Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Qozogʻiston Respublikasi Hukumati oʻrtasida
Bitim
JINOYaTChILIKKA QARShI KURAShDA HAMKORLIK QILISh TOʻGʻRISIDA
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Qozogʻiston Respublikasi Hukumati, bundan keyin «Tomonlar» deb ataluvchilar,
jinoyatchilik, ayniqsa uyushgan shakldagi jinoyatchilik rivojlanishining miqyoslari va yoʻnalishlaridan tashvishlanayotganliklarini bildirib,
oʻz mamlakatlarining fuqarolarini insonning hayoti, huquqi, erki, shaʼni va qadr-qimmatiga tahdid soluvchi kuchlardan ishonchli himoya qilish, jamiyat va davlat manfaatlarini taʼminlashga intilishdan kelib chiqib,
umum tan olingan inson huquq va erkinliklariga rioya qilishda xalqaro hamkorlikka alohida ahamiyat berib,
Oʻzbekiston Respublikasi va Qozogʻiston Respublikasi oʻrtasida fuqarolik, oilaviy hamda jinoiy ishlar boʻyicha huquqiy yordam va huquqiy munosabatlar toʻgʻrisida 1997 yil 2 iyundagi Shartnomani eʼtiborga olib,
Birlashgan Millatlar Tashkiloti hamda Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligining jinoyatchilikning oldini olish va jinoiy odil sudlovni amalga oshirish borasidagi hujjatlarining qoidalarini hisobga olib,
teng huquqlilik va oʻzaro foydali hamkorlik prinsiplaridan kelib chiqib,
quyidagilar toʻgʻrisida ahdlashib oldilar:
1-modda
Bitimning qoʻllanish doirasi va subʼektlari
Bitimning qoʻllanish doirasi va subʼektlari
1. Tomonlar oʻzlarining vakolatli markaziy organlari orqali ushbu Bitim qoidalariga muvofiq va oʻz davlatining qonunlari hamda xalqaro majburiyatlariga amal qilib, jinoyatchilikka qarshi kurashishda hamkorlikni amalga oshiradilar.
2. Ushbu Bitim maqsadlari uchun quyidagilar markaziy vakolatli organlar hisoblanadilar:
Oʻzbekiston Respublikasidan — Prokuratura, Ichki ishlar vazirligi, Milliy xavfsizlik xizmati, Davlat bojxona qoʻmitasi, Davlat soliq qoʻmitasi, Adliya vazirligi, Moliya vazirligi, Markaziy bank;
Qozogʻiston Respublikasidan — Bosh Prokuratura, Milliy xavfsizlik qoʻmitasi, Ichki ishlar vazirligi, Adliya vazirligi, Mudofaa vazirligining Davlat chegaralarini qoʻriqlash kuchlari, Davlat daromadlari vazirligi, Favqulodda vaziyatlar boʻyicha qoʻmita.
3. Tomonlardan har biri oʻzining markaziy vakolatli organlari roʻyxatiga oʻzgartishlar kiritish toʻgʻrisida boshqa Tomonni xabardor qiladi.
4. Markaziy vakolatli organlar ushbu Bitimni bajarish maqsadida bir-biri bilan bevosita hamkorlik qiladilar.
2-modda
Hamkorlik yoʻnalishlari
Hamkorlik yoʻnalishlari
1. Tomonlar jinoyatlarning oldini olish, ularni aniqlash, bartaraf etish va ochish boʻyicha, xususan jamiyat uchun xavfli quyidagi qilmishlar boʻyicha hamkorlik qiladilar:
— shaxsning hayoti, sogʻligʻi, erkinligi va qadr-qimmati, shuningdek mulkiga qarshi kuch ishlatib qilinadigan jinoyatlar;
— tajovuzkorlik, uyushgan jinoyatchilik va korrupsiya;
— qurol-yarogʻ, oʻq-dori, portlovchi va zaharli moddalar, kimyoviy, biologik, radioaktiv hamda yadroviy materiallarning gʻayriqonuniy aylanishi, strategik maqsadlardagi texnologiyalar va harbiy texnikaning gʻayriqonuniy aylanishi;
— odam oʻgʻirlash va odamfurushlik, kishi aʼzolari va toʻqimalarini gʻayriqonuniy sotish;
— fohishabozlikka aloqador gʻayriqonuniy faoliyat;
— narkotik vositalar, psixotrop moddalar va prekursorlarning gʻayriqonuniy aylanishi;
— ekologik jinoyatlar;
— iqtisodiyot, jumladan valyuta boyliklari operatsiyasi bilan gʻayriqonuniy shugʻullanish, gʻayriqonuniy ravishda xalqaro moliyaviy va eksport operatsiyalari bilan shugʻullanish, jinoiy faoliyatdan topilgan daromadlarni legalizatsiya qilish, qalbaki pul belgilarini va moliyaviy hujjatlarni, qiymatdor qogʻozlarni va naqd pulsiz vositalarni yasash va tarqatish;
— kontrabanda va bojxona qonunlarini buzish;
— madaniy va tarixiy boyliklarga jinoiy tajovuzlar;
— transportdagi jinoyatlar;
— avtotransport vositalarini oʻgʻirlash va ularni gʻayriqonuniy tasarruf etish.
