|
Hujjat kuchini yo‘qotgan " " 06.06.2016
|
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI MXX-MXXB AVIATSIYA XAVFSIZLIGI BO‘LINMALARI TOMONIDAN QO‘LDA OLIB YuRILADIGAN YuKNI, BAGAJNI KO‘ZDAN KEChIRISh VA YO‘LOVChILARNI, FUQARO KEMALARI EKIPAJI A’ZOLARINI, AEROPORTLAR XODIMLARI VA BOShQA MANSABDOR ShAXSLARNI ShAXSAN TEKShIRIB ChIQIShNI AMALGA OShIRISh TARTIBI TO‘G‘RISIDAGI YO‘RIQNOMANI TASDIQLASh HAQIDA
Mazkur qaror O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2016-yil 2-iyundagi 183-sonli “O‘zbekiston Respublikasi fuqaro aviatsiyasida aviatsiya xavfsizligi ko‘zdan kechiruvini o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.
O‘zbekiston Respublikasi aeroportlarida aviatsiya xavfsizligini ta’minlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
Ilova qilinayotgan O‘zbekiston Respublikasi MXX-MXXB aviatsiya xavfsizligi bo‘linmalari tomonidan “Qo‘lda olib yuriladigan yukni, ekipaji a’zolarini, aeroportlar xodimlari va boshqa mansabdor shaxslarni shaxsan tekshirib chiqishni amalga oshirish tartibi to‘g‘risida”gi yo‘riqnoma tasdiqlansin.
O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri O‘. SULTONOV
Toshkent sh.,
1997-yil 29-aprel,
219-son
O‘zbekiston Respublikasi MXX-MXXB aviatsiya xavfsizligi bo‘linmalari tomonidan qo‘lda olib yuriladigan yukni, bagajni ko‘zdan kechirish va yo‘lovchilarni, fuqaro havo kemalari ekipaji a’zolarini, aeroportlar xodimlari va boshqa mansabdor shaxslarni shaxsan tekshirib chiqishni amalga oshirish tartibi to‘g‘risida
YO‘RIQNOMA
1.1. Mazkur qo‘lda olib yuriladigan yukni, bagajni ko‘zdan kechirish va fuqaro havo kemalari shaxsan tekshirib chiqishni amalga oshirish va aviatsiyada tashish taqiqlangan moddalar, yuklarni va buyumlarni olib qo‘yish tartibi to‘g‘risidagi yo‘riqnoma IKAO (dok.8973/3) normalariga, Vazirlar Mahkamasining 1996-yil 3-oktabrdagi 348-45-son qaroriga, O‘zbekiston Respublikasi Havo kodeksiga muvofiq ishlab chiqilgan.
Yo‘riqnoma havo kemalariga chiqishdan oldin ichki va xalqaro yo‘llardagi aeroportlarda yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatishning umumiy texnologik jarayonida tekshirib chiqish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirish tartibini tartibga soladi.
Quyidagilar ushbu faoliyatning bosh tamoyillari hisoblanadi:
aeroportlarda istisnosiz barcha yo‘lovchilarni, ekipaj a’zolarini, aeroportlarning xodimlarini va boshqa mansabdor shaxslarni tekshirib chiqishni amalga oshirish;
yo‘lovchilardan va boshqa toifadagi shaxslardan aviatsiyada tashish taqiqlangan xavfli moddalar va buyumlarni (qaytarib berish yoki qaytarib bermasdan) majburiy olib qo‘yish;
qonun buzuvchilarni ma’muriy yoki jismoniy javobgarlikka tortishning qaytarib bo‘lmasligini tekshirib chiqishda qonuniylikka qat’iy rioya qilish.
1.2. Havo kemasi kimga qarashliligidan qat’i nazar, ham ichki, ham xalqaro yo‘llarda avia xavfsizligi uchun qo‘lda olib yuriladigan yukni, bagajni ko‘zdan kechirish va shaxsan tekshirib chiqish aeroportda parvozlarning xavfsizligini, yo‘lovchilar va ekipaj a’zolarining hayoti va salomatligini saqlashni ta’minlash, fuqaro havo kemalarini bo‘lishi mumkin bo‘lgan egallab olishlarning va olib qochishlarning va jinoyatchi elementlar tomonidan fuqaro aviatsiyasi faoliyatiga noqonuniy aralashuvning boshqa hodisalarining oldini olish, shuningdek, qurollar, o‘q-dorilar, portlatish qurilmalari, portlovchi, zaharlovchi, yengil alanga oluvchi moddalarni va boshqa xavfli yuklarni noqonuniy tashishlarni bartaraf etish maqsadida amalga oshiriladi.
1.3. Shaxsan tekshirib chiqish fuqaro havo kemalarida tashish taqiqlangan qurilmalar yoki moddalarni topib olish uchun zarur bo‘lgan doirada amalga oshiriladi.
1.4. Shaxsan tekshirib chiqish shaxsan tekshirib chiqish xonasida tekshirilayotgan yo‘lovchi bilan faqat bir jinsli shaxslar tomonidan amalga oshiriladi. Bir vaqtning o‘zida bir necha yo‘lovchini shaxsan tekshirib chiqishga ruxsat etilmaydi.
1.5. Shaxsan tekshirib chiqish aviatsiya xavfsizligi bo‘linmasining kamida 2 xodimi tarkibida amalga oshiriladi. Shaxsiy tekshirib chiqishni yakka boshchilikda amalga oshirish qatiy taqiqlanadi.
1.6. Yurak faoliyatini yaxshilovchi apparatlari bo‘lgan yo‘lovchilar texnik vositalar qo‘llanmasdan shaxsan tekshirib chiqiladi.
1.7. Tibbiy punktdagi yo‘lovchilar va ularni kuzatuvchi shaxslar maxsus ajratilgan tezkor nazoratchi tomonidan tekshirib chiqiladi, bunday shaxslar bilan tekshirib chiqishni o‘tkazish uchun javobgarlik, shuningdek, tekshirib chiqilgandan so‘ng ularning begona kishilar bilan aloqasini istisno qilish tibbiy punkt xodimiga yuklanadi, bu haqda ularga tilxat orqali e’lon qilinadi.
