Hujjat kuchini yo‘qotgan " " 23.02.2019
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
OʻSIMLIKLARNI HIMOYA QILISh KIMYoVIY PREPARATLARINI YETKAZIB BERISh VA ULARDAN FOYDALANISh SAMARADORLIGINI NAZORAT QILISh TIZIMINI TAKOMILLAShTIRISh ChORA-TADBIRLARI TOʻGʻRISIDA
 LexUZ sharhi
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 23-fevraldagi 161-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish, shuningdek, baʼzilarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida (Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Idoralararo kollegial organlarni tubdan qisqartirish va yanada optimallashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2018-yil 28-avgustdagi PF-5527-son Farmoni)”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Qishloq xoʻjaligini oʻsimliklarni himoya qilish kimyoviy preparatlari bilan taʼminlash tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2006-yil 31-yanvardagi PQ–272-son qarorini bajarish hamda kimyoviy preparatlarni yetkazib berish va ulardan samarali foydalanish yuzasidan nazoratni kuchaytirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Quyidagilar:
Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi huzuridagi Oʻsimliklarni himoya qilish kimyoviy vositalariga ehtiyojni aniqlash va ulardan samarali foydalanish boʻyicha idoralararo komissiya toʻgʻrisidagi nizom 1-ilovaga muvofiq;
(1-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 7-dekabrdagi 995-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 10.12.2018-y., 09/18/995/2287-son)
Vazirliklar, idoralar va tashkilotlarning qishloq xoʻjaligini kimyoviy preparatlar bilan taʼminlash borasida hamkorlik qilishi tartibi 2-ilovaga muvofiq;
Qishloq xoʻjaligi uchun taʼsirchan moddalar va tayyor kimyoviy preparatlar xarid qilish boʻyicha idoralararo tender komissiyasi tarkibi hamda komissiya toʻgʻrisidagi nizom 3 va 4-ilovalarga muvofiq;
Taʼsirchan moddalar va tayyor kimyoviy preparatlar importi boʻyicha takliflarni koʻrib chiqish va xulosalar berish tartibi toʻgʻrisidagi nizom 5-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi huzuridagi Oʻsimliklarni himoya qilish kimyoviy vositalariga ehtiyojni aniqlash va ulardan samarali foydalanish boʻyicha idoralararo komissiya (B. Yusupov) komissiyaga yuklangan vazifalarni bajarish boʻyicha uning ishlari samarali tashkil etilishini taʼminlasin.
(2-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 7-dekabrdagi 995-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 10.12.2018-y., 09/18/995/2287-son)
Oldingi tahrirga qarang.
(3-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 13-martdagi 131-son qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — OʻR QHT, 2017-y., 11-son, 161-modda)
4. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Qishloq va suv xoʻjaligi, qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini qayta ishlash hamda isteʼmol tovarlari masalalari axborot-tahlil departamentiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2006-yil 24-fevral,
31-son
Vazirlar Mahkamasining 2006-yil
24-fevraldagi 31-son qaroriga
1-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi huzuridagi Oʻsimliklarni himoya qilish kimyoviy vositalariga ehtiyojni aniqlash va ulardan samarali foydalanish boʻyicha idoralararo komissiya toʻgʻrisida
NIZOM
(1-ilova nomi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 7-dekabrdagi 995-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 10.12.2018-y., 09/18/995/2287-son)
I. Umumiy qoidalar
1. Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi huzuridagi Oʻsimliklarni himoya qilish kimyoviy vositalariga ehtiyojni aniqlash va ulardan samarali foydalanish boʻyicha idoralararo komissiya (keyingi oʻrinlarda Idoralararo komissiya deb yuritiladi) Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2006-yil 31-yanvardagi PQ–272-son qaroriga muvofiq tashkil etilgan hamda oʻsimliklarni himoya qilish kimyoviy vositalariga ehtiyojni shakllantirish ishlarini, ularning taqsimlanishini va qishloq xoʻjaligida samarali foydalanilishini tashkil qilish ustidan nazoratni amalga oshiradi.
(1-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 7-dekabrdagi 995-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 10.12.2018-y., 09/18/995/2287-son)
II. Idoralararo komissiyaning asosiy vazifalari va funksiyalari
2. Quyidagilar Idoralararo komissiyaning asosiy vazifalari hisoblanadi:
qishloq xoʻjaligi tovar ishlab chiqaruvchilarining tayyor kimyoviy preparatlarga, taʼsirchan moddalar va komponentlarga ehtiyojini har yilgi buyurtmanomalar asosida aniqlash, shu jumladan ularni respublika korxonalarida ishlab chiqarish va import boʻyicha keltirish hajmlarini aniqlash;
kimyoviy preparatlarni qishloq xoʻjaligi tovar ishlab chiqaruvchilari boʻyicha taqsimlash, pestitsidlarni qoʻllanish reglamentlariga, shuningdek preparatlarni sarflash normalariga rioya qilish yoʻli bilan ulardan samarali foydalanish chora-tadbirlarini amalga oshirish ustidan nazoratni taʼminlash;
“Oʻzstandart” agentligining ixtisoslashtirilgan laboratoriyalarida muqobil va olib kelish nazoratini qoʻllash asosida respublika korxonalarida ishlab chiqarilayotgan va import boʻyicha keltirilayotgan oʻsimliklarni himoya qilish vositalari sifatiga boʻlgan talablarga rioya qilish chora-tadbirlarini amalga oshirish;
qishloq xoʻjaligi ekinlarini kasalliklar va zararkunandalardan himoya qilish boʻyicha ishlatilgan preparatlarning toʻliqligi va taʼsirining samaradorligini baholash yuzasidan fermer xoʻjaliklariga xizmatlar koʻrsatish uchun shart-sharoitlar yaratishda koʻmaklashish;
kimyoviy himoya qilish vositalarining saqlanishi va saqlanish sifatini muntazam tekshirishlarni tashkil etish, oʻsimliklarni himoya qilish vositalarining foydalanish muddati oʻtgan qoldiqlarini aniqlash va ulardan foydalanishni toʻxtatish.
III. Idoralararo komissiya ishini tashkil etish
3. Idoralararo komissiya qonun hujjatlari va ushbu Nizom asosida faoliyat koʻrsatadi.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi markaziy apparatining tegishli boshqarmasi Idoralararo komissiyaning ishchi organi hisoblanadi.
(4-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 7-dekabrdagi 995-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 10.12.2018-y., 09/18/995/2287-son)
Ishchi organ oʻsimliklarni himoya qilish vositalariga ehtiyoj toʻgʻrisidagi buyurtmanomalarni qabul qiladi, ularni umumlashtiradi, oʻsimliklarni himoya qilish kimyoviy vositalarining taqsimlanishi, qoʻllanishi va samaradorligi monitoringini olib boradi, pestitsidlardan samarasiz foydalanish hollariga oid materiallarni toʻplaydi, Idoralararo komissiya majlislari uchun materiallar tayyorlaydi, majlislar protokollarini yuritadi, Idoralararo komissiya qarorlarini foydalanuvchilarga yetkazadi va ushbu Nizomdan kelib chiqadigan boshqa tashkiliy ishlarni amalga oshiradi.
5. Idoralararo komissiya oʻz majlislarini zaruriyatga koʻra, biroq har chorakda kamida bir marta oʻtkazadi.
IV. Idoralararo komissiyaning huquqlari va majburiyatlari
6. Idoralararo komissiya quyidagi huquq va majburiyatlarga ega:
oʻsimliklarni himoya qilish vositalariga ehtiyojni har yilgi buyurtmanomalar asosida shakllantirish, ularni respublika korxonalarida ishlab chiqarish va import boʻyicha keltirish hajmini aniqlash;
Ishchi organdan ishlab chiqarishda qoʻllanadigan pestitsidlarning biologik samaradorligi boʻyicha materiallarni soʻrab olish;
(6-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 13-martdagi 131-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2017-y., 11-son, 161-modda)
kimyoviy himoya vositalarining saqlanishi va saqlanish sifatini muntazam tekshirishlarni tashkil etish.
7. Idoralararo komissiya, shuningdek, ushbu Nizomdan kelib chiqadigan boshqa huquqlar va majburiyatlarga ham ega boʻladi.
V. Rahbariyat
8. Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vaziri Idoralararo komissiyaning raisi hisoblanadi.
(8-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 7-dekabrdagi 995-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 10.12.2018-y., 09/18/995/2287-son)
9. Idoralararo komissiya raisi Idoralararo komissiya ishini tashkil etadi va uning faoliyatiga umumiy rahbarlikni amalga oshiradi.
VI. Idoralararo komissiya faoliyatini toʻxtatish tartibi
10. Idoralararo komissiya faoliyati qonun hujjatlarida belgilangan tartibda toʻxtatiladi.
Vazirlar Mahkamasining 2006-yil
24-fevraldagi 31-son qaroriga
2-ILOVA
Vazirliklar, idoralar va tashkilotlarning qishloq xoʻjaligini kimyoviy preparatlar bilan taʼminlash borasida hamkorlik qilish
TARTIBI
(2-ilova matni Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 7-dekabrdagi 995-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 10.12.2018-y., 09/18/995/2287-son)
Vazirlar Mahkamasining 2006-yil
24-fevraldagi 31-son qaroriga
3-ILOVA
Qishloq xoʻjaligi uchun taʼsirchan moddalar va tayyor kimyoviy preparatlar xarid qilish boʻyicha idoralararo tender komissiyasi
TARKIBI

