Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Farmoni
Yuridik shaxslar va fuqarolarning binolari hamda inshootlari bilan band boʻlgan yer uchastkalarini xususiylashtirish toʻgʻrisida
Mazkur Farmon Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 19-iyundagi PF-99-sonli “Qishloq xoʻjaligiga moʻljallanmagan yer uchastkalariga nisbatan xususiy mulkchilik instituti joriy etilishi va mulk huquqining daxlsizligiga oid qonunchilik takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim hujjatlariga oʻzgartirishlar kiritish, shuningdek, baʼzilarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida”gi Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Iqtisodiyotda xususiy mulkchilikni yanada kengaytirish va uning rolini oshirish, biznesni rivojlantirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish hamda xususiy tadbirkorlikning huquqiy kafolatlarini mustahkamlash, xususiylashtirilgan korxonalar bilan band boʻlgan yer uchastkalaridan maqsadli va samarali foydalanishni taʼminlash, shuningdek uy-joy bozori va ipotekani rivojlantirish uchun kuchli ragʻbatlantiruvchi omillarni vujudga keltirish maqsadida:
1. Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga muvofiq, 2007-yilning 1-yanvaridan boshlab Oʻzbekiston Respublikasining yuridik shaxslari — rezidentlar mulkiy huquq asosida oʻzlariga qarashli yoki ular tomonidan xususiylashtiriladigan bino va inshootlar, ishlab chiqarish infratuzilmasi obyektlari joylashgan yer uchastkalarini, shuningdek mazkur obyektlarga tutash yer uchastkalarini qoʻllaniladigan texnologiya jarayonlari, shahar qurilishi norma va qoidalarini hisobga olgan holda, ishlab chiqarish faoliyatini amalga oshirish uchun zarur boʻlgan miqdorda xususiylashtirish huquqiga ega boʻladilar.
Ushbu bandda nazarda tutilgan yer uchastkalarini xususiylashtirish bozor qiymatidan kelib chiqib, qonun hujjatlarida belgilangan tartibda mulkka egalik huquqini rasmiylashtirgan holda ixtiyoriylik asosida amalga oshiriladi.
2. Belgilansinki, mazkur Farmonning 1-bandiga muvofiq xususiylashtirilmagan, Oʻzbekiston Respublikasining yuridik shaxslari — rezidentlari tomonidan doimiy foydalanib kelinayotgan yer uchastkalari 2008-yilning 1-yanvariga qadar ellik yilgacha, ammo oʻttiz yildan kam boʻlmagan uzoq muddatli ijaraga qaytadan rasmiylashtirilishi lozim.
Yer toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarida nazarda tutilgan hollarda, yer uchastkasini uzoq muddatli ijaraga olish huquqi shartnomada koʻrsatilgan muddat tugamasdan toʻxtatilishi yoki ijaraga olingan yer uchastkasi maydoni qisqartirilishi mumkin.
3. 2008-yil 1-yanvaridan boshlab Oʻzbekiston Respublikasining fuqarolari — rezidentlariga yakka tartibda uy-joy qurish va turar-joy binosiga xizmat koʻrsatish uchun ajratilgan yer uchastkalarini xususiylashtirish huquqi berilsin.
Bunda yakka tartibda uy-joy qurish va turar-joy binosiga xizmat koʻrsatish uchun ajratilgan yer uchastkalari quyidagi tartibda xususiylashtiriladi:
ushbu Farmon chiqqan paytda amalda egallab turilgan va oʻrnatilgan tartibda berilgan kadastr hujjatlarida belgilangan chegara va miqdorda doimiy foydalanish yoki umrbod meros qilib qoldiriladigan egalik huquqi bilan uchastkalarga ega boʻlgan fuqarolar tomonidan ixtiyoriylik asosida;
yer uchastkalarini yakka tartibda uy-joy qurilishiga kim oshdi asosida qonun hujjatlarida belgilangan miqdorlarda sotish chogʻida, keyinchalik mulkka egalik huquqini oʻrnatilgan tartibda davlat roʻyxatidan oʻtkazish;
tomonlar — koʻchmas mulkni begonalashtirayotgan yoki sotib olayotgan (qabul qilayotgan) shaxsning ahdlashuvi boʻyicha yakka tartibdagi uy-joyni sotish yoki hadya etish (yaqin qarindoshlar bundan mustasno) chogʻida majburiy tartibda.