1.8. Yo‘lovchini shaxsan tekshirib chiqish buning uchun maxsus jihozlangan xonalarda majburiy tartibda quyidagi hollarda amalga oshiriladi:
aniq qatnovni bajarayotgan yoki belgilangan yo‘nalishda ketayotgan havo kemasini egallab olishga tayyorgarlik ko‘rilayotganligi to‘g‘risida xabar kelganda;
yo‘lovchida tashish taqiqlangan o‘q otuvchi yoki sovuq qurol, portlatish qurilmalari, portlovchi va boshqa xil xavfli moddalar va buyumlar borligi haqida ma’lumotlar tushganda;
yo‘lovchining qo‘lda olib yuriladigan yukida ilovaga muvofiq tashish taqiqlangan o‘q otuvchi yoki sovuq qurol, portlatish qurilmalari, portlovchi va boshqa xil xavfli moddalar va buyumlar aniqlanganda;
yo‘lovchining shubhali xulqi va xatti-harakatlari, uning qilishi mumkin bo‘lgan jinoiy niyatlari yoki unda tashish taqiqlangan yoki shubha uyg‘otuvchi buyumlar borligi haqida guvohlik beruvchi belgilarni MXX xodimlari va fuqaro aviatsiyasi xodimlari tomonidan shaxsiy kuzatish yo‘li bilan aniqlanganda.
1.9. Kemalarni egallab olish (olib qochish) maqsadida ushbu kemalar ekipajlari a’zolariga va yo‘lovchilarga zo‘ravonlik qilish vositalari sifatida foydalanilishi yoki favqulodda hodisaga sabab bo‘lishi mumkin bo‘lgan qurilmalari yoki moddalari bor shaxslarning fuqaro kemalari bortiga kirib olishga urinishlarining o‘z vaqtida oldini olish va bartaraf etish tekshirib chiqishning asosiy vazifasi hisoblanadi.
1.10. Qo‘lda olib yuriladigan yukni, bagajni ko‘zdan kechirish va yo‘lovchilarni shaxsan tekshirib chiqish chiptalar ro‘yxatdan o‘tkazilgandan so‘ng, xalqaro qatnovlarga xizmat ko‘rsatuvchi aeroportlarda esa yo‘lovchilar bojxona va chegara nazoratidan o‘tganlaridan so‘ng amalga oshiriladi.
1.11. Qo‘lda olib yuriladigan yuk va bagaj yo‘lovchida bo‘lganda ularni tekshirib chiqish uning ishtirokida amalga oshiriladi.
1.12. Bagajni ochib ko‘rish zaruriyati bilan bog‘liq holda bagajni yo‘lovchi yo‘qligida tekshirib chiqish O‘zbekiston Respublikasi MXX aviatsiya xavfsizligi bo‘linmasi boshlig‘ining, uning o‘rinbosarlarining va tekshirib chiqish smenalarining boshliqlari, tashishni uyushtirish xizmatlarining boshliqlari va ushbu xizmatlar smenalari boshliqlarining sababi ko‘rsatilgan yozma holdagi, chegara va bojxona nazorati amalga oshiriladigan aeroportlarda esa chegara qo‘shinlari nazorat-tekshiruv punktlari bo‘limi boshliqlari va bojxona nazorati postlari boshliqlarining ham sababi ko‘rsatilgan yozma holdagi qaroriga muvofiq amalga oshiriladi.
Ko‘rsatib o‘tilgan mansabdor shaxslar bo‘lmaganlarida tekshirib chiqishni amalga oshirish haqidagi qaror belgilangan tartibda ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar tomonidan qabul qilinishi mumkin.
Mazkur bandda nazarda tutilgan hollarda bagajni tekshirib chiqish protokol tuzilgan holda, ikki guvoh ishtirokida amalga oshiriladi.
1.13. “VIP” zallarida xizmat ko‘rsatiladigan yo‘lovchilar va rasmiy delegatsiyalar aviatsiya xavfsizligi nazoratidan ushbu zallarning tekshirib chiqish punktlarida o‘tadilar.
Vena konvensiyasiga muvofiq diplomatik immunitetga ega bo‘lgan yo‘lovchilar ham, agar O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari bilan boshqacha qoidalar nazarda tutilmagan bo‘lsa, aviatsiya xavfsizligi nazoratidan o‘tadilar.
Mazkur tartib O‘zbekiston Respublikasi hududi orqali tranzit bilan ketayotgan diplomatik xodimlarga, shuningdek, ular bo‘ladigan davlatda - O‘zbekiston Respublikasida akkreditatsiya qilingan diplomatik agentlar, ma’muriy-texnik xodim a’zolari va ularning oila a’zolariga, O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari hisoblanmaydigan vakolatxonalarning xizmat ko‘rsatuvchi xodimi a’zolariga ham joriy etiladi.
Diplomatik pochtalar, konsullik valizlari, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalariga muvofiq ularga tenglashtirilgan xorijiy vakolatxonalar va xalqaro tashkilotlarning boshqa xil xat-xabarlari tekshirib chiqilmaydi.
2. Tekshirib chiqishni amalga oshirish
2.1. Tekshirib chiqish aeroportlarning maxsus jihozlangan nazorat zonalari (tekshirish punktlari)da amalga oshiriladi.
2.2. Qo‘lda olib yuriladigan yukni, bagajni ko‘zdan kechirish va yo‘lovchilarni shaxsan tekshirib chiqish, qatnovlarga tijorat xizmati ko‘rsatish vaqtining belgilangan normalari doirasida amalga oshirilishi kerak. Favqulodda hollarda barcha yo‘lovchilar majburiy tartibda aviatsiya xavfsizligi nazoratidan o‘tishlari uchun tekshirib chiqish vaqti uzaytirilishiga (barcha yo‘lovchilar chiqib olishlariga) ruxsat etiladi.
2.3. Shaxsiy tekshirib chiqishdan yoki qo‘lda olib yuriladigan yukni va bagajni ko‘zdan kechirish uchun berishdan bosh tortgan yo‘lovchilar samolyotga chiqarilmaydilar. Ushbu yo‘lovchilarning shaxsini aniqlash va tekshirib chiqishdan bosh tortish sabablarini aniqlash uchun choralar ko‘riladi.
2.4. Parvozdagi havo kemasida tekshirib chiqish, yo‘lovchining roziligidan qat’i nazar, zaruratga qarab havo kemasi komandirining qaroriga ko‘ra amalga oshirilishi mumkin.
Yo‘lovchilar chiqarilib yoki yuklar ortilib bo‘lingandan so‘ng va yo‘lovchilarni yoki yuklarni tushirish maqsadida ushbu eshiklardan xohlangani ochilish paytiga qadar, ushbu kemaning barcha tashqi eshiklari yopilgan paytdan boshlab havo kemasi parvozda hisoblanadi.