Gʻaniyev E.M.

Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vaziri, komissiya raisi

Abdusamatov B.X.

Oʻzbekiston Respublikasi Davlat tabiatni muhofaza qilish qoʻmitasi raisi

Saydaliyev S.S.

Sogʻliqni saqlash vazirining oʻrinbosari, Oʻzbekiston Respublikasi bosh Davlat sanitariya vrachi

Mirzayev M.M.

Moliya vazirining oʻrinbosari

Xaliyarov Y.D.

“Oʻzkimyosanoat” AJ raisining oʻrinbosari

Mirzayev Sh.Sh.

“Agrobank” ATB boshqaruvi raisining oʻrinbosari

Davlatov A.K.

Iqtisodiyot vazirligi huzuridagi Tovar bozorlari konyunkturasini oʻrganish hamda investitsiya loyihalari va dasturlari ekspertizasi respublika markazi direktori

Ochilov R.O.

“Oʻzagrokimyohimoya” AJ raisining oʻrinbosari

Saʼdullayev A.U.

“Oʻzagrokimyohimoya” AJ huzuridagi oʻsimliklarni himoya qilish ilmiy-tadqiqot instituti direktori

lavozimi boʻyicha

Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Qishloq xoʻjaligi va oziq-ovqat taʼminoti ilmiy-ishlab chiqarish markazi bosh direktori

Xodjayev Z.M.

