|
Hujjat kuchini yo‘qotgan " " 22.02.2021
|
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
1999 - 2005 YILLARDA OʻZBEKISTON RESPUBLIKASINING ATROF MUHITNI MUHOFAZA QILISh IShLARI DASTURI TOʻGʻRISIDA
Mazkur qaror Oʻzbekistan Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 22-fevraldagi 87-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining oʻz ahamiyatini yoʻqotgan ayrim qarorlarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida (Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻz ahamiyatini yoʻqotgan qonunchilik hujjatlarini qayta koʻrib chiqish tizimini joriy etish orqali mamlakatda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2020-yil 27-sentabrdagi PF-6075-son Farmoni)”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Oliy Majlis XIV sessiyasidagi maʼruzasi asosiy qoidalarini amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 1999-yil 10-iyundagi 296-son qarorini bajarish yuzasidan Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
* 2-ilova berilmaydi.
2. Tasdiqlangan Dastur va tadbirlarning bajarilishini tashkil etish va nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining barqaror rivojlantirish boʻyicha Milliy komissiyasiga va uning ishchi organlariga yuklansin.
3. Oʻzbekiston Respublikasining barqaror rivojlantirish boʻyicha Milliy komissiyasi manfaatdor vazirliklar va idoralar ishtirokida har yili respublika budjetini shakllantirishda mazkur qarorda nazarda tutilgan tadbirlarni mablagʻ bilan taʼminlash yuzasidan takliflar kiritsin.
4. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari, vazirliklar, davlat qoʻmitalari, idoralar va tashkilotlar atrof muhitni muhofaza qilish mintaqaviy va tarmoq dasturlarini va ularni bajarish chora- tadbirlarini ishlab chiqsinlar.
5. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosarlari B.M. Olimjonov va B.S. Hamidov zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1999-yil 20-oktabr,
469-son
1999 — 2005-yillarda Oʻzbekiston Respublikasining atrof muhitni muhofaza qilish ishlari
DASTURI
Maqsadi va asosiy yoʻnalishlari
Dasturning bosh maqsadi — mamlakatning ustuvor ekologik muammolarni aniqlab beruvchi barqaror rivojlanish yoʻliga oʻtish boshlangʻich bosqichining tabiatni muhofaza qilish strategiyasini shakllantirish, ularni hal qilish vositalarini tanlash va tegishli tashkiliy tadbirlarni amalga oshirishdir.
Dastur Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlarning ekologik davomi hisoblanadi va uning asosiy qoidalari ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish dasturlari va loyihalarini ishlab chiqishda va amalga oshirishda hisobga olinishi kerak.
U uchta asosiy yoʻnalishni oʻz ichiga oladi:
aholi yashashi uchun qulay sharoitlar yaratish;
barqaror rivojlanishni taʼminlash maqsadida tabiiy resurslardan oqilona foydalanish;
xalqaro hamkorlikni chuqurlashtirish.
1. Aholi yashashi uchun qulay sharoitlar yaratish quyidagilar bilan taʼminlanadi:
sifatli ichimlik suv bilan, ayniqsa qishloqda, taʼminlashni yaxshilash;
oqova suvlarni toʻliq tozalash, maishiy va sanoat chiqindilarini zararsizlantirish va yoʻqotish yoʻli bilan sanitariya-gigiyena sharoitlarini yaxshilash;
zararli tashlandiqlar va oqovalarni, toksik sanoat chiqindilarini kamaytirish maqsadida sanoat korxonalari va transport ishlarini yaxshilash;
oziq-ovqat mahsulotlarining ekologik sifatini oshirish;
nurlanish xavfsizligini taʼminlash bilan.
Ushbu yoʻnalishda Hukumat tomonidan qishloq aholisini ichimlik suv va tabiiy gaz bilan taʼminlash, qishloq ijtimoiy infratuzilmasini rivojlantirish, Toshkent va Nukus shaharlarining va boshqa joylarning sanitariya tozalash tizimini takomillashtirish dasturlari tasdiqlangan va amalga oshirilmoqda.
