O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining
Qarori
IJTIMOIY VA FUQARO OBYEKTLARINI LOYIHALASh VA QURIShDA TEGIShLI TARTIB O‘RNATISh ChORA-TADBIRLARI TO‘G‘RISIDA
Mazkur qaror O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 20-apreldagi PQ-3677-sonli “Tadbirkorlik va shaharsozlik faoliyatini amalga oshirish uchun yer uchastkalarini doimiy foydalanishga berish tartibini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.
Obyektlarni loyihalash va qurishda tegishli tartib o‘rnatish, shaharlar va aholi punktlarini kompleks rivojlantirish bo‘yicha qabul qilinadigan loyiha yechimlari sifatini oshirish, shuningdek O‘zbekiston Respublikasi Shaharsozlik kodeksi talablariga, tasdiqlangan shaharsozlik normalari va qoidalariga rioya etilishi uchun investitsiya jarayoni qatnashchilarining mas’uliyatini kuchaytirish maqsadida:
1. Belgilab qo‘yilsinki, ijtimoiy-fuqarolik ahamiyatidagi yangi obyektlar va uy-joylarni qurish faqat shaharlar hamda aholi punktlarining tasdiqlangan bosh rejalariga va zarur hollarda, belgilangan tartibda ularga kiritiladigan tuzatishlarga qat’iy muvofiq ravishda amalga oshiriladi.
Obyektlarni belgilangan tartibda tasdiqlangan loyiha hujjatlarisiz hamda ularni shaharlar va aholi punktlarining tasdiqlangan bosh rejalariga bog‘lamasdan qurish va rekonstruksiya qilish yo‘l qo‘yib bo‘lmaydigan hol deb hisoblansin.
2. Quyidagilar qat’iyan taqiqlansin:
moliyalashtirish manbalaridan qat’i nazar, obyektlarni loyiha-smeta hujjatlarini parallel ravishda ishlab chiqish va moliyalashtirish bilan bir vaqtda qurish va rekonstruksiya qilish;
tegishli vakolatlarga ega bo‘lmagan shaxslarning qurilish jarayoniga hamda tasdiqlangan loyiha-smeta hujjatlariga o‘zgartirishlar kiritilishiga aralashuvi;
shaharlar, shaharchalar va tuman markazlarida qurilishi tugallangan mavzelar, ko‘p qavatli turar joy mikrorayonlari (dahalar)ning hududlarida tasdiqlangan bosh rejalarda nazarda tutilmagan ishlab chiqarish, savdo, umumiy ovqatlanish, servis xizmati ko‘rsatish va bozor infrastrukturasining alohida turgan obyektlarini joylashtirish, loyihalashtirish va qurish.
3. Belgilab qo‘yilsinki:
obyektlarni loyihalashtirish va qurishda belgilangan tartibning buzilishiga yo‘l qo‘ygan shaxslar qonun hujjatlariga muvofiq javobgarlikka, shu jumladan jinoiy javobgarlikka tortiladilar;
obyektlarni parallel ravishda loyihalashtirish bilan bir vaqtda qurish va rekonstruksiya qilishga istisno tariqasida, faqat O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti devoni va Vazirlar Mahkamasi bilan kelishilgan holdagina yo‘l qo‘yiladi.
4. Hisob-kitob (smeta) qiymati 2,0 mlrd so‘m va undan yuqori bo‘lgan obyektlarni qurish va rekonstruksiya qilishning manzilli ro‘yxatlari, ularni moliyalashtirish manbalaridan qat’i nazar, O‘zbekiston Respublikasi Hukumati darajasida tasdiqlanadigan tartib o‘rnatilsin.
5. Qurilishi va rekonstruksiya qilinishi O‘zbekiston Respublikasi Hukumati darajasida tasdiqlanishi lozim bo‘lgan obyektlarning manzilli ro‘yxatlarini tasdiqlash bo‘yicha Hukumat komissiyasi ilovaga* muvofiq tarkibda tuzilsin.
* Ilova berilmaydi.