Navoiy “Elektrkimyozavod” AJ qoʻshma korxonasi boshqaruvi raisi

Izoh: Komissiya aʼzolari boshqa ishga oʻtgan taqdirda uning tarkibiga ushbu lavozimga yangidan tayinlangan yoki tegishli funksiyalarni bajarish zimmasiga yuklangan shaxslar kiritiladi.
(3-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 7-dekabrdagi 995-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 10.12.2018-y., 09/18/995/2287-son)
Vazirlar Mahkamasining 2006-yil
24-fevraldagi 31-son qaroriga
4-ILOVA
Qishloq xoʻjaligi uchun taʼsirchan moddalar va tayyor kimyoviy preparatlar xarid qilish boʻyicha idoralararo tender komissiyasi toʻgʻrisida
NIZOM
I. Umumiy qoidalar
1. Qishloq xoʻjaligi uchun taʼsirchan moddalar va tayyor kimyoviy preparatlar xarid qilish boʻyicha idoralararo tender komissiyasi (keyingi oʻrinlarda Komissiya deb yuritiladi) Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Qishloq xoʻjaligini oʻsimliklarni himoya qilish kimyoviy preparatlari bilan taʼminlash tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2006-yil 31-yanvardagi PQ–272-son qarorini bajarish yuzasidan tashkil etilgan.
2. Komissiya taʼsirchan moddalarni va Oʻzbekiston Respublikasida qoʻllanish uchun ruxsat etilgan yetishmaydigan tayyor kimyoviy preparatlarni tender asosida import boʻyicha xarid qilish samaradorligini oshirish maqsadida tashkil etilgan.
II. Komissiyaning vazifalari va funksiyalari
3. Quyidagilar Komissiyaning asosiy vazifalari va funksiyalari hisoblanadi:
taʼsirchan moddalar va tayyor kimyoviy preparatlar xarid qilish boʻyicha respublikaning iqtisodiy manfaatlarini taʼminlash;
taʼsirchan moddalar va tayyor kimyoviy preparatlar importi boʻyicha eng raqobatbardoshli takliflarni tanlab olishni taʼminlash;
tender qatnashchilari uchun teng raqobat shart-sharoitlari yaratish, talablarning yagonaligini va takliflarni baholashning xolisonaligini taʼminlash;
tendyerlarni oʻtkazish muddatlari va shakli, tendyerlar gʻoliblari bilan protokollarni imzolash va kontraktlar tuzish muddatlari toʻgʻrisida qarorlar qabul qilish;
tushgan tender takliflarini baholash, tendyerlar natijalari boʻyicha qarorlar qabul qilish va tender gʻoliblarini aniqlash;
Komissiyaga yuklangan vazifalar va funksiyalarga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlariga zid boʻlmagan boshqa qarorlar qabul qilish.
III. Komissiya ishini tashkil etish
4. Komissiya qonun hujjatlari va ushbu Nizom asosida faoliyat koʻrsatadi.
5. Komissiya oʻz ishlari tartibini mustaqil ravishda ishlab chiqadi va tasdiqlaydi. Komissiyaning barcha qarorlari tender komissiyasi aʼzolari umumiy sonining oddiy koʻpchilik ovozi bilan qabul qilinadi. Ovozlar teng boʻlgan taqdirda tender komissiyasi raisining ovozi hal qiluvchi hisoblanadi.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligining “Oʻzbektenderkonsalting” agentligi Komissiyaning ishchi organi hisoblanadi.
Ishchi organ tendyerlarni oʻtkazishni amalda tashkil etishni (arizalar qabul qilishni va ularni hisobga olishni, saqlashni va maxfiylikni, yetkazib beruvchilarni malakali tanlab olishni, tushadigan takliflarni ekspert baholashni, xonalar va yordamchi xodimlar berishni, reklama ishlarini tashkil etishni, tender komissiyasi hujjatlarini rasmiylashtirishni) amalga oshiradi.
7. Komissiya tender takliflarini baholash uchun ekspert va konsalting tashkilotlari vakillarini jalb etishi mumkin.
8. Komissiya tushgan takliflarning tender shartlariga muvofiqligini tekshiradi hamda eng raqobatli narxlar, yetkazib berish, toʻlov shartlari va tender shartlarida belgilangan boshqa mezonlar boʻyicha import qilingan preparatlar va taʼsirchan moddalardan foydalanishning iqtisodiy, ekologik va ijtimoiy omillarini hisobga olgan holda gʻoliblarni aniqlaydi. Shuningdek taqdim etilgan tender takliflarining qoʻshimcha texnik, tashkiliy va tijorat afzalliklari, shuningdek tender qatnashchisining obroʻsi ham eʼtiborga olinishi mumkin.
9. Komissiyaning tender gʻolibi toʻgʻrisidagi qarori protokol bilan rasmiylashtiriladi. Protokol tender komissiyasining qatnashgan aʼzolari tomonidan imzolanadi va tender komissiyasi raisi tomonidan tasdiqlanadi.
10. Komissiya qarorlari yuzasidan qonun hujjatlariga muvofiq shikoyat qilinishi mumkin.
