O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
SHAHARLAR VA TUMANLAR HOKIMLIKLARI APPARATI TUZILMASINI TAKOMILLASHTIRISH TO‘G‘RISIDA
Hududlarda ijtimoiy-iqtisodiy jarayonlarni boshqarishni takomillashtirish va markaziy boshqaruv organlari vakolatlarining bir qismini asta-sekin mahalliy boshqaruv organlariga berish, mahalliy hokimiyat organlari faoliyatining samaradorligini yanada oshirish maqsadida, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining XXI bobi va “Mahalliy davlat hokimiyati to‘g‘risida”gi Qonunga muvofiq Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Shaharlar va tumanlar hokimliklari apparatining boshqaruv tarmoq tizimidan funksional tizimiga o‘tishi maqsadga muvofiq deb hisoblansin.
2. Shaharlar va tumanlar hokimliklari apparatining namunaviy tuzilmasi 1-4-ilovalarga* muvofiq mehnatga haq to‘lash bo‘yicha guruhlar ro‘yxati va mas’ul xodimlarning cheklangan soni 5—8-ilovalarga* muvofiq tasdiqlansin.
* 1—8-ilovalar rus tilidagi matnda berilgan.
3. Birinchi chaqiriq O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining to‘qqizinchi sessiyasida “Mahalliy davlat hokimiyati to‘g‘risida”gi Qonunga kiritilgan tuzatishlarga muvofiq Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklarining Qoraqalpog‘iston Respublikasiga hamda viloyatlarga bo‘ysunuvchi bir qator shaharlar va tegishli qishloq tumanlari hokimliklari apparatlarini birlashtirish bo‘yicha takliflari qabul qilinsin.
Viloyatga bo‘ysunuvchi shaharlar hamda qishloq tumanlari hokimliklari apparatlari tuzilmalarining birlashtirilishi munosabati bilan vazirliklar va idoralar Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar hokimliklari bilan birgalikda bir oy muddatda ushbu hududlardagi o‘z tasarruflarida bo‘lgan boshqaruv organlari tuzilmasini va xodimlarining cheklangan sonini qayta ko‘rib chiqsinlar.
4. Shaharlar va tumanlar hokimliklari apparati zimmasiga quyidagi asosiy vazifalarni hal etish yuklansin:
hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yuzasidan kompleks dasturlarni ishlab chiqish hamda xalq xo‘jaligi tarmoqlarida islohotlarni chuqurlashtirish va xalq farovonligini oshirishni ta’minlash yuzasidan hukumat va hududlar dasturlarini amalga oshirish;
mahalliy o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish va ularga rahbarlik qilish;
Oldingi tahrirga qarang.
(4-bandning to‘rtinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 27-dekabrdagi 1053-sonli qaroriga asosan chiqarilgan — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 27.12.2018-y., 09/18/1053/2403-son)
fuqarolarni ijtimoiy va huquqiy himoya qilish, tabiiy va mehnat resurslaridan oqilona foydalanish hamda atrof muhitni muhofaza qilish bo‘yicha tadbirlarni amalga oshirish;
qonunlar, Oliy Majlis qarorlari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti farmonlari va farmoyishlari, Vazirlar Mahkamasi, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlari va ularning hokimliklarining qarorlari va farmoyishlari ijrosini ta’minlash;
Oldingi tahrirga qarang.
(4-bandning oltinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 27-dekabrdagi 1053-sonli qaroriga asosan chiqarilgan — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 27.12.2018-y., 09/18/1053/2403-son)
tadbirkorlik va xususiy tashabbusni qo‘llab-quvvatlash va sog‘lom raqobat muhitini yaratish.
5. Shaharlar va tumanlar hokimliklari apparati, ularning mustaqil boshqarmalari (bo‘limlari) rahbar xodimlari va mutaxassislari mehnatiga haq to‘lashning Yagona tarif setkasi bo‘yicha tarif razryadlari 9 — 12-ilovalarga* muvofiq tasdiqlansin.
* 9—12-ilovalar rus tilidagi matnda berilgan.
6. Vazirlar Mahkamasining 1996-yil 12-apreldagi 147-son qaroriga 5-ilovaning viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari mutaxassislari mehnatiga haq to‘lash bo‘yicha razryadlar va tarif koeffitsiyentlariga oid qismi hamda 6, 7, 11, 12, 13, 14-ilovalar o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblansin.
7. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri O‘.T. Sultonov, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1997-yil 30-sentabr,
459-son