2. Tomonlar quyidagi sohalar boʻyicha bir-birlariga koʻmaklashadilar:
— transportda va yoʻl harakatida xavfsizlikni taʼminlash;
— jinoiy jazolarni oʻtashni tashkil qilish;
— pasport-viza ishlari, xorijiy fuqarolar va fuqaroligi boʻlmagan shaxslarning kelish-ketishlari, tranzit tarzda oʻtishlari hamda turishlarini nazorat qilish;
— qimmatbaho va maxsus yuklarni kuzatib borish va qoʻriqlash;
— yongʻin xavfsizligini taʼminlash;
— nomaʼlum jasadlarning, oʻzi haqida maʼlumot bera olmaydigan bemorlar va bolalarning kimligini aniqlash.
3. Tomonlar quyidagi yoʻnalishlar boʻyicha ham oʻzaro hamkorlik qiladilar:
— oʻz vakolatli organlari faoliyatini moddiy-texnikaviy taʼminlash;
— kadrlar tayyorlash va ularning malakasini oshirish;
— jinoyatchilikka qarshi kurashishni koʻzlab, jumladan axborot tizimlari, aloqa vositalari va maxsus texnikani rivojlantirish uchun ilmiy tadqiqotlar olib borish.
4. Tomonlar ushbu Bitim doirasidagi faoliyat natijasida olib qoʻyilgan oʻgʻirlash yoki gʻayriqonuniy moliyaviy (yoki eksport) operatsiyalar natijasida qoʻlga kiritilgan narsalarni, mol-mulk, shuningdek pul mablagʻlarini qaytarishda bir-birlariga yordam beradilar.
3-modda
Hamkorlik shakllari
Hamkorlik shakllari
Ushbu Bitimning 2-moddasi qoidalarini bajarish maqsadida Tomonlarning markaziy vakolatli organlari xususan quyidagi shakllarda hamkorlikni amalga oshiradilar:
— tayyorlanayotgan yoki sodir etilgan jinoyatlar hamda ularga aloqador jismoniy va yuridik shaxslar, tashkilotlar toʻgʻrisida qiziqish uygʻotadigan axborotlarni oʻzaro almashish;
— tezkor-qidiruv tadbirlarni oʻtkazish toʻgʻrisidagi soʻrovlarni bajarish;
— jinoiy taʼqibdan yoki jazoni oʻtashdan qochib yurgan, shuningdek bedarak yoʻqolgan shaxslarni qidirish;
— gʻayriqonuniy aylanishda paydo boʻlgan giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalar hamda prekursorlarning yangi turlari, ularni ishlab chiqarish texnologiyasi va bunda ishlatiladigan moddalar, shuningdek, giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalarni tadqiq etish hamda tenglashtirishning yangicha metodlari yuzasidan axborotlarni oʻzaro almashish;
— muayyan nomer yoki maxsus tanish belgilariga ega boʻlgan, jumladan avtotransport va oʻqotar qurollarni, shuningdek nomerli qiymatdor qogʻoz va pasport (shaxsiy guvohnoma)larni qidirish;
— ish tajribasini almashish, shu jumladan stajirovka, maslahatlashish, seminar va oʻquv kurslarini oʻtkazish;
— qonunshunoslikka oid va boshqa meʼyoriy-huquqiy hujjatlarni oʻzaro almashish, oʻquv va metodik asarlarni sotib olishda koʻmaklashish;
— oʻzaro manfaatli masalalar boʻyicha birgalikda ilmiy tadqiqotlar oʻtkazish;
— oʻzaro manfaatli asosda ilmiy-texnikaviy asarlar hamda axborotlarni almashish.
