Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASINING BOJXONA HUDUDIDAN OLIB ChIQILADIGAN TOVARLARNING BOJXONA QIYMATINI BELGILASh VA DEKLARATSIYALASh TARTIBI TOʻGʻRISIDAGI NIZOMNI TASDIQLASh HAQIDA
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 24-noyabrdagi PF-5582-sonli “Bojxona maʼmuriyatchiligini takomillashtirish va Oʻzbekiston Respublikasi davlat bojxona xizmati organlari faoliyati samaradorligini oshirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
“Boj tarifi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 16-moddasiga muvofiq Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasining bojxona hududidan olib chiqiladigan tovarlarning bojxona qiymatini belgilash va deklaratsiyalash tartibi toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin va 2007-yil 1-oktabrdan boshlab amalga kiritilsin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasi Adliya vazirligi hamda boshqa manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda oʻz normativ hujjatlarini ushbu qarorga muvofiqlashtirsinlar.
3. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari R.S. Azimov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2007-yil 19-sentabr,
198-son
Oʻzbekiston Respublikasining bojxona hududidan olib chiqiladigan tovarlarning bojxona qiymatini belgilash va deklaratsiyalash tartibi toʻgʻrisida
NIZOM
I. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom Oʻzbekiston Respublikasining bojxona hududidan olib chiqiladigan tovarlarning (keyingi oʻrinlarda olib chiqiladigan tovarlar deb yuritiladi) bojxona qiymatini belgilash va deklaratsiyalash tartibini belgilaydi va quyidagilar:
deklarantlar tomonidan (ishlab chiqarish yoki tadbirkorlik faoliyati uchun moʻljallanmagan tovarlarni olib chiquvchi jismoniy shaxslar bundan mustasno) belgilangan tartibda — bojxona qiymatini belgilashda va bojxonaning yuk deklaratsiyasida koʻrsatishda, bojxona toʻlovlarini toʻlashda;
bojxona organlari tomonidan — deklarant tomonidan koʻrsatilgan bojxona qiymatini nazorat qilishda va bojxona statistikasini yuritishda majburiy tartibda qoʻllanadi.
2. Tovarni eksportga sotishda tovarning (“DAF — Oʻzbekiston Respublikasining bojxona chegarasi” (DAF — “delivered at frontier”) shartlariga keltirilgan qiymati olib chiqilayotgan tovarning bojxona qiymati hisoblanadi.
3. Oʻzbekiston Respublikasining bojxona hududidan olib chiqilayotgan tovarlarning bojxona qiymati:
bojxona toʻlovlarini hisoblash va bojxona statistikasini yuritish uchun belgilanadi;
valyuta tushumining bir qismini majburiy sotish miqdorini hisoblash uchun qoʻllanmaydi.
4. Tovarni Oʻzbekiston Respublikasining bojxona hududidan olib chiqish joyi (punkti) deyilganda quyidagilar tushuniladi:
a) aviatsiya vositasidagi tashishlar uchun — Oʻzbekiston Respublikasi hududidagi joʻnatish aeroporti yoki soʻnggi aeroport, u yerda tovarni tashiyotgan samolyot qoʻnadi va samolyotga tovarni soʻnggi yuklash amalga oshiriladi;
b) daryo orqali tashishlar uchun — Oʻzbekiston Respublikasi hududidagi tovar yuklanadigan soʻnggi port yoki tovarni tashish porti, agar tovarni qayta yuklash fakti ushbu portning bojxona organi tomonidan tasdiqlangan boʻlsa;
v) temir yoʻl orqali tashishlar uchun — Oʻzbekiston Respublikasi hududidagi soʻnggi stansiya yoki “Oʻzbekiston temir yoʻllari” kompaniyasining xizmat koʻrsatish zonasiga kiradigan qoʻshni davlatning birinchi stansiyasi;
g) tovarlarni boshqa transport turlari vositasida tashishlar uchun — tovarni tashish yoʻli boʻylab Oʻzbekiston Respublikasining bojxona chegarasidagi oʻtkazish punkti joylashgan joy;
d) pochta orqali yetkazib beriladigan tovarlar uchun — xalqaro pochta ayirboshlash joyi;
e) quvurlar orqali tashiladigan tovarlar (neft, gaz va boshqalar) hamda elektr energiyasi uchun — Oʻzbekiston Respublikasining bojxona chegarasidagi tegishli hisoblagichlar joylashgan joy.
