Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Qarori
Oʻzbekiston Respublikasining 2009-yilgi asosiy makroiqtisodiy koʻrsatkichlari va davlat budjeti parametrlari toʻgʻrisida
[Koʻchirma]
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining “Oʻzbekiston Respublikasining 2009-yilgi Davlat budjeti toʻgʻrisida” 2008-yil 4-dekabrdagi 570-I-son qaroriga muvofiq:
1. Quyidagilar:
2009-yilda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning asosiy makroiqtisodiy koʻrsatkichlari prognozi 1-ilovaga* muvofiq;
Oʻzbekiston Respublikasining 2009-yilgi Davlat budjeti asosiy parametrlari 2-ilovaga* muvofiq;
Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi budjetdan tashqari Pensiya jamgʻarmasining, Respublika yoʻl jamgʻarmasining, budjetdan tashqari Maktab taʼlimi jamgʻarmasining, Sugʻoriladigan yerlarning meliorativ holatini yaxshilash jamgʻarmasining 2009-yilgi asosiy parametrlari 3 — 6-ilovalarga* muvofiq tasdiqlansin.
* 1—6-ilovalar berilmaydi.
2. 2009-yilgi Davlat budjeti taqchilligining cheklangan miqdori yalpi ichki mahsulot hajmiga nisbatan 1,0 foiz miqdorida belgilansin.
Belgilab qoʻyilsinki, Davlat budjeti taqchilligini moliyalashtirish respublika budjeti mablagʻlarining 2009-yil boshidagi boʻsh qoldiqlari va boshqa qadrsizlanmaydigan manbalar hisobidan amalga oshiriladi.
3. 2009-yil uchun:
yuridik shaxslardan olinadigan foyda soligʻi stavkalari 7-ilovaga** muvofiq;
jismoniy shaxslardan olinadigan daromad soligʻi stavkalari 8-ilovaga** muvofiq;
yagona soliq toʻlovi stavkalari 9-1, 9-2 va 9-3-ilovalarga** muvofiq;
tadbirkorlik faoliyati ayrim turlari boʻyicha yuridik va jismoniy shaxslarga belgilab qoʻyilgan soliq stavkalari 10-ilovaga** muvofiq;
yuridik shaxs boʻlmagan tadbirkorlik faoliyati bilan shugʻullanuvchi jismoniy shaxslar (yakka tartibdagi tadbirkorlar)ga belgilab qoʻyilgan soliq stavkalari 11-ilovaga** muvofiq;
Oʻzbekiston Respublikasi rezidentlariga dividendlar va foizlar tarzida toʻlanadigan daromad soligʻi stavkalari 10 foiz miqdorida;
qoʻshilgan qiymat soligʻi stavkalari 20 foiz miqdorida;
respublikada ishlab chiqariladigan va roʻyxat boʻyicha chetdan keltiriladigan tovarlarga aksiz soligʻi stavkalari 12-1 va 12-2-ilovalarga** muvofiq;
suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq stavkalari 13-ilovaga** muvofiq;
yer osti boyliklaridan foydalanganlik uchun soliq stavkalari 14-ilovaga** muvofiq;
ayrim turdagi mahsulotlar boʻyicha ortiqcha foydadan soliq stavkalari 15-ilovaga** muvofiq;
yuridik va jismoniy shaxslardan olinadigan mulk soligʻi stavkalari 16 va 17-ilovalarga** muvofiq;
yuridik va jismoniy shaxslardan olinadigan yer soligʻi stavkalari 18-ilovaga** muvofiq;
yagona yer soligʻi stavkalari 19-ilovaga** muvofiq;
mahalliy soliqlar va yigʻimlar stavkalari 20-ilovaga** muvofiq;
Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi Respublika yoʻl jamgʻarmasiga majburiy ajratmalar va yigʻimlar stavkalari 21 va 22-ilovalarga** muvofiq;
23-ilovada** belgilangan soliqqa tortish obyektlarining Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi budjetdan tashqari Pensiya jamgʻarmasiga va budjetdan tashqari Maktab taʼlimi jamgʻarmasiga majburiy ajratmalar stavkalari bir foiz miqdorida;
mablagʻlarni budjetdan tashqari Pensiya jamgʻarmasi, Bandlikka koʻmaklashish davlat jamgʻarmasi va Oʻzbekiston Kasaba uyushmalari Federatsiyasi oʻrtasida 24-ilovada** keltirilgan normativlarga muvofiq taqsimlagan holda yagona ijtimoiy toʻlov stavkasi 24 foiz miqdorida;
* 7—24-ilovalar rus tilidagi matnda berilgan.