2. Tabiiy resurslardan oqilona foydalanishga quyidagi yoʻllar bilan erishiladi:
tabiiy resurslardan foydalanish samaradorligini oshirish, ularni takroriy ishlab chiqarish, muhofaza qilish va isteʼmol qilishni asosli kamaytirishni taʼminlash;
yerlardan qishloq xoʻjaligi uchun foydalanishni yaxshilash, qishloq xoʻjaligi yerlarining hosildorligini oshirish boʻyicha ishlarni amalga oshirish;
suv resurslarini boshqarish tizimining huquqiy bazasini mustahkamlash, mavjud suv taqsimlash infratuzilmalarini rekonstruksiya qilish va zamonaviylashtirish hamda monitoring va axborotlarning ishonchli tizimini yaratish vositasida suvni tejash va muhofaza qilish;
sugʻorish va drenaj tarmoqlarini takomillashtirish va yaxshilash. (Hozirgi vaqtda sugʻoriladigan yerlarning meliorativ holatini yaxshilash boʻyicha maxsus dastur amalga oshirilmoqda);
Vazirlar Mahkamasining 1998-yil 1-apreldagi 139-son qarori bilan tasdiqlangan Biologik rangbaranglikni saqlash boʻyicha milliy strategiya va harakatlar rejasini amalga oshirish;
madaniy meros (tarixiy yodgorliklar)ni muhofaza qilish boʻyicha chora-tadbirlar tizimini amalga oshirish.
Tabiiy resurslardan oqilona foydalanish tabiatni muhofaza qilish qonun hujjatlarini takomillashtirish, tabiatdan foydalanish iqtisodiy mexanizmlarini joriy etish, ekologiya monitoringi tizimini rivojlantirish, taʼlim va aholini tarbiyalash bilan taʼminlanadi.
Ekologiya qonun hujjatlarini va uni amalga oshirish mexanizmlarini takomillashtirishni qonunchilikka qoʻshimchalar va oʻzgartirishlar kiritish yoʻli bilan, shuningdek quyidagi yoʻnalishlar boʻyicha yangi qonun hujjatlarini ishlab chiqish orqali roʻyobga chiqarish nazarda tutilgan:
qonunchilik normalarini amalga oshirish, tabiiy resurslardan foydalanish va uni muhofaza qilish boʻyicha nizolarni bartaraf etish va tartibga solish boʻyicha ekologik qonunni buzishlar uchun muqarrar javobgarlikni taʼminlovchi aniq tartibot va institutsional qoidalarni ishlab chiqish;
davlat tabiiy resurslarining iqtisodiy qiymatini aniqlovchi, shuningdek tabiatdan pulli foydalanishga oʻtishni, atrof muhitni muhofaza qilishni iqtisodiy ragʻbatlantirishni taʼminlovchi qonun hujjatlarini takomillashtirish;
xoʻjalik qonun hujjatlari normalarini, ularni atrof muhitni muhofaza qilish haqidagi qoidalar bilan toʻldirish maqsadida, ekologiyalashtirish.
Tabiatdan foydalanish iqtisodiy mexanizmlarini va atrof muhitning sifati standartlarini ishlab chiqish va joriy etish vazifalari atrof muhitga antropogen taʼsir koʻrsatishni kamaytirishga va “ifloslantiruvchi toʻlaydi” hamda “foydalanuvchi toʻlaydi” qoidalarini amalga oshirishga yoʻnaltirilgan. Ularning asosiy qismi:
suvdan foydalanishning barcha sohalarida suvni tejashni;
tabiiy resurslar sifatini, ularni muhofaza qilish va qayta ishlab chiqarishni yaxshilashni;
ekologiya jihatidan toza qishloq xoʻjaligi mahsulotlari yetishtirishni;
atrof muhitning sanoat va maishiy chiqindilar bilan ifloslanishini kamaytirishni ragʻbatlantirishi kerak.
Iqtisodiy mexanizmlarni amalga oshirish va ularning amal qilish samaradorligi:
tabiiy resurslar uchun, atrof muhitni ifloslantirganlik va unga zarar yetkazganlik uchun toʻlovlar tizimini takomillashtirish;
tabiatdan foydalanuvchilardan soliq olish va ularga kredit berish tizimini takomillashtirish;
davlat ekologiya ekspertizasi va ekologiya auditini amaliyotga keng joriy etish;
atrof muhitni muhofaza qilishga investitsiyalash uchun sarmoyadan foydalanishni taʼminlovchi rivojlangan sarmoya bozorlarini tashkil etish;
muqobil tanlash uchun imkoniyat yaratadigan ekologik xizmatlar va mahsulotlarning rivojlangan bozori bilan taʼminlanadi.
