Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi plenumining
Qarori
SAVDO SOHASIDAGI JINOYATLAR VA BOSHQA HUQUQBUZARLIKLAR TOʻGʻRISIDAGI ISHLAR BOʻYICHA SUD AMALIYOTI HAQIDA
Mamlakatimizda madaniyatli bozor munosabatlarini rivojlantirishga suiisteʼmolliklar, monopoliyaga qarshi qonunlarni buzish, nohaq yigʻimlar olish va tovlamachilik faktlari, shuningdek savdo sohasida yoʻl qoʻyilayotgan boshqa qonunga xilof harakatlar jiddiy toʻsiq boʻlmoqda, bu esa iqtisodiyotga, fuqarolarning huquq va manfaatlariga katta zarar yetkazmoqda.
Savdo qoidalarini, monopoliyaga qarshi qonunlarni buzganlik uchun javobgarlik toʻgʻrisidagi ayrim jinoyat va maʼmuriy huquq normalarini izohlashda bir xilda yondoshish mavjud emas. Tergov amaliyotida, soliq organlari faoliyatida koʻrsatilgan qonunlarni notoʻgʻri tatbiq etish hollari koʻplab uchramoqda.
Sud amaliyotida tovlamachilarga (reketchilarga) va tovarlarni bozorga erkin kirib kelishiga toʻsqinlik qilayotgan boshqa shaxslarga, nohaq yigʻimlar olish, talon-toroj va boshqa suiisteʼmolliklar bilan shugʻullanayotgan bozor maʼmuriyati vakillariga nisbatan asossiz ravishda yengil jinoiy jazo choralarini tayinlash, jinoyatlarni notoʻgʻri kvalifikatsiya qilish hollariga yoʻl qoʻyilmoqda. Koʻpincha savdo qoidalarining buzilishiga imkon bergan sabablar va sharoitlar aniqlanmaydi, bu turkumdagi ishlar boʻyicha sud protsesslari keng ommalashtirilmaydi.
Qonunchilikni mustahkamlash, qonunlarni toʻgʻri va bir xilda tatbiq etish, fuqarolarning huquq va manfaatlari himoyasini taʼminlash maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudining Plenumi qaror qiladi:
Oldingi tahrirga qarang.
1. Savdo sohasidagi huquqbuzarliklar jamiyat uchun katta ijtimoiy xavf tugʻdirishini nazarga olib, sudlar, tergov va soliq organlarining eʼtibori bunday harakatlar uchun javobgarlik muqarrarligi prinsipiga qatʼiy rioya etishlari zarurligiga qaratilsin.
(1-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2022-yil 14-maydagi 9-sonli qarori tahririda)
Oldingi tahrirga qarang.
Tovlamachilarga, talon-toroj, fuqarolardan nohaq yigʻimlar olish, xizmat vakolatlarini suiisteʼmol qilish bilan shugʻullanuvchi bozorlar, savdo komplekslari maʼmuriyatining xodimlariga, savdo qoidalarini buzuvchi, oʻta yuqori narxlarni sunʼiy ravishda saqlab turuvchi, mahsulot ishlab chiqaruvchilarni bozorlardan siqib chiqaruvchi olib sotarlarga nisbatan qattiq jazolarni qoʻllash taʼminlansin.
(1-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2015-yil 13-noyabrdagi 18-sonli qarori tahririda)
Oldingi tahrirga qarang.
Oldingi tahrirga qarang.