4-modda
Koʻmaklashish toʻgʻrisida soʻrovlar
Koʻmaklashish toʻgʻrisida soʻrovlar
1. Ushbu Bitim doirasida hamkorlik Tomonlar vakolatli organlarining koʻmaklashish toʻgʻrisidagi soʻrovlari asosida amalga oshiriladi.
2. Koʻmaklashish toʻgʻrisidagi soʻrov yozma ravishda yuboriladi. Soʻrovning haqqoniyligi yoxud uning mazmuniga shubha tugʻilganida uni tasdiqlashni soʻrab murojaat qilish mumkin.
3. Koʻmaklashish toʻgʻrisidagi soʻrovda quyidagilar boʻlishi shart:
a) koʻmaklashishni soʻrayotgan vakolatli organ bilan soʻrov yuborilayotgan organning nomi;
b) ish mazmunining bayoni;
v) maqsad va soʻrovning asosliligini koʻrsatish;
g) soʻralayotgan yordamning mazmuni.
4. Soʻrovda, shuningdek, mumkin va lozim boʻlgani qadar, quyidagilar ham boʻlishi shart:
a) ishga aloqador shaxslarning ismi va familiyasi, laqabi, qaysi mamlakat fuqarosi ekanligi, tugʻilgan sanasi va joyi, mashgʻuloti, turar joyi hamda yashab turgan manzili;
b) ishga aloqador firma hamda tashkilotlarning nomi va joylashgan oʻrni;
v) qilmish yoki voqeaning bayoni, jinoiy ishlar boʻyicha esa soʻrov joʻnatayotgan Tomonning davlat qonunlariga muvofiq qilmishning kvalifikatsiyasi va qoʻllanadigan jazoning matni;
g) javob olinishi kerak boʻlgan savollar roʻyxati;
d) soʻrov bajarilayotganida amal qilish shart boʻlgan maxsus tartib bayoni va bu zaruratning asoslanishi;
e) soʻrovni bajarishni osonlashtirishi mumkin boʻlgan boshqa har qanday maʼlumotlar.
5. Koʻmaklashish toʻgʻrisidagi soʻrov koʻmaklashishni soʻrayotgan vakolatli organning rahbari yoki uning oʻrinbosari tarafidan imzolanib, ushbu vakolatli organning gerbli muhri bilan tasdiqlanadi.
6. Koʻmaklashish toʻgʻrisidagi soʻrov ushbu Bitim 1-moddasining 4-bandida koʻrsatilgan tartibda yuboriladi.
5-modda
Koʻmaklashishni rad etish
Koʻmaklashishni rad etish
1. Soʻrovni bajarish yordam soʻralayotgan vakolatli organ davlatining milliy xavfsizligiga va boshqa manfaatlariga ziyon etkazsa yoki bu davlatning milliy qonunlari yoxud xalqaro majburiyatlariga zid kelsa, ushbu Bitim doirasida koʻmaklashish toʻla yo qisman rad etilishi mumkin.
2. Agar soʻrov yuborilishiga sabab boʻlgan qilmish soʻralayotgan Tomon davlatining qonunlari boʻyicha jinoyat hisoblanmasa, koʻmaklashish rad etilishi mumkin.
3. Soʻrovni bajarishni rad etishga qaror qilinsa, soʻrayotgan Tomon rad etishning sababi koʻrsatilgan holda xabardor qilinadi.
6-modda
Soʻrovni bajarish
Soʻrovni bajarish
1. Agar soʻrovni bajarish soʻrovni olgan organning vakolatiga kirmasa, bu organ uni tezda oʻz davlatining tegishli vakolatli organiga oʻtkazib, bu toʻgʻrisida soʻrayotgan Tomonni xabardor qiladi.
2. Zarurat tugʻilganida soʻrov olgan Tomon, uning fikricha, soʻrovni bajarish uchun kerak boʻladigan qoʻshimcha maʼlumotlarni talab qilishga haqli.
