OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI MONOPOLIYADAN ChIQARISh, RAQOBAT VA TADBIRKORLIKNI QOʻLLAB-QUVVATLASh DAVLAT QOʻMITASINING
Qarori
TABIIY MONOPOLIYA SUBYEKTLARINING DAVLAT REESTRINI TUZISh VA YuRITISh TARTIBI TOʻGʻRISIDAGI NIZOMNI TASDIQLASh HAQIDA
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2009-yil 30-martda 1930-son bilan davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan]
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasining 2010-yil 6-oktabrdagi 14-sonli “ Tabiiy monopoliya subyektlarining davlat reyestrini tuzish va yuritish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qaroriga (roʻyxat raqami 2147, 11.10.2010-y.) muvofiq oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oʻzbekiston Respublikasining “Tabiiy monopoliyalar toʻgʻrisida”gi Qonuni (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1999-y., 9-son, 212-modda) va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2005-yil 2-maydagi PQ–66-son Qarori bilan tasdiqlangan “Oʻzbekiston Respublikasi Monopoliyadan chiqarish, raqobat va tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash davlat qoʻmitasi toʻgʻrisidagi nizom”ga muvofiq Monopoliyadan chiqarish, raqobat va tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash davlat qoʻmitasi qaror qiladi:
1. Ilova qilinayotgan “Tabiiy monopoliya subyektlarining Davlat reyestrini tuzish va yuritish tartibi toʻgʻrisidagi nizom” tasdiqlansin.
2. Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligida davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan kundan boshlab oʻn kun oʻtgandan keyin kuchga kiradi.
Monopoliyadan chiqarish, raqobat va tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash davlat qoʻmitasi raisi v.b. B. ULAShOV
Toshkent sh.,
2009-yil 23-fevral,
7-son
Oʻzbekiston Respublikasi Monopoliyadan chiqarish, raqobat va tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash davlat qoʻmitasining 2009-yil 23-fevraldagi 7-son qarori bilan
TASDIQLANGAN
TASDIQLANGAN
Tabiiy monopoliya subyektlarining Davlat reyestrini tuzish va yuritish tartibi toʻgʻrisidagi
NIZOM
NIZOM
I. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Nizom Oʻzbekiston Respublikasining “Tabiiy monopoliyalar toʻgʻrisida”gi Qonuniga (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining axborotnomasi, 1999-y., 9-son, 212-modda) muvofiq tabiiy monopoliya subyektlarining Davlat reyestrini (bundan keyingi oʻrinlarda Reyestr deb yuritiladi) tuzish va yuritish tartibini belgilaydi.
2. Reyestr tabiiy monopoliya subyektlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni qogʻoz va elektron shakllarda saqlovchi yagona axborot bazasi hisoblanadi.
3. Reyestrni tuzish Oʻzbekiston Respublikasi Monopoliyadan chiqarish, raqobat va tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash davlat qoʻmitasi (bundan keyingi oʻrinlarda Qoʻmita deb yuritiladi) va uning hududiy organlari tomonidan ilovada keltirilgan roʻyxatga muvofiq tabiiy monopoliya sharoitida ishlab chiqariladigan (realizatsiya qilinadigan) tovarlar, ishlar va xizmatlar (bundan keyingi oʻrinlarda tovarlar deb yuritiladi) boʻyicha amalga oshiriladi.
4. Reyestrni yuritish tabiiy monopoliya subyekti va uning xoʻjalik faoliyati toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni yagona axborot bazasiga kiritish, ushbu maʼlumotlarni yangilash, tabiiy monopoliya subyekti toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni bazadan chiqarish yoʻli bilan amalga oshiriladi.
II. Reyestrga kiritish
5. Reyestrga tashkiliy-huquqiy va mulkchilik shaklidan qatʼi nazar, tabiiy monopoliya sharoitida tovarlar ishlab chiqaradigan (realizatsiya qiladigan) tabiiy monopoliya subyektlari kiritiladi.
