Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Ionlashtiruvchi nurlanish manbalari muomalada boʻladigan sohalardagi faoliyatini litsenziyalash toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida
(qaror nomi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2012-yil 1-noyabrdagi 313-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2012-y., 44-son, 507-modda)
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 2-oktabrdagi 782-sonli “Sanoat va radiatsiya xavfsizligi sohasidagi ayrim faoliyat turlarini litsenziyalashni va ruxsat berish tartib-taomillarini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
“Faoliyatning ayrim turlarini litsenziyalash toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 5-moddasiga muvofiq Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Quyidagilar:
Ionlashtiruvchi nurlanish manbalari muomalada boʻladigan sohalardagi faoliyatini litsenziyalash toʻgʻrisidagi nizom 1-ilovaga muvofiq;
Vazirlar Mahkamasining Ionlashtiruvchi nurlanish manbalari muomalada boʻladigan sohalardagi faoliyatini litsenziyalash komissiyasi tarkibi 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
(1-bandning ikkinchi va uchinchi xatboshilari Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2012-yil 1-noyabrdagi 313-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2012-y., 44-son, 507-modda)
2. Vazirlar Mahkamasining Ionlashtiruvchi nurlanish manbalari muomalada boʻladigan sohalardagi faoliyatini litsenziyalash komissiyasi:
(2-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2012-yil 1-noyabrdagi 313-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2012-y., 44-son, 507-modda)
ikki hafta muddatda Komissiya toʻgʻrisidagi nizomni ishlab chiqsin va tasdiqlasin;
bir oy muddatda mazkur qarorga muvofiq litsenziyalanadigan faoliyatini amalga oshiruvchi yuridik shaxslar roʻyxatini belgilasin.
(2-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2012-yil 1-noyabrdagi 313-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2012-y., 44-son, 507-modda)
3. Vazirlar Mahkamasining “Ionlashtiruvchi nurlanish manbalari muomalada boʻladigan sohalardagi faoliyat turlarini litsenziyalash toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida” 2003-yil 6-noyabrdagi 489-son qarori (Oʻzbekiston Respublikasi QT, 2003-y., 11-son, 111-modda) oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
4. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari Oʻ.T. Sultonov zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2004-yil 6-mart,
111-son
Ionlashtiruvchi nurlanish manbalari muomalada boʻladigan sohalardagi faoliyatni litsenziyalash toʻgʻrisida
(ilovaning nomi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2012-yil 1-noyabrdagi 313-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2012-y., 44-son, 507-modda)
NIZOM
I. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom ionlashtiruvchi nurlanish manbalari muomalada boʻladigan sohalardagi faoliyatni litsenziyalash tartibini belgilaydi.
Ionlashtiruvchi nurlanish manbalari muomalada boʻladigan sohalardagi faoliyat quyidagilarni oʻz ichiga oladi:
ionlashtiruvchi nurlanish manbalari bilan muomalada boʻlish, ionlashtiruvchi nurlanish manbalarini loyihalashtirish, barpo etish va ularga xizmat koʻrsatish, ular uchun texnologik asbob-uskunalarni, radiatsiyadan muhofazalanish vositalarini yaratish va tayyorlash sohasidagi ilmiy-tadqiqot va tajriba-konstruktorlik ishlari;
ionlashtiruvchi nurlanish manbalarini qazib olish, ishlab chiqarish, hosil qilish, qayta ishlash, ulardan foydalanish, ularni saqlash, ularga xizmat koʻrsatish, ularni tashish, zararsizlantirish, utilizatsiya qilish va koʻmish.
(1-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2012-yil 1-noyabrdagi 313-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2012-y., 44-son, 507-modda)
2. Litsenziyalarni berish, litsenziyaning amal qilishini toʻxtatib turish yoki tugatish, shuningdek uni bekor qilish va qayta rasmiylashtirish toʻgʻrisidagi qarorlar Vazirlar Mahkamasining ionlashtiruvchi nurlanish manbalari muomalada boʻladigan sohalardagi faoliyatini litsenziyalash komissiyasi (keyingi oʻrinlarda Komissiya deb ataladi) tomonidan qabul qilinadi.