3. Soʻralayotgan Tomonning markaziy vakolatli organlari soʻrovni tez, imkoni boricha toʻliq va sifatli qilib bajarish uchun barcha zarur choralarni koʻradi.
Soʻrovning bajarilishiga toʻsqinlik qiladigan yoki uni xiyla kechiktirishi mumkin boʻlgan holatlar mavjud boʻlsa, bu haqda soʻrov yuborgan organ darhol xabardor qilinadi.
4. Soʻrovni bajarishda soʻralayotgan Tomonning qonunlari qoʻllanadi, ammo soʻrayotgan Tomonning iltimosiga koʻra, soʻrovni olgan Tomon davlatining qonunlari yoki xalqaro majburiyatlariga zid kelmasa, uning davlati qonunlari qoʻllanishi mumkin.
5. Agar soʻralayotgan Tomonning vakolatli organi soʻrovni bajarish oʻz davlatida amalga oshirilayotgan jinoiy taʼqib qilish yoki boshqa ishlarga xalaqit beradi deb hisoblasa, u soʻrovni bajarishni kechiktirishi yoki uning bajarilishini soʻrov yuborgan Tomonning markaziy vakolatli organi bilan maslahatlashish oʻtkazganidan keyin zarur deb oʻrtaga qoʻygan shartlarga rioya qilinishiga aloqador qilib qoʻyishi mumkin. Agar soʻrayotgan Tomon shunday shartlarda yordamni qabul qilsa, u ushbu shartlarga amal qilishi kerak.
6. Soʻralayotgan Tomon soʻrayotgan Tomon vakolatli organining soʻrov va uning mazmunini maxfiy tutishni taʼminlash uchun barcha zarur chora-tadbirlarni koʻradi. Soʻralayotgan Tomonning vakolatli organi soʻrovni uning mazmunini sir tutgan holda bajarish imkoni boʻlmasa, bu haqda soʻrayotgan Tomonning vakolatli organini xabardor qilib, shunday vaziyatda soʻrovni bajarish-bajarmaslik masalasini hal qilishni soʻraydi.
7. Soʻralayotgan Tomonning vakolatli organi soʻrayotgan Tomon vakolatli organining iltimosiga koʻra soʻrovni bajarishning borishidan uni xabardor qilib turishi mumkin.
8. Soʻralayotgan Tomonning vakolatli organi soʻrayotgan Tomon vakolatli organini soʻrovning bajarilishi natijalaridan mumkin boʻlgan eng qisqa muddat ichida xabardor qiladi.
9. Tomonlarning vakolatli organlari oʻz davlatlarining qonunlariga muvofiq ravishda va oʻz vakolatlari darajasida bir-birlariga koʻmaklashadilar.
7-modda
Nazorat qilinadigan etkazib berishlar
Nazorat qilinadigan etkazib berishlar
1. Tomonlar oʻz davlatlarining qonunlari hamda oʻz imkoniyatlari doirasida buyum va moddalarning gʻayriqonuniy aylanishida ishtirok etayotgan, shaxslarni aniqlash, ularni jinoiy taʼqib etish maqsadida istalgan uchinchi tomon bilan oʻzaro maqbul shartnomalar asosida, aylanishi taqiqlangan buyum va moddalarni nazorat uchun etkazib berish metodidan tegishlicha foydalanish uchun lozim choralarni koʻradilar.
2. Nazorat uchun etkazib berishlar usulidan foydalanish toʻgʻrisidagi qaror har bir alohida holatda ikkala Tomonning vakolatli organlari tarafidan jamoat xavfsizligi uchun tahdidni hisobga olgan holda qabul qilinadi va zarurat boʻlganida, moliyaviy shartnomalar hamda yurisdiksiya boʻyicha Tomonlar erishgan oʻzaro hamfikrlikni inobatga oladi.
3. Buyumlar va moddalarning nazorat qilinadigan guruhlari erishilgan shartnomalarga muvofiq, shuningdek har qanday uchinchi tomon ishtirokida nazorat qilinadi, jinoiy-protsessual qonunchilikka amal qilgan holda, bu yuklar tutib qolinib, keyingi joʻnatishlarda foydalanish uchun saqlab turilishi yoki olib qolinishi, yoxud ular toʻla yo qisman almashtirilishi mumkin.