3. Tashkiliy-texnik chora-tadbirlar va yo‘lovchilarni nazoratdan o‘tkazish zonalariga nisbatan talablar
3.1. Tekshirib chiqish bo‘yicha umumiy tashkiliy-texnik chora-tadbirlar quyidagilarni nazarda tutadi:
qurollar, o‘q-dorilar, portlatish qurilmalari, portlovchi, zaharlovchi, yengil alanga oluvchi va boshqa xavfli moddalar va buyumlarning noqonuniy olib ketilayotganini o‘z vaqtida aniqlash va bartaraf etish;
yo‘lovchilarni tekshirib chiqishni amalga oshirish qoidalarida nazarda tutilgan ularning huquqlari va majburiyatlari to‘g‘risida, tekshirib chiqishdan o‘tishning maqsadi va tartibi haqida, fuqaro havo kemalarida yo‘lovchilar tomonidan tashish taqiqlangan moddalar va buyumlar to‘g‘risida va ularni noqonuniy tashiganlik uchun javobgarlik haqida xabardor qilish;
qo‘lda olib yuriladigan yukni, bagajni sinchkovlik bilan ko‘zdan kechirish va maxsus texnik vositalarni qo‘llagan holda yo‘lovchilarni shaxsan tekshirib chiqish;
tekshirib chiqishda maxsus texnik vositalar (statsionar va qo‘l metall izlovchilar, rentgen televizion apparatlar va boshqa vositalar)ni jihozlash va ulardan samarali foydalanish, ularni soz holda saqlash;
tekshirib chiqishdan o‘tgan va havo kemasiga chiqishga ruxsat etilgan yo‘lovchilarning tekshirib chiqishdan o‘tmagan yo‘lovchilar, kuzatib qoluvchilar, mazkur qatnov yo‘lovchilariga xizmat ko‘rsatish bilan band bo‘lmagan aeroport xodimlari bilan aloqa qilishlariga yo‘l qo‘ymaslik;
aeroport va aerovokzal hududida yo‘lovchilarning xatti-harakatlarini kuzatish, kutish (to‘planish) zallarini, galereyalarni qurollar, o‘q-dorilar, portlash xavfi bo‘lgan va yengil alangalanadigan moddalar va buyumlarni aniqlash maqsadida muntazam ravishda tekshirib borish.
3.2. Yo‘lovchilarni havo kemasiga chiqarishdan oldin qo‘lda olib yuriladigan yukni, bagajni ko‘zdan kechirish va ularni shaxsan tekshirib chiqish uchun aerovokzallar binolarida yoki maxsus ajratilgan xonalar (pavilonlar)da yo‘lovchilarni nazoratdan o‘tkazuvchi yopiq zonalar jihozlab qo‘yiladi.
Nazorat zonalari, jo‘natilayotgan yo‘lovchilar va qatnovlar soniga qarab, bir yoki bir necha tekshirib chiqish joylaridan iborat bo‘ladi.
Kirish joylari tepasiga “Yo‘lovchilarni maxsus nazoratdan o‘tkazish zonasi”, “Tekshirib chiqish joyi” degan ko‘rsatkichlar osib qo‘yiladi.
3.3. Tekshirib chiqish joyi:
yo‘lovchilarni va ularning qo‘lda olib yuriladigan yukni nazorat qilish uchun tekshirib chiqish chog‘ida qo‘llaniladigan texnik vositalar bilan jihozlangan xonalardan iborat bo‘ladi.
Ko‘rsatib o‘tilgan xonaning maydoni kamida 40 kv.m. bo‘lishi kerak; yo‘lovchilarni shaxsan tekshirib chiqish uchun xonalar (kabinalar)dan;
yo‘lovchilarning perronga erkin chiqishlari va qaytib nazorat xonasiga kirishlarini istisno qiluvchi tekshirib chiqishdan o‘tgan yo‘lovchilar uchun kutish (to‘planish) zallaridan iborat bo‘ladi.
3.4. Aeroportlardagi nazorat zonalari va tekshirib chiqish joylari, shuningdek, tekshirib chiqishda qo‘llaniladigan texnik vositalarning soni aerovokzallar(aeroport) qancha yo‘lovchi sig‘dira olishini hisobga olgan holda belgilangan normalar bilan aniqlanadi.
3.5. Yo‘lovchilarni nazoratdan o‘tkazish zonalari (tekshirib chiqish joylari) uchun tegishli hujjatlar talablariga javob beruvchi maydonlar ajratiladi.
3.6. Yo‘lovchilarni nazoratdan o‘tkazish zonalari (tekshirib chiqish joylari)da tekshirib chiqish guruhlari shaxsiy tarkibiga normal ish sharoitlarini ta’minlovchi temperatura rejimi va tekshirib chiqishda qo‘llaniladigan texnik vositalar yilning har qanday vaqtida ishchi holatda saqlab turiladi.
3.7. Yo‘lovchilarni nazoratdan o‘tkazish zonalari (tekshirib chiqish joylari)ni to‘sish va ularga o‘tish (kirish va chiqish) joylari shunday jihozlanishi kerakki, bu yerda yashovchi va boshqa begona shaxslar tekshirib chiqishdan o‘tgan yo‘lovchilar bilan aloqada bo‘la olmasinlar, shuningdek, tekshirib chiqish jarayonini kuzata olmasinlar va uni o‘rgana olmasinlar.
3.8. Yo‘lovchilarni nazorat qilish zonalari (tekshirib chiqish joylari) elektr soatlari, radio va telefon aloqalari bilan jihozlanadi.
3.9. Nazorat qilish zonalari xonalari sanitariya-gigiyena normalariga rioya qilingan holda saqlanishi kerak.
3.10. Nazorat qilish zonalari (tekshirib chiqish joylari)ga faqat aviachiptalarni va yo‘lovchilarning shaxsini tasdiqlovchi hujjatlarni taqdim etgan holda qatnovni ro‘yxatdan o‘tkazish uchun e’lon qilingan yo‘lovchilar, yo‘lovchilarni kutish (to‘planish) zonalaridan havo kemasiga yetkazib keluvchi xodimlar, texnik xizmat ko‘rsatish guruhlari, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi MXX-MXXB va aviakorxonalarning rahbarlari qo‘yiladi. Nazorat qilish zonasi (tekshirib chiqish joylari)dan o‘tish va u yerda begona shaxslarning, shu jumladan, tekshirib chiqish ishi bilan bog‘liq bo‘lmagan avia korxonalar ekipaji a’zolarining va boshqa xodimlarning bo‘lishi qat’iy man etiladi.
Nazorat qilish zonasi orqali begona kishilarning o‘tishini istisno qilish uchun javobgarlik tekshirib chiqish smenasining boshlig‘i zimmasiga yuklanadi.
3.11. Tekshirib chiqish texnik vositalarning sozligini tekshirish, sozlash va tartibga keltirish aviakorxonalarning samolyotlarni elektrotexnik jihatdan ta’minlash bazalari boshliqlari va O‘zbekiston Respublikasi MXX-MXXB tezkor nazoratchilari smena boshlig‘i zimmasiga yuklanadi.