Xoʻjalik faoliyatining bir qismi sifatida tabiiy monopoliya sharoitidagi tovarlarni ishlab chiqaruvchi (realizatsiya qiluvchi) xoʻjalik yurituvchi subyektlar ham Reyestrga kiritiladi.
Tabiiy monopoliya subyektlarining turli sohalaridagi faoliyatlar bilan shugʻullanuvchi tabiiy monopoliya subyekti, har bir faoliyat turi boʻyicha Reyestrga kiritiladi.
6. Tabiiy monopoliya subyektlarini Reyestrga kiritish davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari, isteʼmolchilarning jamoat birlashmalari, xoʻjalik yurituvchi subyektlar hamda boshqa manbalardan olingan tabiiy monopoliya sharoitida tovarlar ishlab chiqarilayotganligi (realizatsiya qilinayotganligi) toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni tahlil qilish asosida amalga oshiriladi.
7. Qoʻmita yoki uning hududiy organi tabiiy monopoliya subyektini Reyestrga kiritish uchun unga Qoʻmita tomonidan tasdiqlanadigan shakldagi soʻrovnoma yuboradi.
8. Tabiiy monopoliya subyekti soʻrovnomani olgan paytdan boshlab oʻn kundan kechiktirmasdan soʻrovnomani toʻldiradi va uni Qoʻmita yoki uning hududiy organiga taqdim etadi.
9. Tabiiy monopoliya subyektini Reyestrga kiritish Qoʻmita yoki uning hududiy organi buyrugʻi bilan rasmiylashtiriladi.
10. Tabiiy monopoliya subyektini Reyestrga kiritilganligi toʻgʻrisidagi bildirishnoma, Qoʻmita yoki uning hududiy organi tomonidan Reyestrga kiritilgan tabiiy monopoliya subyektiga va tegishli moliya organiga buyruq rasmiylashtirilgandan keyin besh kunlik muddatda yuboriladi.
11. Tabiiy monopoliya subyekti Reyestrga kiritilganligi toʻgʻrisidagi bildirishnomani olgan paytdan eʼtiboran oʻn kunlik muddatda, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2000-yil 21-sentabrdagi 364-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Tabiiy monopoliya subyektlarining tovarlari (ishlari, xizmatlari)ga narx (tariflar) belgilash tartibi toʻgʻrisidagi nizom”ga (Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati qarorlari toʻplami, 2000-yil, 9-son, 61-modda) muvofiq, tabiiy monopoliya sharoitida ishlab chiqarilayotgan (realizatsiya qilinayotgan) tovarlar narxlari (tariflari) yoki ularning eng yuqori darajalarini (pochta aloqasi universal xizmatlariga tariflar bundan mustasno) tasdiqlash uchun tegishli moliya organiga murojaat qiladi.
12. Tabiiy monopoliya subyekti joylashgan manzili (pochta manzili), soliq toʻlovchining identifikatsion raqami oʻzgargan taqdirda, oʻn kun muddatda bu haqda Qoʻmita yoki uning hududiy organini yozma ravishda xabardor qilishi shart.
III. Reyestrdan chiqarish
13. Quyidagi hollarda tabiiy monopoliya subyekti Reyestrdan chiqariladi:
qonun hujjatlari bilan belgilangan tartibda tabiiy monopoliya subyekti tugatilganda;
tabiiy monopoliya subyekti tomonidan tabiiy monopoliya sharoitida tovarlarni ishlab chiqarish (realizatsiya qilish) toʻxtatilganda;
qonun hujjatlariga muvofiq tabiiy monopoliya subyektlarining faoliyati sohasida davlat tomonidan tartibga solish toʻxtatilganda.
14. Tabiiy monopoliya subyektini Reyestrdan chiqarish Qoʻmita yoki uning hududiy organi buyrugʻi bilan rasmiylashtiriladi.
15. Tabiiy monopoliya subyektini Reyestrdan chiqarish toʻgʻrisidagi bildirishnoma, Qoʻmita yoki uning hududiy organi tomonidan Reyestrdan chiqarilgan tabiiy monopoliya subyektiga va tegishli moliya organiga buyruq rasmiylashtirilgandan keyin besh kunlik muddatda yuboriladi.