(2-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2012-yil 1-noyabrdagi 313-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2012-y., 44-son, 507-modda)
“Sanoatgeokontexnazorat” davlat inspeksiyasi (keyingi oʻrinlarda ishchi organ deb yuritiladi) komissiyaning ishchi organi funksiyasini bajaradi.
(2-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2010-yil 17-dekabrdagi 301-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2010-y., 51-son, 486 -modda)
3. Ishchi organ litsenziya berish (amal qilish muddatini uzaytirish) toʻgʻrisidagi arizalarni tegishli hujjatlar bilan qabul qiladi, ular boʻyicha ekspert xulosasi, litsenziya berish yoki litsenziya berishni rad etish, litsenziyaning amal qilishini toʻxtatish yoxud litsenziyani bekor qilish toʻgʻrisida komissiya qarorlari loyihalarini tayyorlaydi va ularni koʻrib chiqish uchun komissiyaga kiritadi, litsenziyalarni rasmiylashtiradi va qayta rasmiylashtiradi, litsenziya bitimlari tuzadi, litsenziya reyestrlarini yuritadi, litsenziatlar tomonidan litsenziya talablari va shartlariga rioya etilishini nazorat qiladi, litsenziyalarning amal qilinishini toʻxtatib qoʻyadi va tiklaydi.
4. Faqat yuridik shaxslar litsenziya talabgori boʻlishi mumkin.
5. Ionlashtiruvchi nurlanish manbalari muomalada boʻladigan sohalardagi faoliyatini amalga oshirish huquqiga namunaviy (oddiy) litsenziyalar beriladi.
(5-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2012-yil 1-noyabrdagi 313-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2012-y., 44-son, 507-modda)
6. Ionlashtiruvchi nurlanish manbalari muomalada boʻladigan sohalardagi faoliyatini amalga oshirish huquqiga litsenziya 5 yil muddatga beriladi.
(6-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2012-yil 1-noyabrdagi 313-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2012-y., 44-son, 507-modda)
II. Litsenziya talablari va shartlari
7. Quyidagilar ionlashtiruvchi nurlanish manbalari muomalada boʻladigan sohalardagi faoliyatini amalga oshirishda litsenziya talablari va shartlari hisoblanadi:
(7-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2012-yil 1-noyabrdagi 313-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2012-y., 44-son, 507-modda)
litsenziatlar tomonidan radiatsiyaviy xavfsizlik toʻgʻrisidagi qonun hujjatlariga, shuningdek texnika xavfsizligi, mehnatni muhofaza qilish qoidalariga, tabiatni muhofaza qilish qoidalari, sanitariya normalari, radiatsiyaviy xavfsizlik qoidalari va gigiyena normativlariga, davlat standartlariga majburiy rioya qilinishi;
litsenziya talabgorida unga mulk huquqi yoki boshqa ashyoviy huquq bilan tegishli boʻlgan, tegishli belgilangan talablarga javob beruvchi faoliyatning litsenziyalanadigan turini bajarish uchun moʻljallangan binolar (ishlab chiqarish xonalari, omborlar va boshqalar) mavjudligi;
faoliyatning litsenziyalanadigan turini bajarish uchun zarur moddiy-texnika bazasi, asbob-uskunalar, boshqa texnik vositalar mavjudligi;
radiatsiyaviy xavfsizlik xizmati mavjudligi;
ish joylarida, xonalarda, ishlab chiqarish hududlarida, sanitariya-muhofaza zonalarida va kuzatuv zonalarida, shuningdek ionlashtiruvchi nurlanish manbalari chiqarilishi, tashlanishi va ular koʻmilgan joylarda radiatsiyaviy holat ustidan ishlab chiqarish nazorati amalga oshirilishi;
qoʻllanilmaydigan ionlashtiruvchi nurlanish manbalari koʻmib tashlanishini taʼminlash;