11. Komissiya tarkibi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarori bilan tasdiqlanadi. Komissiya tarkibiga kiruvchi mansabdor shaxslar boshqa ishga oʻtgan taqdirda ushbu lavozimlarga yangidan tayinlangan shaxslar Komissiya tarkibiga kiritiladi.
IV. Javobgarlik
12. Tender takliflarini koʻrib chiqish va baholash toʻgʻrisidagi axborot maxfiy hisoblanadi va Komissiya aʼzolari mazkur axborotning oshkor qilinganligi uchun qonun hujjatlariga muvofiq javob beradilar.
Vazirlar Mahkamasining 2006-yil
24-fevraldagi 24-son qaroriga
5-ILOVA
Taʼsirchan moddalar va tayyor kimyoviy preparatlar importi boʻyicha takliflarni koʻrib chiqish va xulosalar berish tartibi toʻgʻrisida
NIZOM
I. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Nizom Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Qishloq xoʻjaligini oʻsimliklarni himoya qilish kimyoviy preparatlari bilan taʼminlash tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2006-yil 31-yanvardagi PQ–272-son qaroriga muvofiq ishlab chiqilgan hamda tegishli xulosa berilgan holda Oʻzbekiston Respublikasida qoʻllash uchun ruxsat berilgan taʼsirchan moddalar va yetishmayotgan tayyor kimyoviy preparatlar importi boʻyicha takliflarni koʻrib chiqish va qarorlar qabul qilish tartibini belgilaydi.
2. Oʻzbekiston Respublikasi qishloq xoʻjaligini kimyoviy preparatlar bilan taʼminlash tizimini takomillashtirish, shu jumladan ularni xarid qilish samaradorligini oshirish mazkur Nizomning maqsadi hisoblanadi.
3. Taʼsirchan moddalar va tayyor kimyoviy preparatlar importi boʻyicha takliflarni koʻrib chiqish va xulosalar berish tender savdolari oʻtkazish asosida amalga oshiriladi.
4. Quyidagilar tendyerlar oʻtkazishning maqsadi hisoblanadi: davlat budjeti, davlat budjetida jamlanadigan budjetdan tashqari maqsadli jamgʻarmalar mablagʻlaridan, Hukumat kafolati ostidagi xorijiy kreditlardan va oʻsimliklarni himoya qilishning kimyoviy vositalarini xarid qilish uchun yoʻnaltiriladigan xorijiy grantlardan foydalanish samaradorligini oshirish, sifatli kimyoviy preparatlar va taʼsirchan moddalar xarid qilinishini taʼminlash.
5. Tender xaridlarida ishtirok etadigan Vatanimiz ishlab chiqaruvchilari (yetkazib beruvchilar) bilan hisob-kitob milliy valyuta — soʻmda amalga oshiriladi.
6. Qarorlar qabul qilishdagi ochiq-oshkoralik va xolislik, Vatanimiz ishlab chiqaruvchilari (yetkazib beruvchilar)ning ustuvorligi saqlanib qolgan holda tendyerlarda qatnashish uchun teng raqobat shart-sharoitlarini yaratish tendyerlar oʻtkazishni tashkil etishning asosiy prinsiplari hisoblanadi.
7. Tender shartlari Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlariga muvofiq va:
kimyoviy preparatlarni ishlab chiqarish va xarid qilish boʻyicha balansning asosiy parametrlarini tasdiqlashga doir qaror;
buyurtmachining texnik talablari;
sanitariya-karantin, veterinariya xizmatlarining yoʻriqnoma materiallari;
tender mavzusiga bogʻliq ravishda Sogʻliqni saqlash vazirligi va “Oʻzstandart” agentligi talablari;
Oʻzbekiston Respublikasi qishloq xoʻjaligida qoʻllash uchun ruxsat berilgan oʻsimliklar zararkunandalari, kasalliklariga va begona oʻtlarga qarshi kurashning kimyoviy va biologik vositalari, defoliantlar va oʻsimliklar oʻsishi regulyatorlari roʻyxati asosida ishlab chiqiladi.
II. Tendyerlarni tashkil etish
8. Tendyerlar qishloq xoʻjaligi uchun taʼsirchan moddalar va tayyor kimyoviy preparatlarni xarid qilish boʻyicha idoralararo tender komissiyasi (keyingi oʻrinlarda matnda “Tender komissiyasi” deb yuritiladi) tomonidan oʻtkaziladi. Tender komissiyasi tendyerlarni oʻtkazish boʻyicha doimiy organ hisoblanadi va tegishli Nizom asosida ish koʻradi.
9. Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligi huzuridagi “Oʻzbektenderkonsalting” agentligi tender komissiyasining ishchi organi hisoblanadi.
III. Tender turlari
10. Oʻtkazish usuliga qarab tendyerlar ochiq yoki yopiq boʻlishi mumkin. Tendyerlar oʻtkazish turi buyurtmachi tomonidan belgilanadi.
11. Ochiq tendyerlarda barcha yuridik shaxslar qatnashishi mumkin.
12. Yopiq tendyerlar favqulodda hollarda Vazirlar Mahkamasi bilan kelishuv boʻyicha buyurtmachi tomonidan oldindan belgilangan, taklifnomalar yuboriladigan tashkilotlar ishtirokida oʻtkaziladi.