4. Tekshirib chiqish guruhlari tuzilmasi
4.1. Tekshirib chiqish bo‘linmasi uchun ajratiladigan tezkor nazoratchilar soni har bir aniq aeroport uchun belgilanadi va yo‘lovchilarning prognoz qilinadigan oqimini, qatnovlar jadvalini, havo kemalari turlarini va yo‘lovchilardan tashqari boshqa shaxslarni tekshirish zarurligini hisobga olishi kerak.
Tekshirib chiqish guruhi aeroportning ish sharoitlariga qarab smenalardan iborat bo‘lishi mumkin. Smenalar tarkibi ishlab turgan tekshirib chiqish joylari soni bilan belgilanadi.
Har bir tekshirib chiqish joyiga tekshirib chiqish bo‘yicha tezkor nazoratchilarning zarur soni ajratiladi.
4.2. Tekshirib chiqish davrida tezkor nazoratchilarning navbatchi smenasi tekshirib chiqish texnologiyasi bilan belgilanadigan normativlarga muvofiq to‘liq butlanishi kerak.
Qatnovlar orasida tekshirib chiqishdan bo‘sh vaqt bo‘lgan taqdirda bo‘linma rahbarining qarori bilan tezkor nazoratchilar aerovokzallarda va aeroportlarning perronlarida yo‘lovchilar oqimi orasida xatti-harakatida shubhali belgilar mavjud bo‘lgan shaxslarni aniqlash, umumiy foydalanish joylarida qoldirilgan qurol-yarog‘, o‘q-dorilar, portlovchi va zaharlovchi moddalarni, shuningdek, egasiz bagaj va qo‘lda olib yuriladigan yuklarni aniqlash ishlarini olib boradilar.
4.3. Tekshirib chiqish bo‘linmasining tezkor nazoratchilari xizmat vazifalarini maxsus kiyim-boshda bajaradilar va ko‘krak belgisini yoki “tarxetka” yorligini taqib yuradilar.
5. O‘zbekiston Respublikasi Milliy xavfsizlik xizmati bo‘linmasi tezkor nazoratchilarining huquq va majburiyatlari
5.1. Tekshirib chiqish bo‘linmalarining tezkor nazoratchilari quyidagi huquqlarga ega bo‘ladilar:
yo‘lovchilardan havo transportida tashish qoidalarini so‘zsiz bajarishni talab qilish;
qo‘lda olib yuriladigan yukni, bagajni ko‘zdan kechirish, yo‘lovchilarni shaxsan tekshirib chiqish;
tekshirish jarayonida aviatashishlarda taqiqlangan moddalar va buyumlarni yo‘lovchilardan olib qo‘yish, nusxasi aviayo‘lovchining qo‘liga beriladigan olib qo‘yish bayonnomasi tuzish;
tekshirib chiqish texnologiyasini takomillashtirish va ko‘zdan kechirishda qo‘llaniladigan texnik vositalardan foydalanish masalasida tekshirib chiqish samaradorligini oshirishga qaratilgan takliflar kiritish.
5.2. O‘zbekiston Respublikasi Milliy xavfsizlik xizmatining tekshirib chiqish bo‘linmalari tezkor nazoratchilari quyidagilarga majburdir:
mazkur Yo‘riqnomaning qo‘lda olib yuriladigan yukni, bagajni ko‘zdan kechirish va fuqaro havo kemalari yo‘lovchilarini shaxsan tekshirib chiqish talablarini, O‘zbekiston Respublikasining parvozlarning xavfsizligini ta’minlashga, yo‘lovchilarning hamda havo kemalari ekipajlari a’zolarining hayoti va sog‘ligini muhofaza qilishga qaratilgan qonun hujjatlarini qat’iy bilish va bajarish;
tekshirib chiqish chog‘ida qo‘llaniladigan texnik vositalarning asosiy tavsiflarini va ulardan foydalanish qoidalarini bilish;
tekshirib chiqish jarayonida yo‘lovchilarda va ularning qo‘lda olib yuriladigan yuklaridagi fuqaro havo kemalarida tashish taqiqlangan moddalar va buyumlarni aniqlash bo‘yicha operatsiyani ustalik bilan amalga oshirish;
yo‘lovchilarga nisbatan e’tiborli va xushmuomala bo‘lish hamda ularning qadr-qimmatini pastga uruvchi harakatlarga yo‘l qo‘ymaslik;
fuqarolarga ularda mavjud bo‘lishi ehtimol tutilgan fuqaro havo kemalarida tashish taqiqlangan moddalar va buyumlarni ko‘rsatishni taklif etish;
tekshirib chiqish bahonasi sababi bilan qatnovlarning asossiz to‘xtatilishiga yo‘l qo‘ymaslik;
havo transportida tashish qoidalari buzilishining oldini olish chora-tadbirlarini ko‘rish, qoidani buzganlarga nisbatan materiallarni belgilangan tartibda rasmiylashtirish va ma’muriy ta’sir chorasi ko‘rish uchun aviakorxona rahbarlariga, jinoyat sodir etgan shaxslarga nisbatan esa materiallarni O‘zbekiston Respublikasi MXX-MXXBga va ichki ishlar organlariga taqdim etish;
qo‘lda olib yuriladigan yukni tekshirib chiqishga taqdim etishdan va shaxsan tekshirishdan bosh tortgan yo‘lovchilarni parvozlarga qo‘ymaslik, ularning shaxslarini va tekshirishdan bosh tortish sabablarini aniqlash chora-tadbirlarini ko‘rish, zarurat bo‘lganda bunday shaxslarni ichki ishlar organlariga topshirish;
sergak bo‘lish, tekshirib chiqishdan o‘tmagan yo‘lovchilarning va begona shaxslarning, shu jumladan, aviakorxonaning mazkur qatnovga xizmat ko‘rsatish bilan bog‘liq bo‘lmagan xodimlarining nazorat (tekshirish joyi) zonasi orqali aerodromga chiqishlari (o‘tishlari)ga yo‘l qo‘ymaslik.
Havo kemasi bortiga yo‘lovchilar tomonidan parvozlarning xavfsizligi uchun xavf tug‘diruvchi xavfli moddalar va buyumlar olib o‘tilishi natijasida xizmat majburiyatlarining vijdonan bajarilmaganligi uchun operativ nazoratchilar intizomiy tartibda javob beradilar, xizmat mavqeini suiste’mol qilganligi va bunda sovuqqonlik qilganligi uchun esa O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksiga muvofiq jinoiy javobgarlikka tortiladilar.
6. Fuqaro aviatsiyasi yo‘lovchilari uchun maxsus axborot
6.1. Barcha aeroportlar, aerovokzallar va agentliklarda yo‘lovchilarni qo‘lda olib yuriladigan yuk va bagajni tashishda ularga qo‘yiladigan talablar to‘g‘risida xabardor qiladilar. Buning uchun ko‘rinadigan joylarda chiroqli tablolar o‘rnatiladi, plakatlar osib qo‘yiladi, eslatmalar tarqatiladi, ichki radiotranslyatsiya tarmog‘i orqali matnlar o‘qib eshittiriladi.