II. Olib chiqilayotgan tovarlarning bojxona qiymatini belgilash tartibi
5. Olib chiqilayotgan tovarning bojxona qiymati tovarni eksportga sotishda tovar Oʻzbekiston Respublikasining bojxona chegarasi orqali oʻtkazilayotgan vaqtda olib chiqilayotgan tovar uchun amalda toʻlangan yoki toʻlanishi kerak boʻlgan narxdan kelib chiqqan holda belgilanadi.
Olib chiqilayotgan tovarlarning bojxona qiymatini belgilashda olib chiqilayotgan tovar uchun amalda toʻlangan yoki toʻlanishi kerak boʻlgan narxga quyidagi xarajatlar qoʻshiladi, agar ular koʻrsatilgan narxga kiritilmagan boʻlsa:
a) tovarni Oʻzbekiston Respublikasining bojxona hududidan olib chiqib ketiladigan joyigacha (punktgacha) yetkazib berish boʻyicha xarajatlar:
tashish qiymati;
yuklash, tushirish, qayta yuklash va ortish-tushirish xarajatlari;
sugʻurta toʻlovi;
sertifikatlash va ekspertizadan oʻtkazish boʻyicha xizmatlar qiymati;
b) sotuvchi tomonidan qilingan xarajatlar:
vositachilik va brokerlik toʻlovlari;
konteynyerlar va (yoki) boshqa koʻp martalab ishlatiladigan taralar qiymati, agar ularga tovar nomenklaturasiga muvofiq baholanayotgan tovar bilan bir butun sifatida qaralsa;
joylash qiymati, shu jumladan joylash materiallari va joylash ishlari qiymati;
v) olib chiqiladigan tovarlarni ishlab chiqarish va/yoki eksportga sotish uchun sotib oluvchi bevosita yoki bilvosita sotuvchiga bepul yoki pasaytirilgan narx boʻyicha koʻrsatadigan xizmatlar va yetkazib beradigan tovarlar qiymatining tegishli qismi:
xomashyo, materiallar, detallar, yarim tayyor fabrikatlar hamda olib chiqiladigan tovarning tarkibiy qismi hisoblanadigan boshqa butlovchi qismlar;
instrumentlar, shtamplar, shakllar hamda olib chiqiladigan tovarlarni ishlab chiqarishda foydalanilgan boshqa shu kabi predmetlar;
olib chiqiladigan tovarlarni ishlab chiqarishda sarflangan yordamchi materiallar;
muhandislik ishlanmalari, tajriba-konstruktorlik ishlari, dizayn, badiiy jihozlash, olib chiqiladigan tovarlarni ishlab chiqarish uchun bevosita zarur boʻlgan eskizlar va chizmalar;
g) sotib oluvchi olib chiqiladigan tovarlarni xarid qilish shartlari sifatida bevosita yoki bilvosita amalga oshirilishi kerak boʻladigan intellektual mulk obyektlaridan foydalanganlik uchun toʻlashi kerak boʻlgan litsenziya toʻlovlari va boshqa toʻlovlar;
d) olib chiqiladigan tovarni keyinchalik biron-bir tarzda qayta sotish, tasarruf etish yoki ulardan foydalanishdan olingan, tovar Oʻzbekiston Respublikasining bojxona hududidan olib chiqilgandan keyin sotuvchiga bevosita yoki bilvosita tegishli boʻladigan tushumlarning istalgan qismi qiymati.
6. Ushbu Nizomning 5-bandida koʻrsatilgan xarajatlarni bojxona qiymatiga kiritish quyidagi hollarda amalga oshiriladi, agar ular:
a) haqiqatda mavjud boʻlsa yoki boʻlishi mumkin boʻlsa;
b) xolisona va miqdor jihatidan belgilanadigan maʼlumotlar asosida hujjatlar bilan tasdiqlangan boʻlsa;
v) kontraktda nazarda tutilgan tovar qiymatiga kiritilmagan boʻlsa.
Agar ushbu xarajatlarning miqdorini belgilash va hujjatlar asosida tasdiqlash mumkin boʻlmasa bojxona qiymati olib chiqiladigan tovarlarning oldi-sotdi qiymati asosida aniqlanishi mumkin emas.
7. Agar shartnomada belgilab qoʻyilgan narxlar mavjud boʻlmasa va faqat tovarning uzil-kesil narxini belgilash shartlari aks ettirilgan boʻlsa (masalan, tegishli sanadagi birja kotirovkalarini hisobga olgan holda; narxlarni va shu kabilarni hisoblash formulasi boʻyicha) yoxud agar shartnoma shartlariga muvofiq uzil-kesil narx sotib oluvchi tomonidan uni miqdori va sifati boʻyicha qabul qilib olish natijalariga koʻra aniqlansa bojxona qiymati quyidagi tartibda belgilanadi va deklaratsiya qilinadi:
a) olib chiqiladigan tovarlarni bojxonada rasmiylashtirish vaqtinchalik (shartli) baholashni hisobga olgan holda amalga oshiriladi;
b) deklarant oʻzidagi vaqtinchalik (shartli) bahoning xolisonaligini tasdiqlaydigan maʼlumotlar va hujjatlarni taqdim etishga haqlidir.