IV. Tendyerlarni tashkil etish va oʻtkazish bosqichlari
13. Tenderni tashkil etish va oʻtkazish quyidagi bosqichlarni oʻz ichiga oladi:
tender mavzusini belgilash;
tender hujjatlarini tayyorlash (ixtisoslashtirilgan texnik va tijorat maslahatchilarini jalb etgan holda);
ommaviy axborot vositalarida tenderni eʼlon qilish va/yoki tenderning potensial qatnashchilariga tenderda ishtirok etishga taklifnomalar yuborish;
tender qatnashchilaridan tender takliflarini qabul qilish;
tenderning potensial qatnashchilarini aniqlash;
tushgan tender takliflarini baholash va tender gʻolibini aniqlash;
tender gʻolibi bilan kontraktni imzolash.
V. Tenderni tayyorlash va u toʻgʻrisidagi eʼlonni chop etish
14. Ishchi organ tender (tender savdolari) oʻtkazilishidan kamida 30 kun oldin ommaviy axborot vositalarida tegishli axborotni eʼlon qilish orqali va/yoki talabgorlarning manziliga pochta, telefaks orqali yoxud boshqa shaklda rasmiy taklifnomalar yuborish vositasida tender toʻgʻrisidagi axborotni talabgorlar eʼtiboriga yetkazadi, bunda ham mamlakat ichida, ham chet elda eng koʻp tarqalgan va ixtisoslashtirilgan jurnallar, gazetalarni tanlash majburiy shart hisoblanadi, yopiq tendyerlar oʻtkazishda ommaviy axborot vositalarida tender toʻgʻrisidagi eʼlon chop etilmaydi.
15. Tendyerlar toʻgʻrisidagi axborotda quyidagi axborotlar mavjud boʻladi:
ishchi organning nomi;
tender mavzusi;
moʻljallanayotgan tovar yetkazib berilishi bajarilishi shartlari va muddatlari;
tenderda qatnashish uchun talabgorlarni oldindan malakali tanlab olish muddatlari;
tender hujjatlarini olish mumkin boʻlgan tender komissiyasi ishchi organining manzili, aloqa bogʻlash telefoni va telefaksi;
tender hujjatlari qiymati;
tender taklifi berilgan taqdirda tenderda qatnashish uchun zakalat summasi (bank kafolati);
tender komissiyasi takliflarini qabul qilishning oxirgi muddati (kun va soat koʻrsatilgan holda);
toʻlov shartlari, zakalat summasini va tender hujjatlariga haq toʻlash uchun bank rekvizitlari.
VI. Tender hujjatlariga qoʻyiladigan asosiy shartlar
16. Tender hujjatlari quyidagilarni oʻz ichiga oladi:
tender qatnashchisi uchun yoʻriqnoma;
tenderning texnik qismi;
tenderning tijorat qismi;
kontrakt proformasi.
17. Tender qatnashchisi uchun yoʻriqnomada quyidagilar mavjud boʻladi:
tender komissiyasining ishchi organi vakillari bilan aloqa qilish uchun manzil va aloqa qilish telefonlari, ulardan tendyerlar oʻtkazilishiga doir tushuntirishlar olish mumkin;
tender komissiyasiga yuboriladigan tender taklifi nusxalari soni toʻgʻrisidagi koʻrsatma;
tender taklifini rasmiylashtirish tartibi va unga viza qoʻyishga qoʻyiladigan talab;
tender taklifi qatnashchi tomonidan tender komissiyasiga taqdim etilgandan keyin tender taklifiga oʻzgartirishlar kiritish va ularni rasmiylashtirish tartibi;
narx va valyutani taqdim etishga doir koʻrsatma;
tender komissiyasiga takliflarni berish tartib-qoidasiga qoʻyiladigan talab;
qayd etilgan vaqt mobaynida tender qatnashchisining taklifi qaytarilmasligini kafolatlaydigan pul zakalati (bank kafolati) miqdori, uni qoʻyish va qaytarish tartibi);
buyurtmachining xohishiga koʻra — tender savdolari natijalari boʻyicha tuzilgan kontraktni zarur darajada bajarish yuzasidan pul kafolati (garov shaklida) miqdori, uni qoʻshish va qaytarish tartibi;
tender hujjatlari talablariga asoslangan takliflar bilan birgalikda tender qatnashchilariga qoʻyilishi mumkin boʻlgan muqobil takliflar toʻgʻrisidagi maʼlumot;
tender qatnashchisining asosli iltimosiga koʻra tendyerlarni yopish sanasini koʻchirish mumkinligi haqidagi koʻrsatma;
oʻtkaziladigan tendyerlar doirasida tuziladigan har qanday hujjatning maxfiyligiga havola;
takliflar bildirilgan konvertlarni ochish tartib-qoidasining tavsifi va tender komissiyasi tomonidan tender gʻolibini aniqlash muddati.
18. Tenderning texnik qismida xarid qilinadigan tovarga qoʻyiladigan zarur texnologiya talablari mavjud boʻladi.
19. Tender hujjatlarining tijorat qismi quyidagilarni oʻz ichiga oladi:
yetkazib berish shartlari;
toʻlov shartlari va toʻlov jadvali;
bitishuvni moliyalashtirish manbai;
20. Kontrakt proformasi kontraktlarga qoʻyiladigan talablarga, jumladan:
kontraktning xalqaro savdo huquqining umumiy qabul qilingan normalariga muvofiqligiga;