2. Sudlarga tushuntirilsinki, shaxsning tovar bozorlarida raqobatni cheklashga olib kelgan yoki olib kelishi mumkin boʻlgan harakatlari “Raqobat toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasining 2023-yil 3-iyuldagi Qonunini buzish deb baholanishi va Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning 178-moddasi bilan kvalifikatsiya qilinishi lozim. Bunday harakatlarga quyidagilar kiradi:
(2-bandining birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2024-yil 16-dekabrdagi 39-sonli qarori tahririda)
monopoliyaga qarshi organga va isteʼmolchilarning huquqlarini himoya qiluvchi organlarga axborot taqdim etmaslik yoki oʻz vaqtida taqdim etmaslik yoxud ularga bila turib haqiqatga toʻgʻri kelmaydigan maʼlumotlarni taqdim etish;
monopoliyaga qarshi organning qoidabuzarliklarni tugatish toʻgʻrisidagi, dastlabki holatni tiklash haqidagi, isteʼmolchilarning huquqlari buzilishlarini bartaraf etish toʻgʻrisidagi koʻrsatmalarini bajarishdan boʻyin tovlash, oʻz vaqtida yoki lozim darajada bajarmaslik;
tayyorlovchining tovarlar (ishlar, xizmatlar) xavfsizligi va sifati ustidan nazoratni amalga oshiruvchi davlat boshqaruvi organlarining koʻrsatmalarini bajarishdan boʻyin tovlash, ularni oʻz vaqtida yoki lozim darajada bajarmaslik;
xoʻjalik yurituvchi subyektlarni qoʻshib yuborishda, qoʻshib olishda hamda aksiyalarni (ulushlarni) va boshqa mulkiy huquqlarni olish boʻyicha bitimlar tuzishda monopoliyaga qarshi talablarni buzish;
raqobatni cheklashga olib keladigan yoki olib kelishi mumkin boʻlgan harakatlarni kelishib olingan holda sodir etish va bitimlarni tuzish, shuningdek tovar yoki moliya bozorida ustun mavqeni suiisteʼmol qilish, xuddi shuningdek tanlov (tender) yoki birja savdolariga doir monopoliyaga qarshi talablarni buzish;
normativ hujjatlar talablariga javob bermaydigan tovar (ish, xizmat) tufayli isteʼmolchilarga zarar yetkazish, shuningdek isteʼmolchilarga tovarlar (ishlar, xizmatlar) toʻgʻrisida axborot taqdim etmaslik yoki bila turib notoʻgʻri maʼlumotlar taqdim etish;
yaroqlilik muddati oʻtgan tovarlarni, shuningdek ishlab chiqarilgan sanasi va yaroqlilik muddati koʻrsatilishi shartligi qonun hujjatlarida nazarda tutilgan tovarlarni ishlab chiqarilgan sanasi va yaroqlilik muddati koʻrsatilmagan holda realizatsiya qilish va sotish uchun qabul qilish.
(2-band Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2016-yil 27-dekabrdagi 29-sonli qarori tahririda)
3. Qanday boʻlmasin mulkiy manfaatdor boʻlish maqsadida tovarlarni bozorga erkin kirib kelishiga har qanday yoʻsinda toʻsqinlik qilish, mahsulot ishlab chiqaruvchilarni bozordan siqib chiqarish, oʻta yuqori narxlarni sunʼiy ravishda saqlab turish toʻgʻrisida talab qoʻyish va tovar egasiga, bozor maʼmuriyati yoki oʻzga shaxslarga nisbatan zoʻrlik ishlatish, ularni zoʻrlik ishlatish bilan qoʻrqitish, mulkiga shikast yetkazish yoki mulkini nobud qilish bilan bogʻliq boshqa harakatlar tovlamachilik (reket) tariqasida Jinoyat kodeksining 165-moddasi bilan kvalifikatsiya qilinmogʻi lozim. Tovlamachilik mulkiy manfaatdor boʻlish maqsadida talab qoʻyishda yoxud tovlamachi foydasiga mulkiy xarakterdagi harakatlarni sodir etishda (tovarni past narxda yoxud tekinga berishda, tovarni zoʻrlik ishlatib olib qoʻyishda va sh.oʻ.) ifodalanishi mumkin. Tovlamachilik uchun jinoiy javobgarlikka tortishga, aybdorning zoʻrlik ishlatish toʻgʻrisidagi tahdidini amalga oshirgan boʻlishi shart boʻlmay, bunday talab qoʻyilishining oʻzi yetarlidir.