ionlashtiruvchi nurlanish manbalari hisoblangan mahsulotlar, materiallar va moddalar, texnologik jarayonlarning radiatsiyaviy xavfsizligini asoslash va baholash ishlari olib borilishi;
radiatsiyaviy avariya yuz berganda radiatsiyaviy xavfsizlikni taʼminlash uchun zarur shart-sharoitlar mavjudligi;
litsenziyalanadigan faoliyat boʻyicha ishlarni bevosita bajaruvchi xodimlarda tegishli oliy yoki oʻrta maxsus maʼlumot mavjudligi;
surunkali ruhiy kasalliklar, giyohvandlik, toksikomaniya, alkogolizm yuzasidan hisobda turuvchi xodimlar, shuningdek ionlashtiruvchi nurlanish manbalari muomalasi sohasida qasddan jinoyat sodir etganligi uchun muddati oʻtalmagan yoki olib tashlanmagan sudlanganligi boʻlgan xodimlar yoʻqligi;
ishlab chiqarish rahbarlari, ishlab chiqarish nazorati xizmati xodimlari, mutaxassislarini tayyorlash, qayta tayyorlash va ularni attestatsiyadan oʻtkazish;
faoliyatning litsenziyalanadigan turi bilan bogʻliq ishlarni bevosita bajaruvchi xodimlarning muntazam ravishda tibbiy koʻrikdan oʻtkazilishi;
xodimlar nurlanishining yakka tartibdagi dozalarini nazorat qilish va hisobga olish;
xodimlarni ish joylaridagi ionlashtiruvchi nurlanish darajalari va ular tomonidan olingan yakka tartibdagi nurlanish dozasi miqdori toʻgʻrisida muntazam xabardor qilish;
yuridik shaxs shtatida faoliyatning litsenziyalanadigan turi boʻyicha kamida 3 yil ish stajiga ega boʻlgan kamida uch mutaxassis mavjudligi.
8. Litsenziya bitimida mazkur Nizomning 7-bandida sanab oʻtilgan litsenziya talablari va shartlaridan kelib chiquvchi aniq litsenziya talablari va shartlari nazarda tutilishi mumkin.
III. Litsenziya olish uchun zarur hujjatlar
9. Litsenziya olish uchun litsenziya talabgori quyidagi hujjatlarni taqdim etadi:
Oldingi tahrirga qarang.
litsenziya berish toʻgʻrisida ariza, unda quyidagilar koʻrsatiladi: yuridik shaxsning nomi va tashkiliy-huquqiy shakli, uning joylashgan joyi (pochta manzili), bank muassasasining nomi va bank muassasasidagi hisob raqami, litsenziyalanayotgan faoliyatning (uning bir qismining) yuridik shaxs tomonidan amalga oshirilishi moʻljallanayotgan turi.
(9-bandning ikkinchi xatboshi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2006-yil 22-maydagi 92-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2006-y., 20-21-son, 181-modda)
yuridik shaxsning davlat roʻyxatidan oʻtkazilganligi toʻgʻrisidagi guvohnomaning nusxasi;
(9-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2012-yil 1-fevraldagi 26-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2012-y., 6-son, 57-modda)
litsenziyalanadigan faoliyat ishlari bilan bevosita shugʻullanadigan xodimlar roʻyxati, unda ularning maʼlumoti boʻyicha mutaxassisligi, egallab turgan lavozimi, litsenziyalanadigan faoliyat turi boʻyicha ish staji koʻrsatiladi;
ishchi organ arizani koʻrib chiqqanligi uchun litsenziya talabgori tomonidan yigʻim toʻlanganligini tasdiqlovchi hujjat;
Oldingi tahrirga qarang.
(9-bandning oltinchi xatboshi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2014-yil 31-dekabrdagi 377-sonli qaroriga asosan chiqarilgan — OʻR QHT, 2015-y., 1-son, 9-modda)
Litsenziyalovchi organ litsenziya berish uchun boshqa vakolatli organlarda mavjud boʻlgan zarur hujjatlar va axborotlarni belgilangan tartibda oʻzaro axborot hamkorligi yoʻli bilan, shu jumladan elektron tarzda mustaqil ravishda oladi, ushbu bandda nazarda tutilgan hujjatlar va axborotlar bundan mustasno.
