldini oluvchi maxsus kiyimdan foydalanishlari lozim.
109. Vaqtinchalik ishlarga jalb qilingan xodimlar ish boshlashdan oldin yoʻriqdan oʻtishlari lozim.
7-§.Uqalash bilan davolashda xavfsizlik talablari
110. Uqalash bilan davolash alohida xonalarda bajarilishi lozim.
111. Uqalash bilan davolash xonasining oyoqosti sathlari yogʻochli, linoleum bilan qoplangan boʻlishi lozim.
112. Devorlar 2 m balandlikda och tusli moy boʻyoq bilan boʻyalishi, devorlar va shipning qolgan qismlari oqlanishi lozim.
113. Uqalash bilan davolash xonasi issiq suv bilan yuvinish uchun jihozlangan boʻlishi lozim.
114. Uqalovchilar bir nechta boʻlsa, ularning har birining ish joyi alohida matoli pardalar bilan ajratilishi lozim.
115. Uqalash bilan davolash xonalari bir soatda besh martalik havo almashinuvini bajaradigan shamollatish tizimi bilan taʼminlanishi lozim.
116. Uqalash bilan davolash xonasida uqalash uchun maxsus mebel, uqalovchilar kiyimi uchun shaxsiy javonlar, bemorlarning kiyimi uchun ilgaklar, oynalar, toʻsiqlar va bir nechta oʻrindiqlar boʻlishi lozim.
117. Uqalash stoli standart oʻlchamlarda boʻlishi shart. Balandligi 0,8 m, uzunligi 1,95 — 2 m, eni 0,65 m hamda bosh, orqa va tizzalar ostiga qoʻyish uchun har xil oʻlchamdagi kleyonkali yostiqchalar boʻlishi lozim.
118. Uqalash oʻrindigʻi uqalovchining oyoq panjasi uchun yaxshi tayanchga ega boʻlishi lozim.
IV bob. Fizioterapevtik davolashda asbob-uskunalarga qoʻyiladigan xavfsizlik talablari
1-§. Elektr va yorugʻlik bilan davolash asbob-uskunalariga boʻlgan xavfsizlik talablari
119. Yangi qurilayotgan va rekonstruksiya qilinayotgan elektr va yorugʻlik bilan davolash fizioterapevtik boʻlinmalarning xonalari tarkibi va maydoni, shamollatish, isitish, gaz taʼminoti, yoritilishi QMQ 2.01.05-98 “Tabiiy va sunʼiy yoritish” talablariga muvofiq boʻlishi lozim.
Keyingi tahrirga qarang.
120. Elektr va yorugʻlik bilan davolash xonasining maydoni bir kushetkaga 6 m2 hisobidan, faqat bitta kushetka boʻlganida kamida 2 m2 deb qabul qilinadi (alohida boʻshliq ichi muolajalarini oʻtkazish uchun kabinetning maydoni bir ginekologiya kreslosiga 18 m2 deb qabul qilinadi. Mikrotoʻlqinli terapiya xonasining maydoni bir kushetkaga 9 m2, faqat bitta kushetka boʻlganida kamida 6 m2 deb qabul qilinadi).
121. Davolash xonalarining pol qoplamalari va pardalarini statik elektr maydoni hosil qilishi mumkin boʻlgan sintetik materiallardan tayyorlash taqiqlanadi.
122. Pol yogʻochdan boʻlishi yoki linoleum qoplanishi hamda oʻnqir-choʻnqir boʻlmasligi lozim.
123. Devorlarni keramik plitkalar bilan qoplash taqiqlanadi. Lazer moslamasi ishlaydigan kabinetlarda devorlar va shiplar jilosiz qoplamali boʻlishi lozim.
124. Davolash muolajalarini oʻtkazish uchun karkaslari plastmassa yoki yaxshi silliqlangan yogʻoch tirgaklardan yoki metall (nikellangan yoki moyli boʻyoq bilan boʻyalgan) quvurlardan yasaladigan kabinetlar jihozlanishi lozim.
125. Xonalarning metall konstruksiyalari tosh devorlardan, poldan qalinligi kamida 40 — 50 mm boʻlgan izolyatsiya qiluvchi materialdan tayyorlangan taglikdagi flanetslarni oʻrnatish orqali izolyatsiya qilinishi lozim (yogʻoch tagliklar dastavval parafinda pishiriladi va moyli boʻyoq bilan boʻyaladi).
