Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining
Qarori
AYRIM KORXONALAR VA MOL-MULKNI DAVLAT TASARRUFIDAN ChIQARISh VA XUSUSIYLAShTIRIShNING BAʼZI MASALALARI TOʻGʻRISIDA
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasining “Davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 4-moddasiga oʻzgartishlar kiritish, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasining davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirish masalalariga oid ayrim qonun hujjatlarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb topish haqida”gi 2006-yil 3-apreldagi OʻRQ–27-sonli Qonuni bilan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirish jarayonlarini chuqurlashtirish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi taqdim etgan:
davlat tasarrufidan chiqarilishi, xususiylashtirilishi va sotib olinishi mumkin boʻlmagan korxonalar va mol-mulk turlari hamda guruhlarining Roʻyxati 1-ilovaga muvofiq;
davlat tasarrufidan chiqarilishi va xususiylashtirilishi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qaroriga binoan amalga oshiriladigan obyektlar hamda korxonalarning Roʻyxati 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashining 1992-yil 2-iyuldagi 613-XII-son Qarorining (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashining Axborotnomasi, 1992-yil, № 9, 325-modda) 2-bandi, shuningdek ushbu Qarorga, 1, 2, 3-ilovalar oʻz kuchini yoʻqotgan deb topilsin.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Raisi E. XALILOV
Toshkent sh.,
1995-yil 31-avgust,
119-I-son
Davlat tasarrufidan chiqarilishi, xususiylashtirilishi va sotib olinishi mumkin boʻlmagan korxonalar va mol-mulk turlari hamda guruhlarining
ROʻYXATI
1. Respublika hududi doirasida yer osti boyliklari ichki suvlar, havo havzasi, oʻsimlik va hayvonot dunyosi.
2. Tarixiy-madaniy va tabiiy meros obyektlari, muzeylar va muzey boyliklari, boshqa badiiy qadriyatlar (tarix va madaniyat yodgorliklari, davlat fondlari, shu jumladan kitoblarni, kino, foto va fotohujjatlarning davlat fondlari, arxivlar va ilmiy-tadqiqot muassasalarining fondlari).
3. Respublikaning Davlat xazinasi, respublika Davlat budjetining, valyuta zaxirasining, Pensiya jamgʻarmasining va davlatning budjetdan tashqari jamgʻarmalarining, Markaziy bankning mablagʻlari, shuningdek respublikaning oltin zaxirasi.
4. Pul muomalasi sohasida xizmat koʻrsatuvchi davlat muassasalari, pul belgilarini, davlat xazina biletlarini, aksiyalar, obligatsiyalar va boshqa qimmatli qogʻozlarni, ordenlar, medallar va pochta toʻlovi belgilarini chiqarishni taʼmin etuvchi Davlat zarbxonasi korxonalari va muassasalari.
5. Respublika Qurolli Kuchlarining, Milliy xavfsizligi xizmatining va Ichki ishlar vazirligining korxonalari, va muassasalari harbiy-texnikaviy mol-mulki (sanoatda qayta ishlov berilgunga qadar, shuningdek sanoatda qayta ishlov berilishi mumkin boʻlmagan mol-mulk).
6. Rentgen uskunalarini, radioaktiv moddalar va izotoplarni ishlatib ilmiy-tadqiqot, tajriba-konstruktorlik ishlari olib boruvchi, shunday uskunalar, moddalar va izotoplar ishlatiladigan asbob-uskunalarni ishlab chiqish, tayyorlash va realizatsiya qilish bilan shugʻullanuvchi korxonalar va obyektlar.
7. Radioaktiv moddalarni qazib olish, ishlab chiqarish, tashish, qayta ishlash bilan, radioaktiv chiqindilarni koʻmish, uran va boshqa boʻlinuvchi materiallarni, shuningdek ulardan yasalgan mahsulotlarni realizatsiya qilish bilan shugʻullanuvchi korxonalar va obyektlar.
8. Raketa-koinot majmuilari, aloqa tizimlari va ularni boshqarish vositalarini ishlab chiqish, tayyorlash, taʼmirlash va realizatsiya qilish bilan shugʻullanuvchi korxonalar va obyektlar.
9. Qurol-yarogʻ va oʻq-dorilar, himoya vositalari, harbiy texnika, ehtiyot qismlar, butlash qismlari va ularga kerakli asboblar, portlovchi moddalar, pirotexnika mahsulotlari, shuningdek ularni ishlab chiqarish uchun maxsus materiallar va uskunalar ishlab chiqish, tayyorlash, taʼmirlash va realizatsiya qilish bilan shugʻullanuvchi korxonalar.