7. Tekshirib chiqishni amalga oshirish tartibi
7.1. Aeroportlarning nazorat zonalarida (tekshirish joylarida) qo‘lda olib yuriladigan yukni, topshirilmagan bagajni ko‘zdan kechirish va yo‘lovchilarni shaxsan tekshirib chiqish, asosan, maxsus texnik vositalarni qo‘llagan holda, quyidagi izchillikda amalga oshiriladi:
— yo‘lovchi chipta ro‘yxatdan o‘tkazilgandan so‘ng nazorat zonasi (tekshirish joyi)ga yuboriladi, bu yerda aviachipta yo‘lovchi shaxsini tasdiqlovchi hujjat ma’lumotlari bilan solishtiriladi;
— yo‘lovchi tekshirish joyiga yo‘l oladi, bu yerda unga unda mavjud bo‘lgan fuqaro havo kemasida tashish taqiqlangan metall buyumlar va moddalar, shuningdek, begona shaxslarning olib o‘tish uchun unga bergan buyumlari (posilkalar, tugunlar, paketlar va shunga o‘xshashlar)ni ko‘rsatish taklif etiladi.
Aviatsiya xavfsizligini nazorat qilish binosiga yo‘lovchilarni qo‘yish tekshirib chiqishda qo‘llaniladigan texnik vositalar oldida yo‘lovchilarning to‘planib qolishlarini istisno etuvchi tartibda amalga oshiriladi.
Yo‘lovchida yoki uning qo‘lda olib yuriladigan yukida fuqaro havo kemalarida tashish taqiqlangan moddalar va buyumlar aniqlangan taqdirda tegishli bayonnoma tuzilgan holda ular olib qo‘yiladi.
Musodara qilingan moddalar va buyumlarning xavflilik darajasiga qarab yo‘lovchini parvozga qo‘yish yoki uni ichki ishlar organlariga topshirish to‘g‘risida qaror qabul qilinadi.
Bunday yo‘lovchi parvozga qo‘yilgan taqdirda, uning bagajini tekshirib chiqish zarurligi to‘g‘risidagi masala hal etiladi. Kechiktirib bo‘lmaydigan hollarda bagajni tekshirish Yo‘riqnomaning 1.12-bandi talablariga rioya etilgan holda, yo‘lovchi yo‘qligida amalga oshirilishi mumkin va u bayonnoma tuzib rasmiylashtiriladi;
yo‘lovchiga qo‘lda olib yuriladigan yuk qaytariladi, aviachiptaga tekshirish amalga oshirilganligi haqida belgi qo‘yiladi, shundan so‘ng yo‘lovchi uchishni kutish (to‘planish) zonasiga yo‘l oladi.
Belgi (shtamp bosish, komposter qilish va boshqalar) aviachiptaning old tomonida va koreshokda ro‘yxatdan o‘tkazish tartib raqami yoniga yoki uchish taloniga qo‘yiladi.
Qo‘lda olib yuriladigan yukni va yo‘lovchining qo‘lidagi boshqa buyumlarni tekshirib chiqish (nogabarit buyumlar va ustki kiyimdan tashqari) rentgen-televizion introskop yordamida amalga oshiriladi.
Nogabarit buyumlar, yo‘lovchining qo‘lidagi ustki kiyim va ichida nima borligini introskop ekranining tasviri bo‘yicha aniqlash mumkin bo‘lmagan qo‘lda olib yuriladigan yuk qo‘lda tekshiriladi.
Tekshirib chiqish chog‘ida portlatuvchi qurilmalar, o‘q otar va sovuq qurollarni hamda tashish taqiqlangan boshqa moddalar va buyumlarni havo kemasiga olib o‘tishda foydalanilishi mumkin bo‘lgan termos, radiopriyomnik, magnitofon, musiqa asbobi, hisoblash mashinasi, katta hajmli o‘yinchoqlar, soyabonlar, hassa, kitoblar va boshqalarga alohida e’tibor beriladi.
7.2. Texnik vositalar yordamida tekshirib chiqish quyidagi tartibda amalga oshiriladi:
yo‘lovchiga uning kiyimidagi metall buyumlar (portsigar, kalitlar, folgali pachkadagi sigaretlar, ko‘p miqdordagi tangalar va boshqalar)ni maxsus idishga qo‘yish va statsionar metall izlovchi ramkasidan o‘tish taklif etiladi. Agar bunda yo‘lovchining kiyimida metall buyumlar borligi to‘g‘risida signal berilsa, ular qayerdaligini aniqlash uchun qo‘l metall izlovchi qo‘llaniladi, bunday asbob bo‘lmagan taqdirda yo‘lovchi shaxsan tekshirib chiqiladi. Tashqi tomoni chiqib turgan, biroq qaraganda yo‘lovchining kiyimida ko‘rinmaydigan hamda metall izlovchi nazariga tushmaydigan buyumlar navbatchining talabi bilan tekshirish uchun ko‘rsatiladi.
7.3. Havo kemasi trapida yo‘lovchilar (shu jumladan, tranzit bilan uchuvchi yo‘lovchilar)ning tekshirishdan o‘tganligi to‘g‘risida aviachiptalarda belgi bor - yo‘qligini uchish bo‘yicha navbatchilar va tezkor nazoratchi amalga oshiradi.
7.4. Havo kemasini egallab olishga tayyorgarlik ko‘rilayotganligi yoki fuqaro aviatsiyasi faoliyatiga g‘ayriqonuniy aralashishning boshqa harakati haqida xabar olingan taqdirda aviakorxonalar, MXX organlari rahbarlari tekshirib chiqish guruhlarini kuchaytiradilar hamda yo‘lovchilarni tekshirib chiqishni o‘z shaxsiy nazoratlari ostiga oladilar, shuningdek, favqulodda holatlarning oldini olish yuzasidan chora-tadbirlar kompleksi ko‘rilishini ta’minlaydilar.
7.5. Kutish (to‘planish) zonasidan havo kemasiga chiqishgacha bo‘lgan yo‘lda yo‘lovchilarni nazorat qilish tezkor nazoratchilarning kuchi bilan amalga oshiriladi.
8. Tekshirib chiqishni amalga oshirish muddatlari
8.1. Tekshirib chiqish jarayoni uchib ketayotgan yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatish vaqtidan oshib ketmasligi hamda bajarilayotgan qatnovlar jadvaliga ta’sir ko‘rsatmasligi kerak. Tekshirib chiqish vaqtining belgilangan normalarini, shu jumladan, tranzit va kechikib uchayotgan qatnovlarni, uning sifatini pasaytirish hisobiga qisqartirishga yo‘l qo‘yilmaydi.
