O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI VAZIRLAR MAHKAMASI HUZURIDAGI OLIY ATTESTATSIYA KOMISSIYASI RAYoSATINING
Qarori
NOMZODLIK IMTIHONLARINI O‘TKAZISh TARTIBI TO‘G‘RISIDAGI NIZOMGA O‘ZGARTIRISh VA QO‘ShIMChALAR KIRITISh HAQIDA
[O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2010-yil 13-aprelda ro‘yxatdan o‘tkazildi, ro‘yxat raqami 1356-1]
Mazkur qaror O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oliy attestatsiya komissiyasi Rayosatining 2013-yil 31-yanvardagi 195/6-sonli “Malakaviy imtihonlarni o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi Nizomni tasdiqlash haqida”gi qaroriga (ro‘yxat raqami 2442, 25.03.2013-y.) asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Vazirlar Mahkamasining 1992-yil 9-sentabrdagi 421-son “O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oliy attestatsiya komissiyasi faoliyatini tashkil etish masalalari to‘g‘risida”gi qaroriga (O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining qarorlari to‘plami, 1992-y., 9-son, 28-modda) asosan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oliy attestatsiya komissiyasi Rayosati qaror qiladi:
1. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oliy attestatsiya komissiyasi Rayosatining 2004-yil 25-martdagi 103/5-son qarori bilan tasdiqlangan Nomzodlik imtihonlarini o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizomga (ro‘yxat raqami 1356, 2004-yil 18-may) ilovaga muvofiq o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilsin.
2. Mazkur qaror O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligida davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan kundan boshlab o‘n kun o‘tgandan keyin kuchga kiradi.
Rais v.b. K. SULTONOV
Toshkent sh.,
2010-yil 25-mart,
163/13-son
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oliy attestatsiya komissiyasi Rayosatining 2010-yil 25-martdagi 163/13-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
Nomzodlik imtihonlarini o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizomga kiritilayotgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar
1. 2-bandning ikkinchi xatboshisidagi “o‘zbek yoki rus tili” degan so‘zlar “o‘zbek, rus yoki ingliz tilida” degan so‘zlar bilan almashtirilsin.
2. 3-band quyidagi mazmundagi to‘rtinchi xatboshi bilan to‘ldirilsin:
“Pedagogika fanlari nomzodi ilmiy darajasini olish uchun dissertatsiya himoya qiluvchilar “Umumiy pedagogika, pedagogika va ta’lim tarixi” fanidan ham nomzodlik imtihonini topshiradilar”.
3. 4-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“4. Nomzodlik imtihonlarini qabul qilish huquqi tegishli fan sohalari bo‘yicha ilmiy-tashkiliy tuzilmalari (kafedra, bo‘lim, laboratoriya) mavjud bo‘lgan hamda yetarli ilmiy va ilmiy-pedagogik salohiyatga, shuningdek tegishli moddiy-texnik bazaga ega bo‘lgan oliy o‘quv yurtlari va ilmiy-tadqiqot muassasalariga OAK tomonidan beriladi.
Ixtisoslik fani bo‘yicha nomzodlik imtihonlari dissertatsiya himoyasi mo‘ljallangan ixtisoslashgan kengashlar faoliyat ko‘rsatib turgan tashkilotlar huzuridagi nomzodlik imtihonlarini qabul qilish komissiyalari tomonidan qabul qilinadi”.
4. 7-bandning birinchi—to‘rtinchi xatboshilari quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Nomzodlik imtihonlarini qabul qilish komissiyalari har bir fan bo‘yicha oliy o‘quv yurtining yoki ilmiy-tadqiqot muassasasining rahbari tomonidan OAK bilan kelishilgan holda bir yil muddatga tuziladi. Komissiya ilmiy darajaga ega bo‘lgan malakali ilmiy va ilmiy-pedagog xodimlardan iborat bo‘lgan besh — yetti nafar a’zodan, shu jumladan shu fan sohasi bo‘yicha fan doktori ilmiy darajasiga ega bo‘lgan raisdan iborat bo‘ladi. Komissiya raisidan tashqari komissiya a’zolaridan kamida bir nafari fan doktori bo‘lishi lozim.
Chet tili bo‘yicha nomzodlik imtihonlarini qabul qilish komissiyasi chet tillar kafedralarining o‘qituvchilari (shundan kamida bir nafari ilmiy darajaga ega bo‘lishi kerak) hamda talabgorning ixtisosligi bo‘yicha fan doktori ilmiy darajasiga ega bo‘lgan va tegishli chet tilida bemalol gaplasha oladigan besh nafar a’zodan iborat tarkibda OAK bilan kelishilgan holda bir yil muddatga tuziladi.
Talabgorlar ro‘yxati buyruq bilan rasmiylashtirilib, jamoatchilikka e’lon qilinadi. Buyruqda nomzodlik imtihonini o‘tkazish joyi va vaqti aniq ko‘rsatilishi kerak.
Nomzodlik imtihonlarini qabul qilish komissiyalari, uning a’zolarining kamida to‘rt nafari, shu jumladan fan doktori ishtirok etayotgan bo‘lsa imtihon olishga haqli”.
5. 9-bandda:
birinchi xatboshisining birinchi jumlasi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Imtihon qabul qiladigan muassasa nomzodlik imtihoni qabul qilinishidan besh kun oldin talabgorlar ro‘yxatini imtihon qabul qilish vaqti, joyi va komissiyaning tarkibiga doir ma’lumotlarni kuzatuv xati bilan birga OAKga yuborishi zarur”;
quyidagi mazmundagi ikkinchi xatboshi bilan to‘ldirilsin:
“OAKni xabardor qilmasdan nomzodlik imtihonlarini olish man etiladi”.
6. 10-bandda:
“Imtihon topshiruvchi” degan so‘zlar “Talabgor” degan so‘z bilan almashtirilsin;
quyidagi mazmundagi xatboshi bilan to‘ldirilsin:
“Talabgor bilet bo‘yicha savollarga imtihon komissiyasi a’zolari oldida javob beradi. Imtihon komissiyasi a’zolari talabgorga imtihon qabul qilinayotgan fan bo‘yicha qo‘shimcha savollar berishga haqlidirlar. Imtihon natijalari bo‘yicha komissiya a’zolarining har biri o‘z bahosini komissiya raisiga ma’lum qiladi. Komissiya raisi umumiy bahoni o‘rta arifmetik ravishda chiqaradi”.
7. 11-bandda:
birinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Talabgorning bilim darajasi 100 ballik tizimda butun sonlar bilan baholanadi. Bunda baholash “a’lo” (86 — 100), “yaxshi” (71 — 85), “qoniqarli” (55 — 70) va “qoniqarsiz” (0 — 54) ko‘rinishda bo‘ladi”;
quyidagi mazmundagi xatboshi bilan to‘ldirilsin:
“Ixtisoslashgan kengashlarga nomzodlik imtihonlaridan faqat “a’lo” (86 — 100) va “yaxshi” (71 — 85) baho qo‘yilgan talabgorlarning dissertatsiya ishlarini himoyaga qabul qilish tavsiya etiladi”.
8. 13-bandning birinchi xatboshisidagi “Imtihon topshiruvchining” degan so‘zlar “Talabgorning” degan so‘z bilan almashtirilsin.
9. 14-bandning birinchi va uchinchi xatboshilaridagi “imtihon topshiruvchi” degan so‘zlar “talabgor” degan so‘z bilan almashtirilsin.
(O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2010-y., 14-15-son, 117-modda)