126. Flanetslarni mustahkamlash shuruplari (boltlari) taglik balandligidan pastroq boʻlishi lozim.
127. Har bir xonada faqat bitta statsionar fizioterapevtik apparat, bosh tomoni koʻtariladigan hamda mahalliy yoritish moslamasi boʻlgan bitta kushetka (yotish moslamasi) oʻrnatilishi lozim.
128. Lazer qurilmasi oʻrnatilgan xonada oyna yuzli boʻlgan asbob-uskunalar va buyumlardan foydalanish taqiqlanadi, lazerli qurilmalar bilan ishlash umumiy yorugʻlik boʻlgan xonalarda oʻtkazilishi lozim.
129. Elektr va yorugʻlik bilan davolash xonasida davolash oʻtkazishga tayyorgarlik ishlari, zichlagichlarni saqlash va ularga ishlov berish, dorivor eritmalarni tayyorlash moʻljallangan, qurituvchi va havo tortuvchi shkaf, dezinfeksiya qaynatgichlari, ish stoli, tibbiy shkaf va kir yuvish mashinasi bilan jihozlangan maxsus, maydoni kamida 8 m2 boʻlgan alohida izolyatsiyalangan blok ajratilishi kerak.
130. Davolovchi xodimning ish joyi (boshqaruv pulti) fotariy (yorugʻlik bilan davolash xonasi) xonasidan tashqarida jihozlanib, tovushli signalizatsiya bilan taʼminlanishi lozim.
131. Aeroinli, aerozolli va elektroaerozolli guruhda davolash xonasining maydoni bitta oʻringa 4 m2 hisobidan, ammo umumiy maydoni 12 m2 dan kam boʻlishi mumkin emas. Yakka tartibda aeroinli, aerozolli va elektroaerozolli davolash kabinetining maydoni 12 m2 boʻlishi lozim.
132. Elektr va yorugʻlik bilan davolash xonalaridagi havoning harorati 200 S dan past 200 boʻlmasligi kerak.
133. Elektr va yorugʻlik bilan davolashga moʻljallangan har bir xona hisob-kitob boʻyicha zarur koʻndalang kesimdagi simlar bilan tortilgan mustaqil elektr taʼminot liniyasiga ega boʻlishi lozim.
134. Elektr va yorugʻlik bilan davolashga moʻljallangan har bir xonada qoʻl yetishi uchun oson joyda “Ulangan” yoki “Oʻchirilgan” yozuvli belgi boʻlishi lozim.
135. Klemmalardan ikkitasi (chap tomondagilari qoʻshish uchun moʻljallangan) apparatni elektr toki manbaiga ulash, boshqasi esa yerga ulangan himoya qiluvchi sim uchun moʻljallangan boʻlishi lozim.
136. Elektr tarmogʻiga ulash uchun xizmat qiladigan simlar egiluvchan kabeldan, u boʻlmaganida rezinali trubkaga solingan egiluvchan simlardan ishlangan boʻlishi lozim.
137. Davolash apparatidan bemorga teguvchi simlar yuqori sifatli himoyalovchi qoplamga ega boʻlishi lozim. Simlar butligini ishlatishdan oldin sinchiklab tekshirish lozim.
138. Elektr va yorugʻlik davolash apparatlarining metalldan yasalgan korpusi va shtativlari, shuningdek himoya qatlami buzilishi oqibatida kuchlanish taʼsirida boʻlishi mumkin boʻlgan qizdirgichlarni qoʻshib, yerga ulangan himoya qiluvchi simga ega boʻlishi lozim.
139. Markazlashtirilgan isitish tarmoqlarining isitish asbob-uskunalari, isitish, gaz, suv yoki kanalizatsiya tarmoqlarining isitgichlari, shuningdek kabinetda joylashgan barcha yerga ulangan himoya qiluvchi simga ega asbob-uskunalar butun davomiyligi boʻyicha va bemorlar hamda xodimlar tegib boʻlmaydigan balandligigacha moy boʻyoq bilan qoplangan yogʻochdan yasalgan gʻiloflar bilan yopilgan boʻlishi kerak.
Keyingi tahrirga qarang.