8.2. Texnik vositalar bilan jihozlangan tekshirib chiqish joyining o‘tkazish qobiliyati uning texnik ma’lumotlariga ko‘ra belgilanadi. Tekshirib chiqish aviayo‘lovchilarni ro‘yxatdan o‘tkazish bilan bir vaqtda boshlanadi va o‘tkaziladi.
9. Kuzatib ketilayotgan maxsus yuklarni, maxsus pochtani, soqchilar olib ketayotgan shaxslarni, maxsus topshiriqlarni bajarayotgan harbiy xizmatchilarni, o‘qchi-sportchilarni, ovchilarni va geologlarni tekshirib chiqish tartibi
9.1. Fuqaro havo kemalarida tashilayotgan maxsus yuklar, maxsus pochta va rasmiy xat-xabarlar hamda O‘zbekiston Respublikasi vazirliklari va idoralarining ularni kuzatib borayotgan qurolli xodimlari, shuningdek, feldyeger va maxsus aloqaning ularni kuzatib borayotgan xodimlari, konsullik valizlari va ularga tenglashtirilgan shaxslar O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari asosida, xorijiy muassasalar va xalqaro tashkilotlarning diplomatik maqomga ega bo‘lgan yo‘lovchilar kuzatib borayotgan boshqa rasmiy xat-xabarlari tekshirib chiqilmaydi va ushlab qolinmaydi.
Izoh: Qurollangan xodimlar tomonidan kuzatib borilayotgan havo kemasi bortidagi maxsus yuklar va pochtani ro‘yxatdan o‘tkazish, keltirish, joylashtirish hamda sport delegatsiyalari (komandalar)ni, soqchilarni, qurol-yarog‘, o‘q-dorilarni tashish, shuningdek, qurollangan xodimlarni va soqchilar kuzatuvidagi shaxslarni samolyotga chiqarish O‘zbekiston Respublikasi Milliy xavfsizlik xizmati va aviakompaniya tomonidan chiqarilgan ko‘rsatmalar va yo‘riqnomalar talablariga muvofiq amalga oshiriladi.
Maxsus yuklar va pochta jo‘natmalari orasida fuqaro havo kemalarida tashish taqiqlangan buyumlar va moddalar bo‘lmasligi kerak. Ushbu qoidalarni buzganlik uchun yukni jo‘natuvchi belgilangan tartibda javob beradi.
9.2. Maxsus yuk va pochtani kuzatib borayotgan xodimlardan, maxsus topshiriqni bajarayotgan harbiy xizmatchilardan xizmat safari guvohnomasi (yozma ko‘rsatma) bor bo‘lgan taqdirda qurol-yarog‘, o‘q-dorilar va maxsus vositalar (gazli ballonchalar, qo‘lkishanlar va boshqalar) tekshirib chiqish paytida parvoz davomida olib qo‘yiladi va mazkur Yo‘riqnomaning 9.4-bandiga muvofiq tashiladi.
Soqchilar kuzatuvi ostidagi shaxslarni kuzatib borayotgan soqchilar (harbiy naryad)ning shaxsiy tarkibidan qurol-yarog‘, o‘q-dorilar va maxsus vositalar tekshirib chiqish paytida olib qo‘yilmaydi, bu haqda havo kemasi komandiri xabardor qilinadi.
Maxsus yuklarni, maxsus pochtani va rasmiy xat-xabarlarni respublika ichki va davlatlararo (O‘zbekiston Respublikasining davlatlararo bitimlariga muvofiq) yo‘nalishlar bo‘yicha kuzatib borayotgan feldyegerlik xizmati zobitlari va maxsus aloqa xodimlaridan tabel qurol-yarog‘ va o‘q-dorilar tekshirib chiqish paytida va parvoz davomida olib qo‘yilmaydi.
9.3. Soqchilar (harbiy naryad) shaxsiy tarkibi, qurol saqlash va olib yurish huquqiga ega bo‘lgan, biroq maxsus yuklarni, maxsus pochtani yoki soqchilar kuzatuvi ostidagi shaxslarni kuzatib borish bilan bog‘liq bo‘lmagan ayrim shaxslar umumiy asoslarda tekshirishdan o‘tadilar.
9.4. Mazkur Yo‘riqnomaning 9.3-bandida ko‘rsatilgan soqchilar (harbiy naryad) shaxsiy tarkibining, o‘qchi sport delegatsiyalari (komandalari) a’zolarining qurol-yarog‘i tekshirilmaydi va bagaj bo‘linmalarida o‘ralgan va tamg‘alangan holda tashiladi, ajratib qo‘yilgan bagaj bo‘linmalariga ega bo‘lmagan havo kemalarida esa havo kemasi komandiri tomonidan belgilangan joylarda tashiladi.
Fuqaro aviatsiyasi va boshqa idoralar bo‘limlari shaxsiy tarkibining xizmat vazifalarini bajarishi uchun mo‘ljallangan o‘qotar qurollar shu tartibda tashiladi.
9.5. Mazkur Yo‘riqnomaning 9.3-bandida ko‘rsatilgan alohida shaxslardan sportchi-merganlar va qurollarni saqlash va olib yurish huquqiga ega bo‘lgan boshqa shaxslar (geologlar, ovchilar va boshqalar)dan qurollar, o‘q-dorilar, ov pichoqlari va raketniklar tashish uchun tekshirib chiqish guruhlarining tezkor nazoratchilari tomonidan qabul qilinadi hamda uchish davrida ekipajga topshiriladi. O‘qotar qurollar o‘qsizlantirilgan bo‘lishi, o‘qlangan magazinlar esa alohida saqlanishi lozim.
Tashishga qabul qilingan buyumlar uch nusxadagi bayonnoma bilan rasmiylashtiriladi yoki tekshirib chiqish kartasiga yo‘lovchining familiyasi, qurolning turi yoki ko‘rinishi va qurollanganligi ko‘rsatilgan holda yozib qo‘yiladi.
Birinchi nusxasi qurolni qabul qilgan ekipaj a’zosining imzosi bilan tashishni tashkil etuvchi xizmatning ilova etuvchi vedomostiga qo‘shib qo‘yiladi.
Ikkinchi nusxasi uchib kelish aeroportida qurolni unga qaytarish to‘g‘risida yo‘lovchining imzosi bilan uchish hujjatlariga qo‘shib qo‘yiladi.
Uchinchi nusxasi uchish aeroportida yo‘lovchiga beriladi. Blankalar bo‘lmagan taqdirda tashishga qabul qilingan qurol to‘g‘risida, istisno tariqasida, bort jurnaliga yoki tekshirib chiqish kartasiga yozib qo‘yishga yo‘l qo‘yiladi.