4. Quyidagilar belgilansin:
kadastr hujjatlarida belgilangan chegara va miqdorlarda yakka tartibda uy-joy qurish va turar-joy binosiga xizmat koʻrsatish uchun berilgan yer uchastkalarini xususiylashtirish qatiyan bozor narxlari boʻyicha amalga oshiriladi;
fuqarolar tomonidan yakka tartibda uy-joy qurish va turar-joy binosiga xizmat koʻrsatish uchun yer uchastkalarini olishda ilgari toʻlangan qiymat kim oshdi savdolari natijalari boʻyicha yer uchastkalarini xususiylashtirish uchun toʻlanadigan haq miqdorini belgilash chogʻida hisobga olinadi;
xususiylashtirilgan yer uchastkasi oborotda, jumladan xarid qilish-sotish, ayirboshlash, hadya qilish, meros, foydalanish (ijaraga berish) boʻyicha bitimlar tuzishda cheklanmagan, garov, shu jumladan banklar va boshqa kredit muassasalaridan kredit olish uchun garov boʻlib xizmat qilishi mumkin.
5. Oʻzbekiston Respublikasi yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri Davlat qoʻmitasi Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar, shahar va tumanlar hokimliklari hamda boshqa manfaatdor tuzilmalar bilan birgalikda 2007-yilning 1-oktabrigacha boʻlgan muddatda yuridik shaxslar va fuqarolarning binolari hamda inshootlari bilan band boʻlgan yer uchastkalarini xususiylashtirish chogʻida bozor narxlarini belgilash uchun asos sifatida qishloq xoʻjalik ahamiyatiga ega boʻlmagan yerlar kadastrini ishlab chiqsin va aprobatsiyadan oʻtkazsin.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat mulki qoʻmitasi, “Yergeodezkadastr” davlat qoʻmitasi, “Davarxitektqurilish” davlat qoʻmitasi, Moliya vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi, Monopoliyadan chiqarish, raqobat va tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash davlat qoʻmitasi, Adliya vazirligi 2006-yilning 1-oktabrigacha:
yuridik shaxslarga tegishli bino va inshootlar bilan band boʻlgan yer uchastkalarini xususiylashtirish hamda bozor qiymatini belgilash tartibi toʻgʻrisidagi nizomni;
bino va inshootlar bilan band boʻlgan yer uchastkalari, shuningdek ishlab chiqarish faoliyatini amalga oshirish uchun zarur boʻlgan ularga tutash uchastkalarning chegaralarini belgilash tartibi toʻgʻrisidagi nizomni;
yakka tartibda uy-joy qurish va turar-joy binosiga xizmat koʻrsatish uchun beriladigan yer uchastkalarini xususiylashtirish va ularning bozor qiymatini aniqlash tartibi toʻgʻrisidagi nizomni;
yer uchastkalarini ijaraga berish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni ishlab chiqsin va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga tasdiqlash uchun kiritsin.
7. Belgilansinki, yer uchastkalarini xususiylashtirishdan tushadigan mablagʻlar Oʻzbekiston Respublikasining Davlat budjetiga toʻliq oʻtkazilib, quyidagi:
80 foizi — Oʻzbekiston Respublikasining respublika budjetiga;
20 foizi — Qoraqalpogʻiston Respublikasining respublika budjetiga, viloyatlarning viloyat budjetlariga hamda Toshkent shahrining shahar budjetiga hududlarni obodonlashtirish va infratuzilmani rivojlantirishda maqsadli foydalanish uchun yoʻnaltiriladi.
(7-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2014-yil 8-iyuldagi PF-4631-sonli Farmoni tahririda — OʻR QHT, 2014-y., 29-son, 356-modda)
8. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi Iqtisodiyot vazirligi, Moliya vazirligi, boshqa manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu Farmondan kelib chiqadigan oʻzgartish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida takliflar kiritsin.
9. Mazkur Farmonning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri Sh.M. Mirziyoyev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2006-yil 24-iyul,
PF-3780-son
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2006-y., 30-son, 288-modda; 2014-y., 29-son, 356-modda)