140. Kontaktli elektrodlarni joylashtirishda apparatlarning yerga tutashgan metall korpuslari tegib boʻlmaydigan joylarda oʻrnatilishi lozim, bunday shartga rioya etish imkoniyati boʻlmaganida bemor uchun tegishi mumkin boʻlgan apparatlarning yerga tutashgan korpuslari bemor tegib ketish ehtimolidan himoyalovchi ekranlar bilan himoyalanishi lozim.
141. Toʻrt kamerali vannalarni oʻrnatishda suv tarmogʻining joʻmraklari, quvurlari va boshqa metall qismlari bemor uchun tegib boʻlmaydigan masofada joylashgan boʻlishi lozim.
142. Fizioterapevtik davolash xonasidan tashqarida (bogʻlash va operatsiya xonalari hamda palata va boshqalar) elektr davolashlar olib borilayotganda xavfsizlik choralari koʻrilishi lozim.
2-§. Ingalyatsiya xonalaridagi uskunalarga qoʻyiladigan xavfsizlik talablari
143. Guruhli ingalyatsiya xonasi izolyatsiyalangan boʻlishi lozim. Xona devorlari 2 m balandlikkacha glazurlangan plitka bilan qoplanishi, poli linoleum, shuningdek shiplari burli qoplam bilan qoplanishi lozim.
144. Kompressor yertoʻla yoki yarim yertoʻlada oʻrnatilishi kerak.
145. Yakka tartibdagi ingalyatorda uchliklarni va niqoblarni qaynatish uchun elektr dezinfeksiya qaynatgichi havo tortish shkafida oʻrnatilishi kerak.
3-§. Suv bilan davolashda asbob-uskunalarga qoʻyiladigan xavfsizlik talablari
146. Suv bilan davolash xonalari tokdan izolyatsiyalangan boʻlishi lozim.
147. Suv bilan davolash xonalarida elektr simlari va ishga tushirish moslamalari germetik (zich yopilgan) boʻlishi kerak.
148. Suv bilan davolash xonalarida havo isituvchi mustaqil shamollatish tizimi boʻlishi lozim. Havoning harorati 230 S — 250 S doirasida, havoning nisbiy namligi koʻpi bilan 60 — 65 foiz boʻlishi kerak.
149. Suv bilan davolash xonalarida ishlovchi xodimlar uchun har bir vannaga 1,5 m2 hisobidan kamida 8 m2 xona ajratilishi kerak.
150. Alohida dush moslamalari va oʻtirgichli vannani yoʻgʻon va tiniq oyna yoki plitkalar bilan qoplangan, betondan tayyorlangan, balandligi 2 m boʻlgan toʻsiqlar ajratib turadi. Toʻsiqlar oyoqosti sathidan 10 — 15 sm balandlikda oʻrnatilishi lozim.
151. Dush ustuni issiq va sovuq suvni mustaqil yetkazuvchi moslamaga ega boʻlishi shart, bunda issiq va sovuq suvning bosimi bir xil boʻlishi lozim.
152. Suv osti uqalash dushi uchun elektr-magnitli oʻtkazgich apparati germetik berk va himoyalangan boʻlishi kerak.
4-§. Vodorod sulfidli, karbonad angidridli, azotli va boshqa vannalarga qoʻyiladigan xavfsizlik talablari
153. Vodorod sulfidli vannada davolash alohida xonada oʻtkazilishi kerak.
Vodorod sulfidli vannada davolashda quyidagilar boʻlishi lozim:
havo tortuvchi shkaf;
eritmalarni tayyorlash uchun alohida xona;
eritmalarni saqlash uchun alohida xona.
154. Vannalar zanglashga chidamli materiallardan tayyorlangan boʻlishi zarur.
155. Vodorod sulfidli suvni oʻtkazuvchi quvurlar korroziyaga chidamli materiallardan bajarilgan boʻlishi kerak.
156. Armatura (joʻmraklar, dastaklar va boshqalar) zanglashga chidamli materiallardan tayyorlangan boʻlishi lozim. Qoʻrgʻoshinli oq boʻyoq bilan boʻyash man etiladi.
