Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bank boshqaruvining
Qarori
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI HUDUDIDA BANKLARDA ELEKTRON AXBOROTLARNI MUHOFAZALAShNI TAShKIL ETISh TOʻGʻRISIDAGI YOʻRIQNOMAGA OʻZGARTIRISh KIRITISh HAQIDA
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2006-yil 8-fevralda 1047-2-son bilan davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan]
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki boshqaruvining 2020-yil 25-yanvardagi 2/4-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi tijorat banklari avtomatlashtirilgan bank tizimlarida axborotni muhofaza qilish toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qaroriga (roʻyxat raqami 3224, 10.03.2020-y.) asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
“Elektron toʻlovlar toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining qabul qilinishi munosabati bilan “Oʻzbekiston Respublikasi hududida banklarda elektron axborotlarni muhofazalashni tashkil etish toʻgʻrisida”gi yoʻriqnomaga 2-son oʻzgartirishni koʻrib chiqib va muhokama qilib, Boshqaruv qaror qiladi:
1. Markaziy bank Boshqaruvining 2001-yil 23-iyundagi “Oʻzbekiston Respublikasi hududida banklarda elektron axborotlarni muhofazalashni tashkil etish toʻgʻrisida”gi 14/13-sonli qarori bilan tasdiqlangan 492-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi hududida banklarda elektron axborotlarni muhofazalashni tashkil etish toʻgʻrisida yoʻriqnoma”ga (2001-yil 9-iyul, roʻyxat raqami 1047) 2-son oʻzgartirish ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Ushbu qaror Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligida davlat roʻyxatidan oʻtkazilgandan soʻng, 10 kundan keyin kuchga kiritilsin.
Markaziy bank Boshqaruvi raisi F. MULLAJONOV
Toshkent sh.,
2006-yil 17-yanvar,
1/9-son
“Oʻzbekiston Respublikasi hududida banklarda elektron axborotlarni muhofazalashni tashkil etish toʻgʻrisida”gi yoʻriqnomaga kiritilayotgan oʻzgartirishlar
1. Yoʻriqnomaning muqaddimasi quyidagi tahrirda bayon qilinsin:
“Mazkur yoʻriqnoma Oʻzbekiston Respublikasining “Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki toʻgʻrisida”gi, “Banklar va bank faoliyati toʻgʻrisida”gi hamda “Elektron toʻlovlar toʻgʻrisida”gi qonunlariga muvofiq banklararo elektron toʻlov tizimi orqali oʻtadigan axborotlarni muhofazalashni taʼminlash tartibini belgilaydi”.
2. Yoʻriqnomaning 1-bandi quyidagi tahrirda bayon qilinsin:
“Toʻlov tizimining subyektlari banklararo elektron toʻlov tizimida axborot xavfsizligi va muhofazasini taʼminlash boʻyicha shu jumladan, elektron toʻlov hujjatlaridan ruxsatsiz foydalanish, ularga oʻzgartirishlar kiritish, ularni yoʻqotish, yoʻq qilish va toʻsib qoʻyishdan muhofaza etishni taʼminlash boʻyicha ushbu yoʻriqnomada belgilangan talablarga rioya etishlari kerak”.
3. Yoʻriqnomaning 2-bandi quyidagi tahrirda bayon qilinsin:
“Banklararo elektron toʻlov tizimida texnika vositalari (keyingi oʻrinlarda — TV) bilan elektron hujjatlarni tayyorlashda mazkur yoʻriqnoma talablariga rioya etilishi shart”.
4. Yoʻriqnomaning butun matni boʻyicha “HTV” qisqartmasi “TV” qisqartmasiga almashtirilsin.
5. Yoʻriqnomaning 3-bandi quyidagi tahrirdagi ikkinchi xatboshi bilan toʻldirilsin:
“Banklararo toʻlov tizimi subyektlari toʻlov tizimida axborot xavfsizligi va muhofazasini taʼminlashning qoʻshimcha vositalari va usullarini belgilashlari mumkin”.
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2006-y., 6-7-son, 45-modda)