Oldingi tahrirga qarang.
4. Tadbirkorlik faoliyatini davlat roʻyxatidan oʻtmagan holda amalga oshirib, ancha miqdordagi nazorat qilinmaydigan daromad olish Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning 176-moddasining ikkinchi qismi, xuddi shunday huquqbuzarlikni qoʻp miqdordagi nazorat qilinmaydigan daromad olgan holda sodir etish Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning 176-moddasi uchinchi qismi bilan maʼmuriy javobgarlikni keltirib chiqaradi. Oʻsha harakatlar, juda koʻp miqdorda sodir etilsa, Jinoyat kodeksi 188-moddasi bilan jinoiy javobgarlikni yuzaga keltiradi.
(4-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2015-yil 13-noyabrdagi 18-sonli qarori tahririda)
Yuridik shaxslar va fuqarolarga tovarlarni yoki boshqa ashyolarni olishda yoki sotishda, tomonlar oʻrtasida bitimlar tuzishda, shuningdek, boshqa vositachilik harakatlarini amalga oshirishda koʻmaklashuvchi shaxslarning roʻyxatdan oʻtishdan boʻyin tovlagan xolda sodir etadigan harakatlari ham Jinoyat kodeksining mazkur moddasi bilan kvalifikatsiya qilinmogʻi lozim.
Oldingi tahrirga qarang.
Noqonuniy tadbirkorlik faoliyati (mahsulotlar, ishlar, xizmatlarni realizatsiya qilish) natijasida olingan nazorat qilinmaydigan daromad miqdorini aniqlashda, mazkur faoliyatni amalga oshirish bilan bogʻliq chiqimlar chegirib tashlangan holda hisobga olingan tushum summasidan kelib chiqish lozim.
(4-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2015-yil 13-noyabrdagi 18-sonli qarori tahririda)
Oldingi tahrirga qarang.
5. Tushuntirilsinki, amaldagi qonunchilikka muvofiq faoliyatning ayrim turlari bilan shugʻullanish uchun maxsus ruxsatnoma (litsenziya) talab qilinadi. Bunday ruxsatnomaning yoʻqligi Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning 165, 1763-moddalari bilan maʼmuriy javobgarlik kelib chiqishiga sabab boʻladi. Agar bunday faoliyat bilan shugʻullanish juda koʻp miqdorda daromad olish bilan bogʻliq boʻlsa, aybdorning harakatlari Jinoyat kodeksi 190-moddasi beshinchi qismi yoki Jinoyat kodeksi 190-moddasi oltinchi qismining “a”, “b” bandlari bilan kvalifikatsiya qilinadi.
Shaxs amaldagi qonunchilikka muvofiq shugʻullanish uchun maxsus ruxsatnoma (litsenziya) talab qilinadigan tadbirkorlik faoliyatini davlat roʻyxatidan oʻtmasdan juda koʻp miqdordagi nazorat qilinmaydigan daromad olgan holda amalga oshirganda, uning harakatlari Jinoyat kodeksi 188-moddasi bilan kvalifikatsiya qilinishi lozim boʻlib, Jinoyat kodeksi 190-moddasi bilan qoʻshimcha kvalifikatsiya qilish talab etilmaydi.
(5-band Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2022-yil 14-maydagi 9-sonli qarori tahririda)
6. Jinoyat kodeksining 189-moddasi va Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning 164 va 168-moddalarida javobgarlik nazarda tutilgan savdo yoki xizmat koʻrsatish qoidalarini buzish deganda savdo va xizmat koʻrsatish sohasidagi huquqiy munosabatlarni tartibga soladigan Oʻzbekiston Respublikasi qonunlarining buzilishi tushunilmogʻi lozim.
Bunda sud aybdor tomonidan aynan qaysi savdo qoidasi buzilganligini koʻrsatishi shart.