157. Karbonat angidrid, kislorodli va azotli ballonlar vannakabinetlardan tashqarida, markazlashtirilgan isitish va issiq suv taʼminoti quvurlaridan kamida 0,5 m masofadagi uzoqlikda, ularga toʻgʻri quyosh nurlari tushmaydigan joyda oʻrnatilishi lozim. Kislorodli ballonlar albatta devorga metall tutqich bilan mahkamlanishi lozim.
158. Karbonad angidridli va azot tarkibli zaxira ballonlar alohida ajratilgan joylar (kabinetlar)dagi tokchalarda saqlanishi, kislorod tarkibli ballonlar esa maxsus ajratilgan bino va joylarda mahkamlanib, vertikal holatda saqlanishi lozim.
159. Karbonad angidridli, azotli va kislorodli ballonlar, ularni saqlash joyidan oʻrnatilish joyigacha maxsus aravachalarda yetkazilishi lozim.
5-§. Metall tarkibli mineral (maʼdanli) suvlar bilan ishlash asbob-uskunalariga qoʻyiladigan xavfsizlik talablari
160. Davolash xonalarida ochiq alanga bilan (gugurt yoqish, chekish, kavsharlagich, elektr va gaz bilan payvandlash ishlarni oʻtkazish va boshqalar) ishlash man etiladi.
161. Quduqlarni taʼmirlash ishlari va ulardan foydalanish rejimini kuzatishni faqat elektr yorugʻligi yoki maxsus konchilik chirogʻidan foydalanib amalga oshirish mumkin. Eshiklari himoya panjarasi bilan butun elektr simlari tarmogʻi portlashdan va yongʻindan himoyalangan holda bajarilgan boʻlishi lozim.
162. Quduqlar kallagi, metanning suvdan toʻliq ajratilishi uchun moʻljallangan gaz ajratgichlar bilan jihozlangan boʻlishi kerak. Gazga toʻyingan metan suvlarini oʻtkazuvchi quvurlar yoʻl kanallari egilishining yuqori nuqtalarida vantuzlar oʻrnatilgan boʻlishi lozim. Quvurlar germetik boʻlishi, choklari esa siyrak boʻlishi taqiqlanadi.
163. Gazga toʻyingan metan suvlarini saqlashga moʻljallangan rezervuarlar (suyuqlik yoki gaz saqlanadigan katta idish) shamollatish quvurlari bilan jihozlangan boʻlishi kerak.
6-§. Loy bilan davolash kabinetlari asbob-uskunalariga qoʻyiladigan xavfsizlik talablari
164. Loy bilan davolash xonalari alohida boʻlishi lozim.
165. Xona devorlari va toʻsiqlar pol sathidan 10 — 15 sm balandlikka koʻtarilgan va balandligi 2 m boʻlishi kerak. Ular silliq matodan tashkil topishi va nam yigʻishtirilishiga toʻsqinlik qilmasligi kerak. Xonalarning poli metlax (polga yotqiziladigan koshinlar) plitkasidan taxlangan boʻlishi kerak.
166. Issiq va sovuq suvlar dush xonasi yoki xonadan tashqarida oʻrnatilgan umumiy smestitel (siljitish) orqali keltiriladi. Suvning kanalizatsiyaga tushirilishi suv yigʻadigan idishli trap (maxsus yasalgan koʻchma zina) orqali amalga oshirilishi lozim.
Keyingi tahrirga qarang.
167. Loy maxsus davolash xonasi yonidagi elektrsimli yoki transportirovka qilinadigan isitish xonasida isitilishi lozim.
168. Davolashda ishlatiladigan choyshablar, brezentlar va kleyonkalarni yuvib quritish uchun alohida xona boʻlishi lozim.
169. Ishlatilgan suv, vannalar va kir yuvish mashinasidan yigʻiladigan iflos loy idish bilan jihozlangan trap orqali kanalizatsiyaga tushirilishi lozim.
Keyingi tahrirga qarang.
170. Xonaning havo harorati 160 S — 180 S boʻlishi kerak.
171. Loy bilan davolash xonasi shamollatish tizimi bilan jihozlangan boʻlishi lozim.
172. Davolovchi loyni saqlashga moʻljallangan xonaning maydoni bir kushetkaga 2 m2 dan kam boʻlmasligi kerak.
173. Loyni saqlash va regeneratsiya (ishlatilgan materiallarni qaytadan ishga tiklash) qilish uchun moʻljallangan basseynlar loyini basseyndan mexanik usulda olinishi va qoʻllanilish joyiga tashishni taʼminlovchi asbob-uskunalar bilan jihozlanishi kerak.