Hukumat komissiyasi (B.I. Zokirov) zimmasiga quyidagi vazifalar yuklansin:
moliyalashtirish manbalaridan qat’i nazar, hisob-kitob (smeta) qiymati 2,0 mlrd.so‘m va undan yuqori bo‘lgan obyektlarni qurish va rekonstruksiya qilishning manzilli ro‘yxatlarini tasdiqlash;
qurilish va rekonstruksiya qilishning hisob-kitob (smeta) qiymati oshirib yuborilishiga yo‘l qo‘yilgan obyektlarni yilning har choragida ko‘rib chiqib, ular yuzasidan tegishli choralar ko‘rish;
respublika ahamiyatidagi ijtimoiy, ishlab chiqarish, transport va muhandislik infratuzilmasini rivojlantirish sxemalari va loyihalarini kelishib olish;
shaharlar va shaharchalar (tuman markazlari)dagi qurilishi tugallangan ma’muriy markazlar, turar joy mikrorayonlari hududlarida ilgari ishlab chiqilgan va tasdiqlangan loyihalar bo‘yicha barpo etish uchun obyektlar joylashtirilishini kelishib olish.
Vazirlar Mahkamasi ikki hafta muddatda Qurilishi va rekonstruksiya qilinishi O‘zbekiston Respublikasi Hukumati darajasida tasdiqlanishi lozim bo‘lgan obyektlarning manzilli ro‘yxatlarini tasdiqlash bo‘yicha Hukumat komissiyasi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlasin.
Mazkur bandning amal qilishi erkin iqtisodiy zonalar hududlarida amalga oshirilayotgan faoliyatga daxl qilmaydi.
(5-bandning sakkizinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 16-martdagi PF-4986-sonli Farmoni tahririda — O‘R QHT, 2017-y., 12-son, 182-modda)
Mazkur bandning kuchi “Angren” maxsus industrial zonasi hududida amalga oshirilayotgan faoliyatga daxldor emas.
(5-band O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2012-yil 4-iyundagi PQ-1769-sonli qaroriga asosan sakkizinchi xatboshi bilan to‘ldirilgan — O‘R QHT, 2012-y., 26-27-son, 289-modda)
6. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi “Davarxitektqurilish” qo‘mitasi hamda Monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasi bilan birgalikda ikki hafta muddatda hisob-kitob (smeta) qiymati oshirib yuborilgan obyektlar bo‘yicha xulosalar tayyorlash va ularni Vazirlar Mahkamasiga kiritish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash uchun Vazirlar Mahkamasiga taqdim etsin.
7. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar, shaharlar va tumanlarning hokimliklari, vazirliklar va idoralar:
loyihalarning texnik-iqtisodiy asoslari, texnik-iqtisodiy hisob-kitoblari hamda boshqa zarur shaharsozlik hujjatlarini ishlab chiqish va tasdiqlash bo‘yicha belgilangan talablarga qat’iy rioya etilishini;
tasdiqlangan bosh rejalarning izchil amalga oshirilishini shaharlar hamda boshqa aholi punktlarini qurish, rekonstruksiya qilish va obodonlashtirish bo‘yicha maqsadli hududiy investitsiya dasturlarini ishlab chiqish orqali ta’minlasinlar.
8. Tijorat banklari:
obyektlarni qurish va rekonstruksiya qilish ishlarini moliyalashtirishda obyektlarning manzilli ro‘yxatlarini tasdiqlash va kelishib olishning belgilangan tartibiga qat’iy amal qilsinlar;
obyektlarni qurish va rekonstruksiya qilishni belgilangan tartibda tasdiqlangan manzilli ro‘yxatlarga muvofiq ajratilgan kapital mablag‘larning qat’iy doirasida moliyalashtirsinlar.
9. O‘zbekiston Respublikasi “Davarxitektqurilish” qo‘mitasi Adliya vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi, Moliya vazirligi hamda boshqa manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda:
zarur shaharsozlik hujjatlarisiz obyektlar qurish va rekonstruksiya qilishga yo‘l qo‘ygan yuridik hamda jismoniy shaxslarning javobgarligini kuchaytirish, hatto jinoiy javobgarlikka tortish to‘g‘risida;
qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan o‘zgartish va qo‘shimchalar to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
10. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh.M. Mirziyoyev zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2011-yil 27-dekabr,
PQ-1666-son
(O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2011-y., 52-son, 559-modda; 2012-y., 26-27-son, 289-modda; 2013-y., 30-son, 386-modda; 2017-y., 12-son, 182-modda)