(9-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2014-yil 31-dekabrdagi 377-sonli qaroriga asosan xatboshi bilan toʻldirilgan — OʻR QHT, 2015-y., 1-son, 9-modda)
10. Litsenziya talabgoridan ushbu Nizomda nazarda tutilmagan hujjatlarni taqdim etishni talab qilishga yoʻl qoʻyilmaydi.
11. Hujjatlar ishchi organga litsenziya talabgori tomonidan bevosita yoxud ularning olinganligi toʻgʻrisidagi bildirishnoma bilan pochta aloqa vositasi orqali yetkazib beriladi.
Hujjatlar ishchi guruh masʼul shaxsi tomonidan roʻyxat boʻyicha qabul qilinadi, roʻyxatning nusxasi hujjatlar qabul qilib olingan sana toʻgʻrisida belgi qoʻyilgan holda ariza beruvchiga yuboriladi (topshiriladi).
12. Ishonchli boʻlmagan yoki buzilgan maʼlumotlar taqdim etilganligi uchun litsenziya talabgori qonun hujjatlariga muvofiq javob beradi.
IV. Arizani koʻrib chiqish va litsenziya berish yoki litsenziya berishni rad etish toʻgʻrisida qaror qabul qilish
13. Litsenziya talabgorining arizasi koʻrib chiqilganligi uchun Oʻzbekiston Respublikasida belgilangan eng kam oylik ish haqining toʻrt baravari miqdorida yigʻim undiriladi.
(13-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2012-yil 1-fevraldagi 26-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2012-y., 6-son, 57-modda)
Litsenziatning litsenziya berish toʻgʻrisidagi arizasi koʻrib chiqilganligi uchun yigʻim summasi ishchi organning bankdagi hisob raqamiga oʻtkaziladi. Litsenziya talabgori berilgan arizadan voz kechgan taqdirda toʻlangan yigʻim qaytarilmaydi.
14. Ionlashtiruvchi nurlanish manbalari muomalada boʻladigan sohalardagi faoliyat turlarini litsenziyalash mazkur Nizomga ilova qilinayotgan sxemaga muvofiq amalga oshiriladi.
Litsenziya talabgoriga litsenziya berish yoki litsenziya berishni rad etish toʻgʻrisidagi qaror litsenziya talabgorining arizasi olingan kundan boshlab yigirma kundan ortiq boʻlmagan muddatda qabul qilinadi.
(14-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2014-yil 17-iyuldagi 196-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2014-y., 31-son, 380-modda)
Ishchi guruh ariza olingan kundan boshlab oʻn besh kundan ortiq boʻlmagan muddatda hujjatlarni koʻrib chiqadi va ular yuzasidan ekspert xulosasi tayyorlaydi va litsenziya talabgoriga litsenziya berish yoki litsenziya berishni rad etish toʻgʻrisidagi taklifni tegishli qaror protokoli loyihasi bilan tasdiqlash uchun komissiyaga taqdim etadi.
(14-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2014-yil 17-iyuldagi 196-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2014-y., 31-son, 380-modda)
Ishchi organ litsenziya talabgorining litsenziya talablari va shartlariga muvofiqligini aniqlash uchun koʻrsatib oʻtilgan muddat doirasida:
litsenziya talabgorida litsenziyalanadigan faoliyat turini amalga oshirish uchun mavjud shart-sharoitlarni joylarga chiqib baholash;
tegishli xulosalar tayyorlash uchun shartnoma asosida ekspertlarni jalb etish huquqiga ega.
Komissiya ishchi guruhning taklifi olingan kundan keyin besh kundan ortiq boʻlmagan muddatda uni koʻrib chiqadi va qabul qilingan qaror protokolini tasdiqlaydi. Komissiya tomonidan qabul qilingan qaror protokoli komissiya raisi tomonidan imzolanadi.
(14-bandning yettinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2014-yil 17-iyuldagi 196-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2014-y., 31-son, 380-modda)
15. Ishchi organ litsenziya talabgorini qabul qilingan qaror toʻgʻrisida tegishli qaror qabul qilingandan keyin uch kun mobaynida xabardor qiladi.