9.6. Jo‘nash aeroportlarida sud va tergov organlarining buyurtmanomalari bo‘yicha sudlanganlar, hibsga olinganlarni ularni mehnat-axloq tuzatish muassasalari orasida tashishda havo kemalariga chiqarish yo‘lovchilarni umumiy chiqarishgacha amalga oshiriladi.
Ko‘rsatilgan kontingent buyumlarini shaxsan tekshirib chiqish, oldindan, ushbu qatnov yo‘lovchilarini tekshirib chiqish amalga oshirilgunga qadar o‘tkaziladi.
9.7. Qo‘lda olib yuriladigan yuk sifatida tashiladigan maishiy maqsaddagi radio elektron apparatlar, kinofotoapparatlar va durbinlar umumiy asoslarda tekshirib chiqiladi. Xizmat safariga yo‘l olgan nashriyotlar, radio va televideniya fotomuxbirlariga kinofotoapparatlarni uchish vaqtida ulardan foydalanish huquqisiz o‘zlari bilan olib yurishga rusxat etiladi.
Kinofotoapparatlar texnik vositalar qo‘llanmasdan tekshiruvdan o‘tkaziladi.
10. Ekipaj a’zolarini tekshirib chiqish tartibi
10.1 Ekipaj a’zolarini tekshirib chiqish mazkur Yo‘riqnomaga asosan umumiy asoslarda o‘tkaziladi.
ILOVA
Fuqaro havo kemalarida yo‘lovchilarning tashishlari taqiqlangan xavfli moddalar va buyumlar
1. Yo‘lovchilar va ekipaj ustidan zo‘ravonlik yoki qo‘rqitish vositasi bo‘lishi mumkin bo‘lgan buyumlarni havo kemasi bortiga olib kirish taqiqlanadi, havo kemasi bortiga odamlarning zaharlanishi va dimiqtirishi yoki bortda yong‘in chiqishiga sabab bo‘lishi mumkin bo‘lgan moddalarni olib kirish ham taqiqlanadi.
2. Xavfli moddalar va buyumlar ro‘yxati:
a) barcha turdagi o‘qotar va sovuq qurollar;
— to‘pponchalar, revolverlar, miltiqlar, karabinlar va boshqa sovuq qurollar;
— shashkalar, shamshirlar, katta xanjarlar, egri qilichlar, dudamalar, qilichlar, qilichsimon nayzalar, shtiklar, xanjarlar, kortiklar, stiletlar, harbiy, desant, fin pichoqlari, otiladigan lezviyali, kulfli yopiladigan katta xanjarlar va boshqalar;
b) portlovchi moddalar va ulardan yasalgan narsalar, portlash vositalari:
— har qanday o‘ramda va har qanday miqdordagi har xil ov poroxlari;
— ov kapsula (piston)lari va detonator-kapsulalar;
— pirotexnika vositalari: signal va yoritish raketalari, shamolning yo‘nalishini aniqlash shashkalari, tutun hosil qiluvchi patronlar, portlatish gugurtlari, bengal mushaklari, temir yo‘l petardalari;
— dinamit, trotil, ammonal, kuchli portlovchi moddalar va boshqa portlovchi moddalar;
v) siqilgan va suyultirilgan gazlar:
— maishiy foydalanish uchun gazlar (butan-propan) va boshqa gazlar;
g) yengil alangalanuvchi suyuqliklar:
— atseton,
— benzin,
— neft mahsulotlari namunalari,
— metanol,
— metalatsetat (metil efiri).
— tormoz suyuqligi.
— serouglerod,
— efirlar,
— boshqa barcha yengil alangalanuvchi quyuqliklar;
d) yonuvchi qattiq moddalar:
suv ta’sirida issiqlik va issiq gazlar ajratuvchi moddalar, bunda o‘z-o‘zidan yonish va yong‘in vujudga kelishi mumkin: kaliy. natriy, metall kalsiy va ularning qotishmalari, fosforitli kalsiy va boshqalar.
— yonuvchi kattir; moddalar toifasiga kiruvchi oq, sariq va qizil fosfor va boshqa moddalar;
— organik peroksidlar;
— donalangan yoki parchalangan, quruq yoki nam, tarkibida 25 dan kam suv yoki erituvchi bo‘lgan kolloid nitrotsellyulozasi;
— tarkibida 30 dan kam erituvchi yoki suv bo‘lgan quruq yoki nam nitrotsellyuloza;
e) zaharli yoki zaharlovchi moddalar:
— har qanday idishga solingan, suyuq yoki qattiq holdagi har qanday zaharli, kuchli ta’sir qiluvchi va zaharlovchi moddalar:
— brutsin,
— nikotin,
— strixnin,
— tetragidrofurfuril spirti,
— antifriz,
— etilenglikol,
— simob,
— tsianid kislotaning barcha tuzlari va tsianit preparatlari,
— siklon, tsianplav, margimush angidrid va boshqa kuchli ta’sir qiluvchi zaharli yoki zaharlovchi moddalar:
j) achishtiruvchi va korroziyalantiruvchi moddalar:
— kuchli va noorganik kislotalar: xlorid, sulfat, azot va boshqa;
— ftorist-vodorodli ( shishani o‘yish kuchiga ega bo‘lgan) kislota va boshqa kuchli kislotalar va korroziyalantiruvchi moddalar;
z) yuqorida nomlari keltirilgan moddalar va buyumlar belgilari ostiga tushadigan, ularni tashish xavfsizligi shubha uyg‘otuvchi hamda kuydirish, portlatish uchun foydalanilishi mumkin bo‘lgan yoki havo kemalari yo‘lovchilari va ekipaj a’zolari hayotiga xavf soluvchi boshqa barcha moddalar va yuklar, buyumlar.
Yo‘lovchilar va ekipajga hujum qilish quroli sifatida foydalanilishi mumkin bo‘lgan buyumlar (boltalar, muz kesuvchi asboblar, suv osti ovi uchun qurollar, o‘tkirlangan metall uchli troslar, xavfli ustaralar, ba’zi kasbga oid asboblar va hokazo) faqat yukxonada tashiladi.
Yo‘lovchilarning An-2, L-410, AN-24 va boshqa ajratilgan yuk bo‘limlariga ega bo‘lmagan samolyotlarning yukxonalarida tashiladigan yuklariga faqat bort yo‘l boshlovchisining ruxsati bilan va nazorati ostida o‘tish mumkin.
3. Fuqaro havo kemalarida ehtiyot choralari bilan tekshirib chiqishda olib qo‘yilmaydigan quyidagi moddalar va maishiy maqsaddagi buyumlarni qo‘lda olib yuriladigan yukda tashishga ruxsat etiladi:
3.1. Sirka (bir yo‘lovchiga ko‘pi bilan 0,5 litr); 40 va undan yuqori darajali quvvatdagi spirt-aroq mahsulotlari (bir yo‘lovchiga ko‘pi bilan zavodda idishga solingan bir litr).