174. Loy bilan davolashga moʻljallangan kushetkalar elektr yoki suvli isitish tizimi bilan jihozlangan boʻlishi lozim.
7-§. Parafinli va ozokeritli davolash asbob-uskunalariga qoʻyiladigan xavfsizlik talablari
175. Parafinli va ozokeritli (togʻ mumi) davolash uchun maxsus jihozlangan xona ajratilishi lozim.
176. Xona poli linoleum bilan qoplangan boʻlishi kerak. Parafin va ozokeritni tayyorlash xonasi devorlari 2,5 m balandlikkacha silliqlangan plita bilan qoplangan boʻlishi kerak. Isitgichlar va parafin bilan ozokerit quyish uchun moʻljallangan stol issiqqa chidamli material bilan qoplanishi kerak.
177. Parafin va ozokeritni tayyorlash xonasida parafin va ozokeritni isitish uchun havoni tortib oluvchi shkaf bilan jihozlanishi shart.
178. Parafin va ozokeritning isitilishi maxsus isituvchi asbob-uskunalar yoki suv hammomida amalga oshirilishi lozim. Bu maqsadlar uchun ochiq olovning qoʻllanilishi taqiqlanadi.
179. Parafin va ozokeritni tayyorlash xonasi oʻt oʻchirish vositasi bilan taʼminlanishi lozim.
V bob. Taʼmirlash va texnik xizmat koʻrsatish ishlarini amalga oshirishda xavfsizlik talablari
180. Asbob-uskunalarni taʼmirlash xizmati asbob-uskunalarning, ularning pasportlari, texnik yoʻriqnomalari va ishlab chiqaruvchi tashkilotning boshqa hujjatlarining mehnat xavfsizligi standartlari tizimi talablariga mosligini taʼminlashi lozim.
181. Taʼmirlash ishlari Tibbiyot texnikasidan foydalanish, montaj qilish, texnik xizmat koʻrsatish va taʼmirlashda mehnatni muhofaza qilish qoidalariga (roʻyxat raqami 2177, 2011-yil 5-yanvar) (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2011-y., 1-2-son, 12-modda) muvofiq amalga oshirilishi lozim.
182. Asbob-uskunalarni zarur texnik holatda saqlab turishda unga xizmat koʻrsatishni yaxshilash, rejaviy-oldini oluvchi taʼmirlashning bajarilishi va taʼmirlash ishlarining sifatini yaxshilash boʻyicha choralar koʻrilishi lozim.
183. Barcha hollarda taʼmirlash ishlarining bajarilish tartibi va usullari bu ishlarga masʼul xodim bilan kelishilishi lozim.
184. Asbob-uskunalarni taʼmirlash va unga texnik xizmat koʻrsatishda ish joyini tayyorlash uchun quyidagi tadbirlar bajarilishi lozim:
tok manbaidan oʻchirilgan boʻlishi hamda ehtiyotsizlik tufayli yoki oʻz-oʻzidan ishlab ketishining oldini olish;
boshqarish tizimiga “Ulanmasin, odamlar ishlamoqda!” degan taqiqlovchi belgilarni osib qoʻyish va zarurat boʻlganida toʻsiqlar qoʻyish;
ish boshlash oldidan tok oʻtuvchi qismlarda kuchlanishning yoʻqligini asbob-uskuna yoki olib yuriladigan voltmetr yordamida tekshirib koʻrish kerak.
185. Taʼmirlash ishlari boshlanishidan avval, taʼmirlashda band boʻlgan barcha xodimlar ishlarni tashkil etish loyihasi bilan tanishtirilishi va taʼmirlash ishlarini bajarish paytida xavfsizlik choralariga rioya qilish boʻyicha yoʻl-yoʻriqdan oʻtkazilishi lozim.
186. Ogʻir yuklarni joyidan koʻchirish ishlari yuk ortish va tushirish ishlari uchun masʼul xodim ruxsati bilan bajarilishi shart.
187. Nosoz yuk koʻtaruvchi mexanizm va moslamalarda, shuningdek shahodatlangan muddati tugagan mexanizmlarda ishlash taqiqlanadi.