kontraktning Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari va normativ hujjatlariga muvofiqligiga javob berishi kerak.
Bitim (kontrakt) proformasini tuzishda buyurtmachi yoki ishchi organ ixtisoslashtirilgan konsalting firmalariga shartnoma asosida maslahat soʻrab murojaat qilishga haqlidir.
VII. Tender qatnashchilari
21. Tendyerlarda mahsulotning yuqori sifatini va uni oʻz vaqtida yetkazib berishni kafolatlaydigan, tenderda qatnashish uchun qoʻyiladigan shartlarni bajargan kimyoviy preparatlar va taʼsirchan moddalarning eʼtirof etilgan ishlab chiqaruvchilari yoki ularning rasmiy dilyerlari qatnashishi mumkin.
22. Tenderda qatnashish xohishini bildirgan talabgorlar eʼlon berilgandan keyin tender hujjatlarini oladilar. Tender hujjatlari har bir talabgorga toʻlov asosida beriladi. Tender hujjatlarini olish uchun toʻlov miqdori tender komissiyasi tomonidan belgilanadi. Vatanimiz ishlab chiqaruvchilari (yetkazib beruvchilar) uchun tender hujjatlarini olganlik uchun toʻlov miqdori soʻmda belgilanadi.
23. Ishchi organ tushgan buyurtmalar va mazkur Nizom asosida talabgorlarni oldindan malakali tanlab olish uchun materiallarni toʻplaydi va tizimlashtiradi.
VIII. Tenderda qatnashish uchun talabgorlarni tanlab olish
24. Tender boshlangunga qadar tenderda qatnashish uchun qoʻyiladigan talabgorlar tender komissiyasi tomonidan malakali tanlab olinadi.
25. Ishchi organ tomonidan amalga oshiriladigan talabgorlarni malakali tanlab olishda:
qayta tashkil etish, tugatish yoki bankrotlik bosqichida turgan;
malakali tanlab olish uchun barcha zarur hujjatlarni belgilangan muddatda taqdim etmagan;
ilgari tuzilgan kontraktlar boʻyicha qabul qilingan majburiyatlarni zarur tarzda bajarmagan;
tender eʼlon qilingunga qadar koʻpi bilan 6 oy oldin taʼsis etilgan;
buyurtmachi bilan sud yoki hakamlik muhokamasi holatida boʻlgan;
tijorat va moliyaviy koʻrsatkichlar boʻyicha tender komissiyasi talablariga javob bermaydigan tashkilotlar tenderda qatnashish uchun qoʻyilmaydi.
26. Tanlab olingan qatnashchilar roʻyxati tender komissiyasi tomonidan tasdiqlanadi.
27. Tenderda qatnashishga qoʻyishni rad etish toʻgʻrisidagi qaror tender komissiyasi tomonidan qabul qilinadi va bu haqda ishchi organ talabgorlarni yozma shaklda xabardor qiladi.
IX. Tender oʻtkazish reglamenti
28. Ommaviy axborot vositalarida tender oʻtkazish toʻgʻrisidagi eʼlon rasman chop etilgan sana yoki pochta (sana pochta shtempeli boʻyicha aniqlanadi), telefaks orqali yoki boshqa shaklda tender ishtirokchisi rasman xabardor qilingan (taklif etilgan) sana tender ochilgan sana hisoblanadi.
29. Oʻtkaziladigan tendyerlar doirasida tender takliflarini tayyorlash muddati tender komissiyasi tomonidan belgilanadi va tender ochilishi toʻgʻrisidagi eʼlonda koʻrsatiladi.
30. Tender komissiyasi tender takliflarini taqdim etish muddatini uzaytirish toʻgʻrisida qaror qabul qilishi mumkin. Bu qaror tenderning barcha qatnashchilariga tarqatiladi.
31. Har bir aniq holatda tender komissiyasi tenderda qatnashish uchun talabgor tomonidan qoʻyiladigan zakalat (yoki bank kafolati)ni qoʻshish tartibi, uning miqdori va shaklini belgilaydi. Zakalat miqdori xaridning hisoblab chiqilgan qiymatining 1—5 foizi miqdorida boʻlishiga yoʻl qoʻyiladi. Zakalat buyurtmachining yoki ishchi organning (ixtisoslashtirilgan tashkilot ishchi organ hisoblangan holatda) subhisob raqamiga qoʻyiladi. Vatanimiz ishlab chiqaruvchilari (yetkazib beruvchilar)ning zakalati milliy valyuta — soʻmda qoʻyiladi.
32. Tender takliflari faqat muhrlangan ikki qavatli konvertlarda qabul qilinadi. Ishchi organning nomi va manzili koʻrsatilgan tashqi konvertda tender qatnashchisi tomonidan zakalat qoʻyilganligini tasdiqlovchi hujjat boʻladi. Ichki konvertda tender taklifi, savdo eʼlon qilingan tovarning nomi va takliflarni qabul qilish uchun belgilangan sana toʻgʻrisidagi maʼlumotlar mavjud boʻladi. Barcha hujjatlar roʻyxatdan oʻtkazish daftarida topshiruvchi va qabul qilib oluvchi shaxsning tilxati ostida sana va qabul qilish vaqti qayd etilgan holda qabul qilinadi. Roʻyxatdan oʻtkazish daftari ip oʻtkazib tikilgan, tartib raqami qoʻyilgan va buyurtmachi yoki ishchi organ (ixtisoslashtirilgan tashkilot)ning gerbli muhri bilan tasdiqlangan boʻlishi kerak.
