Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI PREZIDENTINING “YURIDIK SHAXSLAR VA FUQAROLARNING BINOLARI HAMDA INSHOOTLARI BILAN BAND BOʻLGAN YER UCHASTKALARINI XUSUSIYLASHTIRISH TOʻGʻRISIDA” 2006-YIL 24-IYULDAGI PF-3780-SON FARMONINI AMALGA OSHIRISH HAQIDA
Mazkur qaror Oʻzbekistan Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 21-apreldagi 247-sonli “Boʻsh turgan davlat koʻchmas mulk obyektlarini xatlovdan oʻtkazish va ulardan samarali foydalanishni tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Yuridik shaxslar va fuqarolarning binolari hamda inshootlari bilan band boʻlgan yer uchastkalarini xususiylashtirish toʻgʻrisida” 2006-yil 24-iyuldagi PF-3780-son Farmonini bajarish yuzasidan hamda binolar, inshootlar va yakka tartibdagi uy-joylar bilan band boʻlgan yer uchastkalarini xususiylashtirishni taʼminlash boʻyicha zarur tashkiliy-huquqiy chora-tadbirlarni amalga oshirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar, shaharlar va tumanlar hokimliklari “Yergeodezkadastr” davlat qoʻmitasi bilan birgalikda 2006-yil 1-dekabrgacha boʻlgan muddatda:
yer uchastkalarining yer toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari talablariga muvofiq maqsadlarda foydalanilayotganligini aniqlagan holda egalik qilish, foydalanish uchun va ijaraga berilgan yer uchastkalarini;
yakka tartibdagi uy-joy qurilishi yer fondini shakllantirish, shu jumladan korxonalar, tashkilotlar va muassasalarning boʻsh turgan va samarasiz foydalanilayotgan yer maydonlari hisobiga yaratish maqsadida, aholi yashash punktlaridagi yer maydonlarini, shuningdek ularga yondosh hududlarni xatlovdan oʻtkazsinlar.
Xatlovdan oʻtkazish natijalariga koʻra Oʻzbekiston Respublikasi “Davarxitektqurilish” qoʻmitasi bilan birgalikda, yakka tartibdagi uy-joy mavzelarini joylashtirishni hisobga olgan holda, aholi yashash punktlarining bosh rejalariga, muhandislik infratuzilmasi sxemalariga tuzatishlar kiritilsin.
Yer egalari va yerdan foydalanuvchilar tomonidan yer toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarining buzilishlari aniqlanganda, qonun hujjatlarida belgilangan hollarda va tartibda yer uchastkalari olib qoʻyilsin, keyinchalik ular ushbu uchastkalarda ishlab chiqarish faoliyatini amalga oshirish xohishini bildirgan shaxslarga berilsin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi Moliya vazirligi, “Yergeodezkadastr” davlat qoʻmitasi va “Davarxitektqurilish” qoʻmitasi bilan birgalikda 2006-yil 1-dekabrgacha boʻlgan muddatda yer fondining iqtisodiy zonalarini aniqlasin.
3. Belgilab qoʻyilsinki, yer uchastkalari garov taʼminoti sifatida belgilangan tartibda banklarga va boshqa kredit muassasalariga oʻtgan hollarda ular ushbu yer uchastkalarini mulk huquqi oʻzlariga oʻtgan vaqtdan boshlab olti oydan kechikmasdan sotuvga qoʻyishlari shart.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi, Davlat soliq qoʻmitasi 2006-yil 1-oktabrgacha boʻlgan muddatda Vazirlar Mahkamasiga xususiylashtirilgan yer uchastkalariga soliq solish, shuningdek ijaraga berilgan yer uchastkalari uchun ijara toʻlovi miqdorlari yuzasidan takliflar kiritsinlar.
5. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari R.S. Azimov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2006-yil 26-iyul,
147-son
(Oʻzbekiston Respublikasi Qonun hujjatlari toʻplami, 2006-y., 30-son, 293-modda)