Aerozol idishlardagi tirnoq uchun laklar va soch uchun suyuqliklar, shuningdek, spirt-lak asosiga ega bo‘lgan havoni xushbo‘ylantiruvchi suyuqliklar.
Yuqorida sanalgan barcha suyuqliklar buzilmagan standart idishlarda bo‘lishi lozim.
3.2. Yo‘lovchilar havo kemasi bortida suyuqlik bo‘lgan idishning qopqog‘ini chiqarish yoki ochish qat’iy man etilishi to‘g‘risida ogohlantiriladilar.
3.3. Xizmat maqsadlarida spirt tashuvchi shaxslarga uni zich yopilgan holda va plomba raqami ko‘rsatilgan korxona (tashkilot) ma’lumotnomasi bilan tasdiqlanadigan plombalangan metall idishlarda tashish ruxsat etiladi.
3.4. Gazli yondirgichlar va yondirgichlar uchun gaz ballonchalari (bir yo‘lovchiga ko‘pi bilan 2 balloncha).
3.5. Buklama (fiksatorsiz) yo‘l pichoqlari va qalamtaroshlar.
3.6. Tibbiy termometrlar (daraja o‘lchovchi) (bir yo‘lovchiga bittadan ortiq emas).
3.7. Standart g‘iloflardagi simob tonometrlari (bir yo‘lovchiga bittadan ortiq emas).
3.8. Jo‘natuvchining plombasi ostida maxsus zich; yopilgan konteynerlarga joylangan simob barometrlari va manometrlari.
3.9. Xavfli moddalar va buyumlarni tashish qoidalarining buzilishida aybdor bo‘lgan shaxslar jinoiy javobgarlikka tortiladilar, bu aviabilet, qo‘lda olib yuriladigan yukni va bagajni ro‘yxatdan o‘tkazish vaqtidan boshlab kuchga kiradi.
4. Tashish taqiqlangan moddalar va buyumlarni olib qo‘yish tartibi, saqlash, sotish yoki yo‘q qilish muddatlari.
4.1. Yo‘lovchida yoki qo‘lda olib yuriladigan yukda (bagajda) tekshirib chiqish chog‘ida havo transportida tashish taqiqlangan moddalar va buyumlar topilsa, ular olib qo‘yiladi. Olib qo‘yilgan har bir holat dalolatnoma bilan rasmiylashtiriladi va jurnalda ro‘yxatdan o‘tkaziladi.
Dalolatnomani rasmiylashtirish va ro‘yxatdan o‘tkazish uchun tekshirib chiqish guruhning rahbari javobgar bo‘ladi.
4.2. Erkin sotuvda bo‘lgan, biroq fuqaro havo kemalarida tashish taqiqlangan moddalar va buyumlar (gazli ballonlar, yonib ketish xavfi bo‘lgan laklar, bo‘yoqlar, buyumlar va h. k.) kuzatuvchilarga beriladi yoki dalolatnoma bo‘yicha saqlashga topshiriladi.
Olib qo‘yilgan moddalar va buyumlarni saqlash uchun aeroportlarda (shahar aerovokzallarida) maxsus binolar yoki temir shkaflar ajratiladi.
Agar ko‘rsatilgan moddalar va buyumlar ikki oy mobaynida ularning egalari yoki ular topshirig‘iga binoan boshqa shaxslar tomonidan (shartlashuvga ko‘ra) talab qilib olinmasa, ular O‘zbekiston Respublikasi MXX xo‘jalik xizmatlariga dalolatnoma bo‘yicha texnik maqsadlarda foydalanish uchun beriladi yoki belgilangan tartibda yo‘q qilinadi.
4.3. Tekshirib chiqish chog‘ida tayyorlash, olib yurish yoki saqlash uchun jinoiy yoki ma’muriy javobgarlik ko‘zda tutilgan moddalar va buyumlar (portlovchi moddalar, portlatish qurilmalari, o‘qotar qirqma qurollar, narkotik, zaharli, zaharlovchi moddalar va h. k.) topilgan yo‘lovchi qatnovdan olinadi va materiallar (dalolatnoma va olib qo‘yilgan moddalar va buyumlar) bilan birgalikda O‘zbekiston Respublikasi MXX yoki ichki ishlar organlariga uni javobgarlikka tortish to‘g‘risidagi masalani hal etish uchun topshiriladi.
4.4. Tekshirib chiqish chog‘ida yo‘lovchilardan olib qo‘yilgan portlovchi moddalar, ulardan yasalgan turli buyumlar, portlatish vositalari, o‘q otar qurollar, o‘q-dorilar, portlovchi paketlar, signal va yoritish raketalari, zaharli, zaharlovchi, radioaktiv va narkotik moddalar va shu kabilar O‘zbekiston Respublikasi MXX Moddiy-texnika va xo‘jalik ta’minoti bosh boshqarmasiga topshiriladi. Portlash xavfi bo‘lgan, zaharli, zaharlovchi va radoaktiv moddalarga nisbatan qat’iy ehtiyotkorlikka rioya etilishi lozim, ulardan yasalgan buyumlarni mustaqil bo‘laklarga ajratish yoki zararsizlantirish qat’iy man etiladi.
O‘zbekiston Respublikasi MXX organi rahbari (navbatchi) yo‘lovchilardan yuqorida sanab o‘tilgan xavfli moddalar yoki buyumlar olib qo‘yilgan hollarda zudlik bilan tegishli mutaxassisni chaqiradi, u ularni saqlash mumkinligi, yo‘qotish zarurligi yoki boshqa tashkilotlarga yuborilishi to‘g‘risida xulosa beradi. Portlatuvchi qurilmalar aviakorxona tomonidan maxsus ajratilgan xavfsiz zonada saqlanadi.
4.5. Xalqaro qatnovlarning yo‘lovchilarini tekshirib chiqishda topilgan ekipaj va yo‘lovchilar ustidan zo‘ravonlik va qo‘rqitish vositasi sifatida fondalanilishi mumkin bo‘lgan, biroq xalqaro havo yo‘llari va bojxona organlari qoidalari bilan tashishga ruxsat etilgan moddalar va buyumlar tashishga qabul qilinadi va mo‘ljallangan aeroportga borilgach, ularni egalariga topshirish uchun ekipajga beriladi.
4.6. Havo kemalari tomonidan samolyotga chiqish vaqtida kelmagan yo‘lovchilarning bagajlari va qo‘lda olib yuriladigan yukini tashish qat’iy man etiladi
Bunday hollarda aviakorxonalarning mansabdor shaxslari yo‘lovchilarning uchib ketish va ularning havo kemasiga chiqishini rasmiylashtirishning namunaviy texnologiyasiga amal qiladilar.