Bojxona qiymatini vaqtinchalik (shartli) baholash uchun baza sifatida yoxud:
shartnoma (kontrakt)da qayd etilgan boshlangʻich (taxminiy) narx;
shartnoma (kontrakt)da belgilangan hisoblash shartlariga muvofiq tovar yuklab joʻnatilgan sanada belgilangan hisoblash narxi qabul qilinadi.
Ushbu bandning toʻrtinchi—oltinchi xatboshida koʻrsatilgan hisoblashlarni amalga oshirish mumkin boʻlmagan taqdirda bojxona qiymatini vaqtinchalik (shartli) baholash bojxona organi ixtiyorida mavjud boʻlgan tegishli baholash axboroti asosida amalga oshirilishi mumkin.
Bojxona organi deklarantning yozma arizasi boʻyicha, koʻrib chiqilayotgan oldi-sotdi shartlaridan va bojxona qonun hujjatlari talablaridan kelib chiqqan holda, deklarant tomonidan koʻrsatilgan bojxona qiymatini tasdiqlaydigan va/yoki aniqlashtiradigan zarur hujjatlarni deklarant taqdim etadigan muddatni belgilaydi. Bojxona organining bojxona rasmiylashtirishini amalga oshiradigan mansabdor shaxsi tomonidan bojxona yuk deklaratsiyasiga tegishli yozuvlar va qaydlar belgilangan tartibda kiritiladi. Deklarant tomonidan koʻrsatilgan bojxona qiymatini aniqlashtirish va/yoki tasdiqlash uchun zarur boʻlgan barcha hujjatlar belgilangan muddatda taqdim etilgandan keyin unga tuzatishlar kiritish va ushbu Nizomning IV boʻlimiga muvofiq bojxona toʻlovlarini qayta hisoblash amalga oshiriladi.
8. Bojxona qiymati quyidagi hollarda olib chiqiladigan tovarning oldi-sotdi qiymati asosida belgilanishi mumkin emas, agar:
baholanayotgan tovarga sotib oluvchining huquqlariga nisbatan cheklashlar (qonun hujjatlarida belgilangan cheklashlar bundan mustasno) va tovarning narxiga sezilarli taʼsir koʻrsatmaydigan cheklashlar mavjud boʻlsa;
sotish va oldi-sotdi narxi taʼsirini hisobga olish mumkin boʻlmagan shartlarga rioya etishga bogʻliq boʻlsa;
tovarning bojxona qiymatini koʻrsatishda deklarant tomonidan foydalanilgan maʼlumotlar hujjatlar bilan tasdiqlanmagan boʻlsa yoxud ishonchli boʻlmasa;
oldi-sotdi qatnashchilari bir-biriga oʻzaro bogʻliq shaxslar boʻlsa, ularning bir-biriga oʻzaro bogʻliqligi oldi-sotdi narxiga taʼsir qilmaydigan hollar (bu deklarant tomonidan isbotlangan boʻlishi kerak) bundan mustasno.
9. Olib chiqiladigan tovarlarga nisbatan oldi-sotdi bitishuvi (tovarlarni ijara shartnomasi boʻyicha yetkazib berish, bepul va vositachilik yetkazib berishlari va shu kabilar) mavjud boʻlmaganda, shuningdek olib chiqiladigan tovarlarning oldi-sotdi narxidan foydalanish mumkin boʻlmaganda bojxona qiymatini aniqlash uchun quyidagilar asos hisoblanadi:
yoxud deklarant tomonidan taqdim etilgan sotuvchi-eksport qiluvchining buxgalteriya hisobidagi olib chiqiladigan tovarni ishlab chiqarish va sotish xarajatlarini hamda aynan yoki shunga oʻxshash tovarlar Oʻzbekiston Respublikasining bojxona hududidan olib chiqilayotganda eksportchi tomonidan olinadigan foyda miqdorini aks ettiruvchi maʼlumotlar. Bunda ushbu Nizomning 5-bandida sanab oʻtilgan xarajatlar hisobga olinishi kerak;
yoxud olib chiqiladigan aynan yoki shunga oʻxshash tovarlarni kirim qilish va balansdan chiqarish toʻgʻrisidagi buxgalteriya maʼlumotlari. Aynan yoki shunga oʻxshash tovarlarni belgilashda “Boj tarifi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 19 va 20-moddalariga amal qilinishi lozim.