188. Taʼmirlash paytida ish joylarini, yoʻllarni, yoʻlaklarni va zinapoyalarni turli narsalar bilan toʻsib qoʻyish taqiqlanadi.
189. Taʼmirlash ishlari balandlikda bajarilayotganda havoza va taxta toʻshamalarning oʻrnatilishi xavfsizlik talablariga javob berishi hamda xodimlar xavfsizlik kamarlari va arqonlardan foydalanishlari shart.
190. Taʼmirlash ishlari tugagach, barcha keraksiz konstruksiyalar, materiallar, asbob-uskunalar va chiqindilar olib ketilishi hamda toʻsiqlar, saqlovchi moslamalar va blokirovkalar oʻz joyiga oʻrnatilishi lozim.
191. Asbob-uskunalarni davriy koʻrikdan oʻtkazish ishlari taʼmirlash xizmati tomonidan muhandis-texnik xodimning rahbarligi ostida oʻtkazilishi lozim.
192. Koʻrikdan oʻtkazish paytida asbob-uskunalarning ishlashida nuqsonlar topilsa, ularning sababini aniqlash va bartaraf qilish uchun darhol toʻxtatilishi lozim.
193. Yangi ishga tushirilayotgan asbob-uskunalarning xavfsizlik talablariga mosligini taʼminlash uchun quyidagilar amalga oshirilishi lozim:
ishga tushirish-sozlash ishlaridan soʻng asbob-uskunaning mehnat xavfsizligi standartlari va ushbu laboratoriya asbob-uskunalariga taalluqli boshqa normativ texnik hujjatlarning talablariga mosligi tekshirilishi;
aniqlangan kamchiliklar bartaraf etilgach, tibbiyot texnikasi takroran komissiyaga qabul qilish uchun taqdim etilishi;
qabul qilish tugagach, tibbiyot texnikasini foydalanishga topshirish dalolatnomasi tuzilishi lozim.
VI bob. Mehnatni muhofaza qilish qoidalarini buzganlik uchun javobgarlik
194. Boʻlinmalarni loyihalashtirishda, qurishda (montaj qilishda) mazkur Qoidalarga amal qilish uchun javobgarlik tegishli ishlarni bajaruvchi tashkilotlar zimmasiga yuklatiladi.
195. Xodimlar mehnatni muhofaza qilish qoidalariga rioya qilmaganliklari uchun qonun hujjatlariga muvofiq belgilangan tartibda javobgarlikka tortiladilar.
Keyingi tahrirga qarang.
VII bob. Yakuniy qoida
196. Mazkur Qoidalar Oʻzbekiston Respublikasi Davlat arxitektura va qurilish qoʻmitasi, Sogʻliqni saqlash vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Oʻzbekiston Kasaba uyushmalari Federatsiyasi Kengashi, “Oʻzdavenergonazorat” inspeksiyasi, Oʻzbekiston standartlashtirish, metrologiya va sertifikatlashtirish agentligi hamda “Sanoatgeokontexnazorat” davlat inspeksiyasi bilan kelishilgan.
Davlat arxitektura va qurilish qoʻmitasi raisi B. ZAKIROV
2012-yil 20-fevral
Sogʻliqni saqlash vaziri A. IKRAMOV
2012-yil 15-fevral
Ichki ishlar vaziri B. MATLYUBOV
2012-yil 20-fevral
Oʻzbekiston Kasaba uyushmalari Federatsiyasi Kengashi raisi T. NARBAYEVA
2012-yil 20-fevral
“Oʻzdavenergonazorat” inspeksiyasi boshligʻi A. NIMATULLAYEV
2012-yil 20-fevral
“Oʻzstandart” agentligi bosh direktori A. ABDUVALIYEV
2012-yil 15-fevral
“Sanoatgeokontexnazorat” davlat inspeksiyasi boshligʻi B. GULYAMOV
2012-yil 15-fevral
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2012-y., 14-son, 159-modda; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 28.07.2021-y., 10/21/3313/0724-son; 20.12.2023-y., 10/23/3484/0951-son; 14.10.2025-y., 10/25/3692/0929-son; 14.10.2025-y., 10/25/3692/0929-son; 10.12.2025-y., 10/25/3719/1145-son; 30.03.2026-y., 10/26/3799/0289-son)