fuqarolarning budjetdan tashqari Pensiya jamgʻarmasiga ularning mehnat haqi daromadlaridan majburiy sugʻurta badallari stavkasi 3,5 foiz miqdorida tasdiqlansin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligiga Respublika yoʻl jamgʻarmasining prognozdan ortiq daromadlarini Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi Pensiya jamgʻarmasiga yoʻnaltirish huquqi berilsin.
5. Quyidagilar:
jismoniy shaxslarning mikrofirma va kichik korxonalarni taʼsis etishdan olinadigan dividend tarzidagi daromadlari;
yuridik shaxslarning kapitallashtirishga, investitsiyalarga, avval olingan kreditlar uchun hisob-kitob qilishga yoʻnaltirilgan mablagʻlari 5 yil muddatga soliqqa tortishdan ozod etilsin.
Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Iqtisodiyot vazirligi va Davlat soliq qoʻmitasi bilan birgalikda bir oy muddatda mazkur imtiyozlarni qoʻllash tartibini ishlab chiqsin va tasdiqlasin.
6. Belgilansinki:
yagona soliq toʻlovidan tushumlar Davlat budjeti, Respublika yoʻl jamgʻarmasi, budjetdan tashqari Pensiya jamgʻarmasi va budjetdan tashqari Maktab taʼlimi jamgʻarmasi oʻrtasida Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi tomonidan belgilanadigan miqdorlarda taqsimlanadi;
Oʻzbekiston Respublikasining investorlar bilan mahsulotni taqsimlash toʻgʻrisidagi bitim doirasida mahsulotni sotishdan olinadigan daromadlari Davlat budjetiga oʻtkaziladi;
xoʻjalik yurituvchi subyektlarga, istisno tariqasida, 2009-2010-yillarda amortizatsiya ajratmalarini belgilangan normalardan past boʻlgan holda, qoʻshish, ular ishlab chiqarayotgan mahsulotning jahon narxlari tannarxdan ham tushib ketgan hollarda esa — Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi bilan kelishilgan holda amortizatsiya ajratmalarini 6 oy muddatga toʻxtatib turish huquqi beriladi;
oʻzlari ishlab chiqargan tovarlarni tannarxdan past narxda erkin almashtiriladigan valyutaga eksport qiladigan korxonalar uchun, soliqqa tortish maqsadida sotishdan tushadigan tushum miqdori eksport tovarlari sotilgan haqiqiy narxdan kelib chiqqan holda belgilanadi.
Oldingi tahrirga qarang.
(7-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 26-dekabrdagi PQ-4086-sonli qaroriga asosan 2019-yil 1-yanvardan kuchini yoʻqotadi — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 27.12.2018-y., 07/18/4086/2354-son)
Oldingi tahrirga qarang.
(8-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2011-yil 30-dekabrdagi PQ-1675-sonli qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — OʻR QHT, 2011-y., 52-son, 561-modda)
Oldingi tahrirga qarang.
9. Belgilansinki, tabiiy gaz eksporti va tranzitini amalga oshiruvchi barcha korxonalarga (mahsulot taqsimoti toʻgʻrisidagi bitim doirasida faoliyatini amalga oshiruvchi investorlar bundan mustasno) mahsulot eksportidan tushgan valyuta tushumi birinchi navbatda budjet, davlat maqsadli jamgʻarmalari va Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi budjetdan tashqari Taʼlim va tibbiyot muassasalarining moddiy-texnika bazasini rivojlantirish jamgʻarmasiga toʻlovlar boʻyicha qarzlarni toʻlashga yoʻnaltiriladigan tartib tatbiq etiladi.