10. Deklarant tomonidan koʻrsatilgan bojxona qiymatining toʻgʻriligini tasdiqlaydigan maʼlumotlar mavjud boʻlmaganda yoxud deklarant tomonidan taqdim etilgan maʼlumotlar ishonchli va/yoki yetarli emas deb hisoblashga asos mavjud boʻlganda bojxona organi bojxona qiymatini ushbu Nizomning 11 va 12-bandlariga muvofiq belgilaydi. Bunda bojxona organi deklarantning yozma soʻrovi boʻyicha uch ish kuni mobaynida unga ular boʻyicha deklarant tomonidan koʻrsatilgan bojxona qiymatining bojxona organi tomonidan qabul qilinmaganligi sabablarining yozma ravishdagi izohini taqdim etishi shart.
11. Bojxona qiymatini belgilash uchun bojxona organi oʻz ixtiyorida mavjud boʻlgan yoki deklarant tomonidan taqdim etilgan:
olib chiqiladigan aynan yoki shunga oʻxshash tovarlar bilan tashqi savdo shartnomalari narxlari toʻgʻrisidagi;
olib chiqiladigan aynan yoki shunga oʻxshash tovarlar qiymati (tannarxi) kalkulatsiyasi toʻgʻrisidagi;
aynan yoki shunga oʻxshash tovarlar uchun narxlarning birja kotirovkalari toʻgʻrisidagi;
tegishli mintaqaviy bozorlardagi ushbu tovarlarning narxlari toʻgʻrisidagi;
olib chiqiladigan tovarlarning belgilangan tartibda amalga oshirilgan tovar-qiymat ekspertizasi maʼlumotlari boʻyicha axborotlardan foydalanishi mumkin.
12. Bojxona qiymatini belgilashda bojxona organi:
a) baholanayotgan hamda aynan va/yoki ana shunday tovarlarni, shu jumladan quyidagi:
import mamlakati yoki jugʻrofiy mintaqasi;
olib chiqiladigan tovarlar miqdori;
sotishning tijorat shartlari, shu jumladan bozor konyunkturasi (asosan xomashyo tovarlarni eksport qilishda) parametrlari boʻyicha imkoni boricha qiyoslashni taʼminlashi;
b) sotib oluvchining barcha xarajatlarini ushbu Nizomning 5-bandida koʻrsatilgan xarajatlarni bojxona qiymatiga kiritish nuqtai nazaridan hisobga olishi;
v) amaldagi normativ hujjatlarga muvofiq bojxona yuk deklaratsiyasiga bojxona qiymatining bojxona organlari tomonidan belgilanganligi toʻgʻrisida tegishli yozuvni kiritishi;
g) deklarant tomonidan koʻrsatilgan bojxona qiymatiga ushbu Nizomning IV boʻlimida belgilangan tartibga muvofiq tuzatishlar kiritishi zarur.
13. Qayta eksport qilinayotgan tovarning (ilgari olib kelingan tovarni Oʻzbekiston Respublikasining bojxona hududidan olib chiqish) bojxona qiymati tovarni Oʻzbekiston Respublikasining bojxona hududiga olib kirish vaqtidagi uning bojxona qiymati hamda Oʻzbekiston Respublikasi hududida qilingan quyidagi xarajatlar sifatida belgilanadi:
bojxonada rasmiylashtirish uchun bojxona yigʻimlari;
tovarning qayta eksport qilinishi munosabati bilan qaytarilishi kerak boʻlgan toʻlovlarni chegirgan holdagi bojxona toʻlovlari;
tovarni saqlash, tashish va sugʻurta qilish uchun toʻlovlar;
boshqa xarajatlar.
III. Olib chiqilayotgan tovarlarning bojxona qiymatini deklaratsiyalash tartibi
14. Bojxona qiymati deklarant tomonidan bojxona qiymati deklaratsiyasi (BQD) shakllarini qoʻllagan holda bojxona yuk deklaratsiyasida koʻrsatiladi (deklaratsiyalanadi).
Koʻrsatilgan bojxona qiymatiga nisbatan asoslangan shubhalar paydo boʻlgan taqdirda bojxona organi deklarantdan bojxona qiymati asoslashlarini va hisob-kitoblarini taqdim etishni talab qilishga haqlidir. Ushbu maqsadlar uchun bojxona qiymati deklaratsiyasi shakllari (BQD-1, BQD-2) dan foydalanish mumkin.
