Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Farmoni
AHOLINING OMONATLARDAGI VA DAVLAT SUGʻURTASI BOʻYIChA PUL MABLAGʻLARINI INDEKSATSIYA QILISh TOʻGʻRISIDA
Mazkur Farmon Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 30-apreldagi PF-6218-sonli “Milliy qonunchilik bazasini kompleks tizimlashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Ijtimoiy adolatni taʼminlash, odamlarning qimmatli qogʻozlarga va banklardagi omonatlarga boʻlgan ishonchini mustahkamlash, aholining jamgʻarmalarini himoya qilish maqsadida:
1. 1996-yildan boshlab:
aholining 1992-yil 1-yanvargacha boʻlgan holatiga koʻra va 1996-yil 1-yanvargacha amalda boʻlgan Oʻzbekiston Respublikasi bank muassasalarida omonatda turgan pul mablagʻlarini;
aholining 1992-yil 1-yanvargacha boʻlgan holatiga koʻra va 1996-yil 1-yanvargacha amalda boʻlgan Davlat sugʻurta bosh boshqarmasi muassasalarida turgan hayotni, bolalarni sugʻurta qilish, nikoh kunida beriladigan uzoq muddatli sugʻurta shartnomalari toʻlovlarini bosqichma-bosqich indeksatsiya qilish zarur deb hisoblansin.
2. Belgilab qoʻyilsinki, Oʻzbekiston Respublikasi bank muassasalaridagi va Davlat sugʻurta bosh boshqarmasi muassasalarida omonatlarda turgan pul mablagʻlarini indeksatsiya qilish huquqiga Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari hamda respublikada doimiy yashovchi fuqaroligi boʻlmagan shaxslar egadirlar.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, “Oʻzistiqbolstat” davlat qoʻmitasi, Markaziy bank, Xalq banki:
oʻtgan davrdagi narxlar indeksining oʻsishini hisobga olgan holda aholining 1-bandda koʻrsatilgan omonatlarini indeksatsiya qilish boʻyicha zarur hisob-kitoblarni amalga oshirsinlar;
aholining omonatlardagi indeksatsiya qilingan jamgʻarmalarini, shuningdek uzoq muddatli sugʻurta shartnomalari boʻyicha sugʻurta badallarini tabaqalashtirilgan holda toʻlashning yagona tartibi va muddatlari toʻgʻrisidagi nizomni Vazirlar Mahkamasiga kiritsinlar.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Xalq banki, Davlat sugʻurta bosh boshqarmasi, tijorat banklari:
barcha omonatlarni hamda hayotni, bolalarni va nikoh kunida beriladigan uzoq muddatli sugʻurta shartnomalari boʻyicha sugʻurta badallarini roʻyxatdan oʻtkazsinlar hamda ularni indeksatsiya qilsinlar;
1996-yil 1-martgacha boʻlgan muddatda “Indeksatsiya” maxsus schyotlari ochsinlar, unga 1992-yil 1-yanvargacha boʻlgan holatiga koʻra va 1996-yil 1-yanvargacha amalda boʻlgan aholining omonatlardagi pul mablagʻlarini kiritsinlar;
1996-yil 1-iyulgacha boʻlgan muddatda Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari tomonidan pasport, respublikada doimiy yashovchi fuqaroligi boʻlmagan shaxslar tomonidan yashash guvohnomasi, harbiy xizmatchilar tomonidan pasportning oʻrnini bosuvchi tegishli hujjatlar taqdim etilishiga koʻra ochilgan “Indeksatsiya” maxsus schyotlari boʻyicha omonat daftarchalari bersinlar;
aholiga omonatlardagi indeksatsiya qilingan pul mablagʻlarini va uzoq muddatli sugʻurta shartnomalari boʻyicha sugʻurta badallarini toʻlashni 1996-yil 1-iyuldan boshlab, toʻlov yiliga bogʻliq ravishda tabaqalashtirilgan miqdorlarda, oʻn yil davomida bosqichma-bosqich amalga oshirsinlar.
5. 1992-yilning 1-yanvardagi holatiga koʻra, va 1996-yil 1-yanvargacha amalda boʻlgan aholi omonatlariga ega boʻlgan Oʻzbekiston Respublikasi tijorat banklarining koʻrsatib oʻtilgan omonatlarni manbalari hisobidan indeksatsiya qilish toʻgʻrisidagi taklifi qabul qilinsin.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Xalq bankiga, tijorat banklariga aholining omonatlardagi tiklangan pul mablagʻlariga “yoʻqlab olinadigan” omonatlar boʻyicha amaldagi belgilangan foiz stavkalaridan kelib chiqib yillik foizlar toʻlash tavsiya etilsin.
Inflatsiya darajasini hisobga olgan holda har yili foiz stavkalari miqdorlari qayta koʻrib chiqilsin.
7. Aholi omonatlarini va Davlat sugʻurtasi shartnomalari boʻyicha toʻlovlarni toʻlash bilan bogʻliq xarajatlarni qoplash uchun Xalq banki huzurida “Qoplash fondi” respublika jamgʻarmasi tashkil etilsin.
Oʻzbekiston Respublikasi Xalq banki huzuridagi “Qoplash fondi” respublika jamgʻarmasi toʻgʻrisidagi nizom 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin
Davlat budjeti mablagʻlari, shuningdek bank muassasalarining, budjetdan tashqari fondlarning mablagʻlari, yuridik va jismoniy shaxslarning ixtiyoriy badallari “Qoplash fondi”ni shakllantirish manbalari etib belgilansin.