(9-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 3-maydagi PF-5428-sonli Farmoni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 04.05.2018-y., 06/18/5428/1158-son)
13. Mahalliy hokimiyat va boshqaruv organlarining barcha darajalardagi mahalliy budjetlar daromadlari va xarajatlarini shakllantirishdagi roli, mustaqilligi va masʼuliyatini oshirish, mahalliy budjetlarning Davlat budjetidagi ulushini koʻpaytirish maqsadida quyidagi umumdavlat soliqlari:
suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq;
yuridik va jismoniy shaxslarning tadbirkorlik faoliyati ayrim turlari boʻyicha qatʼiy belgilangan soliq;
yuridik shaxs boʻlmagan tadbirkorlik faoliyati bilan shugʻullanuvchi jismoniy shaxslardan olinadigan qatʼiy belgilangan soliq;
respublikada ishlab chiqariladigan pivo va oʻsimlik yogʻiga aksiz soligʻi boʻyicha tushumlar toʻliq miqdorda mahalliy budjetlar daromadlariga oʻtkazilsin.
14. 2009-yil uchun:
Qoraqalpogʻiston Respublikasi budjeti, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy budjetlarining daromad va xarajat hajmlari, respublika budjetidan dotatsiyalar va maqsadli subvensiyalarning cheklangan miqdorlari 25-ilovaga* muvofiq;
Qoraqalpogʻiston Respublikasi budjetiga, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy budjetlariga umumdavlat soliqlari tushumlaridan ajratmalar normativlari 26-ilovaga* muvofiq;
respublika budjeti, Qoraqalpogʻiston Respublikasi budjetining, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy budjetlarining naqd pul kassa aylanmasining yoʻl qoʻyiladigan eng kam miqdorlari 27-ilovaga* muvofiq tasdiqlansin.
* 25—27-ilovalar berilmaydi.
Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi manfaatdor vazirliklar va idoralar, shuningdek Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi hamda viloyatlar hokimliklari bilan birgalikda joylarda yangi ishlab chiqarishlarni tashkil etish va amalda ishlab turganlarini rivojlantirish, kichik va xususiy biznes rivojlantirilishini ragʻbatlantirish yoʻli bilan aholi bandligini oshirish, shuningdek budjet tashkilotlarining xarajatlari va tarmoqlarini maqbullashtirishni nazarda tutgan holda mahalliy budjetlarning dotatsiyaga muhtojligini kamaytirish boʻyicha aniq maqsadga yoʻnaltirilgan ishlarni davom ettirsin.
15. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligiga:
tegishli budjetlarga dotatsiyalar, maqsadli subvensiyalar va budjet ssudalari (daromadlar va xarajatlar oʻrtasidagi vaqtinchalik kassa tafovutlarini qoplash uchun) ajratishda ularning miqdorlarini hududlar boʻyicha barcha soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlarning toʻliq tushishidan, shuningdek Davlat budjetining birinchi navbatdagi xarajatlarini (hisoblab yozilgan ish haqi, stipendiyalar, nafaqalar va ularga tenglashtirilgan toʻlovlarni) soʻzsiz moliyalashtirish zarurligidan kelib chiqqan holda aniqlashtirish;
respublika budjetidan Qoraqalpogʻiston Respublikasi budjeti va Andijon, Jizzax, Samarqand hamda Xorazm viloyatlari mahalliy budjetlariga beriladigan daromadlarning tasdiqlangan hajmlariga ushbu hududlarda shakllanadigan soliq tushumlarini hisobga olib, daromadlar va xarajatlar oʻrtasida vujudga keladigan kassa boʻyicha tafovutlarni oʻzaro hisob-kitob qilish orqali tartibga solgan holda aniqlashtirishlar kiritish huquqi berilsin.