Litsenziya berishga qaror qilinganligi toʻgʻrisidagi bildirishnoma litsenziya talabgoriga bank hisob raqami rekvizitlari, davlat boji toʻlash muddati koʻrsatilgan holda yozma shaklda yuboriladi (topshiriladi).
Litsenziya bitimi ishchi organ va litsenziat oʻrtasida tuziladi, unda quyidagilar boʻlishi kerak:
bitimni imzolagan shaxslarning familiyasi, ismi, otasining ismi, lavozimi;
tomonlarning rekvizitlari;
amalga oshirilishiga litsenziya berilayotgan faoliyat turining nomi;
litsenziyaning amal qilish muddati;
litsenziatga qoʻyiladigan litsenziya talablari va shartlari;
litsenziya bitimi talablari va shartlari buzilganligi uchun tomonlarning javobgarligi;
litsenziat tomonidan litsenziya bitimi talablari va shartlari bajarilishini ishchi organ tomonidan nazorat qilish tartibi.
Litsenziya bitimi ikki nusxada — litsenziat va ishchi organ uchun bir nusxadan tuziladi.
16. Litsenziya blankalari qatʼiy hisobda turadigan hujjatlar hisoblanadi, hisobga olish seriyasiga, tartib raqamiga va himoyalanganlik darajasiga ega boʻladi. Litsenziya blankalari namunalari ishchi organ tomonidan ishlab chiqiladi, komissiya tomonidan tasdiqlanadi va ishchi organ buyurtmasi boʻyicha “Davlat belgisi” davlat-ishlab chiqarish birlashmasida bosmaxona usulida tayyorlanadi. Ishchi organ rahbari litsenziyalar blankalarining hisobga olinishi, saqlanishi va ulardan maqsadli foydalanilishi uchun shaxsan javob beradi.
Litsenziyalar ishchi organ tomonidan rasmiylashtiriladi va komissiya raisi tomonidan imzolanadi.
17. Litsenziya litsenziya talabgori tomonidan davlat boji toʻlanganini tasdiqlovchi hujjat taqdim etilgandan va u litsenziya bitimini imzolagandan keyin uch kun muddatda beriladi.
18. Agar litsenziat litsenziya berish toʻgʻrisida qaror qabul qilinganligi haqidagi bildirishnoma yuborilgan (topshirilgan) vaqtdan boshlab uch oy mobaynida ishchi organga litsenziya berilganligi uchun davlat boji toʻlanganligini tasdiqlovchi hujjatni taqdim etmasa yoxud litsenziya bitimini imzolamasa, komissiya litsenziyani bekor qilish toʻgʻrisida qaror qabul qilishga haqlidir.
19. Litsenziya berish “Faoliyatning ayrim turlarini litsenziyalash toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 17-moddasida nazarda tutilgan asoslar boʻyicha rad etilishi mumkin.
Litsenziya talabgori litsenziya berishni rad etish toʻgʻrisidagi qaror, shuningdek ishchi organning mansabdor shaxsi xatti-harakatlari (harakatsizligi) yuzasidan qonun hujjatlarida belgilangan tartibda shikoyat qilish huquqiga egadir.
20. Litsenziya berishni rad etish toʻgʻrisida qaror qabul qilingan taqdirda rad etish toʻgʻrisidagi bildirishnoma litsenziya talabgoriga rad etishning aniq sabablari va litsenziya talabgori koʻrsatib oʻtilgan sabablarni bartaraf etib hujjatlarni takroran koʻrib chiqishga taqdim etishi uchun yetarli boʻlgan muddat koʻrsatilgan holda yozma shaklda yuboriladi (topshiriladi). Litsenziya berishni rad etish haqidagi xabarnomada koʻrsatilgan muddat kamchiliklarni bartaraf etish uchun zarur boʻlgan vaqtga mutanosib boʻlishi kerak.
