Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
YIRIK KORXONALAR VA ISHLAB CHIQARISHLARDA TEXNOLOGIK ASBOB-USKUNALAR VA TEXNOLOGIYALARNING TEXNIK AUDITINI OʻTKAZISH CHORA-TADBIRLARI TOʻGʻRISIDA
Mazkur qaror Oʻzbekistan Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 7-noyabrdagi 709-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish, shuningdek, baʼzilarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Respublikaning yirik korxonalari va ishlab chiqarishlarida texnologik asbob-uskunalar va texnologiyalarning texnik auditini oʻtkazishni tashkil etish, korxonalarga zamonaviy va jahon darajasida muvaffaqiyatli sinab koʻrilgan texnologiyalarni jadal joriy etish orqali respublikaning sanoat salohiyatini yanada mustahkamlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi, Moliya vazirligi, Davlat statistika qoʻmitasi va “Oʻzstandart” agentligi tomonidan manfaatdor vazirliklar, idoralar va xoʻjalik boshqaruvi organlari bilan birgalikda ishlab chiqilgan 2011-yilda yirik korxonalar va ishlab chiqarishlarda texnik audit oʻtkazish boʻyicha maxsus dastur maʼqullansin, Dastur quyidagilarni oʻz ichiga oladi:
Zamonaviy, jahon darajasida sinab koʻrilgan asbob-uskunalar va texnologiyalar bilan almashtirilishi kerak boʻlgan texnologik asbob-uskunalar va texnologiyalar roʻyxatini aniqlash boʻyicha texnik auditni oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizom 1-ilovaga* muvofiq;
* 1-ilova rus tilidagi matnda berilgan.
2011-yilda texnik audit oʻtkazilishi kerak boʻlgan yirik korxonalar va ishlab chiqarishlar roʻyxati 2-ilovaga* muvofiq.
* 2-ilova rus tilidagi matnda berilgan.
2. Iqtisodiyot tarmoqlarida faoliyatni amalga oshiradigan yirik korxonalar va ishlab chiqarishlarda 2011-yilda texnik audit oʻtkazish boʻyicha tarmoq ishchi guruhlari 3 — 7-ilovalarga* muvofiq tarkibda tashkil qilinsin, quyidagilar ularning asosiy vazifalari etib belgilansin:
* 3 — 7-ilovalar berilmaydi.
asosiy ishlab chiqarish fondlarining zamonaviy talablarga muvofiqligini xatlovdan oʻtkazish va uning asosida foydalanishdan bosqichma-bosqich chiqarilishi kerak boʻlgan eskirgan va energiyani koʻp talab qiladigan texnologik asbob-uskunalar, maʼnaviy eskirgan texnologiyalarning aniq roʻyxatini aniqlash;
ishlab chiqarishda foydalanadigan energiya resurslari, xom ashyo, materiallar va butlovchi buyumlarning haqiqiy sarfini ularning texnikaviy va iqtisodiy samaradorligi boʻyicha tahlil qilish;
foydalanadigan texnologik asbob-uskunalarning normativ-texnik hujjatlarini tarmoqni rivojlantirishning uzoq muddatli konsepsiyasini hisobga olgan holda zamonaviy raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqarish imkoniyati boʻyicha oʻrganish;
mavjud ishlab chiqarishlarni, shu jumladan zamonaviy va jahon darajasida sinab koʻrilgan texnologiyalarni joriy etish hisobiga texnik va texnologik jihatdan yangilash hamda kengaytirish yuzasidan, ularni moliyalashtirish manbalarini belgilagan holda takliflar tayyorlash hamda 2011-yil 1-oktabrgacha Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligiga kiritish.
Tarmoq ishchi guruhlariga ekspertiza oʻtkazish va eng maqbul qarorlar ishlab chiqish uchun korxonalar va xoʻjalik birlashmalari mablagʻlari hisobiga ixtisoslashtirilgan loyiha institutlari, injiniring va konsalting kompaniyalari, asbob-uskunalar, texnologiyalar, jihozlar va vositalar ishlab chiqaruvchi zavodlarning mutaxassislari va ekspertlarini jalb etishga ruxsat berilsin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi, Moliya vazirligi, Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligi tarmoq ishchi guruhlari, tashabbuskor korxonalar, Oʻzbekiston Respublikasi Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasi hamda tijorat banklari bilan birgalikda 2011-yil 1-dekabrgacha boʻlgan muddatda texnik audit oʻtkazish natijalari asosida:
Oʻzbekiston Respublikasining 2012-yilgi Investitsiya dasturi va “2011 — 2015-yillarda Oʻzbekiston Respublikasi sanoatini rivojlantirishning ustuvor yoʻnalishlari toʻgʻrisida”gi dasturga kiritish uchun xom ashyo bazasini hisobga olgan holda ishlab chiqarishlarni modernizatsiya qilish, texnik va texnologik jihatdan yangilash boʻyicha qoʻshimcha investitsiya loyihalari roʻyxati;
qonun hujjatlariga muvofiq qarorlar qabul qilish uchun qayta ixtisoslashtirilishi va tugatilishi kerak boʻlgan korxonalar va ishlab chiqarishlar roʻyxati yuzasidan Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
4. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi oʻrinbosari R.S. Azimov va Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosarlari zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2011-yil 15-mart,
72-son
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2011-y., 10-11-son, 103-modda; 2013-y., 37-son, 485-modda; 2017-y., 34-son, 890-modda; Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 20.12.2019-y., 09/19/1014/4173-son)