33. Konvertlarni ochish tartib-qoidasi reglamenti, ularni koʻrib chiqish va maxfiylik chora-tadbirlariga rioya qilgan holda ularni saqlash tartibi tender komissiyasi tomonidan belgilanadi.
34. Tender komissiyasi tender buyurtmalarini qabul qilishning soʻnggi sanasini, konvertlarni ochish vaqti va joyini belgilaydi. Koʻrsatib oʻtilgan sanadan keyin olingan takliflar koʻrib chiqilmaydi va konvertlar ochilmasdan tender qatnashchisiga qaytariladi. Agar tender qatnashchisi koʻrsatib oʻtilgan sanadan keyin oʻzgartirishlar kiritsa yoki oʻz taklifini qaytib olsa, zakalat unga qaytarilmaydi. Tender qatnashchisi oʻz taklifini tender buyurtmalarini qabul qilishning oxirgi sanasidan kamida 5 kun oldin qaytarib olish huquqiga egadir.
35. Tender komissiyasi majlisini oʻtkazish uchun kvorum uning tarkibining 70 foizini tashkil etadi. Tender komissiyasining barcha majlislari va qabul qilingan barcha qarorlari bayonnomalar bilan rasmiylashtirilishi kerak. Tender qatnashchilarining takliflari mavjud boʻlgan konvertlarni ochish bevosita tender komissiyasi majlisida amalga oshiriladi. Tender komissiyasi majlisining bayonnomasida tender qatnashchilari tomonidan taklif etilgan takliflarning tender hujjatlari talablariga muvofiqligi qayd etiladi.
36. Tender takliflarini koʻrib chiqish muddati tender komissiyasi tomonidan konvertlar ochilgan paytdan boshlab belgilanadi. Ushbu muddat xarid qilinadigan tovarning turiga bogʻliq boʻladi va 3 oydan ortiq boʻlishi mumkin emas. Takliflarni koʻrib chiqishda ularning tender hujjatlari talablariga muvofiqligi aniqlanadi, zarur hujjatlar mavjudligi va ular rasmiylashtirilishining toʻgʻriligi tekshiriladi.
37. Tender komissiyasi tushgan takliflarning tender shartlariga muvofiqligini tekshiradi va respublika sharoitlarida taklif etilayotgan preparatlarni sinab koʻrishning ijobiy natijasini hisobga olgan holda gʻoliblarni “narx-sifat (samaradorlik)” prinsipi boʻyicha aniqlaydi.
38. Tenderni tashkil etish va oʻtkazish chiqimlari, shuningdek ekspert tashkilotlarining xizmatlariga sotib olingan tender hujjatlari uchun qatnashchilar tomonidan qoʻshilgan mablagʻlar hisobiga haq toʻlanadi.
39. Tender oʻtkazilgandan keyin buyurtmachi yoki ishchi organ (ixtisoslashtirilgan tashkilot) qatnashchilarga (gʻolibdan tashqari) ularning zakalatlarini bank operatsiyalari oʻtkazish chiqimlarini chiqarib tashlagan holda qaytaradi. Zakalat tender gʻolibi eʼlon qilgan paytdan boshlab belgilangan muddat mobaynida, biroq 11 bank kunidan kechikmay qaytariladi. Tender gʻolibining zakalati kafolat va tender gʻolibi tomonidan bunday kontrakt shartlari zarur tarzda bajarilishi sifatida kontrakt shartlarini bajarish tamom boʻlgunga qadar tender buyurtmachisining tasarrufida turishi mumkin.
40. Tenderda qatnashish huquqini boshqa yuridik shaxslarga berishga yoʻl qoʻyilmaydi.
41. Agar:
tender yopilishi muddati tamom boʻlgan paytgacha birorta ham tender taklifi tushmasa;
tenderda faqat bitta qatnashchining taklifi taqdim etilgan boʻlsa;
taqdim etilgan barcha tender takliflarida hujjatlarning zarur komplekti mavjud boʻlmasa, tendyerlar tender komissiyasi tomonidan boʻlib oʻtmagan deb eʼlon qilinishi mumkin.
42. Agar tushgan tender takliflaridan hech biri tender hujjatlari shartlariga muvofiq boʻlmasa, tender boʻlib oʻtgan, biroq salbiy natijali deb hisoblanadi.
X. Tender takliflarini baholash tartibi
43. Tender takliflarini baholash tender komissiyasi tomonidan belgilangan muddat mobaynida oʻtkaziladi. Tender qatnashchilari yoki ularning vakillari tender takliflarini baholashda hozir boʻlishga haqli emas. Baholash davomida tender komissiyasi tushuntirishlar olish uchun talabgorlarni taklif etish, ulardan qoʻshimcha maʼlumotlarni va tasdiqnomalarni soʻrash huquqiga egadir. Tender yakunlarini chiqarishda tender qatnashchilari yoki ularning ishonchli shaxslari hozir boʻlishlari mumkin.
44. Tender komissiyasi tender takliflarini baholash uchun ekspert va konsalting tashkilotlari vakillarini jalb qilishi mumkin.
45. Tender qatnashchilarining taqdim etilgan takliflari bilan tanishgandan keyin tender komissiyasining har bir aʼzosi asoslangan yozma xulosa yozishga haqlidir.