Monitoring va axborotlar, ekologik taʼlim tizimini takomillashtirish:
nazoratning avtomatlashtirilgan tizimini joriy etgan holda muntazam ravishda kuzatishning (namuna olish, oʻlchovlar aniqligi, tekshirishlar sifati va shu kabilar) texnologik va texnik darajasini oshirish;
monitoring tarmoqlarini kengaytirish, ifloslanishning nuqtali va nuqtasiz manbalarini yanada toʻliq hisobga olish;
yagona ekologik axborot tizimini yaratish;
Davlat kadastrlari yagona xizmatini rivojlantirish va takomillashtirish;
ekologik taʼlim dasturlarini ishlab chiqish va takomillashtirish;
turli ixtisosli, ayniqsa iqtisodning yetakchi tarmoqlari boʻyicha, boshqaruv va audit sohasida yuqori malakali ekolog kadrlar tayyorlash;
yoshlarning ekologik madaniyatini rivojlantirishda oʻzbek xalqining maʼnaviy merosidan foydalanish;
aholi oʻrtasida tushuntirish ishlarini olib borish uchun ommaviy axborot vositalaridan yanada kengroq foydalanish;
hukumatga qarashli boʻlmagan tashkilotlarni, aholini va fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlarini (mahallalarni) qarorlar muhokamasiga, qabul qilinishiga va tabiatni muhofaza qilish tadbirlarini amalga oshirishga, ayniqsa mahalliy darajada jalb etish yoʻli bilan nazarda tutiladi.
3. Xalqaro hamkorlikni chuqurlashtirish
Xalqaro hamkorlikni chuqurlashtirish boʻyicha ishlar:
xalqaro konvensiyalar va bitimlar boʻyicha, shuningdek Orol tangligini bartaraf etish, davlatlararo suv oqimlaridan foydalanish va suv resurslarini muhofaza qilish masalalarini hal etish, atrof muhitning transchegaraviy ifloslanishining oldini olish uchun Oʻzbekiston Respublikasi tomonidan qabul qilingan majburiyatlarni bajarishga yoʻnaltirilgan. Ular:
Barqaror rivojlantirish milliy strategiyasini;
Ozonni buzuvchi moddalardan foydalanishni toʻxtatish boʻyicha milliy dasturni;
Iqlim oʻzgarishi boʻyicha mamlakatni oʻrganish va mumkin boʻlgan oqibatlarni bartaraf etish chora-tadbirlarini ishlab chiqish dasturini;
Sahroga aylanishga qarshi kurash chora-tadbirlari dasturini;
Atrof muhit gigiyenasi boʻyicha ishlar milliy rejasini;
Biologik rangbaranglikni saqlash boʻyicha milliy strategiya va ishlar rejasini;
Qozogʻiston, Qirgʻiziston va Oʻzbekiston hududlaridagi Gʻarbiy Tyanshanning biologik rangbarangligini saqlash boʻyicha transchegara loyihasini ishlab chiqish va amalga oshirish;
Oʻzbekiston Respublikasining “Axborotlardan foydalanish, atrof muhitga taalluqli masalalar boʻyicha qarorlar qabul qilish jarayonida, sud ishlarida jamoatchilikning qatnashishi va ulardan foydalanishi toʻgʻrisida” BMT EEK Orxus Konvensiyasiga (1998-y.) qoʻshilishi uchun zarur boʻlgan hujjatlarni tayyorlash orqali taʼminlanadi.
Orolni qutqarish xalqaro jamgʻarmasi tomonidan, Global ekologik jamgʻarma (GEJ), Jahon banki va boshqa xalqaro donorlarning moliyaviy koʻmagida, Markaziy Osiyodagi beshta davlat hukumatlari bilan birgalikda Orol dengizi havzasida suv resurslarini boshqarish mintaqaviy strategiyasini ishlab chiqish tashkil etilgan (Global ekologiya jamgʻarmasi loyihasi, muddatlari — 1998 — 2003-yillar).
Davlatlararo suv oqimlarining suv resurslaridan foydalanish va ularni muhofaza qilishning, atrof muhitning transchegaraviy ifloslanishining joriy masalalari ikki va koʻp tomonlama davlatlararo bitimlar va shartnomalar tuzish yoʻli bilan hal qilinadi.