Oldingi tahrirga qarang.
(7-band Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2015-yil 26-iyundagi 11-sonli qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan)
Oldingi tahrirga qarang.
8. Haq olish evaziga tovarlarni yoki mahsulot ishlab chiqaruvchilarni bozorga erkin kirib kelishiga toʻsqinlik qiluvchi, oʻta yuqori narxlarni sunʼiy ravishda saqlab turuvchi bozorlar, savdo komplekslari maʼmuriyatining mansabdor shaxslari hamda oʻz faoliyatini savdo sohasida amalga oshiruvchi boshqa mansabdor shaxslar tashkilotning ustav fondida davlat ulushi bor-yoʻqligidan kelib chiqqan holda Jinoyat kodeksining 210-moddasi boʻyicha poraxoʻrlik yoki 1929-moddasi boʻyicha tijoratda pora evaziga ogʻdirib olish uchun javobgarlikka tortiladilar.
Qayd etilgan harakatlar haq olish bilan bogʻliq boʻlmay, fuqarolarning huquqlari va manfaatlariga koʻp miqdorda zarar yoxud jiddiy ziyon yetkazgan boʻlsa, ularni ish holatlariga qarab Jinoyat kodeksining 205-moddasi bilan mansab vakolatini suiisteʼmol qilish yoxud Jinoyat kodeksining 206-moddasi bilan hokimiyat yoki mansab vakolatidan chetga chiqish yoinki, tashkilotning ustav fondida davlat ulushi boʻlmagan taqdirda, Jinoyat kodeksining 19211-moddasi bilan kvalifikatsiya qilinishi lozim.
Xoʻjalik yurituvchi subyektdan bir martalik yoki boshqa yigʻimlar uchun belgilangan miqdordan ortiq pul mablagʻlari olgan bozor, savdo komplekslari maʼmuriyatining xizmatchilari qonunga xilof ekanligini bila turib, mulkiy manfaatdor boʻlganligi uchun Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning 611-moddasi ikkinchi qismi yoki 1932-moddasi bilan maʼmuriy javobgarlikka tortilishi kerak. Oʻsha harakatlar maʼmuriy jazo chorasi qoʻllanilganidan keyin bir yil davomida takroran sodir etilsa, shaxs Jinoyat kodeksi 19210-moddasining ikkinchi qismi yoki 214-moddasi bilan jinoiy javobgarlikka tortilishi lozim.
(8-band Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2015-yil 13-noyabrdagi 18-sonli qarori tahririda)
9. Tushuntirilsinki, xoʻjalik yurituvchi subyekt tomonidan metrologiya, sertifikatlashtirish, mahsulot belgisi egasining huquqlarini buzish tegishli ravishda Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning 213, 214 va 177-moddalari boʻyicha maʼmuriy javobgarlikni yuzaga keltiradi.
10. Savdo sohasidagi huquqbuzarliklar toʻgʻrisidagi maʼmuriy ishlarni koʻrishda sudlar soliq organlari va ichki ishlar organlaridan aybdor xuddi shunday huquqbuzarlik uchun muqaddam maʼmuriy javobgarlikka tortilgan-tortilmaganligi haqida maʼlumotlar taqdim etishni talab qilishlari shart.
Oldingi tahrirga qarang.
11. Oʻzbekiston Respublikasining Maʼmuriy sud ishlarini yuritish toʻgʻrisidagi kodeksi 4-moddasiga muvofiq, har bir fuqaro soliq organlari yoki har qanday boshqa mansabdor shaxsning qarorlari yoki harakatlari ustidan sudga shikoyat qilishga haqli.
(11-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2022-yil 14-maydagi 9-sonli qarori tahririda)
Bunda fuqaro mulkiy yoki boshqacha ziyonni undirishni talab qilsa, sud bu talablarni umumdaʼvo tartibida koʻrishi shart.