Oldingi tahrirga qarang.
(8-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2000-yil 19-sentabrdagi PF-2714-sonli Farmoniga muvofiq oʻz kuchini yoʻqotgan— Oliy Majlis Axborotnomasi, 2000-y., 9-10-son, 270-modda)
9. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi bir hafta muddatda mazkur Farmonning bajarilishini taʼminlash yuzasidan qaror qabul qilsin.
Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1995-yil 20-dekabr,
PF-1327-son
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI XALQ BANKI HUZURIDAGI “QOPLASh FONDI” RESPUBLIKA JAMGʻARMASI TOʻGʻRISIDA
NIZOM
“Qoplash fondi” respublika jamgʻarmasi aholining 1999-yil 1-yanvargacha boʻlgan holatiga koʻra va 1996-yil 1-yanvargacha amalda boʻlgan omonatlari va sugʻurta badallarini indeksatsiya qilish hamda omonatchilarning indeksatsiya qilingan pul mablagʻlarini toʻlash bilan bogʻliq xarajatlarni qoplash uchun tashkil etiladi.
Nizom “Qoplash fondi” respublika jamgʻarmasini shakllantirish manbalari va undan foydalanish tartibini belgilab beradi. Mazkur Nizom Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, barcha banklar va budjetdan tashqari fondlar tomonidan bajarilishi majburiydir.
1. “Qoplash fondi”ni shakllantirish manbalari va tartibi
1. “Qoplash fondi” Moliya vazirligi, Markaziy bank, Xalq banki, tijorat banklari, budjetdan tashqari fondlarning yillik badallari yuridik va jismoniy shaxslarning ixtiyoriy badallari hisobidan shakllantiriladi.
2. “Qoplash fondi”ning 50 foizi budjet mablagʻlari hisobidan, 50 foizi esa banklarning, budjetdan tashqari fondlarning mablagʻlari, yuridik va jismoniy shaxslarning ixtiyoriy badallari hisobidan shakllantiriladi.
3. Moliya vazirligi, Markaziy bank, Xalq banki, tijorat banklari, budjetdan tashqari fondlarning yillik badallari miqdorlari tegishli yilga yil choraklari boʻyicha taqsimlangan holda mablagʻlarga boʻlgan ehtiyojni hisobga olib xalq bankining hisob-kitoblari asosida belgilanadi.
4. Xalq bankining kelasi yilga hisob-kitoblari Aholining omonatlardagi va davlat sugʻurtasi boʻyicha pul mablagʻlari indeksatsiya qilish boʻyicha respublika komissiyasiga har bir yilning 1-oktabridan kechikmasdan taqdim etiladi.
5. Moliya vazirligi respublika budjetini shakllantirishda har yili “Qoplash fondi”ni toʻldirish uchun ajratiladigan mablagʻlarni yil choraklari boʻyicha taqsimlagan holda bir yilga zarur mablagʻlarni nazarda tutadi.
6. Xalq bankida “Qoplash fondi”ga tushuvchi mablagʻlarni jamlash va hisobga olish uchun maxsus schyot ochiladi.
7 Markaziy bank, Xalq banki, tijorat banklari, budjetdan tashqari fondlar har yili “Qoplash fondi” badallari uchun har bir yilga Aholining omonatlardagi va davlat sugʻurtasi boʻyicha pul mablagʻlarini indeksatsiya qilish boʻyicha respublika komissiyasi tomonidan belgilanadigan ulushlarda zarur mablagʻlarni nazarda tutadilar.
8 Moliya vazirligi, Markaziy bank, Xalq banki, tijorat banklari va budjetdan tashqari fondlar yilning har choragida (chorakning birinchi oyining 10-kuniga qadar) “Qoplash fondi”ga respublika komissiyasi belgilagan miqdorlarda mablagʻ oʻtkazadilar.
9 1997-yildan boshlab “Qoplash fondi” mablagʻlarini shakllantirish chogʻida ushbu fondning boʻsh turgan mablagʻlarini kredit resurslari sifatida bozor stavkalari boʻyicha tijorat banklariga berishdan olinadigan daromadlar hisobga olinadi.
2. “Qoplash fondi”ning mablagʻlaridan foydalanish
“Qoplash fondi”di “Indeksatsiya” maxsus schyotlaridan aholiga indeksatsiya qilingan summalarni toʻlash uchun foydalaniladi.
Xalq banki muassasalaridagi “Indeksatsiya” maxsus schyotlarida yoʻqlab olinmagan summalar mavjud boʻlgan taqdirda, ushbu mablagʻlardan tijorat banklariga bozor stavkalari boʻyicha beriladigan kredit resurslar sifatida foydalaniladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Xalq banki “Qoplash fondi”ga mablagʻlarning oʻz vaqtida tushishini hamda aholiga indeksatsiya qilingan summalar berishini har oyda hisobga olib boradi va doimiy nazoratni amalga oshiradi.
Xalq banki yilni har choragida tugagan yil choragidan keyingi oyning 10-kunigacha Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligiga “Qoplash fondi”ga mablagʻlar tushishi va ulardan foydalanish haqida hisobot taqdim etadi.
“Qoplash fondi” respublika jamgʻarmasiga mablagʻlar tushishi va sarflanishi ustidan nazorat Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligiga yuklatiladi.
(Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1995-y., 12-son, 297-modda; 2000-y., 9-10-son, 270-modda)