16. 2009-yil uchun Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining zaxira jamgʻarmasi hamda Qoraqalpogʻiston Respublikasi budjeti, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy budjetlarining zaxira jamgʻarmalari miqdorlari 28-ilovaga* muvofiq tasdiqlansin.
* 26-ilova berilmaydi.
17. Belgilansinki, 2009-yilda Oʻzbekiston Respublikasi nomidan yoki uning kafolati ostida jalb qilingan xorijiy kreditlar hajmi 2008-yildagi xorijiy kreditlar boʻyicha asosiy qarzni toʻlash hajmidan ortiq boʻlmasligi kerak.
20. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi hamda Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi bilan birgalikda 2009-yilda bir nafar oʻquvchiga (tarbiyalanuvchiga) xarajatlarning bazaviy meʼyorlaridan kelib chiqqan holda maktabgacha tarbiya bolalar muassasalari, umumtaʼlim maktablari va kasb-hunar kollejlarining budjetini rejalashtirish va xarajatlarini moliyalashtirish tartibi, ixcham maktabgacha tarbiya umumtaʼlim muassasalarini qayta tashkil etish boʻyicha chora-tadbirlarning amalga oshirilishini hisobga olgan holda, Namangan, Sirdaryo va Xorazm viloyatlari muassasalariga tatbiq etilsin hamda budjetni rejalashtirish va xarajatlarni moliyalashtirishning yangi tartibi bilan qamrab olinadigan har bir budjet tashkilotiga moliyalashtirish meʼyorlari yetkazilishi taʼminlansin.
21. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Fanlar akademiyasi, Fan va texnologiyalarni rivojlantirish qoʻmitasi, boshqa vazirliklar va idoralar bilan birgalikda 2009-yilgi Davlat budjeti parametrlarida nazarda tutilgan budjet mablagʻlari hisobidan ilmiy-tadqiqot ishlarini moliyalashtirishda, 2009-yilning 1-yanvaridan boshlab, xodimlarning aniq ilmiy va mehnat hissasiga qarab, oliy taʼlim tizimi xodimlari uchun belgilangan ish haqi miqdorlarini hisobga olgan holda ilmiy xodimlarning ish haqi oshirilishini taʼminlasin.
Oldingi tahrirga qarang.
22. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi 2009-yilning 1-yanvaridan boshlab bolalikdan nogironligi boʻlgan shaxslarga nafaqalarni, ularning joylardagi Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi budjetdan tashqari Pensiya jamgʻarmasi boʻlimlari orqali tayinlanishi va toʻlanishi tartibini saqlab qolgan holda respublika budjetidan moliyalashtirilishini taʼminlasin.
(22-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 29-noyabrdagi PF-26-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 30.11.2021-y., 06/21/26/1111-son)
23. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi 2009-yildan boshlab 29-ilovadagi** roʻyxatga muvofiq davlat maqsadli va boshqa budjetdan tashqari jamgʻarmalar daromadlari va xarajatlarining gʻaznachilik ijrosi mexanizmlarini joriy etish chora-tadbirlari amalga oshirilishini taʼminlasin.
** 29-ilova rus tilidagi matnda berilgan.
24. 2008-yilgi makroiqtisodiy koʻrsatkichlarning oʻzgarishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligining 2008-yilgi Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti asosiy parametrlarini quyidagi hajmlarda aniqlashtirish toʻgʻrisidagi taklifi qabul qilinsin:
Davlat budjeti daromadlari 8559,7 mlrd. soʻm, xarajatlari — 8196,1 mlrd. soʻm miqdorida (shu jumladan Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi budjetdan tashqari Pensiya jamgʻarmasiga dotatsiyalar 194,5 mlrd. soʻm miqdorida), budjet profitsiti yalpi ichki mahsulot hajmiga nisbatan 1,0 foiz boʻlgan holda;
Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi budjetdan tashqari Pensiya jamgʻarmasining kassa aylanmasi naqd summasi normativlari 2009-yilning 1-yanvarigacha respublika budjeti mablagʻlari hisobiga 160,0 mlrd. soʻm miqdorida boʻldi.
Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Moliya vazirligining gʻaznachiligi budjet tashkilotlari va Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki bilan birgalikda 2009-yilning yanvar oyida, oʻtkazilgan operatsiyalarni 2008-yilgi Davlat budjetining ijrosi toʻgʻrisidagi hisobotda aks ettirgan holda 2008-yilgi Davlat budjeti ijrosi boʻyicha qonun hujjatlarida belgilangan tartibda yakuniy operatsiyalar oʻtkazsin.
25. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Iqtisodiyot vazirligi bilan birgalikda makroiqtisodiy koʻrsatkichlar prognozi har chorakda bajarilishini va Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjetining 2009-yilgi ijrosini tahlil etish natijalari boʻyicha, zarurat boʻlganda, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga Davlat budjeti asosiy parametrlarini Davlat budjetining belgilangan taqchilligi doirasida aniqlashtirishga doir takliflar kiritsin.
26. Belgilansinki, 2009-yilning 1-yanvaridan boshlab pensiyalarni hisoblab chiqish uchun mavjud boʻlgan uzilishlardan qatʼi nazar, mehnat faoliyatining oxirgi oʻn yili mobaynidagi istalgan ketma-ket besh yilning (pensiyaga murojaat qilganning tanloviga koʻra) amaldagi oʻrtacha oylik ish haqi olinadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi bir hafta muddatda “Fuqarolarning davlat pensiya taʼminoti toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida” Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni loyihasini pensiyalarni tayinlashdagi samarasiz imtiyozlarni maqbullashtirish va pensiya toʻlashni tartibga solishni hisobga olgan holda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasiga koʻrib chiqish uchun kiritsin.
27. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 30-ilovaga muvofiq qarorlari oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
2009-yilning 1-yanvaridan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti va Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga 31-ilovaga muvofiq oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritilsin.
28. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Adliya vazirligi hamda boshqa manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda mazkur qarorning qabul qilinishi munosabati bilan qonun hujjatlariga oʻzgartirishlar va qoʻshimchalar boʻyicha Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
Vazirliklar va idoralar, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bir hafta muddatda ilgari chiqarilgan normativ hujjatlarini ushbu qarorga muvofiqlashtirsinlar.
29. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi oʻrinbosari R.S. Azimov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2008-yil 29-dekabr,
PQ-1024-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2008-yil 29-dekabrdagi PQ-1024-son qaroriga
30-ILOVA
30-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining oʻz kuchini yoʻqotgan qarorlari
1. 2009-yil 1-yanvardan — Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasining Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasi faoliyatini tashkil qilish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2006-yil 16-maydagi PQ-350-son qarori 3-bandining beshinchi xatboshi.
2. 2009-yil 1-sentabrdan:
Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasining tashqi siyosiy va tashqi iqtisodiy xizmatlari uchun kadrlar tayyorlashni takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 1998-yil 2-oktabrdagi 417-son qarori 2-bandining ikkinchi xatboshi;
Vazirlar Mahkamasining “Toshkent Islom universiteti faoliyatini tashkil etish toʻgʻrisida” 1999-yil 6-maydagi 224-son qarorining 4-bandi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2008-yil 29-dekabrdagi PQ-1024-son qaroriga
31-ILOVA
31-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining ayrim qarorlariga 2009-yil 1-yanvardan boshlab kiritilayotgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Shaxsiy yordamchi, dehqon va fermer xoʻjaliklarida, chorva mollarni koʻpaytirishni ragʻbatlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2006-yil 23-martdagi PQ-308-son qarori 1-bandining ikkinchi xatboshi quyidagi tahrirda bayon qilinsin:
“Shaxsiy yordamchi va dehqon xoʻjaligida qoramol oʻstirish bilan shugʻullanuvchi jismoniy shaxslarga pensiyalar tayinlashda mehnat staji ular tomonidan budjetdan tashqari Pensiya jamgʻarmasiga sugʻurta badallari bir yilda eng kam oylik ish haqining kamida toʻrt yarim baravari miqdorida toʻlangan taqdirda hisoblab chiqiladi”.