10. Ovchilik va sport sohasida foydalaniladigan oʻqotar qurollar, ular uchun oʻq-dori, shuningdek tigʻ qurol (sovgʻa tarzidagi milliy pichoqlar bundan mustasno) ishlab chiqarish, tayyorlash, taʼmirlash va realizatsiya qilish bilan shugʻullanuvchi korxonalar va tashkilotlar.
11. Kuchli taʼsir etadigan zaharlarni, giyohvandlik moddalari va zaharli moddalarni ishlab chiqaruvchi, shuningdek tarkibida giyohvandlik moddalari va zaharli moddalar boʻlgan ekinlarni ekuvchi, yetishtiruvchi va ularga qayta ishlov beruvchi korxonalar.
12. Respublikaning davlat zaxiralari. Fuqarolik mudofaasi va safarbarlik maqsadidagi obyektlar hamda mol-mulklar.
13. Atom energetikasi obyektlarini (uskunalari, tizimlari va apparatlarini oʻrnatish) va strategik ahamiyatdagi obyektlarni qurish va montaj qilish ishlarini olib borish, ulardan foydalanish hamda ularni taʼmirlash bilan shugʻullanuvchi ixtisoslashtirilgan korxonalar va tashkilotlar.
14. Portlab ketish xavfi bor va zaharli moddalarni tashuvchi ixtisoslashtirilgan korxonalar.
15. Umumiy foydalanishdagi avtomobil yoʻllari. Harbiylashtirilgan avtokolonnalar.
16. Sanitariya-epidemiologiya stansiyalari, sud-tibbiy ekspertizasi byurolari. Atrof muhit holatini nazorat qiluvchi hamda tabiatni muhofaza qiluvchi xizmatlar.
17. Davolash-ishlab chiqarish ustaxonalari, axloq tuzatish-mehnat muassasalarining korxonalari.
Oldingi tahrirga qarang.
18. Maxsus vazifalarni bajaradigan korxonalar (Respublika maxsus aloqa uzeli, 1536 raqamli Harbiy qism, Elektromagnit moslik markazi).
(1-ilovaning 18-bandi Oʻzbekiston Respublikasining 2000-yil 26-maydagi 82-II-son Qonuni tahririda — Oliy Majlis Axborotnomasi, 2000-y., 5-6-son, 153-modda)
19. Qabristonlar.
Davlat tasarrufidan chiqarilishi va xususiylashtirilishi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qaroriga binoan amalga oshiriladigan obyektlar va korxonalar
ROʻYXATI
1. Asosiy fondlarining balans qiymati 100 million soʻmlikdan ortiq (1995-yil 1-yanvargacha) boʻlgan korxonalar.
2. Qimmatbaho, nodir metallar, qimmatbaho toshlar olish hamda qayta ishlash korxonalari.
3. Sanoatning tayanch tarmoqlari: yoqilgʻi-energetika, qazib olish, mashinasozlik va paxtani qayta ishlash majmuilarining korxonalari va tashkilotlari. Neft, gaz va koʻmir qazib chiqarish, quduqlar burqilash korxonalari va tashkilotlari. Katta nefteprovod va gazoprovodlar, neft mahsulotlarini oqizma holda yetkazib beradigan quvurlar, elektr va issiqlik hosil qiluvchi stansiyalar va tuman qozonxonalari, tizim hosil etadigan elektr tarmoqlari. Avtomobillarga yonilgʻi quyish stansiyalari.
4. Kimyo korxonalari (gerbitsidlar, mineral oʻgʻitlar, sintetik tolalar, qishloq xoʻjalik zararkunandalariga qarshi kurashda ishlatiladigan zaharli kimyoviy dorilar va shu kabilarni ishlab chiqarish).
5. Farmatsevtika sanoati hamda tibbiy-biologik dori-darmonlar sanoati korxonalari.
6. Elektr aloqasi korxonalari, televizion, radio qabul qilish va radio uzatish markazlari hamda ularning muhandislik inshootlari.
7. Matbaa korxonalari va nashriyotlar.
8. Axborot va telegraf agentliklari.
9. Shifrlashda ishlatiladigan texnikani ishlab chiqarish, taʼmirlash, realizatsiya qilish va undan foydalanish bilan shugʻullanuvchi korxonalar va tashkilotlar.
