O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
ANDIJON VILOYATIDAGI “XO‘JAOBOD” KONIDA YER OSTI GAZ OMBORI QURILIShI TO‘G‘RISIDA
[Ko‘chirma]
Mazkur qaror O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 21-iyuldagi 396-sonli “Qonunchilik bazasini yanada tizimlashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.
Farg‘ona vodiysi aholisini va xalq xo‘jaligi obyektlarini qish davrida tabiiy gaz bilan yanada to‘laroq va ishonchli ta’minlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. “O‘zbekneftgaz” milliy korporatsiyasi 1996—1998-yillarda Andijon viloyatidagi “Xo‘jaobod” neft-gaz konining ishlanib tamom bo‘lgan qatlamlari bazasida kompressor stansiyasi bo‘lgan yer osti gaz ombori qurilishiga tayyorgarlik ko‘rish, loyihalashtirish va uni qurishni amalga oshirsin. Sig‘imi yiliga 400 mln kub metr bo‘lgan yer osti gaz ombori birinchi navbatining ishga tushirilishini, diametri 720 mm bo‘lgan 41 kilometrlik magistral gaz quvurini va 14 ta gaz haydash agregatini qurgan holda, 1997-yilning III choragida ta’minlasin. Omborning sig‘imi 500 mln kub metr bo‘lgan ikkinchi navbatining, 17 ta gaz haydash agregatini qurgan holda, 1998-yilda ishga tushirilishini nazarda tutsin.
“O‘zgazuzatish” davlat birlashmasi Xo‘jaobod yer osti gaz ombori va gaz quvuri qurilishi buyurtmachisi, “O‘zneftgazqurilish” birlashmasi bosh pudratchi etib belgilansin.
2. Andijon viloyati hokimligi yer osti gaz omborining qo‘riqlanadigan zonasidagi imoratlarni ko‘chirish bo‘yicha buyurtmachisi, “O‘zjamoaxo‘jalikqurilish” davlat birlashmasi va “O‘zsuvqurilish” davlat konserni — bosh pudratchilar etib belgilansin. Buyurtmachi:
ikki hafta muddatda yer osti gaz ombori va gaz quvuri qurilishi uchun yer maydonlari ajratsin;
bir oy muddatda bosh pudratchi tashkilotlarga imoratlarni ko‘chirishga oid hujjatlarni taqdim etsin;
1996-yil 20-maygacha imoratlarni ko‘chirish ishlarini mablag‘ bilan ta’minlash masalasini hal qilsin.
Imoratlarni ko‘chirishga oid ishlarning birinchi navbati 1996-yilda, ikkinchi navbati 1997-yilda tugallansin.
3. Yer osti gaz ombori va gaz quvuri qurilishi tabiiy gazni MDH mamlakatlariga eksport qilish va respublikaning kredit mablag‘lari hisobiga amalga oshirilsin.
5. Neft-gaz tarmoqlari obyektlarining valyutaga bo‘lgan ehtiyojini eng ko‘p darajada qoplash maqsadida “O‘zbekneftgaz” milliy korporatsiyasi birlashmalari yer osti gaz ombori qurilishi ishga tushirilgunga qadar uskunalar import qilishda poshlina to‘lovlaridan ozod qilinsin.
6. Mazkur obyektning respublika xalq xo‘jaligi uchun muhim ahamiyatga ega ekanligi munosabati bilan Xo‘jaobod yer osti gaz ombori qurilishi davrida ushbu obyektlarda ishlovchi barcha toifadagi xodimlarning lavozim maoshlariga va tarif stavkalariga 30 foiz miqdorida ustama belgilansin.
7. Andijon viloyati hokimligi “O‘zbeksavdo” davlat uyushmasi va “O‘zbekneftgaz” milliy korporatsiyasi bilan birgalikda yer osti gaz ombori qurilishiga jalb qilinganlarning joylashtirilishi va ovqatlanishini ta’minlasin, ular uchun ijtimoiy-maishiy sharoitlar yaratib bersin.
8. Yer osti gaz ombori qurilishi bilan bog‘liq masalalarni tezkorlik bilan hal etish maqsadida ilovaga muvofiq tarkibda respublika shtabi tuzilsin. Respublika shtabiga zarur bo‘lgan hollarda mazkur obyekt qurilishiga respublika korxonalari va tashkilotlarini jalb qilishga ruxsat etilsin.
9. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Bosh vazirning o‘rinbosari K.J. Xaqqulov zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1996-yil 30-aprel,
169-son
Vazirlar Mahkamasining 1996-yil 30-apreldagi 169-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
Andijon viloyatidagi “Xo‘jaobod” konida yer osti gaz ombori qurilishi bo‘yicha respublika shtabining
TARKIBI
| I.X. Jo‘rabekov | — | Bosh vazirning birinchi o‘rinbosari, shtab rahbari |
| Q.J. Xaqqulov | — | Bosh vazirning o‘rinbosari, shtab rahbarining o‘rinbosari |
| B.A. Ashrafxonov | — | Vazirlar Mahkamasining Yoqilg‘i sanoati va energetika bo‘limi mudiri |
| A.O. Obidov | — | “Neftgazfan” ilmiy-ishlab chiqarish birlashmasi bosh direktorining birinchi o‘rinbosari |
| T.L. Bobojonov | — | “O‘zbekgeofizika” davlat geologiya korxonasi bosh direktori |
| R. Jumanazarov | — | “O‘zsuvqurilish” konserni raisi |
| A.D. Donayev | � | “O‘zbekiston temir yo‘llari” kompaniyasi raisining o‘rinbosari |
| N.I. Julin | — | “O‘zgazuzatish” davlat birlashmasining bosh direktori |
| A.S. Ibobekov | — | “O‘zqurilishmateriallari” konserni raisi |
| N.X. Karimov | — | “O‘zulgurjibirjasavdo” uyushmasi raisining o‘rinbosari |
| V.Sh. Kamolov | — | “O‘zjamoaxo‘jalikqurilish” birlashmasi raisi |
| T. Nabiyev | — | “Davarxitektqurilish” qo‘mitasi raisi |
| A.S. Nisnevich | — | Melioratsiya va suv xo‘jaligi vazirining o‘rinbosari |
| A.N. Normatov | — | “O‘zneftgazqazibolish” davlat-aksionerlik birlashmasi bosh direktori |
| G.M. Tolmachev | — | Energetika va elektrlashtirish vazirining birinchi o‘rinbosari |
| V.M.Tovarovskiy | — | “O‘zneftgazqurilish” davlat-aksionerlik birlashmasining bosh direktori |
| M.Y. Yoqubov | — | Andijon viloyati hokimining o‘rinbosari |