Oldingi tahrirga qarang.
(2-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2016-yil 23-sentabrdagi PF-4847-sonli Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — OʻR QHT, 2016-y., 39-son, 458-modda)
Oldingi tahrirga qarang.
(3-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 27-iyundagi PF-5097-sonli Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — OʻR QHT, 2017-y., 28-son, 636-modda)
4. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Davlat budjeti gʻazna ijrosi tizimini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2007-yil 28-fevraldagi PQ-594-son qarorida:
3-bandning ikkinchi xatboshi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Oʻzbekiston Respublikasi moliya vaziriga, zarur hollarda, gʻaznachilikning markaziy apparati va uning boʻlinmalari tuzilmasiga gʻaznachilik xodimlarining cheklangan umumiy soni va moliya organlari boshqaruv xodimlarining belgilangan soni doirasida oʻzgartishlar kiritish huquqi berilsin”;
ikkinchi xatboshiga “va faqat u amalga oshirilgandan keyin kuchga kiradi” soʻzlari qoʻshilsin;
quyidagi mazmundagi xatboshi qoʻshilsin:
“tashkilotlar nomidan va ularning topshirigʻiga koʻra gʻaznachilik tomonidan toʻlovlarni amalga oshirishda xizmat koʻrsatuvchi banklarga vositachilik haqlarini hisob-kitobning akkreditiv shaklidan foydalangan holda toʻlash ularning xarajatlar smetalarida nazarda tutilgan mablagʻlar hisobidan amalga oshiriladi”.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasida 2010-yilgacha boʻlgan davrda xizmat koʻrsatish va servis sohasini rivojlantirishni jadallashtirishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2007-yil 21-maydagi PQ-640-son qarorining 6-bandi ikkinchi xatboshidagi “2010-yil 31-dekabrgacha” soʻzlari “2012-yil 1-yanvargacha” soʻzlari bilan almashtirilsin.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Xorijiy investitsiyalar ishtirokida “Jeneral Motors Oʻzbekiston” korxonasini barpo etish toʻgʻrisida” 2008-yil 21-fevraldagi PQ-800-son qarori 8-bandiga quyidagi mazmundagi xatboshi qoʻshilsin:
“Belgilab qoʻyilsinki, “Jeneral Motors Oʻzbekiston” yopiq aksiyadorlik jamiyati rasmiy dilerlarining avtomobillarni taʼmirlash va ularga servis xizmatlari koʻrsatish, jumladan ushbu xizmatlarni koʻrsatish vaqtida oʻrnatiladigan ehtiyot qismlar, uzellar, agregatlar va materiallarning narxlari, shuningdek ehtiyot qismlar, uzellar, agregatlar va materiallarni ularning savdo tarmoqlari orqali sotish qoʻshilgan qiymat soligʻisiz amalga oshiriladi”.
7. Vazirlar Mahkamasining 1994-yil 9-martdagi 124-son qarori bilan tasdiqlangan Yoqilgʻi-energetika resurslaridan foydalanish qoidalarini buzganlik uchun iqtisodiy jazolarni qoʻllash toʻgʻrisidagi Nizom III boʻlimining 5-bandidagi “Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligining gʻaznachiligi va uning hududiy boʻlinmalari” soʻzlari “Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi va uning boʻlinmalari” soʻzlari bilan almashtirilsin.
8. Vazirlar Mahkamasining “Xalqaro tiklanish va taraqqiyot banki reabilitatsiya qarzidan foydalanish va hamkorlik dasturini amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 1995-yil 4-maydagi 160-son qarorining 1-bandi quyidagi tahrirda bayon qilinsin:
“1. Quyidagilar:
160 mln. AQSH dollari miqdorida 20 yil muddatga, jumladan besh yillik imtiyozli davr bilan beriladigan reabilitatsiya qarzi Oʻzbekiston Respublikasi milliy valyutasini qoʻllab-quvvatlashga yoʻnaltirilishi;
asosiy qarz, foizlar va komissiyalarni toʻlash Davlat budjeti mablagʻlari hisobidan amalga oshirilishi maʼlumot uchun qabul qilinsin”.