8-modda
Jinoiy protsess ishtirokchilari va boshqa shaxslar muhofazasi
Jinoiy protsess ishtirokchilari va boshqa shaxslar muhofazasi
Tomonlar tegishli hollarda oʻz davlatlarining qonunlari asosida shaxslarning, shuningdek koʻrsatma hamda harakatlari uyushgan jinoiy guruh faoliyatining oldini olish yoki bartaraf etish uchun yoxud jinoiy ishlarni tergov qilish yoki sudda koʻrish uchun muhim ahamiyatga ega boʻlsa yoki shunday ahamiyatga ega boʻlishi mumkin boʻlsa, yaqin qarindoshlarining xavfsizligini taʼminlash uchun hamjihatlik asosida oʻzaro kelishilgan chora-tadbirlarni amalga oshiradilar.
9-modda
Markaziy vakolatli organlar oʻrtasida bitimlar
Markaziy vakolatli organlar oʻrtasida bitimlar
Ushbu Bitimni amalga oshirish uchun manfaatdor markaziy vakolatli organlar alohida bitimlar tuzishlari mumkin.
10-modda
Xarajatlar
Xarajatlar
1. Agar har bir konkret hollarda alohida tartib belgilab olingan boʻlmasa, Tomonlar ushbu Bitimni amalga oshirish davomida kelib chiqadigan xarajatlarni oʻzlari mustaqil toʻlaydilar.
2. Tomonlar zarur hollarda jinoyatchilikka qarshi kurashishda muayyan vazifalarni hal etish uchun kerak boʻladigan uskuna va moddalarni bir-biriga yordam tariqasida tekinga berishi mumkin.
11-modda
Til
Til
Hamkorlikni amalga oshirishda Tomonlarning vakolatli organlari rus tilidan foydalanadilar.
12-modda
Ishchi uchrashuvlari va maslahatlashishlar
Ishchi uchrashuvlari va maslahatlashishlar
1. Tomonlarning yoki ular markaziy vakolatli organlarining vakillari lozim hollarda ushbu Bitim asosidagi hamkorlikni mustahkamlash, samaradorligini oshirish maqsadida ishchi uchrashuvlari va maslahatlashishlar oʻtkazadilar.
2. Ushbu Bitim qoidalarini talqin qilish va qoʻllashda kelib chiqishi mumkin boʻlgan barcha bahsli masalalar Tomonlar oʻrtasidagi maslahatlashish hamda muzokaralar yoʻli bilan hal qilinadi.
13-modda
Boshqa xalqaro shartnomalarga munosabat
Boshqa xalqaro shartnomalarga munosabat
Ushbu Bitimning qoidalari Tomonlarning ular ishtirok etgan boshqa xalqaro shartnomalaridan kelib chiqadigan huquq va majburiyatlariga daxl qilmaydi.
14-modda
Oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish
Oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish
Tomonlarning roziliklari bilan ushbu Bitimga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritilishi mumkin. Ular alohida protokollarda rasmiylashtirilib, ushbu Bitimning 15-moddasiga binoan kuchga kiradi va ushbu Bitimning ajralmas qismi boʻlib hisoblanadi.
15-modda
Yakuniy qoidalar
Yakuniy qoidalar
Ushbu Bitim Tomonlar uning kuchga kirishi uchun zarur boʻlgan davlat ichki protseduralarini bajarganliklari toʻgʻrisidagi oxirgi yozma bildirishnoma sanasidan boshlab kuchga kiradi.
Ushbu Bitim Tomonlardan biri uning amal qilishini toʻxtatish niyati toʻgʻrisida boshqa Tomonni yozma ravishda xabardor qilgunicha amal qiladi. Bu holda ushbu Bitim ikkinchi Tomon shunday bildirishnoma olganidan soʻng olti oy oʻtgach amal qilishini toʻxtatadi.
Toshkent shahrida 1998 yil 30 oktyabrda ikki nusxada, har biri oʻzbek, qozoq va rus tillarida tuzildi, barcha matnlar bir xil kuchga ega.
Ushbu Bitim qoidalarini talqin qilishda rus tilidagi matn qoʻllanadi.
(imzolar)
(Oʻzbekiston Respublikasi xalqaro shartnomalari toʻplami, 2005 y., 2-4-son)