46. Tender gʻolibi toʻgʻrisidagi qaror tender komissiyasi tomonidan qabul qilinadi hamda taʼsirchan moddalar va tayyor kimyoviy preparatlarni import qilish uchun kontrakt tuzishga asos hisoblanadi.
47. Tender takliflarini koʻrib chiqish va baholash toʻgʻrisidagi axborot baholash tartib-qoidasiga rasman aloqador boʻlmagan shaxslarga maʼlum qilinmaydi. Tender komissiyasi aʼzolari va jalb etilgan ekspertlar ushbu axborot oshkor qilinganligi uchun javob beradilar.
48. Arifmetik xato yoki boshqa xatolar mavjud boʻlgan taqdirda tender komissiyasi tender taklifini rad etishga yoxud tender doirasida tender taklifini bundan keyin koʻrib chiqish shartlarini belgilashga, bu haqda tender qatnashchisini xabardor qilishga haqlidir.
49. Tender takliflarini baholash va tender gʻolibini aniqlash tender hujjatlarida bayon qilingan mezonlar asosida amalga oshiriladi. Shuningdek taqdim etilgan tender takliflarining qoʻshimcha texnik, tashkiliy va tijorat ustunliklari, shuningdek tender qatnashchisining nufuzi ham eʼtiborga olinishi mumkin.
50. Tender komissiyasining bayonnomasida quyidagilar haqidagi maʼlumotlar mavjud boʻladi:
tender gʻolibi va tender gʻolibidan keyin eng yuqori ballarga ega boʻlgan zaxiradagi qatnashchilar nomi;
tender komissiyasi tarkibi;
ovoz berish natijalari;
tender qatnashchilari tender takliflarining yigʻma jadvali;
tender gʻolibi bilan kontraktni imzolash muddatlari.
Protokol tender komissiyasining hozir boʻlgan aʼzolari tomonidan imzolanishi va tender komissiyasi raisi tomonidan tasdiqlanishi kerak.
51. Agar tender gʻolibi kontrakt tuzishni rad etsa, kontrakt tuzish huquqi birinchi zaxiradagi qatnashchiga oʻtadi.
52. Agar tender boʻlib oʻtmasa yoki salbiy natijali boʻlsa tenderni qaytadan oʻtkazish mumkin.
53. Tender oʻtkazish bilan bogʻliq nizolar Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlarida belgilangan tartibda koʻrib chiqiladi.
XI. Tender natijalari boʻyicha kontraktlar tuzish, ekspertizadan oʻtkazish va ularning bajarilishi monitoringi
54. Tender komissiyasi majlisi protokolining tasdiqlangan nusxalari va tender shartlari “Oʻzbektenderkonsalting” agentligi tomonidan tilxat ostida Oʻzbekiston tomonidan buyurtmachiga va Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligiga beriladi.
55. Buyurtmachi qonun hujjatlariga, tender shartlariga va tender komissiyasi majlisining protokoliga muvofiq tender gʻolibi bilan kontrakt tuzadi. Kontrakt tuzilgandan keyin gʻolib umumiy qabul qilingan xalqaro qoidalar va urf-odatlarga muvofiq kontrakt summasining 10 foizigacha miqdorda buyurtmachi foydasiga kontrakt bajarilishi kafolatini taqdim etishi shart (perfomans bond).
56. Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligi qonun hujjatlariga, tender shartlariga va tender komissiyasi majlisi protokoliga muvofiq kontraktni ekspertizadan oʻtkazadi.
57. Tender gʻolibi tomonidan qabul qilingan kontrakt majburiyatlari bajarilishi monitoringini olib borish “Oʻzbektenderkonsalting” agentligi tomonidan amalga oshiriladi. Tender kontraktlari bajarilishi ustidan nazorat qilish buyurtmachi tomonidan “Oʻzbektenderkonsalting” agentligiga taqdim etiladigan maʼlumotlar asosida tender komissiyasi tomonidan amalga oshiriladi.
58. Tendyerlarni oʻtkazish bilan bogʻliq boʻlgan nizolar Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlarida belgilangan tartibda koʻrib chiqiladi.
XII. Javobgarlik
59. Quyidagilar:
ishchi organ tarkibiga kiradigan shaxslar — tushgan tender takliflarining hisobga olinishi, saqlanishi va maxfiyligi;
tender komissiyasi raisi va aʼzolari — axborot oshkor qilinganligi, tender qatnashchilari, tender komissiyasining qolgan aʼzolari va jalb etilgan ekspertlar bilan bitishuvga yoʻl qoʻyilmasligi, shuningdek boshqa huquqqa zid xatti-harakatlar uchun qonunda nazarda tutilgan tarzda javob beradilar.
60. Kontraktni miqdor, sifat va texnik parametrlar boʻyicha bajarmagan tender gʻolibi Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlarida nazarda tutilgan tarzda javob beradi.
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2006-y., 8-son, 54-modda; 2009-y., 21-son, 252-modda; 2017-y., 11-son, 161-modda, Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 10.12.2018-y., 09/18/995/2287-son)