9. Vazirlar Mahkamasining 1997-yil 31-martdagi 165-son qarori bilan tasdiqlangan Narxlar (tariflar)ni shakllantirish va ularning qoʻllanilishini nazorat qilish tartibi 26-bandining birinchi xatboshidagi “Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligining gʻaznachiligi va uning hududiy boʻlinmalari” soʻzlari “Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi va uning boʻlinmalari” soʻzlari bilan almashtirilsin.
10. Vazirlar Mahkamasining “Birjadan tashqari valyuta bozorini yanada rivojlantirish va mustahkamlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2000-yil 29-iyundagi 245-son qarori (Oʻzbekiston Respublikasi QT, 2000-y., 6-son, 33-modda) 4-bandining uchinchi xatboshi quyidagi tahrirda bayon qilinsin:
“belgilangan muddatlari oʻtgandan keyin xorijiy valyuta tushumi tushishini 30 bank kunidan koʻproq (2009-yilda — 60 bank kuni) kechikishiga yoʻl qoʻygan yuridik shaxs-rezidentlar, respublika budjeti foydasiga tushmagan valyuta mablagʻlari summasiga nisbatan 100 foiz ekvivalentida jarima toʻlaydilar;
Oldingi tahrirga qarang.
(11-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 5-dekabrdagi PQ-4544-sonli qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 06.12.2019-y., 07/19/4544/4111-son)
12. Vazirlar Mahkamasining 2001-yil 3-martdagi “Oʻzbekiston temir yoʻllari” davlat-aksiyadorlik kompaniyasini boshqarishni tashkil etishni takomillashtirish toʻgʻrisida”gi 108-son qarori 4-bandining beshinchi xatboshiga quyidagi mazmundagi ibora qoʻshilsin:
“Oʻzbekiston temir yoʻllari” davlat aksiyadorlik kompaniyasi tizimiga kiradigan korxonalar oʻrtasida mol-mulkni bepul berishda daromad soligʻi va qoʻshilgan qiymat soligʻi boʻyicha markazlashgan tartibdagi hisob-kitoblarda qabul qiluvchi va beruvchi tomonlar foyda soligʻi va qoʻshilgan qiymat soligʻi solish obyekti hisoblanmaydi”.
Oldingi tahrirga qarang.
(13-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 4-apreldagi PF-5398-sonli Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan)
14. Vazirlar Mahkamasining 2002-yil 15-noyabrdagi 393-son qarori (Oʻzbekiston Respublikasi QT, 2002-y., 11-son 69-modda) bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligining Nazorat-taftish bosh boshqarmasi va uning hududiy nazorat-taftish boshqarmalari toʻgʻrisidagi nizomda:
7-band yigirma uchinchi xatboshidan “budjetdan mablagʻ oluvchilarning xarid qilinadigan tovarlar (ishlar, xizmatlar) narxini sunʼiy ravishda oshirib yuborishini” soʻzlari chiqarib tashlansin;
8-band oʻn toʻrtinchi xatboshidan “budjetdan mablagʻ oluvchilarning xarid qilinadigan tovarlar (ishlar, xizmatlar) narxini sunʼiy ravishda oshirib yuborishini” soʻzlari chiqarib tashlansin.
15. Vazirlar Mahkamasining “Respublika toʻqimachilik tarmogʻiga investitsiyalar jalb etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2005-yil 27-yanvardagi 38-son qarori 5-bandidagi “2009-yil” soʻzlari “2012-yil” soʻzlari bilan almashtirilsin.