10. Standartlashtirish va metrologiya korxonalari va tashkilotlari.
11. Tavakkalchilik ishlari moʻl obyektlar hamda botiniy va zohiriy xavf-xatari bor ishlab chiqarish obyektlari (1-ilovaning 13-bandida koʻrsatib oʻtilgan obyektlar bundan mustasno) qurish hamda ulardan foydalanish bilan, ular uchun uskunalar, nazorat qilish va falokatlarning oldini olish tizimlari tayyorlash bilan shugʻullanuvchi korxonalar va tashkilotlar.
12. Yongʻinga qarshi avtomatika vositalarini, qoʻriqlovchi, yongʻindan ogohlantiruvchi va qoʻriqlash-yongʻindan ogohlantirishga moʻljallangan signal berish vositalarini loyihalash, ulash, taʼmirlash, montaj qilish, sozlash bilan shugʻullanuvchi korxonalar va tashkilotlar.
13. Suv xoʻjaligi hamda melioratsiya tizimlarini, avariya-qutqaruv kemalarini, gidrotexnik inshootlarni texnik nazorat qilish kemalarini loyihalash, qurish, taʼmirlash hamda ularni ishlatish bilan shugʻullanuvchi korxonalar va tashkilotlar.
14. Muhandislik infrastrukturasi obyektlari: shaharlar va tuman markazlarining elektr, issiqlik va gaz taʼminoti, vodoprovod-kanalizatsiya xoʻjaligi, tashqi yoritish, zohiriy obodonlashtirish obyektlari, shuningdek bunday obyektlarni loyihalash, qurish, ulardan foydalanish va ularga xizmat koʻrsatish bilan shugʻullanuvchi korxonalar.
15. Temir yoʻl, havo va daryo transportida yoʻlovchilar va yuklar tashish bilan shugʻullanuvchi korxonalar va tashkilotlar.
16. Shaharda yoʻlovchilar tashish bilan shugʻullanuvchi korxona va tashkilotlar.
17. Vazirliklar, idoralarning oliy, oʻrta maxsus oʻquv yurtlari, hunar-texnika bilim yurtlari, shuningdek umumtaʼlim maktablar, maktab-internatlar, bolalar uylari va maktabgacha tarbiya bolalar muassasalari.
18. Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining, Oʻzbekiston qishloq xoʻjalik fanlari akademiyasining muassasalari va tashkilotlari.Davlat ilmiy markazlari.
19. Davlat naslchilik xoʻjaliklari va fermerlari, ot zavodlari, elita-urugʻchilik xoʻjaliklari, urugʻchilik seleksiya stansiyalari, davlat urugʻchilik inspeksiyalari va qishloq xoʻjalik ekinlarining texnologik sifatini baholash laboratoriyalari, nav sinov stansiyalari va uchastkalari.
20. Oʻrmon xoʻjalikning, geologiya, kartografiya-geodeziya gidrometeorologiya xizmatlarning korxonalar va tashkilotlar, texnologiya aloqasi va uning axborot markazlari.
21. Sanoatning qattiq chiqindilari va roʻzgʻor chiqindilari koʻmiladigan maydonlar, binolar, inshootlar va koʻmish uchun kerakli uskunalar, chorva mollarni koʻmadigan joylar.
22. Mashina sinash stansiyalari, elevatorlar, sovutgichxonalar, ombor xoʻjaligi obyektlari.
23. Respublikadan chetda joylashgan davlat sanatoriy-kurort xoʻjaliklari.
24. Konsert-tomosha koʻrsatish muassasalarining korxonalari va obyektlari, kinolashtirish obyektlari, shuningdek kutubxonalar va qiroatxonalar.
25. Sogʻliqni saqlash muassasalari.
26. Veterinariya xizmat, oʻsimliklarni himoya qilish xizmati korxonalari va tashkilotlari.
27. Nogironlar, keksalar va fuqarolarning ijtimoiy jihatdan himoya etilmagan boshqa toifalari qarovda boʻladigan uylar va internatlar.
28. Bolalar, oʻsmirlar va yoshlarning sogʻlomlashtirish muassasalari.
29. Marosimlar oʻtkazishda xizmat koʻrsatadigan korxonalar, tashkilotlar va muassasalar.
(Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1995-y., 9-son, 194-modda; 2000-y., 5-6-son, 153-modda)