(20-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2012-yil 1-fevraldagi 26-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2012-y., 6-son, 57-modda)
21. Litsenziya berishni rad etish uchun asos boʻlgan sabablar litsenziya talabgori tomonidan bartaraf etilgan taqdirda, hujjatlarni takroran koʻrib chiqish litsenziya talabgorining arizasi barcha zarur hujjatlar bilan birgalikda olingan kundan boshlab oʻn kundan ortiq boʻlmagan muddatda amalga oshiriladi.
Ayni vaqtda ishchi organ hujjatlar qayta taqdim etilgandan keyin besh kun mobaynida ular yuzasidan ekspert xulosasi tayyorlaydi va litsenziya talabgoriga litsenziya berish yoki litsenziya berishni rad etish toʻgʻrisidagi taklifni tegishli qaror protokoli loyihasi bilan tasdiqlash uchun komissiyaga taqdim etadi.
Komissiya ishchi organ taklifi olingandan keyin besh kun muddatda uni koʻrib chiqadi va qabul qilingan qaror protokolini tasdiqlaydi. Komissiya tomonidan qabul qilingan qaror protokoli komissiya raisi (uning oʻrinbosari) tomonidan imzolanadi.
Litsenziya talabgorining arizasi takroran koʻrib chiqilganligi uchun yigʻim undirilmaydi.
Litsenziya talabgorining arizasini qayta koʻrib chiqishda ilgari litsenziya berishni rad etish toʻgʻrisidagi bildirishnomada koʻrsatilmagan yangi asoslar boʻyicha litsenziya berishni rad etishga yoʻl qoʻyilmaydi;
(21-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2012-yil 1-noyabrdagi 313-sonli qaroriga asosan beshinchi xatboshi bilan toʻldirilgan — OʻR QHT, 2012-y., 44-son, 507-modda)
Litsenziya berish rad etilganligi toʻgʻrisidagi bildirishnomada koʻrsatilgan muddat oʻtgandan keyin berilgan ariza yangidan berilgan ariza hisoblanadi.
V. Litsenziyani qayta rasmiylashtirish, uning amal qilish muddatini uzaytirish, dublikat berish
22. Litsenziat qayta tashkil etilgan, uning nomi yoki joylashgan joyi (pochta manzili) oʻzgargan taqdirda, litsenziat yoki uning huquqiy vorisi qayta roʻyxatdan oʻtkazilgandan keyin bir oy muddatda ishchi organga koʻrsatib oʻtilgan maʼlumotlarni tasdiqlovchi tegishli hujjatlar ilova qilingan holda litsenziyani qayta rasmiylashtirish toʻgʻrisida ariza berishi shart.
(22-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2012-yil 1-fevraldagi 26-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2012-y., 6-son, 57-modda)
23. Litsenziat litsenziya qayta rasmiylashtirilgunga qadar unda koʻrsatilgan faoliyatni ilgari berilgan litsenziya asosida amalga oshiradi.
24. Litsenziyani qayta rasmiylashtirishda ishchi organ litsenziyalar reyestriga tegishli oʻzgartirishlar kiritadi. Litsenziyani qayta rasmiylashtirish ishchi organ tomonidan tegishli hujjatlar ilova qilingan holda litsenziyani qayta rasmiylashtirish toʻgʻrisida ariza olingan kundan boshlab besh kun mobaynida amalga oshiriladi.
Litsenziyalarni qayta rasmiylashtirishda litsenziya talabgorining litsenziya berish toʻgʻrisidagi arizasi koʻrib chiqilganligi uchun toʻlanadigan summaning yarmi miqdorida yigʻim undiriladi. Yigʻim summasi ishchi organning hisob raqamiga oʻtkaziladi.
25. Litsenziyaning amal qilish muddatini uzaytirish litsenziatning arizasiga koʻra amalga oshiriladi.
Litsenziyaning amal qilish muddatini uzaytirish toʻgʻrisidagi ariza ishchi organga litsenziyaning amal qilish muddati oʻtgunga qadar ikki oydan kechikmay berilishi kerak.
Litsenziyaning amal qilish muddatini uzaytirish yoki uzaytirishni rad etish toʻgʻrisidagi qaror litsenziya berish uchun nazarda tutilgan tartibda qabul qilinadi.