16. Vazirlar Mahkamasining 2006-yil 21-apreldagi 67-son qarori (Oʻzbekiston Respublikasi QT, 2006 y,. 4-son, 27-modda) bilan tasdiqlangan Shaxsiy yordamchi va dehqon xoʻjaliklarida qoramol boqayotgan va yetishtirilgan chorvachilik mahsulotlarini sotayotgan fuqarolarning bandligi toʻgʻrisidagi nizomda:
2-band uchinchi xatboshidagi “har oyda eng kam oylik ish haqining kamida 50 foizi miqdorida” soʻzlari “bir yilda eng kam oylik ish haqining toʻrt yarim barobaridan kam boʻlmagan miqdorda” soʻzlari bilan almashtirilsin;
16-banddagi “eng kam oylik ish haqining 50 foizidan kam boʻlmagan” soʻzlari “bir yilda eng kam oylik ish haqining toʻrt yarim barobaridan kam boʻlmagan miqdorda” soʻzlari bilan almashtirilsin;
17-banddagi “har oyda, jismoniy shaxslarning daromad soliqlarini toʻlash uchun belgilangan muddatlarda” soʻzlari “hisobot yilining 1-oktabriga qadar” soʻzlari bilan almashtirilsin;
18-bandning uchinchi xatboshi quyidagi tahrirda bayon qilinsin:
“badallar toʻlanmagan oldingi davrlar uchun bir yilda eng kam oylik ish haqining toʻrt yarim barobaridan kam boʻlmagan summada, toʻlov kunidagi eng kam oylik ish haqi miqdoridan kelib chiqqan holda sugʻurta badallarini toʻlashga yoʻl qoʻyiladi”.
17. Vazirlar Mahkamasining “Don va donni qayta ishlash mahsulotlari hisobini yuritish tizimini takomillashtirishga, ularning saqlanishi ustidan nazoratni kuchaytirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2006-yil 25-maydagi 95-son qarori (Oʻzbekiston Respublikasi QT, 2006-y., 5-son, 35-modda) 4-bandiga quyidagi mazmundagi xatboshi qoʻshilsin:
“Oʻzdonmahsulot” aksiyadorlik kompaniyasi tizimi tarkibiga kiradigan, don, davlat resursidagi donni dastlabki qayta ishlovdan keyingi qoʻshimcha mahsulotlar va chiqindilarni sanoat yoʻli bilan qayta ishlash uchun sotishni amalga oshiruvchi korxonalar uchun qoʻshilgan qiymat soligʻi boʻyicha soliqqa tortiladigan mahsulot aylanmasi miqdori ustama narx summasidan kelib chiqqan holda belgilanadi. Bunda boshqa tashkilotlarga, shu jumladan spirt ishlab chiqarish uchun, don sotish aylanmasi umumiy belgilangan tartibda qoʻshilgan qiymat soligʻi boʻyicha soliqqa tortiladi”.
18. Vazirlar Mahkamasining 2007-yil 13-iyuldagi 143-son qarori bilan tasdiqlangan Xalqaro tiklanish va taraqqiyot banki tomonidan berilgan institutsional kreditiga xizmat koʻrsatish tartibi toʻgʻrisidagi nizomning 11-bandidagi “haqiqiy toʻlov sanasidagi Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki” soʻzlari “haqiqiy toʻlov sanasidagi banklararo savdo sessiyalarida belgilangan” soʻzlari bilan almashtirilsin.
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2008-y., 52-son, 515-modda; 2009-y., 32-33-son, 359-modda, 52-son, 560-modda; 2010-y., 13-son, 92-modda; 2011-y., 9-son, 84-modda, 52-son, 561-modda; 2012-y., 3-4-son, 26-modda, 52-son, 587-modda; 2014-y., 29-son, 356-modda; 2016-y., 39-son, 458-modda; 2017-y., 28-son, 636-modda, 35-son, 923-modda; Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 04.05.2018-y., 06/18/5428/1158-son, 27.12.2018-y., 07/18/4086/2354-son, 06.12.2019-y., 07/19/4544/4111-son; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 30.11.2021-y., 06/21/26/1111-son)