IV. Yakuniy qoidalar
16. Mazkur Nizom talablarini buzishda aybdor boʻlgan shaxslar qonun hujjatlariga muvofiq javobgar boʻladilar.
17. Qoʻmita yoki uning hududiy organlarining Reyestrga kiritish yoki Reyestrdan chiqarish toʻgʻrisidagi buyruqlaridan norozi boʻlgan tabiiy monopoliya subyektlari qonun hujjatlari bilan belgilangan tartibda sudga yoki Qoʻmitaga murojaat qilishga haqlidir.
Tabiiy monopoliya subyektlarining Davlat reyestrini tuzish va yuritish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga
ILOVA
ILOVA
Tabiiy monopoliya sharoitida ishlab chiqariladigan (realizatsiya qilinadigan) tovarlar (ishlar, xizmatlar)
ROʻYXATI
ROʻYXATI
1. Neft, neft mahsulotlari va gazni quvur orqali transportirovka qilish sohasida:
neft, neft mahsulotlari va gazni quvur orqali transportirovka qilish xizmatlari.
2. Elektr va issiqlik energiyasini ishlab chiqarish hamda transportirovka qilish sohasida:
elektr va issiqlik energiyasini ishlab chiqarish;
elektr va issiqlik energiyasini transportirovka qilish, shu jumladan abonentdan subabonentgacha transportirovka qilish xizmatlari.
3. Temir yoʻllar infratuzilmasidan foydalanish sohasida:
umumiy foydalaniladigan temir yoʻllar, temir yoʻl stansiyalari, elektr taʼminoti uskunalari, aloqa tarmoqlari, signalizatsiya, markazlashtirish va blokirovkalash tizimlari, axborot kompleksi va harakatlanishni boshqarish tizimi hamda ushbu kompleks faoliyatini taʼminlovchi boshqa obyektlarni oʻz ichiga oluvchi texnologik kompleks xizmatlari.
4. Umumiy erkin foydalaniladigan pochta aloqasi xizmatlari sohasida:
yozma korrespondensiyalarni joʻnatish boʻyicha umumiy erkin foydalaniladigan pochta aloqasi xizmatlari (oddiy, buyurtma va qimmatli xatlar, banderollar, oddiy va buyurtma pochta varaqchalari hamda sekogrammalar (koʻzi ojizlar uchun), shuningdek mayda paketlar).
5. Suv quvurlari va kanalizatsiya xizmatlari sohasida:
suv taʼminoti va kanalizatsiya (oqova suvlarni tortish va tozalash) hamda suv va oqova suvlarni transportirovka qilish xizmatlari.
6. Aeronavigatsiya xizmatlari sohasida:
havodagi harakatni boshqarish, parvozlarning radiotexnik taʼminoti, aeronavigatsiya axborotlarini taqdim etish.
7. Port xizmatlari sohasida:
yuklarni (shu jumladan yukli va boʻsh konteynerlarni) ortish, tushirish va saqlash xizmatlari;
inshootlar va moslamalar kompleksiga ega va sohilning tegishli uchastkasi (port hududi) bilan suvga tutash boʻlgan hududda (port akvatoriysida) kemalarni yoqilgʻi bilan taʼminlash hamda ularga texnik xizmat koʻrsatish xizmatlari;
8. Aeroport xizmatlari sohasida:
samolyotlarning uchishini taʼminlash, yoʻlovchilarga xizmat koʻrsatish, yuklar, pochta va bagajlarga ishlov berish xizmatlari;
9. Transport terminallari xizmatlari sohasida:
bojxona va boshqa jarayonlarni oʻtkazish davrida terminal hududida yuklarni (shu jumladan yukli va boʻsh konteynerlarni) ortish-tushirish, saqlash va ombor operatsiyalari, terminalning boshqa infratuzilmasidan foydalanish bilan bogʻliq xizmatlar.
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2009-y., 14-son, 166-modda)