15. Koʻrsatilgan bojxona qiymatini tasdiqlash uchun deklarant bojxona organiga ishonchli, miqdori jihatidan aniqlangan va hujjatlar bilan tasdiqlangan axborotlardan iborat boʻlgan maʼlumotlarni taqdim etishi shart.
Koʻrsatilgan bojxona qiymatini tasdiqlash uchun deklarant tomonidan taqdim etilgan barcha hujjatlar:
zarur tarzda rasmiylashtirilgan boʻlishi;
ularni toʻldirishning tegishli qoidalari (yoʻriqnomalari)da nazarda tutilgan barcha zarur rekvizitlar va maʼlumotlar mavjud boʻlishi;
alohida yetkazib berish va/yoki umuman shartnoma (kontrakt) boʻyicha toʻlovlar va hisob-kitoblarni identifikatsiyalashni taʼminlashi;
tashkilotning rahbari, bosh buxgalteri imzolari va muhri yoxud yuridik shaxs boʻlmasdan tashqi iqtisodiy faoliyatni amalga oshiruvchi shaxsning (buxgalteriya hujjatlariga nisbatan) imzosi bilan tasdiqlangan boʻlishi kerak.
16. Bojxona qiymatini koʻrsatishda deklarant tomonidan taqdim etiladigan va uning tomonidan tijorat siri yoki maxfiy deb belgilanadigan axborotdan bojxona organi tomonidan faqat bojxona maqsadlari uchun foydalaniladi va deklarantning ruxsatisiz ularning uchinchi shaxslarga berilishi mumkin emas, qonun hujjatlarida belgilangan hollar bundan mustasno.
Tijorat siri yoki maxfiy hisoblanadigan axborotni oshkor qilganlik uchun bojxona organi va uning mansabdor shaxslari Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlariga muvofiq javob beradilar.
17. Bojxona qiymati toʻgʻrisidagi koʻrsatilgan maʼlumotlarni tasdiqlash uchun deklarant bojxona yuk deklaratsiyasi bilan bir vaqtda bojxona organiga tashqi savdo shartnomasi (kontrakt)ni yoki unga muvofiq tovarlarni Oʻzbekiston Respublikasidan olib chiqish amalga oshiriladigan boshqa hujjatni, tovar yuk xatini, toʻlov-hisob kitob (schyot-faktura) hujjatlarini hamda deklarant tomonidan bojxona qiymatining toʻgʻriligini tasdiqlash imkonini beradigan boshqa hujjatlar taqdim etilishi shart.
18. Olib chiqiladigan tovarlarning bojxona qiymatini belgilashda va koʻrsatishda deklarant va bojxona organining huquq va majburiyatlari “Boj tarifi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 13 va 14-moddalari qoidalariga hamda Oʻzbekiston Respublikasining Bojxona kodeksiga muvofiq belgilanadi.
IV. Bojxona qiymatiga tuzatishlar kiritish
19. Deklarant tomonidan koʻrsatilgan bojxona qiymatiga quyidagi hollarda:
a) bojxona qiymatini nazorat qilish jarayonida koʻrsatilgan bojxona qiymati miqdoriga taʼsir qiladigan texnik xatolar topilganda;
b) bojxona qiymati toʻgʻrisida koʻrsatilgan maʼlumotlarning uni tasdiqlash uchun taqdim etilgan hujjatlarga muvofiq emasligi aniqlanganda;
v) bojxona organi tomonidan belgilangan muddatda tovarlar olib chiqilgandan keyin deklarant tomonidan taqdim etilgan hujjatlar asosida, shu jumladan:
vakolatli bankning amalda tushgan valyuta mablagʻlari summasi toʻgʻrisidagi yozma tasdigʻi;
tovarni topshirish-qabul qilish dalolatnomalari;
shartnoma (kontrakt) shartlariga muvofiq tovarni sotish vaqtidagi mazkur tovar uchun narxlarning birja kotirovkalari va shu kabilar asosida vaqtinchalik (shartli) baho aniqlanganda (ushbu Nizomning 7-bandi);
g) bojxona qiymati bojxona organlari tomonidan ushbu Nizomning 10-bandiga muvofiq belgilanganda tuzatishlar kiritilishi mumkin.
20. Bojxona qiymatiga tuzatishlar kiritish amaldagi tartibga muvofiq bojxona qiymatiga va bojxona toʻlovlariga tuzatishlar kiritish shakllarini majburiy ravishda toʻldirgan holda amalga oshiriladi.
Bojxona qiymatiga tuzatishlar kiritishda bojxona organining mansabdor shaxsi tomonidan bojxona yuk deklaratsiyasiga tegishli belgilar qoʻyiladi.
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2007-y., 37-38-son, 389-modda)