26. Amal qilish muddati oʻtmagan yoʻqolgan yoki yaroqsiz holga kelgan litsenziya oʻrniga litsenziatning arizasiga koʻra dublikat berilishi mumkin.
Litsenziya dublikatini berishda litsenziya talabgorining litsenziya berish toʻgʻrisidagi arizasi koʻrib chiqilganligi uchun toʻlanadigan summaning yarmi miqdorida yigʻim undiriladi. Yigʻim summasi ishchi organning hisob raqamiga oʻtkaziladi.
VI. Litsenziya talablari va shartlariga rioya etilishini nazorat qilish
27. Litsenziat tomonidan litsenziya talablari va shartlariga rioya etilishi ustidan nazorat ishchi organ tomonidan qonun hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
28. Litsenziya talablari va shartlariga rioya etilishi ustidan nazoratni amalga oshirishda ishchi organ oʻz vakolatlari doirasida:
litsenziat tomonidan litsenziya talablari va shartlariga rioya etilishini qonun hujjatlarida belgilangan tartibda rejali tekshirish;
litsenziya talablari va shartlari litsenziat tomonidan buzilganligidan dalolat beruvchi hollar mavjud boʻlgan taqdirda litsenziatning ularga rioya etishini belgilangan tartibda rejadan tashqari tekshirish;
litsenziya talablari va shartlariga rioya etilishini tekshirish chogʻida paydo boʻladigan masalalar yuzasidan litsenziatdan zarur axborotni soʻrash va olish;
tekshirishlar natijalari asosida, litsenziat tomonidan litsenziya talablari va shartlarining aniq buzilishlarini koʻrsatgan holda dalolatnomalar (maʼlumotnomalar) tuzish;
litsenziatga aniqlangan buzilishlarni bartaraf etish majburiyatini yuklovchi qarorlar chiqarish, bunday buzilishlarni bartaraf etish muddatlarini belgilash;
litsenziyaning amal qilishini toʻxtatish yoki uni bekor qilish toʻgʻrisida komissiyaga koʻrib chiqish uchun taklif kiritish.
29. Litsenziya talablari va shartlariga rioya etilishini tekshirish chogʻida ishchi organning tekshiruvchi xodimlari tomonidan ikki nusxada dalolatnoma tuziladi, uning bir nusxasi litsenziatga beriladi, ikkinchi nusxasi ishchi organda qoladi.
VII. Litsenziyaning amal qilishini toʻxtatib turish, toʻxtatish va litsenziyani bekor qilish
30. Litsenziyaning amal qilishini toʻxtatib turish “Faoliyatning ayrim turlarini litsenziyalash toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 22-moddasida nazarda tutilgan hollarda va tartibda ishchi organ tomonidan amalga oshiriladi.
Ishchi organning litsenziyaning amal qilishini toʻxtatib turish toʻgʻrisidagi qarori yuzasidan sudga shikoyat qilinishi mumkin. Litsenziyaning amal qilishini toʻxtatib turish asossiz ekanligi sud tomonidan eʼtirof etilgan taqdirda, ishchi organ litsenziat oldida litsenziat koʻrgan zarar miqdorida javob beradi.
31. Litsenziyaning amal qilishini toʻxtatish “Faoliyatning ayrim turlarini litsenziyalash toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 23-moddasida nazarda tutilgan hollarda va tartibda komissiya qaroriga koʻra amalga oshiriladi.
Komissiyaning litsenziyaning amal qilishini toʻxtatish toʻgʻrisidagi qarori yuzasidan sudga shikoyat qilinishi mumkin. Litsenziyaning amal qilishini toʻxtatish asossiz ekanligi sud tomonidan eʼtirof etilgan taqdirda, komissiya litsenziat oldida litsenziat koʻrgan zarar miqdorida javob beradi.
32. Litsenziyani bekor qilish “Faoliyatning ayrim turlarini litsenziyalash toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 24-moddasida nazarda tutilgan hollarda va tartibda komissiya qaroriga koʻra amalga oshiriladi.