12. Sudlar savdo sohasidagi jinoyatlar va boshqa huquqbuzarliklar toʻgʻrisidagi ishlarni toʻgʻri va tezkorlik bilan koʻrilishini taʼminlashlari, eng dolzarb ishlarni ommaviy axborot vositalarida yoritish choralarini koʻrishlari shart.
Oldingi tahrirga qarang.
13. Sudlarning eʼtibori ushbu turkumdagi jinoyat va maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi ishlarni koʻrishda tergov va soliq organlarining jinoyatni har taraflama va xolisona tergov qilish, unga aloqador boʻlgan barcha shaxslarni aniqlash va javobgarlikka tortish, maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi materiallarni toʻliq boʻlishligi toʻgʻrisidagi protsessual qonun normalariga ogʻishmay amal qilishlari ustidan talabchanlikni kuchaytirish zarurligiga qaratilsin. Fuqarolarning asossiz ravishda maʼmuriy yoki jinoiy javobgarlikka tortilishi, ularga tegishli mulkni qonunga xilof tarzda xatlash yoki olib qoʻyish hollariga jiddiy munosabat bildirilsin. Har bir qonun buzilishi, jinoyatda qatnashgan barcha shaxslarni javobgarlikka tortilmaganligi fakti boʻyicha mansabdor shaxslarning javobgarligi toʻgʻrisidagi masala hal etilsin, savdo sohasidagi huquqbuzarliklarga imkon bergan sabab va sharoitlar sinchiklab oʻrganilsin, xususiy ajrim chiqarish yoʻli bilan ularni bartaraf etish choralari koʻrilsin.
(13-band Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2022-yil 14-maydagi 9-sonli qarori tahririda)
Oldingi tahrirga qarang.
Oldingi tahrirga qarang.
131. Surishtiruv, dastlabki tergov organlari va sudlar Jinoyat kodeksining 13-moddasida nazarda tutilgan ijtimoiy xavfli qilmish sodir etgan shaxsning ahvolini yaxshilaydigan qonun orqaga qaytish kuchiga ega ekanligi haqidagi talablarni ogʻishmay bajarishlari lozim.
(131-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2022-yil 14-maydagi 9-sonli qarori tahririda)
Tushuntirilsinki, Oʻzbekiston Respublikasining 2015-yil 20-avgustdagi “Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga xususiy mulkni, tadbirkorlik subyektlarini ishonchli himoya qilishni yanada kuchaytirishga, ularni jadal rivojlantirish yoʻlidagi toʻsiqlarni bartaraf etishga qaratilgan oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida” gi Qonunining (bundan buyon matnda-Qonun) 5-moddasi quyidagi:
Oldingi tahrirga qarang.
jinoyat ishlari surishtiruv, dastlabki tergov organlari va sudning ish yurituvida (birinchi, apellyatsiya, kassatsiya, taftish instansiyalarida) boʻlgan;
(131-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2024-yil 16-dekabrdagi 39-sonli qarori tahririda)
sudlanganlik holati tugallanmagan yoki olib tashlanmagan shaxslarga nisbatan tatbiq etiladi.
Oldingi tahrirga qarang.
(132-band Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2022-yil 14-maydagi 9-sonli qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan)
Oldingi tahrirga qarang.
(133-band Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2022-yil 14-maydagi 9-sonli qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan)
Oldingi tahrirga qarang.
14. Qoraqalpogʻiston Respublikasi sudi, viloyat sudlari va Toshkent shahar sudi hamda Oʻzbekiston Respublikasi Harbiy sudi ushbu turkumdagi ishlar boʻyicha qonunlarni toʻgʻri va bir xilda tatbiq etilishini taʼminlasinlar, doimiy ravishda sud amaliyotini umumlashtirib borsinlar, undagi kamchiliklarni bartaraf etish choralarini koʻrsinlar.
(14-band Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2022-yil 14-maydagi 9-sonli qarori tahririda)
1996-yil 15-mart,
9-son