Komissiyaning litsenziyani bekor qilish toʻgʻrisidagi qarori yuzasidan sudga shikoyat qilinishi mumkin. Litsenziyani bekor qilishning asossiz ekanligi sud tomonidan eʼtirof etilgan taqdirda, komissiya litsenziat oldida litsenziat koʻrgan zarar miqdorida javob beradi.
VIII. Litsenziyalar reyestri
33. Ishchi organ litsenziyalar reyestrini yuritadi. Reyestrda quyidagilar koʻrsatilishi kerak:
yuridik shaxsning nomi, uning tashkiliy-huquqiy shakli, pochta manzili, telefoni;
litsenziyalanadigan faoliyat turining nomi;
litsenziyaning berilgan sanasi va tartib raqami;
litsenziyaning amal qilish muddati;
litsenziyani qayta rasmiylashtirish, uning amal qilish muddatini uzaytirish, toʻxtatib turish va tiklashning asoslari va sanasi;
litsenziyaning amal qilishini toʻxtatish asoslari va sanasi;
litsenziyani bekor qilish asoslari va sanasi;
dublikat berish asoslari va sanasi.
34. Litsenziyalarning reyestrlarida mavjud boʻlgan maʼlumotlar litsenziyalovchi organning veb-saytiga joylashtiriladi va tanishib chiqish uchun ochiq boʻladi.
(34-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2012-yil 1-fevraldagi 26-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2012-y., 6-son, 57-modda)
IX. Davlat bojini toʻlash tartibi
35. Litsenziya berganlik va uning amal qilish muddatini uzaytirganlik uchun Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlarida belgilangan eng kam oylik ish haqining oʻn baravari miqdorida davlat boji undiriladi.
36. Litsenziya berganlik uchun davlat boji respublika budjetiga oʻtkaziladi.
Ionlashtiruvchi nurlanish manbalari muomalada boʻladigan sohalardagi faoliyatni litsenziyalash toʻgʻrisidagi nizomga
ILOVA
ILOVA
Ionlashtiruvchi nurlanish manbalari muomalada boʻladigan sohalardagi faoliyatni litsenziyalash sxemasi
(ilova Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2014-yil 17-iyuldagi 196-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2014-y., 31-son, 380-modda)
Vazirlar Mahkamasining 2004-yil 6-martdagi 111-son qaroriga
2-ILOVA
2-ILOVA
Vazirlar Mahkamasining ionlashtiruvchi nurlanish manbalari muomalada boʻladigan sohalardagi faoliyatini litsenziyalash komissiyasi
(nomi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2012-yil 1-noyabrdagi 313-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2012-y., 44-son, 507-modda)
TARKIBI
| Sultonov Oʻ.T. | — | Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari, Komissiya raisi |
| Gʻulomov B.V. | — | “Sanoatgeokontexnazorat” davlat inspeksiyasining boshligʻi |
| Yunusov A.N. | — | Vazirlar Mahkamasining yetakchi mutaxassisi, masʼul kotib |
|
| ||
| Alixonov B.B. | — | Oʻzbekiston Respublikasi Davlat tabiatni muhofaza qilish qoʻmitasi raisi vazifasini bajaruvchi |
| Ahmedov N.A. | — | Oʻzbekiston Respublikasi Davlat geologiya qoʻmitasi raisi |
| Saidov A.M. | — | Oʻzbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirining birinchi oʻrinbosari |
| Samatov P.A. | — | Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirining oʻrinbosari |
| Usmonov A.T. | — | Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirining oʻrinbosari |
| Niyozmatov B.I. | — | Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirining oʻrinbosari |
Izoh: Komissiya aʼzolari boshqa ishga oʻtgan taqdirda Komissiya tarkibiga ularning oʻrniga yangidan tayinlangan shaxslar kiritiladi.
(2-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2014-yil 17-iyuldagi 196-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2014-y., 31-son, 380-modda)
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2004-y., 10-son, 116-modda; 2006-y., 20-21-son, 181-modda; 2010-y., 51-son, 486 -modda; 2012-y., 6-son, 57-modda, 44-son, 507-modda; 2014-y., 31-son, 380-modda; 2015-y., 1-son, 9-modda)